OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Orziqul Ergash. Onamning ertaklari (hikoya)

Onam Mastura Shirinxo‘ja qizi va
barcha front orti jafokashlari
xotirasiga bag‘ishlayman.

ZARBUVI

Avji saraton. Ish degani qaynagan. G‘o‘za chopiq, sug‘orish, bir yoqda arpa, bug‘doy bosh tortib, o‘roqqa kelib turibdi. Ustiga ustak daryo toshib, bir-ikki da’fa damba bosishgayam opketishdi...
Hozir esa dala chekkasida g‘uj bo‘lganimizcha g‘o‘za chopiq qilyapmiz. G‘uj bo‘lib olganimiz sababi — bir oz nishab bo‘lganidan bu yerlarni suv bosgan. Qotgan. Charchin bo‘lib yotibdi. Agar bir egatdan tegadimi, ikki egatdanmi, ko‘plashib chopmasak, kimning chekiga tushsa, yolg‘iz o‘zi chopiq qilib chiqquncha bo‘lari bo‘ladi.
Hech birovimiz churq etmaymiz. Faqat ketmonlarimiz taraq-turug‘i eshitiladi. Oftob tikkaga kelib, zabtiga olyapti. Bir mahal orqamizdan Anzirat opa deganimizning ovozi qattiq-qattiq eshitila boshladi.
— Hoy, Rohat, bu nima qiliq, nimaga hakkalatib ketmon urib ketyapsan?! Kap-katta xotin. Qayt, orqanga. Voy-bo‘y, Hanifa, senga nima balo bo‘ldi?! Hay, uyatsiz-a, hannot-a!..
Anzirat opaning sannab ketganidan bilamizki, dala boshida brigadirningmi, boshqa bir kattaningmi qorasi ko‘ringan. Shundan opamizning ham “kattaligi” tutgan. Anzirat opamizning bunaqa kuydi-pishdiligi kattalarga xush yoqadi. “Ha, yashang, yanga, kam bo‘lmang, — deya maqtashadi. — Bizga sizdayin patriotlar kerak. Chunki, bu yer ham frontday gap. Frontdagiday jon olib, jon bermasak, hosil qayoqda!” — deyishadi.
Opamiz shishinqirab g‘ayratga minadi. Har qulochkashlab ketmon urishga tushib ketadiki, qo‘yaverasiz. Kattalar ketishgach, tengqurlari uni: “E, o‘l ko‘tarma bo‘lmay! Buncha sannading, yarim kosa atala ortiqcha olmoqchimisan?” deya turtkilashga tushishadi. U sirtiga yuqtirmaydi. “Voy, ko‘tarma bo‘p nima qipman, yaxshi ishlaylik desam yomonmi? U yoqdagilarga foydamiz tegsin, tezroq kelishsin, deyman-da”. Bu gapi o‘rin o‘tavermasa, yana vaj topishga urinadi: “Xo‘p, men sannadimu, ular sizlarga indashmadi. Agar shu aldam-qaldam ishlaringni o‘zlari ko‘rishsa nima bo‘lardi, otang qolmay, enang qolmay halollab ketishardi, to‘g‘rimi?!”.
Har holda bu gapi jo‘yaliroq tuyuladi. Lekin nafsilamirini aytganda, hammamiz sidqidildan ishlaymiz. Anzirat opaga o‘xshagan taftishchilarga hojat yo‘q.
Zarbuvi degan opamiz bor. Anzirat opa, ayniqsa, uni kutkilab yuradi. “Zarbuvi ayyor, Zarbuvi ichidan pishgan. Og‘irdi ustidan, yengilning ostidan yuradi”, degani-degan. Bizning g‘ashimiz keladi. G‘ashimiz keladi-yu, aksiga olib Anzirat opaning gapini tasdiqlaganday, ishlab turgan yerimizda Zarbuvi opa o‘z-o‘zidan yo‘qolib qoladi. Anzirat opaga esa xudo beradi: “Ana aytmadimmi, Zarbuvi yana gum bo‘ldi. Bahonasi — buzoqcha. Sho‘raning poyasiga avaylabgina bog‘lab qo‘ygan buzoqchasi yechilib ketgan bo‘ladi...”.
Chindanam ishimiz yengillashib, bir chekkaga chiqishimiz bilan, hov narida buzoqchasini yetaklab Zarbuvi opamiz ko‘rinadi. Boz ustiga bizdan kechirim so‘raganday, gapirinib kelaveradi: “Ha, qurmagur, bejog‘im mol. Mudom orqangdan ovorai sarsonman...” Hammamiz kulib yuboramiz. Zarbuvi opa bo‘lsa tushunmay alanglaydi...
Mana hozir ham ko‘rinmay turibdi. Haligina yurgandi g‘imirlab.
Anzirat opaning sannay boshlaganidan bildikki, kimdir kelyapti. Bosh ko‘tarib qarasak, brigadir Jabbor amaki. U ko‘klamda urushdan qaytgan. Bir qo‘li belbog‘i bilan bo‘yniga osilgan. Bemajol holidayam tinim bilmaydi. Hali dala boshida, hali qishloqda. Bizga ishni taqsimlab berib, o‘zi qabul qilib oladi. Hech kimga qattiq gapirmaydi. Ayniqsa, biz yoshlarni doim olqab, erkalab yuradi. U kishini ko‘raversak, negadir bizning ham erkalik qilgimiz, sog‘ingan otalarimizning mehrini undan olgimiz kelaveradi.
Jabbor amakiga Anzirat opa peshvoz chiqib, erkakchasiga qo‘sh-qo‘llab ko‘rishdi. Jabbor amaki ham o‘rtog‘i bilan gaplashganday hazillashdi.
— Menga qara, nega qizlarimni qiynab qo‘yding?
— Nima qipman, qiynab, har kungi ishimiz-ku, Jabbor aka!
— Peshin bo‘pti-ku, och qolmadilaringmi?
Rostdan ham hech birovimizning esimizga kelmabdi ovqatga chiqish. Ovqat deganim mosh atalami, sadaqasi ketay, go‘jami, ishqilib bir narsa bo‘lar. Keyin har birimiz uydan keltirgan bitta, yarimta qotgan-qutgan nonlarni o‘rtaga tashlaymiz. Ha, o‘rtaga tashlab baham ko‘ramiz.
Ko‘rdikki, Jabbor amakining biz bilan o‘tirib choyxo‘rlik qilgisi bor. Shu bahonada chaqchaqlashib ko‘nglini yozadi yoki biror ish chiqib qolgan bo‘lsa, o‘rtaga maslahatga tashlaydi.
Xullas, dala chekkasiga, yakka tol soyasiga chiqdik. Bo‘y qizlar alohida, qolgan-qutgan Anzirat opa tenggilar alohida davra olib o‘tirdik. Jabbor amakini Anzirat opa o‘z davrasiga, hatto o‘z yoniga o‘tqazdi.
— Zarbuvi ko‘rinmaydi? — deb qoldi bir mahal Jabbor amaki.
— Hali yuruvdi timirskilanib, — dedi Anzirat opa bepisand, — buzog‘i yechilib ketganmi...
Yonidagi bir-ikkitalar kulib qo‘yishdi. Jabbor amaki nari beridan gap berib, yaxshigina choyxo‘rlik qilib turganimiz ustiga qishloq yo‘lida qora ko‘rindi. Birinchi bo‘lib Anzirat opa tanidi.
— Jabbor aka, ana Zarbuvingiz... Tovba, qishloqqa ketib qopti-ya pismiqoy. Hammamizni laqillatib yuradi. Buzog‘i ko‘rinmaydi, qaerda qolgan ekan?!
Anzirat opa Zarbuvi yetib kelguncha bir dunyo gapni gapirib tashladi-yu, Jabbor amaki bo‘lsa, eshitmaganday jimgina o‘tiraverdi.
Zarbuvi opa brigadirni ko‘rib esankiradi. Nima qilarini bilmay to‘g‘ri uning boshiga bordi.
— Assalom... Jabbor aka...
— Hm, nima qilib yuribsan, — dedi brigadir qovoq uyub.
— Non yopdim, Jabbor aka, kechirasiz...
— Kechasi nima ish qilding?
— Kechasi kir yuvdim, Jabbor aka, kir yuvdim, kechiring. Aytmoqchi, — jonlanib ketdi Zarbuvi opa, — Sizga non opkeldim. Mana, issiqqina. Yeb oling.
Zarbuvi opa qo‘ltig‘idan non oldi-da, to‘p etkazib dasturxonga tashladi.
— Oling, issiqqina.
Anzirat opa negadir “Voy, o‘lay!” deb yubordi. Brigadir bir zum dasturxonga tikilib qoldi-da, Zarbuviga qaradi.
— Nonni buncha kuydirding, Zarbuvi, qop-qora-ku?! — dedi.
— Yo‘g‘-e!
Zarbuvi opa dasturxonga bo‘ylab qaradi. Keyin “Voy, man o‘lay!” deb baqirib yubordi-da, yuzini qo‘llari bilan to‘sgancha o‘tirib oldi. Davradagilar gur kulgu ko‘tardi. Bizning davradagilar ham bo‘ylab qarashib, nima gapligini bilishgach, kulguga qo‘shilishdi. Ayrim shaytoni zo‘rlar kulaverib, cho‘zilib qoldi. Sho‘rlik Zarbuvi opamiz shoshgani yo qo‘rqqani shunchalikki, non o‘rniga non yopuvchi rapidani qo‘ltig‘iga qistirib kelavergan ekan. Hammaning ichagini uzguday kuldirib qo‘ydi-da, o‘zi bir chekkaga chiqib, ho‘ng-ho‘ng yig‘lashga tushdi.
Buni ko‘rgan Jabbor amaki hangomatalab xotinlarni “Bas qilinglar!” deb jerkib berdi. Keyin o‘rnidan turib qishloqqa jo‘nadi. Ko‘ngli buzilib ketdi-da, shekilli...
Zarbuvi opaning eri urushda. Uch-to‘rt yoshlardagi o‘g‘ilchasi bilan qolgan. Buning ustiga akasining bevasi tashlab ketgan go‘dakni ham boqib olgan. Shu ikki go‘dakni ustidan tongda qulflab kelarkan-da, choshgohda o‘g‘rincha borib ovqatlantirib qaytarkan... Uning orqasidan esa bizlar har xil gap-so‘z qilib, ayyordan olib yalqovga solib yotarkanmiz... E, u zamonlar...

YANGA

... Bizlar-ku, hammamiz oqimiz oqqa, qizilimiz qizilga ajralib deganday bo‘y ko‘rsatib kelayotgan navnihollar edik. Lekin, Anzirat opa tenggilar ham bizdan unchalik katta emasdi, keyin ular ham bir-biri bilan husn talashib-tortishsa arziydigan ko‘rkam, suluv juvonlar edi. Lekin baribir mening Hulkar yangajonimga teng keladigani yo‘q edi. Yangam suluvlarning suluvi edi. Amakim armiyada. Yangam doim meni yonboshida olib yuradi. Ba’zan kechqurunlari uyiga ham olib ketadi... E, uning shirinso‘zligini...
Yangam daryoning naryog‘idan kelin bo‘lib tushganlar. Qishloqlarini sog‘inadilar. “Shu sabil, olisga tushgan kelinchakka qishlog‘ining kuchuklari vovullasayam ashuladay yoqimli eshitilarkan”, deb hazil qiladi. Chinmi, hazilmi, to‘y bo‘lib kelganidan keyin qishlog‘iga birinchi borishida ko‘chasidagi teraklarni bir-bir quchoqlab yig‘lagan ekan.
Hali aytganimday amakim urushda. Yangamga quloch-quloch xat yozadi. Men o‘n besh yoshli qizcha amakimning “suluvim, shakarim, asalim”, deb erkalab yozgan xatlarini o‘qib beraman. Men o‘qiyveraman, yangam lov-lov yonib o‘tiraveradi. Shunaqayam chiroyli bo‘lib ketadiki, ...o‘ziyam kelinmisan, kelin edi-da!.. Bo‘ychan, navniholday nozik, egilma qoshlari qop-qopa...
Xatni o‘qiyversam xiyol moviytob ko‘zlari chaqnab, nurlanib boraveradi. Va oxirida xuddi amakimning oldida turganday uyalib, boshini egib oladi. Xatni o‘qib tugatganimdan keyin ham ko‘tarmaydi. Xayolga cho‘mib ketadi-da, bir mahallar: “Ha, qiz poshsha, o‘qimaysizmi?” deydi. “Bo‘ldim-ku!” deya bo‘ynimni qisaman. Shunda yangam ovqatdan to‘ymay qolgan boladay ruhi tushib, xafa bo‘lib ketadi. Xatni qo‘limdan olib, nimchasi cho‘ntagiga soladi-da, ketmonini olib kesak maydalashga tushib ketadi. Endi jahl bilan qulochkashlab ketmon urar, ketmon toshga tekkanday daranglar, kesaklar ushalib, har yoqqa uchar, oppoq chang ko‘tarilib, yangamni o‘rab-chirmardi. Yana bir mahallar qarasam yangam katta bir kesak ustidami, uvatdami, bosh solib o‘tirgan bo‘lardi. Astagina yonlariga borib o‘tirardim. Qo‘llarida haligi maktub, ko‘zlarida milt-milt yosh...
Amakimdan mana shunaqa xat kelgan kunlari bilardimki, yangam kechqurun meni uyiga olib ketadi. Ne mahalgacha o‘tirib javob xati yozamiz. Bechora yangam shuncha sho‘x, biyron bo‘lishiga qaramay xat yozish paytimizda gung bo‘ladi, qoladi.
— Yanga, ayting, nima yozay, desam, o‘zingizdan qolar gap yo‘q, qaynsinglim, yozavering bilganingizni, deydi. Yokim mendan uyalardimi, bilmadim...
Bir kuni xat yozib o‘tirgan edik. Salom-alikdan boshlab, har xil qishloq yangiliklaridan yozdimu yangamdan so‘radim.
— Yanga, endi gapingiz bo‘lsa, ayting, nimani yozay?...
Qo‘lidagi bolasini emizib, uning yuziga termulib o‘tirardi u. Cho‘chib boshini ko‘tardi, mudrab qolgan ekan.
— Ayting, nima yozay?..
Shunda yangam bechora:
— Anovi tokchada piyola bor. Piyolada ajriq bor. Shu ajriqni yozing, — desa bo‘ladimi. Avvaliga hayron bo‘ldim-da, keyin sharaqlab kulib yubordim.
— Yanga, nima deyapsiz, ajriq dalada qolgan!..
U cho‘chib boshini ko‘tardi.
— Voy men o‘lay, nima deb valdiradim?! Unaqa yozmang, — dedi, — Qurib ketsin ajrig‘i, kechasiyam tinch qo‘ymaydi!..
O‘sha kunlar bir haftadan beri ajriq terib, dala tozalayotgan edik... Ha, paxtani ekib olgunimizchayam bir azob edi...

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.