Tushlikda yog’liqqina palovni tushirgan Bozorqulov dekanatga kirib kelganida kotibasi Xolidaxon oyoqlarini chalishtirib, shapaloqdek keladigan oynasiga tikilgancha o’ziga oro berib o’tirgan ekan. Bozorqulov unga yeb qo’yguday bir qaradiyu:
- Meni kim so’rab kelsa ham majlisdalar deb ayting!-dedi.
U eshigi sirtiga “Dekan” deb yozilgan xonaga kirib ketdi. Xolidaxon ensasini qotirib, og’zidagi saqichini chapillatib chaynadi. U Bozorqulovning “majlis”lariga o’rganib qolgan. Dekanning “Meni yo’q, deb ayting”, ”Majlisdaman” kabi gaplarining tub ma’nosi faqatgina Xolidaxonga ma’lum edi. “Demak, bugun ham futbol bor ekanda”, o’yladi Xolidaxon. Ha, Bozorqulov ba’zi paytlarda uzzukun xonasiga qamalib olib televizorda futbol tomosha qilardi.
Dekanatga burni ustiga ko’zoynak qo’ndirgan oltmishlarni qoralagan Suvonov domla va fakultetga yaqindagina ishga kirgan qirq yoshlardagi Bekjonov domlalar kirib kelishdi.
- O’zlaridamilar?- so’radi Suvonov dekanning eshigiga ishora qilib.
- Majlisdalar,-dedi Xolidaxon beparvo oxangda.
- Tushundim, tushundim. Kutamiz, qizim, - dedi Suvonov stulga cho’karkan.
Suvonov va Bekjonovlar talabalarning darsda qo’l telefonida gaplashib o’tirishlarini muxokama qilishardi. Shu payt ichkaridan Bozorqulovning “E, qiyshiq. Eplolmasang nima qilarding…”, degan asabiy ovozi eshitildi.
Suvonov va Bekjonov bir-birlari bilan o’g’rincha ko’z urishtirib olishdi.
- Sharipov domlani koyiyotgan bo’lsalar kerak, -dedi Suvonov kafti bilan og’zini yumgancha. – Domlaning bir oyoqlari kaltaku. Shunga qiyshiq degandirlar.
Suvonov cho’ntagidan dastro’mol chiqarib ko’zoynagini artib oldi. U endi nimadir demoqchi bo’lib og’iz juftlagan ediki, yana Bozorqulovning momoqaldiroqdek guldurosli ovozi uangradi:”E, lapashang… Seni o’zi davno haydash kerak edi”. Suvonov yuzlari qizargancha:
- Toxir akani ishdan olmoqchilar, shekilli. O’tgan oy ham shunga o’xshash gap bo’luvdi, - dedi shivirlab. Bekjonov og’zi lang ochilib qoldi.
- Juda muhim masala xal etilayotganga o’xshaydi. Nega bizni majlisga aytishmadi ekan-a?- dedi u.
“E, manovini qaranglar! Nega dumalaysan-a? Tur o’rningdan!” Bu safar Bozorqulovning ovozi yanada qahrli chiqdi. Suvonov va Bekjonovlarning kallasidan bir xil fikr charx urdi:” Qaysi sho’ring qurg’ur kaltak yedi ekan?”
Suvonov kompyuterdan ko’zini uzmay o’tirgan Xolidaxonga qarab:
- Qizim, biz boshqa safar kelarmiz, Ishimiz unchalik zarur ham emasdi,- dediyu Bekjonovni bir turtib, uzun-qisqa bo’lib chiqib ketishdi. Oradan hech qancha vaqt o’tmay Bozorqulov chiqib keldi. Uning qo’lida yarmi chekilgan sigaret.
- 1-taym tugadi. Shu arablar o’ynaganda nuqul asabim qo’ziydi-da. Sal tegib ketdingmi, bo’ldi uni yalinib ham o’rnidan qo’zg’ata olmaysan,-dedi Bozorqulov og’zidan tutun burqsitib.- Hozir 2-taym boshlanadi. Kim so’rab kelsa ham men majlsidaman!