OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ozod Mo‘min Xo‘ja. Bo‘ldi, bo‘ldi, bo‘ldi! (fantastik hikoya)

Bizning yashab turgan dunyo juda antiqa-yu, lekin sodda va oddiy. Chunki, u suvga asoslangan. Suvning formulasini bilasiz - H₂O. Ikki vodorod va bir kislorod atomlari birlashmasi. Olamimizda hech bir jonzot yo‘qki, suvsiz hayot kechira olsin. Bu kimyoviy modda tanamizning 90 foizini tashkil qiladi. Ayrim biologik turlarda sal boshqacharoq bo‘lishi mumkin. Mayli, suv haqida boshqa gapirmayman, uning olamshumul ahamiyatini chanqab, suv topolmagan odamlar ham, hayvonlar ham, o‘simliklar ham juda yaxshi biladilar...
 Darvoqe, inson vujudi ovqatsiz qirq kun yashay olsa, suvsiz uch kunga ham bormay o‘z faoliyatini to‘xtatadi, ya’ni... o‘zingiz bilasiz.
 O‘n yettinchi asrda yashagan shoir Devona Mashrab sarson-sargardon bo‘lib yurgan yillari Toshkentga kelib, bir qancha kun yashagan ekan. Shu kunlarning birida Ko‘kaldosh madrasasi yonidagi masjidda peshin namozini o‘qigach, tashqariga chiqibdi. Toshkentga kelganlar, bu shahardagi Chorsu bozoriga kirganlar biladilar – madrasaga o‘rtadan zina orqali chiqiladi, zinaning ikki yoni esa tik devor. Mashrab xuddi shu devor ustida turib pastda o‘tayogan yo‘lovchilarga qarata peshobini choptiribdi. Odamlar unga qichqirishibdi:
 – Hoy, inson! Nima qilayapsan? Nega ustimizga harom suv yog‘dirayapsan!
 Mashrab javob beribdi.
 – Taqsirlar, aslo xavotir olmanglar! Suv yetti yumalasa halol bo‘ladi, deyishgan. Sizning boshingizga tushguncha u halol bo‘lib ulguryapti!
 Buyuk devona-darvesh, Ofoqxo‘ja eshonning muridi bo‘lgan shoirimizning gaplarida jon bor – suv tabiatda aylanib-aylanib, tabiiy tozalanib yana uyimizdagi jo‘mraklarga yoki ariqlarimizga oqib kela beradi.
 Zamonamizning bir yigiti – uni shartli ravishda Ma’mur deb ataylik – bir kuni kechki payt o‘z xizmatidan uyiga qaytdi. Qarasa, uyida suv yo‘q. Butun mahallada suv yo‘q.
 “Bu qanday bedodlik!.. – o‘yladi u. – Ertadan kechgacha tinim bilmay ishlaysan. Nihoyat, uyingga kelib, yuvinib, bir oz hordiq chiqaray desang, suv yo‘q! Qani suv? Nega suvchilar o‘z ishlariga ma’suliyatsiz qarashadi? Buning uchun kimga shikoyat qilish kerak? Kimga sim qoqish lozim?..”
 Shu damda, ikki bolasini bog‘chadan olib, yetaklab rafiqasi kirib keldi.
 – Ie, nega suv yo‘q? Bolalarimni qanday yuvintiraman? Qanday ovqat pishiraman? – norozilik izhor qildi u ham. – Dadasi, tegishli idoraga qo‘ng‘iroq qiling-chi, qachon suv kelarkin?
 Ma’mur turgan joyida qo‘l telefoni orqali darhol sim qoqishga tushdi. Va rasmiy idoralardan quruqqina axborot oldi: “Trassadagi katta suv quvuri ishdan chiqqan, u ta’mirlanmoqda. Lekin, bugun sabr qilishingizga to‘g‘ri keladi. Katta avariya ro‘y bergan. Ertaga suv berishga harakat qilamiz”.
 Xotini unga bigizdek so‘zlarini suqdi.
 – Siz ersiz! Oila ta’minoti sizning bo‘yningizda! Men hech narsani bilmayman va tushunmayman. Menga suv topib berasiz, tamom-vassalom!
 – Nima, men senga o‘n besh minutda quduq qazib beraymi? – jahli chiqdi uning. – Bu axir, ko‘pga kelgan to‘y. Butun mahallada suv yo‘q!
 – Ro‘zg‘or qilish, uyni kerakli narsalarga to‘ldirish – sizning vazifangiz. Mening vazifam – bolalarga qarash, kir yuvish va ovqat qilish. Olma pish – og‘zimga tush, deb o‘tiravermang. Istasangiz, qo‘shni mahalladan, xohlasangiz mini marketdan suv keltiring! Bu – sizning muammoingiz!
 Xotini shunday deb, bolalarini ichkariga yetakladi.
 Ma’mur turgan joyida boshini qashidi. Ishdagi turli tashvishlardan so‘ng, endi dam olaman deb niyat qilgandi. Hech tinchlik yo‘g‘-a! Qaerga borsa ekan: qo‘shni mahalladagi tanishlarinikiga chelak ko‘tarib borsinmi yo do‘konga chiqib palon pulga palon litr ichimlik suvi sotib olsinmi?.. Aytganday, bir quduq qazdirib qo‘ysa bo‘larkan hovlisiga. Nasos qo‘yib, kerak bo‘lganda tortib olaverardi.
 Ohorli kiyimlarini odmi liboslarga almashtirish uchun, u ham yotoqxonaga yo‘naldi. Ongida turli hayollar g‘ujg‘on o‘ynar ekan, mo‘ljalni noto‘g‘ri oldi shekilli, ostonadagi zinapoyaga oyoq qo‘yar-qo‘yar qo‘ymas sirg‘anib ketib yiqildi. Boshi beton yerga qattiq urildi va xushidan ketdi.
 Xushdan ketish hammada har xil. Bu daqiqalarda kimdir umuman yo‘qlikka sho‘ng‘iydi. Keyin hech narsani eslolmaydi. Boshqa birov qandaydir noma’lum joylarda kimlar bilandir suhbatlashib yuradi. Ayrimlar esa, o‘zlari gapiradilar-u, keyin nimalarni so‘zlaganlarini eslay olmaydilar. Atrofdagilar sen unday deding, bunday deding, desalar, taajjublanadilar. Ma’murda bunda holatlarning hech biri bo‘lmadi. U, aniq-taniq, bir mavjudotga ro‘para bo‘ldi-qoldi.
 Shunday daqiqalarda hovlisida paydo bo‘lib qolgan Mavjudot uning yuzlariga shapatilab, xushiga keltirdi va qo‘l cho‘zib o‘rnidan turg‘azdi. Bu g‘alati jonzot o‘zbek tilida gaplasha olar ekan.
 – Qattiq yiqilmadingizmi, Ma’murbek? Peshonangiz g‘urra bo‘libdi-ku!
 – Yo‘q, rahmat... – zo‘rg‘a javob qildi uy egasi va hayratlanib so‘radi. – Kechirasiz, siz kimsiz?
 – Men – Mavjudotman! – javob qildi u. – Ismim shunaqa, meni shunday atang. Uyingizga so‘roqsiz kirganim uchun uzr so‘rayman. Shu atrofda uchib yurgandim, yiqilganingizni ko‘rdim. Yoningizda hech kim yo‘q, shuning uchun yordamga shoshildim.
 Ma’mur unga tikildi. Shakli-shamoili odamga o‘xshash. Ikki qo‘lli, ikki oyoqli, boshi odamnikiday, og‘iz-burni, quloq-ko‘zlari joyida, faqat rang-ro‘yi va terisi sal yashilsimonroq. Uni ko‘rgan kimsa yerlik odam demaydi. Haqiqatdan ham mavjudot.
 – Ismimni qaerdan bilasiz? – so‘radi u.
 – Men axir, inson emasman. Mening imkoniyatlarim boshqacharoq. Men ongingizga bir zumda kira olaman va u yerdan istalgan bor ma’lumotni topa olaman.
 “Ishqilib, xotinim u bilan suhbatlashmasin-da!”, - o‘yladi Ma’mur va yana so‘radi.
 – Yana qanday imkoniyatlaringiz bor?
 – Hayronman, nima deyishga. Juda ko‘p ishlar qo‘limdan keladi. Faqat kimgadir yomonlik qilish bo‘lmasa bo‘ldi. Mana, hozir, rozi bo‘lsangiz, peshonangizdagi g‘urrani yo‘qotaman. Maylimi?
 Ma’mur darhol peshonasini ushladi. Haqiqatdan, kafti issiqqina do‘nglakchani his qildi. Bu qontalashgan g‘urra necha kunda ketar ekan? Qani, bir sinab ko‘ray-chi...
 – Mayli, – dedi u va peshonasini Mavjudotga tutdi.
 Mavjudot o‘ng qo‘lining kaftiga pufladi va uni ohista Ma’murning peshonasiga qo‘ydi. O‘n soniyacha vaqt o‘tgach, qo‘lini oldi.
 – Qani, peshonangizni bir silab ko‘ring-chi! – dedi u.
 Yigit bu gal g‘urrani his qilmadi.
 – Qoyil! – dedi u. – Siz juda zo‘r mavjudot ekansiz. Fantastik asarlarda o‘qiganman, sizdek kimsalar haqida. Qaysi sayyoradan kelgansiz. Nega yashirincha, hech kimga ko‘rinmay yuribsiz? Olimlar qayoqqa qarayaptilar?
 – Men o‘zga sayyoralik emasman, yerlikman! – xitob qildi Mavjudot.
 – Aldamang! Yerlik bo‘lganingizda, bu haqda hamma bilgan bo‘lardi!
 – Biz aldashni bilmaymiz. Biz shunday yaratilganmiz. Sizdan farqli joyimiz shuki, tanamiz sizlarniki kabi emas. Inson ko‘ziga ko‘rinmaymiz.
 – Mana, menga ko‘rinyapsiz-ku! Hatto, gaplashayapsiz.
 – Siz qattiq yiqildingiz, miyangizga og‘ir zarba tushdi, vujudingizda o‘zgarishlar yuzaga keldi, natijada meni ko‘ra olmoqdasiz va gaplashayapsiz. Bir-ikki soatdan so‘ng, tanangiz ish faoliyati maromiga keladi va yana eski holatga qaytasiz.
 – Voy! – dedi Ma’mur. – Eski holatga qaytishni istamayman! Ayting-chi, hozir xotinim hovliga chiqsa, ikkimizni ko‘radimi?
 – Yo‘q! Faqat, erim nega bo‘shliq bilan gaplashayapti, deb hayron bo‘ladi va “Tez yordam” mashinasini chaqiradi.
 “Hartugur, xotinim bu mavjudot bilan suhbatlasha olmas ekan. Aks holda, bu aldashni bilmaydigan Mavjudot boshimga ne balolarni solardi...”, - fikr yuritdi Ma’mur. Va so‘radi.
 – Siz uchib yurgandim, dedingizmi?
 – Ha, biz uchamiz ham, yuramiz ham. Qanotlarimiz yashiringan.
 – Zo‘r-ku, juda! Sizlar qanday yashaysizlar? Nima ovqatlar yeysizlar? Bir-birlaringiz bilan nimalar haqida suhbatalashasizlar?
 – Biz ovqat yemaymiz.
 – Voy, unda qaerdan quvvat olasizlar?
 – Koinot nurlaridan. Biz kuzatuvchilarmiz. Ishimiz sizlarni kuzatish va yordam berish. Suhbatlarimiz ham shular haqda.
 – Men yordam so‘rasam, yo‘q demaysizmi?
 – Aslo!
 – Aytingchi, siz menga o‘n besh minutda hovlimda quduq qazib bera olasizmi?
 – Bir og‘iz so‘zingiz! Nimaga... ha, aytganday, katta ko‘chada quvur yorilibdi, mahallangizda suv yo‘g‘-a!
 – To‘ppa-to‘g‘ri! Suv yo‘qligiga keliningiz boshimda yong‘oq chaqyapti!
 – Qani, qaysi joyda quduq bo‘lishini istaysiz?
 Ma’mur hovli chetini ko‘rsatdi.
 – Mana, shu yerda.
 – Siz ko‘zingizni yumib turing! – buyruq berdi Mavjudot. – Teskari qarab tursangiz, yana yaxshi.
 – Marxamat!
 Ma’mur uy tomon o‘girildi. Ishqilib, quduq bitguncha xotini chiqib qolmasin-da. Darhol ayyuhannos solib, to‘polon ko‘taradi.
 – Xavotir olmang! – dedi Mavjudot orqadan turib. – Kelin chiqmaydi. Ular uchun vaqt to‘xtab qolgan.
 – Voy! – ikki holatdan taajjubga tushdi Ma’mur. Birinchisi, uning fikrlarini Mavjudot eshitayotganidan va ikkinchisi, vaqtni to‘xtatish mumkinligidan. U ohista so‘radi.
 – Vaqtni to‘xtatish ham mumkinmi?
 – Ha, mumkin. Faqat ko‘p insonlar buni bilmaydilar va o‘z vaqtlarini behuda ishlarga sovura beradilar. Qandaydir ahmoqona teleseriallar ko‘rishadi, choyxonalarda valaqlashib o‘tirishadi, turli befoyda suhbatlarga, g‘iybatlarga soatlab umrlarini ketkizishadi. Lekin, insonda vaqtni cho‘za olish imkoniyati bor.
 – Rostdanmi? Qanday qilib?
 – Bu juda oddiy. Inson har qanday ishlarini reja orqali, o‘ylab olib borsa, uning vaqti shunday cho‘ziladiki, o‘zi ham bilmay qoladi... Ana, bo‘ldi. Quduq tayyor! O‘girilavering!
 Ma’mur o‘girildi va ko‘zlariga ishonmadi. Zamoviy quduq. Nasoslari, ichaklari va jo‘mraklari joy-joyida. Badavlat o‘rtog‘ining tog‘dagi dala hovlisiga chiqqanda ko‘rgandi. Tugmani bosasan – jo‘mrakdan sharillab tiniq suv tushaberadi.
 – Qabul qiling! – dedi Mavjudot. – Tugmalarini bosib ko‘ring, suv tushmasa men kafil!
 Ma’mur quduq qurilmasini ishlatib ko‘rib, uning juda yaxshiligiga amin bo‘ldi. Mavjudotga yuzlandi.
 – Evaziga sizga nima beray? Bizning so‘mlar sizlarda ishlatilmaydimi?
 – Yo‘q, shaxsan menga hech qanday pul kerak emas. Yordamim xolisanillo. Faqat, mening ham bir iltimosim bor.
 – Ayting, qo‘limdan kelsa, jonim bilan bajaraman.
 – Men bilan suhbatlashganingizni hech kimga bildirmang!
 – Albatta, ammo bu quduqni kim qazib, moslamalarini kim o‘rnatib berdi, deb so‘rasalar, nima deyman?
 – Siz, bundan xavotir olmang. Barcha tanish-bilishlaringiz-u xotiningiz ham bu quduq go‘yo ilgaridan bordek qabul qilishadi. Hozir, kelin chiqadi-da, aytadi: “Dadasi, vodoprovodda suv yo‘q ekan, quduqdan suv olib bering”, deydi. Tushundingizmi?
 – Ha!
 – Unda mening yana bir iltimosim bor, bajarasizmi? – so‘radi Mavjudot.
 – Albatta! – dedi Ma’mur. – Qo‘limdan keladimi?
 – Kelganda qandoq!
 – Unda ayting!
 – Ikkinchi iltimosim shuki, siz bundan so‘ng hech qachon xotiningizga xiyonat qilmang!
 Ma’mur o‘yga toldi. Nima javob qilsin? Xo‘p desa, ko‘ngli bo‘sh – o‘zini tutishi qiyin. Yo‘q desa, tayyor quduq sovg‘a qildi. Xijolatchilik!..
 – Siz ikkilanmang! – so‘z qotdi Mavjudot. – Yo‘q desangiz, yo‘q! Men hech narsa demay, qayrilib ketaberaman. Quduqni buzmayman, qolaberadi. Faqat...
 – Nima faqat?
 – Bir hafta o‘tmay qo‘lga tushasiz. Uyingiz buziladi.
 – Men xotinimni sevaman! Farzandlarim ko‘zlarimning oq-u qarosi!
 – U holda, iltimosimni bajaring!
 – Mayli, bajaraman...
 – Juda soz! Aqlli inson ekansiz. Uchinchi iltimosim ham bor. Bajara olasizmi?
 – Qo‘limdan kelarmikan?
 – Kelganda qandoq!
 – Unda, ayting.
 – Tez-tez spirtli ichimliklar iste’mol qilar ekansiz. Sog‘lig‘ingiz haqida qayg‘urmas ekansiz...
 – O‘-o‘, bu qiyin masala! – dedi Ma’mur. – Joni-dilim pivo va aroq. Bularsiz yashashim qiyinov!
 – Mayli, nima ham derdim. Siz ozod va erkin odamsiz. Lekin, aytib qo‘yay, ikki oydan so‘ng sizni yurak xuruji tutadi. Infarkt kasaliga mubtalo bo‘lasiz. Keyin, o‘zingizni nihoyatda asrab-avaylab yashashingizga to‘g‘ri keladi. Shundan so‘ng, nainki pivo va vino, aroq haqida gapirmasak ham bo‘ladi, o‘zingiz yaxshi ko‘radigan norin, qovurma, sixli kaboblar, dumbali palov va boshqa shirin ovqatlarni aslo iste’mol qila olmay qolasiz.
 Ma’mur chuqur xo‘rsindi.
 – Mayli, tag‘in o‘lib-netib qolmay... Farzandlarim kimlarga qolib ketadi...
 Mavjudot unga sinchkovlik bilan tikildi. Yigit o‘ng‘aysizlandi.
 – Yana bir iltimosim bor, – dedi Mavjudot. – Qabul qilasizmi?
 – Balki, yetar! Bitta suvli quduqqa uchta iltimosingizni bajarishga va’da qildim. – javob berdi Ma’mur.
 – Xo‘p, bu iltimosimni qaytarib oldim. Ammo, aytmagan iltimosimning bajarmasligingizning ham oqibati yaxshi bo‘lmaydi.
 – Qanaqa u? – qiziqdi Ma’mur.
 – Hozirgi paytda har bir sigareta qutisida “Chekish – o‘limga olib boradi” degan yozuv bor.
 – Kuchli xumor tutsa, nima qilaman? Boshimni beton devorga uramanmi?
 – Ha, shunda sizning miyangizga zarba tushadi, peshonangizga g‘urra chiqadi va darhol men yoningizda paydo bo‘laman. G‘urrangizni tekislab qo‘yaman! – jilmaydi Mavjudot. – Boshqa iltimoslaringiz bo‘lsa, ularni bajo keltiraman!.. Bu gaplarim hazil! Lekin, jiddiy aytsam, nikotin bora-bora sizning erkaklik quvvatingizni pasaytirib qo‘yadi. Rafiqangizga erlik qila olmay qolasiz...
 – Qancha-qancha odamlar qirq-ellik yil chekib yashashmoqda. Hech qaysisi nolimayapti-ku!
 – Ular sizdek hayotni sevuvchi emaslar. Ular tutun qaytarsalar bo‘ldi. Shuning o‘zi ularga yashash mazmuni. Siz boshqachasiz-ku!
 – Chiday olarmikanman?
 – Nega endi chidamas ekansiz. Mana, men qalbingizni ko‘rib turibman. Irodangiz mustahkam! Yarim yilda umuman sigareta nimaligini esingizdan chiqarasiz. Keyin, chekkan paytlaringizni eslab, o‘z ustingizdan kulib yurasiz.
 – Ha, to‘g‘ri aytasiz. Harakat qilaman.
 – Yashang! U holda, menda yana bir iltimos bor. Aytaymi?
 Ma’murning ko‘zlari qisildi. Yuziga qon yugurdi. Mushtlari tugildi.
 – Bo‘ldi, bo‘ldi, bo‘ldi! – deyarli qichqirdi u. – Qayoqdanam, suv quvuri teshilibdi! Qayoqdanam, quduqni orzu qilibman! Qayoqdanam, siz menga yordamga keldingiz. Mendan yana nimalarni talab qilmoqchisiz!
 – Nega qichqirasiz? Nega norozi bo‘lasiz? Nega xavotir olasiz? Bu oxirgi iltimosim sizdan hech qanday urinish talab qilmaydi. Men sizning ishlaringizga yordam berib tursam maylimi, demoqchi edim. Chunki, ko‘rayapman – ishxonangizda turli muammolar bor. Ularni hal qilish men uchun oson. Sizga mushkul. Barcha iltimoslarimga rozilik bildirganingiz uchun, xursand bo‘lib, sizga o‘z yordamlarimni qabul qilishingizni so‘ramoqchi edim...
 Bu muloqot Ma’murning oxirgi iltimosni ham qabul qilishi bilan tugadi. Mavjudot ketdi. Va shu zahotiyoq, xotini hovliga chiqdi.
 – Dadasi, vodoprovodda suv yo‘q ekan, quduqdan suv olib bering, - dedi u xotirjam.
 Ana shunaqa. Suv yetishmovchiligi, uning yo‘qligi goho-goho ayrim insonlarning es-xushini joyiga keltirib, turmushga jiddiyroq qarashga o‘rgatadi. Asosiy ma’no, suvga asoslangan, boshqa takrorlanmaydigan sodda, oddiy va antiqa hayotimizning qadriga yetishda, o‘zimizning tagimizga o‘zimiz suv quymasligimizdir.
 
 Chax-cham qishlog‘i. 10.08.2014. 22:12.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.