OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Omon Muxtor. Suratdagi yo'lbars (hikoya)

Rustam uydagi o‘ziga tegishli darsxonani yig‘ish¬tirayotgan edi, turli qog‘ozlar orasida eski bir devor-kalendarga ko‘zi tushdi. Kalendar uyga qaerdan, qanday kelgan? Eslamadi. Plakat shaklidagi katta, qalin qog‘ozning pastki qismida bundan ancha burungi yilning oy va kunlari belgilangan, yuqori qismida yo‘lbars surati bosilgan edi.
Rustamni surat beixtiyor qiziqtirganidan, u dar¬hol qaychi olib, pastdagi yozuvni qirqib tashladi, suratning o‘zini esa quyi devorning to‘riga yelimlab qo‘ydi.
Keyin, qilgan ishidan mamnun bo‘lib yozuv stoli orqasida o‘tirganicha, ro‘paradagi shakl-shamoyilni tomosha qila boshladi.
Rustam – shaharda tug‘ilib, shaharda o‘sgan yigit, – tirik yo‘lbarsni hech qachon ko‘rmagan, bolalik yillari «Hayvonot bog‘i»da «mushuksimonlar oilasiga mansub» deb ataladigan sirtlonni, sherni, qoplonni sim-to‘r oldida turib ko‘rgan, lekin yo‘lbarsni ko‘rmagan, bitta-yarim kitobda suratiga ko‘zi tushgan, xolos. Sirasini aytganda, u yo‘lbars bilan arslon, qoplon bilan sirtlonning unchalik biri-biridan farqini ham bilmaydi. Mabodo boya qalin qog‘oz pastida nomi «Qizil kitob»ga kirgan yo‘lbars, deb ta’kidlanmagan bo‘lsa, Rustam suratdagi hayvonni sher deb ham o‘ylashi mumkin edi.
Surat yaqindan turib olinganmi yoki kattalashtirilganmi, harholda, yo‘lbarsning osti qizarib turgan yo‘g‘on burni va ochiq-yirik ko‘zlari qaraganing zahoti diqqatingni tortar edi. Rustam suratga tikilganicha, ko‘nglida vahmmi-qo‘rquv tuydi. Shu bilan birga, ajab¬landi. Odamlar «ongsiz hayvon» deyishadi. Buning ustiga, yirtqich. Ammo basharasida, ayniqsa ko‘zlarida shu qadar ko‘p ma’no borki! Ana, senga tik qadalgan ko‘zlarda bir hushyorlik va bir ehtiyotkorlik, bir shiddat g‘ururi va bir bayonsiz hasrat-mung muhrlangan!
Rustam «tomosha»ni tugatib, stol ustida yotgan kitobni erinib varaqlay boshladi. Ertaga seminar! Tayyorlanish kerak! Bu dunyoda talabalarning to‘qson foiziga seminaru imtihonlar doim bemavrid, o‘z vaqtidan oldinroq kelgandek bo‘lib tuyuladi. Hayajonlanib-shoshganing zo‘riqqaningdan kallangga bir gap kirmaydi.

* * *

Yo‘q, u asta-sekin dunyoni unutib ishga kirishib ketdi.
Oradan oz vaqt o‘tdimi, ko‘pmi, bexosdan nazarida, bir narsa yerga to‘p etib tushgandek bo‘ldi. O’rnidan sapchib turib qarasa, stoldan narida, xona o‘rtasida mushukdek ag‘darilib boshini qiyshaytirgan yo‘lbars yotibdi. Rustam devorga qaradi, devordagi surat yo‘q¬ol¬gan edi.
– Ie, sen suratdan chiqib pastga tushdingmi? – dedi Rustam hayron bo‘lib.
Uni battar hayron qoldirib, yo‘lbars odamga o‘x¬shagan tilda:
– Anchadan buyon tuz totganim yo‘q. Qornim och, – dedi. 
Rustam hovliqib oshxonaga bordi. Oyisi ovqatga unnayotgan ekan.
– Uyda go‘sht bormi, oyi?
– Go‘shtni nima qilasan?
– Kerak.
Rustam muzlatgichni ochdi, taxminan ikki kiloga yaqin go‘sht bor ekan, idishi bilan ko‘tarib darsxonaga qaytib keldi. Yo‘lbars endi o‘rnidan qo‘zg‘olib cho‘kka tushgan, havo yetmayotgandek og‘ir nafas olayotgan edi. Lahza ichida yarim chaynab, yarim yutib go‘shtni yeb qo‘ydi. Keyin, kerishib-siltanganicha, eshikka yo‘naldi.
– Qayoqqa?
– Biroz yugurish kerak. Hazmi taom, – dedi yo‘l¬bars.
Rustam endi yo‘lbarsni o‘ziniki deb bilganidan, yolg‘iz ko‘chaga chiqargisi kelmadi. Apil-tapil kiyinib, eshikka yo‘naldi.
Yo‘lbars yo‘lakdagi zinalarni ko‘rdimi-ko‘rma¬dimi, ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Rustam «ketib qoldi» deb o‘yladi. Biroq pastga tushsa, hovlida yugurib yurgan ekan. Shu soniyada boshqa bir holatdan Rustamning kapalagi uchdi.
Ularning uyi va ro‘paradagi uyning to‘rttala qa¬vatida ham barcha derazalar lang ochilgan, chala kiyingan erkaklar-u, sochlari g‘ijimlanganmi-to‘zgan xotin¬lar saf chekkan edi. Rustamni ko‘rib erkak-ayol ba¬ravar ayyuhannos sola boshlashdi:
– Odamlarda uyat yo‘q. Katalakdek uyda mushuk tutishgani go‘rga, it ham boqishayapti...
– It nima, toshbaqadan ilongacha uyga olib kirishgan...
– Mana, yirtqichlarga navbat yetibdi. Xo‘p, senga katta hayvon kerak bo‘lsa, masalan, tuya yoki filni yetaklab yurmaysanmi?
– Biz bundan buyog‘i qo‘rqib, qafasdagi qushdek, uydan chiqolmay o‘tirar ekanmiz-da?
Rustam payqadi – dahshatli joyi, uning jonajon oyisi ham deraza oldida paydo bo‘lgan, bir yolvorib, bir baqirayotgan edi:
– Otang bilan qo‘shmozor bo‘lgur, jon bolam. Kap-katta yigitsan. Bu hayvon uyga qayokdan kelib qoldi?
Rustamni g‘am bosdi. Bir tomondan, qutidek terib chiqilgan ko‘pqavatli uy sharoitida atrofdagilar bilan hisoblashmay ish tutish yaxshi emas. Lekin ikkinchi tomondan, seniki bo‘la boshlagan hayvonni «ortiqcha ekansan» deb yoningdan haydab yuborish kerakmi?
U nima qilishini bilmay, o‘zini yomg‘ir ostida ketayotgan yoki to‘g‘rirog‘i, toshbo‘ron qilinayotgan kishidek sezib, hovlidan katta yo‘l tomon yurdi. Bir mahal yo‘lbars ergashib, yonida borayotganini ko‘rdi. Inson va hayvon – ikkovlon ko‘cha aylanib qaytib uyga kirishadimi? Yo‘lbarsning sayr qilishdan tashqari, ko‘chaga chiqishdan biron maqsad-muddaosi bormi? – Rustam tasavvur qilolmayotgan edi. Umuman, uyga ham, hovliga ham avvaldan sig‘magan, sig‘maydigan maxluqning bundan keyingi taqdirini o‘ylab, qandaydir chora topishga to‘g‘ri kelmasmikan? – u tashvishlanayotgan, bu ham unga noma’lum edi.
Ayni yoz. Tush payti. Oftob lovullab yonayotgan, o‘t purkayotgan edi. Bunday pallada odamlar aksari uyida eshikni berkitib yotishga urinadi. Ko‘chaga chiqqanda ham, soya-salqin bir joyda orom olishga harakat qiladi... Shunga qaramay, ko‘chada odam ko‘p, arava minganlar o‘z yo‘liga, piyodalar g‘ujg‘on o‘ynagan.
Rustamning yonida yo‘lbarsga ko‘zlari tushib, ular to‘p-to‘p har yoqqa qocha boshlashdi. Keyin, atrofdagi uylardan turli idora binolarigacha hammayoqda yana derazalar lang ochilib, erkak-ayol ayyuhannos solishga tushdi. Keyin, bir mashina qurollangan askar keldi.
– Qochishim kerak. Bular uchragan hayvonni tinch qo‘ymaydi, – dedi yo‘lbars odamga o‘xshagan tilda Rustamga.
Keyin, yugurib-sakrab, shamoldek uchib, askarlar miltiq o‘qtalishga ulgurmay, allaqayoqlarga ketib qoldi... «Hayvonot bog‘i»ga borib o‘zi «taslim» bo‘ldimikan? U yerda ovqat bor, jon ham saqlash mumkin. Biroq erkinlikka o‘rgangan hayvon uchun u yer – odamlar uchun qamoqxonadek gap. Balki biron yalang sahroga yoki biron sokin to‘qayzorga va yoki biron tog‘lardagi o‘rmonzorga borgandir? Odam bolasi yoningdagi hayvon qayoqqa ketgani-yu, qaerda yurganini
bilmaysan!
    
* * *

Rustam sarosimalanib, uyga qaytishni mo‘ljal¬layotgan edi, shu asnoda birov og‘ir panjasini uning yelkasiga qo‘ydi. Burilib qarasa, bir kunlar dadasi ishlagan, xavfsizlik qoidalariga rioya qilinmaganidan halokatga yo‘liqqan qurilish idorasi boshlig‘i – Farmon aka degan kishi. O’shanda, dadasi o‘lganida, bu odam ularning uyiga kelgan, bir bog‘lam pul ham keltirgan, o‘zicha g‘amxo‘rlik, mehribonlik ko‘rsatgandek bo‘lgan edi.
– To‘xta! Obbo! Rustamboy emasmisan? – dedi boshliq jiyanini uchratgan tog‘adek iljayib. – Yur. Mening uyim shu yaqin joyda, ko‘rib qo‘y.
– Boshqa kun, amaki, – dedi Rustam.
– Yur. Yur. Uyalma. Uyni ko‘rib qo‘ysang, kerak bo‘lganida kelaverasan.
Rustam iloj-noiloj Farmon akaning izidan yo‘l¬ga tushdi. Chindan dam o‘tmay serhasham bir hovliga kirib borishdi. Farmon aka oldi ayvon imoratga imo qilib kiraver, deganicha o‘zi boshqa binoga kirib ketdi.
Rustam qisinib ayvonga ko‘tarildi. Eshikni ochib ichkari kirdi.
Kirdi-yu, tosh qotdi.
Xona o‘rtasida, YAL-YAL gilamlar orasida po‘stak qabilida tulup – haybatli io‘lbarsning boshi bilan birga shilingan terisi yotar edi.
Bu – boshqa bir yo‘lbars (balki, arslon, balki, qoplon) edi. Lekin Rustam o‘zi hozirgina ko‘chada yo‘qotib qo‘ygan, shunga qaramay, uniki bo‘lib qolavergan yo‘lbars...
qaysidir sahrodami, 
to‘qayzordami, 
tog‘lardagi o‘rmondami 
otib o‘ldirilgan, so‘yilgan –
o‘sha yo‘lbars bo‘lib tuyuldi.
«Yo‘lbars bolasini tutmoq uchun yo‘lbars uyasiga kirmoq kerak». Bir kitobda buni maqolmi, iborami debdi. Birovning bolasini tutmoq, uyasiga kir¬moq¬¬¬¬¬dan dah¬¬shatliroq  hol bormi? Odamlar qay¬¬si ma’noda to‘¬qi¬gan bo‘l¬sa ekan?
Yer yuzidagi tabiiy zilzila-yu, toshqinlar, yon¬g‘inlar, insonga tegishli portlatishlar, bosqinlar va bulardan allaqayoqlarga qochib borayotgan katta-kichik himoyasiz hayvonlar – ular orasida yo‘lbars ham, Rustamning xayolida yaxlit manzara kasb etdi.
Rustam xonadan yugurib chiqib, ko‘chaga otildi. U hech kimga ahamiyat bermay, o‘zining ahvoliga ham parvo qil¬¬¬may ko‘chada ko‘zlaridan yosh oqib, shamoldek uchib, unsiz yig‘lab borar edi.

* * *

Shu alfozda uyga qaytib keldi. Darsxonaga kirib, har qachongi o‘rnini egalladi. Oradan qancha vaqt o‘tdi, bilmaydi, eshik taqillayotgandek bo‘ldi. Birov qo‘ng‘iroq tugmasini bosmagan, eshikni ham yuqori qismi emas, pastki qismini bir maromda to‘q-to‘q urishdan tinmayotgan edi. Rustam ajablanganicha borib eshikni ochdi. Yo‘lbars qaytib kelibdi. Jonivor bosh urib «eshik qoqayotgan» ekan.
– Hech yerga sig‘mayapman. Charchadim, – dedi.
– Kel. Kir. Ey... – dedi Rustam hayajonlanib-suyunib. 
Yo‘lbars ichkari kirdi. Xona o‘rtasida cho‘zilib, og‘zini katta ochganicha xirillab esnadi.
Rustam o‘z o‘rniga o‘tib o‘tirgach esa... shiftga tomon yengil bir sakrab... devordagi qalin qog‘ozga joylanib oldi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.