OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Otauli. Shafqat (hikoya)

Biydek dala. Oppoq qor. Achchiq izg’irin. Bu dunyoda xas-xashakka qirg’in kelganmi, nima balo! Tumshug’ingni to ko’zinggacha muzdek qorga botirib titkilaysan, ahyon-ahyonda tarashadek qotib ketgan kakrayu yantoq poyalari tilingga ilashadi, xolos. Na ta’mi bor, na bir maza-matrasi. Topilganiga shukur qilib, ikki yamlaganingcha yutasan, qani endi u belingga quvvat, taningga mador bo’lsa! Ikki o’rtada tilingni achitgani-yu, ichingni muzlatgani qoladi. Ochlikka-ku, mayli, bir amallab chidasa bo’lar, lekin bu sovuq, bu izg’irin!.. Hali ag’anaganida ustidagi yag’iri shilinib ketganmi, nima balo, xuddi tuz sepgandek achishib, igna sanchilgandek og’riydi. Sovuq shamol uni zaharli tillari bilan beto’xtov yalaydi. Shunday yalaydiki, chidash qiyin! Ustiga ustak, dahani bilan quymich suyaklarining zirqirashi-chi! Boyagi xoda qattiq tegdi, shekilli-da. O’ziyam temirga o’xshaydimi? Qo’ling singurning ayamay urgani-chi! Qani endi, iloji bo’lsayu o’sha xodani tortib olib, o’zini boplab tushirsang!..
Bekor bordi o’sha yoqqa! Xo’jayinning fe’li unga avvaldan ma’lum edi-ku. Negayam bordi-ya! Xashak o’rniga kaltak yeb qaytishini bilaturib-a!..
Nachora, boshqa iloji ham yo’q edi-da. Panoh izlab qayoqqa borsin? Axir, uni bir emas bir nechta ilinjlari boshlab bordi-da. Issiqqina og’ilxonada jon saqlaymanmi, xo’tigim bilan (ehtimolki so’nggi bor) diydor ko’rishamanmi, qo’yu sigirlardan, loaqal o’z xo’tigimdan qolgan xushbo’y xashaklar og’zimga tegarmikan, deb o’yladi-da. Lekin unga tekkani bir juft kaltak bo’ldi. O’shanda og’riq suyak-suyagidan o’tib ketgach, jon achchig’ida bu yoqqa lo’killarkan, ko’z oldi qorong’ilashib, dunyo ostin-ustin bo’lib ketgandek tuyuldi. Faqat xo’jayin emas, hamma odamlarni, hattoki o’z xo’tigini o’lgudek yomon ko’rib ketdi. Oq sut berib, yalab-yulqab voyaga yetkazgan onasini o’lasi qilib kaltaklashayotganlarini ko’ra-bila turib, loaqal bir hangrab qo’ymasa, kelganini ma’lum qilib hangrashiga javob qaytarishni ham istamasa! Jigarbandim bilan diydor ko’rishaman, yalashib-yulqashaman, ko’nglimda borini vasiyat qilaman, degan umidda keluvdi. Xo’jayindan ehtiyot bo’lishni, bari bir, u yaxshilikni bilmasligini, shu bois hozirdanoq boshqa bir insofliroq xo’jayinga yukinib borishni tayinlamoqchi edi-ya! Tuqqan onangni tanishni istamay, bergan bir tutam xashagiyu katalakdek boshpanasiga uchib qachongacha shu yaramasning xizmatini qilib yuraverarkansan? Hozir-ku, yoshsan – g’ayrating taningga sig’maydi. O’sha toshbag’irning yukini beminnat ko’tarib yuribsanki, seni asrab-avaylagan bo’ladi. Erta bir kun menga o’xshab qarigin-chi, holing ne kechar ekan!..
Yo’q-yo’q, issiqqina joyda xushbo’y emishni kurt-kurt chaynab bahuzur yotgan o’z jigariga g’ayirliga kelganidan bunday o’ylamayapti. Azbaroyi ichi achiganidan. Bemehr bo’lsa ham, jigar – jigar ekan-da! Ishqilib, umri o’xshamasin. Yuk ostida xor bo’lib o’tmasin. 
Nafsilambri, nima qilsin, u ham bir eshak-da! Eshak bo’lib ko’rgan kuning qursin! Tug’ilganingga pushaymon bo’lib ketasan goho. Kimga maza, qo’yga maza-da! Hech narsaning tashvishi yo’q. Bersang – yeyman, ursang – o’laman, deb yashayveradi. Sigirni yo loaqal echkini oling. Uning holi ham eshaknikidan chandon yaxshi: egani – oldida, yemagani – ketida, ishi yo’q, g’am-tashvishi yo’q. Hatto orqasi ochiqmi-yopiqmi, sutini uloqchasi emyaptimi yo boshqa birov sog’ib olyaptimi – parvoyi palak. Yana uning shumligi-chi! Oldidagi xushbo’ygina bedaga qanoat qilmay, payt poylab turib daraxt qobig’ini kemirishiga nima deysiz? Xo’jayin bo’lsa, bu shumlikni ko’zi bilan ko’rib turadi-yu, “cha-cha-cha!”dan nariga o’tmaydi. Agar echkining o’rnida u shunday qilsa bormi, naq boshida yong’oq chaqardi, xudo haqi. Qani endi... echki bo’lib tug’ilsa edi... Hech qanday shumlikni o’ylamay, boriga qanoat qilib yashardi, Xudo haqqi!
Nachora, chekingga tushsa chekchayma ekan, boriga shukur qiladi-da! Echkining qismatiga shumlik bilan noshukurlik, eshakning qismatiga yuk tashish yozilgan ekan! SHuncha yil yashab, biron-bir mehnatkash echkiniyam, shum eshakniyam uchratmadi. Ovsarlarcha beto’xtov yuk tashish ularga tan ekan!..
Tunov kuni deng, yonidagi o’ziga o’xshash ishga yaroqsiz qari-qartanglar bilan shu yaydoq dalada “sayr qilib” yurishuvdi, uzoqdan bir hangi ko’rindi: ustida – bir barzangi, barzangining qo’lida – qamchin. Quloqlari shalpaygan, ihrab-sihrab, oyoqlarini bazo’r sudrab kelyapti. “O, bechora, hangiliging ham qolmapti-ku!” deya unga achingancha tikilib turuvdi, yaqinroq kelganida qarasa, tanishga o’xshadi. Nursiz ko’zlariga ko’zi tushdi-yu, darrov tanidi: bu – o’sha hangi! Beixtiyor hangrab yubordi. U ham eslarmikin deb andak kutdi. Yo’q, tanimadi. Boshini quyi osiltirib, bellariyu oyoqlari bukilib-bukilib, to’xtamasdan o’tdi-ketdi bechora. Demak, uyam shu yoqlarga kelib qolibdi-da, deb o’yladi beixtiyor. Bir paytlar qanaqangi hangi edi u! Baquvvat, chapdast, chiroyli, yugurik. Xo’tiklik yillarini birga kechirishgandi. Ohista odimlay turib, totli xotiralarga mukkasidan sho’ng’idi. Yuragi orziqdi. O, o’sha balog’at onlari! O, yoshlik! Ikkovlon uzoq-uzoq quvlashmachoq o’ynar, u qochar, hangi quvlar va ikkisi ham birday xursand edilar. Hangi tanti, mehribon, jo’mard edi. Endi-chi? Ustidagi zildek og’ir yuk bilan bo’lib, qadrdonini tanimadi-ya! Xo’tigi borligini-ku, albatta bilmaydi. Loaqal shuni bilganida, harna ko’ngli ko’tarilarmidi.
Axir, eshak faqat yuk tashish uchun dunyoga kelmagandir-ku! 
O’shanda qayoqdan ham xo’jayin paydo bo’lib qoldi? Xuddi osmondan tushganday! Kutilmaganda bo’y ko’rsatdi-da, bo’yniga arqon bog’lab, ustiga egar urdi. Ochig’i, u kunlarni eslashning o’zi bir dahshat! Xo’jayin beliga mindi-yu, xo’tikligi kechgan o’rmon, qadrdon hangi – hamma-hammasi sabil qoldi. Har qancha taysallamasin, uni tovlab yiqitish uchun nechog’lik dingillab, shataloq otmasin, yurmayman deb tixirlik qilmasin, bari bir foydasi bo’lmadi. Xo’jayin sip-silliq, nafisdan-nafis yelkalariga nishli temir qoziq bilan nuqib turganidan keyin, u nima ham qila olardi? Uch kechayu uch kunduz yura-yura haligi hovliga yetib kelishdi.
To’g’ri, u hovlida ham nurli kunlari kechmadi emas, kechdi. Dastlab o’rmonni, hangini, o’sha bearmon kunlarni qo’msab uch-to’rt oy qiynalib yurdi, keyin ishga andarmon bo’ldi. Ko’p o’tmay xo’tigi tug’ildi. O’sha paytlar ham umrining eng xushnud, saodatli onlari ekan. Xo’jayinning katta o’g’li Qobil har kuni tong-saharda butun a’zoyi badanini yayratib yuboruvchi yumshoqqina ko’rpachayu qopini ustiga to’shaydi-da, minib, chirmoviq tergani boradi. Orqasidan xo’tigi ergashadi. Ertalabki shudringdan namiqqan yam-yashil yassilikni kechib, paxtazorga borishadi. Xo’tigi dam oldinga, dam u yonboshiga dam bu yonboshiga o’tib o’ynoqlaydi, shataloq otadi, chopganicha kelib yurib ketayotgan holida emmoqchi bo’ladi. Buni ko’rib Qobil xushnud qiyqiradi. Erga irg’ib tushadi. Ko’p o’tmay to’ygan xo’tikning tag’in oldinga qarab shataloq otganini ko’rib, sakrab ustiga minadi-da oyoqchalari bilan qorniga nuqiydi: “Xix, eshagim, xix!” U esa, Qobilning shodon qiyqiriqlari ostida baxtdan entikkanicha xo’tigi sari qushdek uchadi. Oyog’i erga tegmaydi. Dalaga yetib kelishgach, Qobil ularga: “Shu yerda o’tlab yuringlar! Uzoqlashib ketmanglar!“ deya po’pisa qilgan bo’ladi-da, qopini qo’ltig’iga qisib paxtazorga kirib ketadi. Xo’tigi bilan ariq bo’yida qoladi. Xushbo’y yalpizlar, pichanlar, chirmoviqlar!.. Ularni yegisi kelmaydi ham! Chunki qorni to’q-da. Faqat chirmoviq gullarini ermakka chimdigan bo’ladi-yu, butun fikri-zikri xo’tigida. Uning yov quvgandek dam u yoqqa, dam bu yoqqa shataloq otib chopishida, qoqilib-surinib ketmasaydi, biron joyi lat yeb qolmasaydi, deb joni halak…
Bir payt Qobil qopini yelkasida ko’targancha inqillab-sinqillab paxtazordan chiqib keladi. Qopi o’zidan katta bo’lsa kattaki, kichik emas. CHopib borib bolakayning yelkasidagi qopni o’z yelkasiga olgisi keladi. Lekin buning uddasidan chiqolmasligini biladi. Ming qilsa ham eshak-da. SHuning uchun bola boyaqish qopni ortayotganida qiynalmasin deb, ariqchaning ichiga tushib tek turadi. Lekin, qayoqda! Bolakay qopni bazo’r ortib, bir qo’lida muvozanatini saqlagancha o’zi ham sakrab minmoqchi bo’ladi. Endi minganida tarang qilib to’latilgan qop pastga og’ib ketadi. Erga sakrab tushadi-yu, yana yuklaydi – tag’in shu ahvol! Dam achchig’i chiqib g’o’dranadi, dam qiyqirib kuladi. Nihoyat, minib, qopni ham bazo’r ushlab qoladi va oldiga o’ngarib quchoqlagancha: “Qani, ketdik!” deya mamnun xitob qiladi. U uyga qarab yo’rtadi, orqasida – xo’tigi. Qopni qo’raga tashlab, uchovlon soyga tushishadi. Qobil maza qilib cho’miladi. U esa, xo’tigi bilan yonma-yon suv ichib, soy bo’yida bolakayning qulochkashlab suzishini tomosha qilib turaveradi…
Ha, u o’shanda bag’oyat baxtiyor edi. Ishlab charchamasdi. Dunyoning yukini tashib tashlashga tayyor edi. Ayniqsa, Qobil-u uning ukalarini butun umr yelkasida ko’tarib yurishga rozi edi. Keyinchalik – xo’tigi ulg’ayib, qatorga qo’shilganida – ikkovi yonma-yon yuk tashib yurganida ham umridan mamnun edi. O’shanda Qobil uni ayarmidi, yo mehri o’zi bilan basma-bas ulg’ayayotgan xo’tigiga og’a boshlaganmidi, u ko’pincha yukning yengilrog’ini ko’targancha bolakay bilan xo’tigining ortidan ergashardi. Buni sezgani sari o’zini tiriktovon sanab qiynalardi. Tobora kuchdan qolib, ishga yaroqsiz bo’lib borayotganini aslo-aslo tan olgisi kelmasdi. Shuning uchun ham o’sha bir kuni xo’jayin polizga bormoqchiligini eshitib xursand bo’ldi: mana, endi o’zining hali yuk ko’tarishga qodirligini ko’rsatib qo’yadi! (To’g’ri, shu istak barobar, ko’nglining bir chekkasida po’choq yeyish ilinji ham yo’q emasdi!) Tong saharlab xo’jayin uni, Qobil xo’tigini minib yo’lga tushishdi. To dashtdagi polizga kelgunlaricha xo’jayinning og’irligi ham sezilmadi. O’zini ko’rsatish uchunmi, shiringina qovunpo’choqqa intilibmi, bora-borguncha yengilgina yo’rtdi. Xo’tigidan qolishmadi. Lekin qaytishda…
Hamma balo shu qaytishda bo’ldi: o’zi qovunpo’choqni mo’lroq yeb qo’yibdimi, yo badnafs xo’jayin o’ljasini mo’ljaldagidan ko’proq undirgan edimi, ishqilib, u qovun to’la qanor ustidan bosib tushganida gandiraklab ketdi. Lekin shunda ham sir boy bermadi. Oldinda bir qanor qovun bilan Qobilni yelkasiga olgancha yo’rtib ketayotgan xo’tigiga ergashdi. O’z nuridiydasimi, oldinda kutilayotgan g’olibona hordiq nash’asimi, ortidan o’qtin-o’qtin eshitilib turgan tahdid-u tazyiqmi, nimadir unga madad bergandek bo’ldi. Bir-biriga to’qishib ketayotgan tuyoqlarini bazo’r ko’tarib bosib shahd bilan yo’rta ketdi. Uch chaqirimcha yaxshigina yo’l yurishdi. Bir payt xo’jayinning gapidan hammalari taqa-taq to’xtab qolishdi:
–    Shoshma, o’g’lim. Yuraverib charchadim-ku. Men ham minib olay. 
Xo’jayin shunday deya uning yoniga o’tib, yollaridan ushladi. 
Qobil qanor ustida o’tigancha ortiga burilib qararkan, allanechuk yalinchoqlik bilan dedi:
–    Siz bolasiga mina qoling, dada. Men unga o’tay. Harna yengilroqman. 
Xo’jayin bepisandlik bilan qo’l siltadi:
–    Qo’yaver, nima qilardi deysan! Vaqtida mendek o’nta odamni ko’tarardi bu! – SHunday deya qattiq bir siltanib, o’zini uning ustiga otdi. Shu payt yuraman deb munkib ketdimi, bazo’r tik turgan oyoqlarida qo’shimcha yukni ko’tarishga mador qolmadimi, ishqilib, o’zining yerda uzala tushib yotganini birato’la sezdi. Ko’z oldini tuman qoplagandek bo’ldi. SHunda ham turishga urinib ko’rdi. Lekin ustidagi yuk qo’zg’alishga imkon bermasdi. Hatto gavdasini qimirlata olmasdi ham. Oyoqlari ojizona tipirlardi, xolos. Nochor-noiloj o’rnidan turgan xo’jayinning: “Ho’-o’, harom o’lgur!” deya so’kina-yozg’ira tepkilashlaridan ham natija chiqmadi: nazarida endi o’rnidan turishga nisbatab tepki yeyish yengilroqdek edi. Ich-ichidan alamli bir norozilik uyg’ondi: eshakning kuchi halol, o’zi harom deb, yemishingni yuklaganing yuklagan, o’ligingni ham ustimga tashlab olganing nimasi?! SHu hissizligingdan keyin, o’zing insof bilan aytgin-chi, ablah, eshak kim: menmi yo senmi? “Hissiz – eshak, dardsiz – kesak” o’zingmasmisan?! Yo’q, sen eshakdan ham battarsan! Itsan, cho’chqasan, bo’risan, bo’ri! Ochko’z bo’ri! Meni qul deb o’ylaysan-u, aslida o’zing qulsan – o’z nafsingni quli! Tep, tepaver, ablah, xusuring qonsin! Bu ba’d fe’lingga yarasha senga ham boqqan balo bordir hali!..
Har qanday yukni ham, tepkini ham kiprik qoqmay ko’tara olgulik darajada diydasi qattiq edi uning. Tabiat unga chidam bobida bemisl sahovat ko’rsatgan edi. Tog’dek bardosh ato etgan edi. Lekin tepki aralash qulog’iga chalinga gaplar… diydasini yumshatdi.
–    Qo’ying, dada! Bunaqada o’ldirib qo’yasiz-ku, sho’rlikni! Axir aytdim-ku, “ko’tarolmaydi” dedim-ku!
–    Mayli, bo’lar ish bo’ldi! Beli sindi shekilli-da. Qani, narigi boshidan ko’tar! Bu qanorniyam anoviga ortaylik!..
Ota-bolaning “issiq-sovuq” gaplarini tinglab, tanasiga o’ylarkan, uning ko’zlarida beixtiyor yosh halqalandi. Ko’zlarini yumib, yerga bosh qo’ydi. Zum o’tmay ilkis bosh ko’tardi. Ko’z oldini qoplagan aqiq parda osha najot istab ro’parasiga jovdiradi. Ustma-ust ortilgan ikki qanor qovunni azot ko’targanicha shahdam odimlab borayotgan xo’tigiga, qanorlarni suyamalab piyoda ketayotgan xo’jayinga, unga alanglab qaragan ko’yi tobora yiroqlashayotgan Qobilga, ular singib borayotgan ufqqa ko’z tikkancha yotaverdi-yotaverdi. Ich-ichidan tag’in bir sitam-siqinti toshib chiqdi: endi o’sha shilta qo’rangni yelkamning yag’iri ko’rsin! Zap qutuldimmi, sen ablahdan! Baribir itga o’xshab, sudralgancha piyoda ketding-ku!.. Qachonlardir qulog’iga chalinga hazin qo’shiq satrlari, xuddi yer qa’ridan kelayotgandek, elas-elas eshitildi:

Nokas, xasis, bediyonat qullar hokim,
Moumanlik haddan oshib bo’ldi zolim, 
Xalq ichida xor bo’dilar darvesh, olim,
Himoyati xalqning kofir bo’ldi, ko’ring!
Fe’limizdan bizga jafo soldi, ko’ring!


Bu qo’shiq vujud-vujudida allanechuk quvvat, jismi-jonida favqulodda qudrat paydo qildi. Shu qudrat bois, bir intilishda qad rostladi. SHahdam odimlarkan, aniq-tiniq sezdiki, hayriyat, xo’jayin karomat qilganidek, beli sinmabdi. Nihoyati zo’riqibdi, ko’taram bo’libdi – shugina, xolos. Lekin o’sha-o’sha, xo’jayinning uyiga qaytib borishni istamadi. Shu keng dashtni o’ziga panoh deb bildi. Shu keng dashtning egasi bo’lib yashadi. Shu keng dashdan najot, ona tabiatdan ehson kutib yashadi. Tabiatdan ehson kutmaydiganlar, aksincha, unga har bob bilan zo’rlik-zo’rovanlik qiladiganlarni koshki ko’rmasam ham, kuymasam ham deb yashadi... O’ziga qolsa, bugun ham bormasdi-ya! Lekin, nima qilsin? Bitta emas, bir nechta ilinji boshlab boruvdi-da, uni!
    U oppoq qorga burkangan kimsasiz va yaydoq dasht uzra emish-u boshpana qidirib, xayollarga g’arq bo’lgancha ketib borardi. Xo’tigi-yu hangini yana bir bor – ehtimolki, so’nggi marta – ko’rish ilinjimi, barcha sho’rishlarga achchiqma-achchiq yashash istagimi, bizga noma’lum bo’lgan boshqa bir kuchmi – nimadir jon taslim qilish uchun unga izn bermasdi, ochlik va sovuqni yengib o’tishga qat’iy undardi. Har qalay, muhimi o’sha noma’lum kuchda bo’lsa kerak: u uzoq o’rmonga qaytib borishdan umidini butkul uzgan esa-da, ona-tabiat Xo’jayindan o’zi uchun boplab qasos olishiga va yana yorug’ kunlar kelishiga umid bog’lardi – uning yuragida hech bir izg’irin o’chira olmaydigan umid uchquni miltirab turar edi... 

1982

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.