OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Orif Hoji. Nayrang (hikoya)

Kuzning iliq kunlaridan biri. Tong payti. Atrof-javonibda erta tongda yengilgina yog‘ib o‘tgan yomg‘irning yoqimli hidi. Saodat aya uyi derazasidan tashqarini tomosha qilib turarkan, isqirtgina kiyingan, kir ro‘moli ostida hurpayib va yiltillab ko‘rinib turgan sochlari kishining ko‘nglini behuzur qilar darajadagi lo‘li xotinga ko‘zi tushdi.
Saodat aya ziyoli, muallimachilikdan nafaqaga chiqqan ayol edi. Shu lo‘li-yu tilanchilarga ko‘p ham ixlos qilavermasdi. Ochig‘i, ularni yoqtirmaydi. Shu sababli ham uch-to‘rt so‘m pulni derazadan tashlab, tilanchidan qutulmoqchi bo‘ldi. Ammo lo‘li xotin keskin bosh chayqadi.
– Manga puling kerak emas, ichkariga kirit, sani bir balodan asrab qolmoqchiman.
– Kerakmas, sadaqangni beraman, o‘sha yerdan qay­tib ketaver.
– Uyingda duoi bad bor! – dedi lo‘li Saodat ayaning ko‘zlariga tik qarab.
– Qo‘y shu gaplaringni, men hech qanaqa duo-puoga ishonmayman. Boshimni og‘ritma.
– Bachangni ishi ham yaxshi emas-ku. Nimaga qo‘l ursa, chappa ketadi yoki bunga ham ishonmaysanmi?
Bu gapdan onaizor esankirab qoldi. Axir umrida ko‘rmagan ayol o‘g‘lining ishlari yaxshi emasligini qayoqdan bilishi mumkin? O‘ziyam shu kunlarda o‘g‘lini o‘ylab rosa siqilib yurgan edi. Negadir keyingi ikki -uch yil ichida o‘g‘lining ishidan baraka qochgan. Oxirgi oylarda mashinasi ham ko‘rinmay qoldi.
“Mashinang qani”, deb so‘rasa, “GAIga tushib qol­dim. Arest qilgan, stoyankada turibdi”, deb javob beradi. Ammo qaysi bir kuni dugonasi mashinani boshqa bir bola haydab yurganini aytib qoluvdi. Shularni o‘ylab Saodat aya qo‘liga ilingan lattani boshiga tang‘iganicha darvozani ochdi. Lo‘li ayol “Bismillo” deb ichkariga qadam qo‘ydi. Shu “Bismillo” bilan Saodat ayaning barcha shubha-yu gumonlarini tutunday tarqatib yubordi.
Endi u keluvchining yuziga jim termulib, har so‘zini ijro qilishga tayyor bo‘lib qoldi. Ayolning gap­lariga og‘zini ochib quloq solib turdi. Xotin uzoq gapirdi. O‘zining hojatbarorligi haqida ishonarli naqllar keltirib, hikoya qildi. Oqshom ko‘rgan tushini ham chala-yarim ishoralar bilan eslatib o‘tdi. U dedi-bu dedi, xullas, ko‘ndirdi. Uzoqdagi ammaning ijarada turib o‘qiydigan qizi suv quyib turadigan, lo‘li xotin o‘qlog‘i bilan ko‘rsatib turgan joyni Saodat aya belkurak bilan o‘zi kavlaydigan bo‘ldi. Xotin kursicha ustiga qadimgi zanji poshsholarning xotinlariday kerilib, bemalol joylashib oldi. So‘ng atrofga sinchkov-sinchkov nazar soldi. Hovli chetidagi bir tupgina tokning tagiga o‘qlovning uchini yo‘naltirib amr qildi:
– Mana shu yerni kavla!
Saodat aya belkurakni yerga urdi. Yer qattiq edi. Jiyan bo‘lmish oftobada suv tashib, quyib, yerni yumshatib turdi. Aya kavlayverdi.Terga tushib ikki-uch joyni kavladi. Uzoq vaqtdan buyon parvarish ko‘rmagan tokning atrofini tomirlar qoplagan bo‘lib, bu narsa ishni yana-da og‘irlashtirar edi. Aya terga tushib ketdi. Ammo butun najot hozirgi topildig‘iga bog‘liq ekanini his qilgani uchun ham berilib ishlayverdi. Lo‘li goh u joyni, goh bu joyni o‘qlog‘i bilan turtib, uni tinmay ishlashga qistar, bu orada og‘zi ham tinmas, faqat o‘zigagina ma’lum bo‘lgan Saodat ayaning dushmanlarini la’natlashdan tinmas edi.
Jabrdiyda beka kavlash ishlari bilan butkul a­ndarmon bo‘lib, “hojatbaror” xotin allanenidir qa­­zilgan tuproq qatiga tashlab yuborganini pay­qa­­may qoldi.
– Shoshma, shoshma! – deya tuyqus qichqirib yubordi lo‘­li, kuyib-pishib tuproq ag‘darishga tushib ketgan Saodat ayani qo‘lidagi o‘qlog‘i bilan turtib, – mana bu tuproq uyumini yaxshilab titkila qani, xayolimda shu yoqqa o‘tib ketganday bo‘ldi.
Saodat aya o‘sha tuproq uyumini qo‘llari bilan titkilay boshladi. Nogoh irkit bir lattaga yumaloqlab o‘ralgan, rosa loyga bulg‘angan narsa barmoqlariga ilindi. Topildiq ustidagi mato qachondir oq surp bo‘lganligini taxmin qilish mumkin edi, xolos.
– Ana-a – dedi lo‘li xotin g‘olibona tirjayib, – aytmadimmi sanga uyingda duoi bad bor, deb, mani aytganim keladi. Keladi mani aytganlarim. Bachangni ishi ham yaxshi emas, dedim. Yaxshi emas, bachaginangni ishlari. Bechora bachaginani aybi nima, gunohi nima? Ko‘rolmaganlaring borakan sani. Yaqinlaring ekan. Sa­ni ko‘rolmaganidan, ishi yurishmasin, deb qigan muni. O‘lim bo‘lsin, degan, – shu joyiga kelganda ayol gapirishdan to‘xtab, o‘tkir ko‘zlari bilan Saodat ayani sinchkov kuzata boshladi.
Saodat aya qo‘lidagi tugunakni parishon holda si­qimlaganicha, rangi o‘chib, boshidan aqli qochib, gangib turardi.
– Buni qilganlar bachangni o‘limini xohlayopti... – Manga saning puling kerak emas, pulni nima qilaman. Shunchaki sanga rahmim kelganidan yordam qilopman.
Bu gaplardan keyin lo‘li xotin Saodat ayaning ko‘ziga naq Bibi Maryam bo‘lib ko‘rina boshladi.
– Singiljon, nima qilay emasa?! Pul olmasangiz men sizni qanday rozi qilaman?
– Manga sani rozi qilganing kerak emas. Pirlarimni rozi qilsang bo‘ldi. Pirlarimning nazari to‘q, nazari pastlik qilmasdan qimmatroq kiyimliklaring bo‘lsa, bir-ikki kiyimlik olib chiqa qol. Ishimiz hali tugagani yo‘q. Man bir yo‘la sani uyingni ham ziyon-zahmatdan tozalab keta qolay.
Saodat aya qo‘lidagi tugunakni jiyanga berib, o‘zining har doim qulflog‘lik turadigan uychasiga kirdi. Yashirib qo‘ygan joyidan kalitni olib, sandig‘ini ochdi. Ikki kiyimlik qimmatbaho materialni tanlab oldi. Bularni keliniga deb yig‘ayotgan edi. Ammo shu tobda ko‘ziga to‘y ko‘rinmadi. Shoshib tashqari chiqdi. Qo‘shqo‘llab “hojatbaror”ning qo‘liga tutqazdi.
Ayol matoni olib, oshkora bepisandlik bilan yonidagi chirkin to‘rvasi ustiga tashladi. Qayrilib ham qaramadi. Quvonganini ham, norozi bo‘lganini ham bil­dirmadi. Mo‘miyorang yuzlariga ulug‘vor bir ifoda qalqib chiqqanday bo‘ldi. Harqalay Saodat ayaga shunday ko‘rindi.
– Endi shuni och! – dedi jiyanning qo‘lidagi tugunakka o‘qlog‘i bilan ishora qilib.
Saodat aya bir paytlar oq surp bo‘lgan, chirkin va chirik matoni olib ochdi: ichidan zanglab ketgan qulf, sirtmoqcha qilingan ip, tirnoq, tikangami, baliq qil­­­tanog‘igami o‘xshagan uchli, qattiqqina narsalar chiqdi. Odatda Saodat aya bu kabi narsalarni qo‘l bilan ushlashga jirkanar, o‘zini chetga tortardi, ammo hozir bolasining baxti garovda turgan bir lahzada uning jirkanchoqligi chekingan, ko‘ziga hech narsa ko‘­rinmaganidan bo‘lsa kerak, haligi narsalarning har birini ushlab ezg‘ilab ko‘rar, nimaligini bilmoqchi bo‘lib, ko‘ziga yaqin olib kelar, tikilar va yana ezg‘ilab, hidlab ham ko‘rardi. Turgan gapki sassiq, balchiqsimon badbo‘ydan boshqa narsani ilg‘amas, boshi yangi-yangi ma’lumotlardan qizib, karaxtlanib borardi.
Ayol bu topildiqlarining har biriga topqirlik bilan xuddi bu ishlarni bamaslahat qilganday yoki qilinayotganida boshida turganday ishonch bilan izoh va sharhlar berardi.
– Mana bu sirtmoqcha bo‘yniga tushsun, o‘lub qolsun degan. Bu tikonaklarni bachaginangni ko‘ziga kirsun deb solgan. Tirnoqlani ma’nisi shuki, dushmanlaring palakatini sanga tashlab, tish-tirnog‘i bilan sani va bachangni yo‘lini to‘sopti. Qulfni bachaginangni ishlarini boylagani duo o‘qitib qulflatgan. Enni san qulfni ochasan. Qulfni toshga urib och. Shuni ochmasang bachaginangni yo‘li ochilmaydii.
Saodat aya timirskilanib borib tosh topib keldi. Qulfni toshga urdi. Toshni qulfga urib ko‘rdi. Qulf zanglagan edi, ochilmadi. Yana va yana urinib, qo‘lining barmoqlarini yara qildi, tirnog‘i achishdi. Ammo qulf ochilay demasdi. Uzoq unnadi, axiri, bo‘lmadi.
– Singiljon, o‘zingiz bir yo‘lini qiling, shuni ochib bering, – deb yalina boshladi.
– Mayli-yu, – dedi lo‘li xotin sal cho‘zib, – man och­ganim hisobga o‘tarmikin, – bir oz o‘ylanib turgan bo‘lib, shartta gapirdi, – O‘tadi. Pirlarimni rozi qil­­­sangiz o‘tadi. Uyingizda tillo uzuk bormi?
– Bor, aylanay, bor!
– Olib chiqing , – negadir “hojatbaror” uy bekasini endi sizlay boshlagan edi.
Saodat aya ichkari kirib, taqilmay yotgan tilla uzuklaridan birini olib chiqdi. Ayolga berdi. Ayol tilla uzukni olib tosh ustiga qo‘ydi. Qulf bilan uzukni ura boshladi.
Saodat ayaning angrayib, tushunmaganday qarab turganini ko‘rib izoh berdi:
– Buni sadqayi sari qilasiz, buning ham ko‘zi bor, dushmaningizni ham sizni ko‘rolmaydigon ko‘zi bor. Buni urib ko‘zini chiqarsak dushmaningizni ham ko‘zi chiqadu. Bunga achinmang, bachaginangizga achining, shuginaning boshidan sadqayi sar deng.
Lo‘li xotin tinmay gapirgancha goh toshni qulfga, goh qulfni toshga ura boshladi:
– Hhah! Ko‘rolmagan ko‘zginang otilib chiqsun, – deganicha tosh ustidagi uzukka qulf bilan chunonam urdiki, uzukning ko‘zi otilib chiqib ketdi.
– Ana, ko‘zi chiqdi, ko‘zi chiqdi, – dedi xotin jazavaga tushib, – ana enni dushmanlaringiz ko‘r bo‘ladu. Shu bashoratdan keyin ayol birdan Saodat ayaning bo‘y­nidagi tilla zanjiriga chang soldi. Yo‘q, yulib ol­madi. Shunchaki mahkam ushlab sekin tortdi. – Ana shu­ni fido qiling, ana shuni sadaqa qilsangiz, qulf ochiladi.
– Ko‘zim qiymaydi-da, singlim, – aya jon havlida xotinning qo‘llarini ushlab, barmoqlarini ochishga ha­rakat qila boshladi.
“Hojatbaror” insof qildi, qo‘yib yubordi. O‘zicha tushuniksiz tilda bir nima deb g‘udrandi.
– Buni manga bering demopman-ku, g‘alchamisiz, muni siz qulfni ustiga qo‘ying, man uray, ochilsun. Ke­yin yana o‘zingizga oling.
Aftidan ayol pirlarini ham aldab, chuv tushirishga qaror qilgan edi.
Saodat aya tilla zanjirini chor-nochor qulfning ustiga qo‘ydi.
– Enni o‘zingiz tosh bilan uring.
Saodat aya tilla zanjirini ayab, kichikroq tosh bi­lan asta-asta ura boshladi. Xotin toshni uning qo‘­lidan yulqib olib, qattiq-qattiq urdi. Tilla zanjir pachaq bo‘ldi. “Hojatbaror” parvo qilmadi. Goh toshni qulfga, goh qulfni toshga urib jazava bilan uzoq sannadi: – O‘zginangga qaytsun, qilgan ilmi amaling bachaginangga ursun...
Shu joyiga kelganda Saodat aya chidab turolmadi, gapga aralashdi:
– Jon singil! O‘ziga ursin, deng, balasiga hech nima qimasin. Maylimi, balasini aybi yo‘q-ku.
Xotin ola ko‘zlarini yana-da olaytirib, bir g‘a­lati qarash qildi. Hech nima demadi, qora va moyli yuzlarida shumgina tabassum jilvalanganday bo‘ldi. Buni Saodat aya ilg‘amadi. Ilg‘aydigan holatda emas edi u.
Nihoyat ayol qulfni ochdi. Saodat ayaga aytib, bir yap-yangi sochiq oldirdi. Qulfni, haligi ashqol-dashqollarni, pachaqlangan, ko‘zi urib chiqarilgan tilla uzukka qo‘shib, shu sochiqqa tugdi. Tugunni Saodat ayaning qo‘liga tutqazdi.
– Muni oy chiqmagan qorong‘u kechada eski qab­ris­tonga eltib, ochiq mozorga tashlab kelasiz. Hech kim ko‘rmasligi kerak, bir o‘zingiz borasiz. Birov ko‘rsa kor qilmaydi.
Saodat ayaning eti junjikib ketdi.
– Qo‘rqaman-ku, qanday boraman kechasi?! Hatto dalaga chiqishga qo‘rqaman, mozorga qanday boraman?
– Mayli, qo‘rqsangiz, siz uchun man buni qilishim mumkin, manga ishonsangiz, o‘zim kechasi borib ochiq mozorga tashlab kela qolaman.
Ayol shularni aytib Saodat ayaning qo‘lidagi pa­chaqlangan tilla zanjirga suqlanib qaradi.
Aya bu qarashning ma’nosini angladi. Qo‘lidagi tilla zanjirini mahkamroq siqimladi.
– Buni ko‘zim qiymaydi-da, – dedi mustar bir ah­volda.
Ayol shafqat qildi.
– Mayli, bermasangiz, ixtiyoringiz. Bersangiz yaxshi bo‘lardi-ku. Bermasangiz ham maylingiz. Pirlarimni rozi qilsangiz, siz uchun buni ham man bajara qolaman.
Saodat aya tilla zanjiri yoniga qolganiga xursand bo‘lib, uyidan yana ikki kiyimlik toza mato chiqarib “hojatbaror”ga berdi.
Lo‘li xotin ketarkan, o‘g‘lingni falon guzardagi falon mullaga olib borib qaytarma o‘qitib tashlagin deb tayinladi va azayimxonning manzilini berdi. So‘ng, “choy ichib keting” degan taklifga ham parvo qilmay negadir shoshilinch jo‘nab ketdi. Saodat aya katta ko‘chagacha ergashib chiqdi. Yana biror gap aytarmikan, deb og‘zini poylab bordi. Biroq lo‘li xotin negadir, bir og‘iz ham gapirmasdan tez-tez yurib undan uzoqlashdi.
 
“Yoshlik” jurnali, 2013 yil, 4-son.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.