Tor ko‘chada, qo‘shnimizning eski, shaloq eshigi oldida mening chol bobom o‘z o‘rtog‘i — uzun soqolli, yirik jussali, kar quloq mo‘ysafid bilan nimalar to‘g‘risidadir ezmalanib so‘zlashadi. Bobom oriq, kichkina gavdasini devorga suyab, cho‘qqaygan: hassasini tizzalari orasiga qadagan. O’rtog‘i esa qo‘pol, eski sag‘ri kavush kiygan, uzun, sertuk oyoqlarini uzatib, oftobga yag‘rinini tutgan holda, yerga yonboshlab o‘tiribdi. Ko‘chadan ot, arava o‘tmaydi; shovqin-suron yo‘q. Siyrak o‘tkinchilar albatta qo‘l qovushtirib «Assalom!» deb o‘tadilar. Chollardan biri yoki ikkovi birdan javob beradi: «Va-alaykum...»
Men chollarning atrofida aylanaman. Dam bobomning, dam o‘rtog‘ining gavronday uzun hassasini «ot» qilib minaman, tuproqda hassalar chizgan izga qiziqib qarayman. Keyin bu quruq tayoqlarni taraqlatib uloqtiraman. Bobom o‘siq qoshlari tagida yashiringan ko‘zlarini yolg‘ondaka olaytirib, ko‘rsatgich barmog‘i bilan po‘pisa qiladi, men hassalarni tixirlik bilan egalariga qaytaraman. Keyin bobomning tizzasini quchoqlayman, bir tutam soqolini ushlayman, og‘zini ochishga qistab, tishlarini qidiraman.
— Tishing qani? — so‘rayman labini cho‘zib tortib.
Bobom yuqori jag‘idagi qoraygan yarimta tishini ko‘rsatib, barmog‘i bilan likillatadi, men kulaman. Zerikib do‘ppimni osmonga otaman, tuproqqa «po‘p» etib tushadi. Bobom do‘ppimni qoqib kiygizib qo‘yadi.
— Qani, o‘g‘lim, kechagi cho‘pchakni ayt! Juda yaxshi cho‘pchak-da,— qistaydi meni bobom.
Aytmagunimcha qo‘yib yubormasligini bilaman-da, yod olganim ibratli bir cho‘pchakni aytib beraman. «Ofarin, ofarin!» deydi ikkovi ham qih-qih kulib. Chol meni qo‘yib yubormaydi.
— Qani, endi bir afandi aytib bersin!— deydi bir ko‘zini qisib bobomning o‘rtog‘i.
— Biladi, biladi. Qani, o‘g‘lim, afandining boqqoldan moy olganini ayt,— deydi orqamni qoqib bobom.
Men jindak tixirlik qilgandan so‘ng to‘tiday g‘ujillab beraman. Bobom quchoqlab yuzimdan o‘padi. O’rtog‘i soqolini selkillatib kuladi:
— Esing bajo. Ilohim mingga kir!—deydi chol. Men yana o‘yin qidiraman. Yupqa devor tagidan oqib chiqib hovuzchaga quyilayotgan suvni shapillatmoqchi bo‘laman, lekin katta laganday hovuzchada yong‘oqday kichik ikkita-uchta og‘ringan olma raqs etadi, sharsharakchaga yaqinlashib birin-ketin sho‘ng‘iydi. Men qiziqib, uzoq tikilaman. Olmalar «men sendan qolamanmi?» deb biri-biri bilan talashganday, galma-gal sho‘ng‘ishadi. Yo‘q, endi sabrim tugaydi — engashib ularni olmoqchi bo‘laman.
— Hoy, yiqilib ketasan, huvari!— koyinadi bobom o‘rnidan bazo‘r turib, qo‘limdan ushlaydi-da, uyga olib jo‘naydi. Uning qaddi juda bukilgan. Juda sekin yuradi. Har qadamda «Xudo!» deydi. «Senga topshirdim, Tosh omon bo‘lsin!» deb yolg‘iz o‘g‘lini, qishloqdagi dadamni duo qiladi.
O’ymakor gullari bilinmaydigan darajada o‘chgan, qo‘sh tabyaqali eski eshikka kiramiz. Ustunlari, to‘sinlari yo‘g‘on otxonada bir ko‘zi ko‘r, qo‘ng‘ir sigirimiz pishillab yotadi. Xarida musichalar kukulashadi. Bobom meni bir tomoni otxonaga yopishgan uyiga to‘ppa-to‘g‘ri yetaklaydi. U yoq-bu yoqni timirskilab namatning tagidan katta bir kalidni topib oladi-da, to‘rdagi sandiqni ochadi. Suyunib sandiqqa ko‘z tikaman. Qog‘ozlardagi, talinkalardagi har xil shirinliklardan — qand, parvarda, popuk, rusta va hokazolardan hovuch-hovuch olib, etagimni to‘ldirsam-da, yeyaversam... Yo‘q, bobom ichimni tirnagan bu havasni bilganday meni sekin chetga itaradi. Atigi bir-ikki chaqmoq qand, bir-ikki dona yopishqoq popukni qo‘limga tutqazadi va darrov sandiqni darang-durung qilib qulfaydi. «Buvingga ko‘rsatma, uqdingmi?» deb tanbihlaydi chol.
Bu sandiqning yagona xo‘jayini buvim ekanini, shirinliklarni ko‘z qorachig‘iday ayab saqlashini yaxshi bilaman. Shuning uchun hovliga chiqishga, akamga yo biron boshqa bolaga ko‘z-ko‘z qilishga o‘zim ham qo‘rqaman. Nimqorong‘i uyda qandni qasirlatib tez-tez chaynayman. Ammo nima bo‘ladi-yu, lop etib buvim kirib qoladi. Uzun bo‘yli, oriq kamyair katta ko‘zlarini olaytiradi:
— Buvang qursin, nega muncha sani yaxshi ko‘rmasa!— deb qichqiradi.
Men hovliga yuguraman, olma tagida yolg‘iz o‘zi tinchgina o‘ynab yurgan akam Isamuhammadga ko‘z-ko‘z qilaman. U juda yuvosh, shovqin-suronsiz, xarxashasiz bo‘lganidan, qiziqib qaraydi-qo‘yadi. Ayvonda do‘ppi tikib o‘tirgan onam buvimning tovushini eshitib, undan noxushlaganday qovog‘ini solib, yana qatim tortaveradi. U mo‘min-ma’qul kelinlardan bo‘lgani uchun buvimning chizig‘idan chiqmaydi, u bilan aytishmaydi.
To'liq: Oybek. Bolalik (xotira-qissa) - PDF