Qadimda, aniqrog‘i XIII asrda Toshkentda Et yemas eshon deb atalgan nafasi o‘tkir avliyo yashab o‘tgan. U halq orasida katta hurmatga va e’tiborga loyiq inson bo‘lgan. Men shu odam bilan bog‘liq bir voqeani diqqatingizga havola qilmoqdaman.
Bir kuni Et yemas eshon ko‘chada ketayotgandi. Bu paytlarda uning yoshi qirq-qirq besh orasida edi. Yonida kenjasi, yetti yoshga qadam qo‘ygan o‘g‘ilchasi ham bor edi. U jajji farzandi bilan suhbatlashib borar, uning shirin tilini, antiqa gaplarini eshitib yayrardi. Shunday damda ro‘parasidan kelayotgan bir gavdalik yigitning o‘ziga katta e’tibor qilib qarayotganini his etdi. Yaqinlashishganda, u darhol salom berdi. Et yemas eshon alik oldi. Notanish odam to‘xtadi-da, yalingansimon so‘z qotdi:
– Eshon ota, uzr, sizga bir savolim bor edi, aytsam maylimi?
– Mayli, bo‘tam, bemalol so‘rayvering.
Shunda yigit bunday dedi:
– Mening jufti halolim bor. To‘rt yildan beri nikohdamiz. Juda yaxshi, ahil, inoq yashayapmiz. Lekin, turmushimizni bir narsa xira qilib turibdi. Ya’ni, shu muddat ichida hech farzandlik bo‘lmadik. Ayolimni juda yaxshi ko‘raman. Boshqa xotin olgim yo‘q. Siz juda o‘tkir nafasli eshonsiz, meni duo qiling, Yaratgan menga ham zuryod bersin!
Et yemas eshon so‘radi:
– Ismingiz nima, yigit?
– Abduvali. Otamning ismi Abdurahmon.
– Juda soz, Abduvali Abdurahmon o‘g‘li. Men ko‘chada ham duo qilishim mumkin – ta’siri bo‘ladi, lekin uyda bamaylixotir o‘tirib, qur’on suralaridan o‘qib duo qilish o‘tkirroq bo‘ladi. Shuning uchun, kechki payt, shomdan yarim soat avval xonadonimga keling. Qo‘lingizda ikkita non bo‘lsin. Bilasizmi, qaerda yashashimni?
– Ha, eshitganman, Kamolon mahallasidansiz, topib olaman.
– U xolda sizni kutaman.
Yigit aytilgan paytda eshonning eshigini taqillatdi. Uni o‘zi kutib oldi va hujrasiga taklif qildi. Xonaga kirilib, joylashilib, fotiha o‘qilgach, Abduvali Abdurahmon o‘g‘li olib kelgan nonlarini xontaxta ustiga qo‘ydi.
– Abduvali! – dedi Et yemas eshon . – Endi bunday gap, zavjangizning ismini va yoshini ayting.
U aytdi.
– O‘zingiz necha yoshdasiz? – so‘radi eshon.
– Yigirma beshda, – dedi yigit.
– U xolda, – dedi eshon, – hozir men duolar o‘qiyman va Yaratgan Zotdan sizga zuryod so‘rayman. Shundan so‘ng, barcha aytganlarimni qilishingiz shart! Rozimisiz?
Yigit, ko‘zlari chaqnab, ulkan umid javob berdi:
– Albatta, roziman! Barcha topshiriqlaringizni bekam-u ko‘st bajaraman!
Eshon ko‘zlarini yumib duolar o‘qiy boshladi. Shu jarayonda Yaratgan unga Abduvali bilan bog‘liq barcha holatlarni ayonlashtirdi:
“Yigit bundan bir necha yil avval, o‘n yetti yoshlik paytida, bo‘yi o‘sib, yelkalari kengayib, bilaklari ayni kuchga kirgan vaqtda, o‘z otasini yaxshilab urgan. Ayamay, butun jon-jahdi bilan do‘pposlagan. Natijada, ota bechora kasal bo‘lib yotib qolgan. Unga na xotini va na farzandi yordam qo‘lini cho‘zishgan. Tabib ham chaqirishmagan. Bir necha kun o‘tib, ota tildan qolgan. Shu taxlit so‘z deyolmay, xotini va o‘g‘liga kerak bo‘lmay qolib, singlisining uyiga o‘tib, u yerda ikki yildan so‘ng, vafot etgan.
Shu vaqt oralig‘ida u ota, ne hasratda, ancha muddat farzand ko‘rmay yurib, oxir-oqibatda, Ollohdan so‘rayverib, dunyoga kelgan, katta e’timod va umidlar bilan katta qilgan farzandining o‘ziga qo‘l ko‘targanini ruhan ko‘tara olmagan. Va Yaratgandan so‘raganki, bu, o‘z otasiga qo‘l ko‘targan o‘g‘il aslo bola-chaqali bo‘lmasin! Mutloq Buyuk Zot miskin otaning duosini qabul qilgan.”
“Demak, Abduvali yana ko‘p bor uylansa ham, baribir, niyati amalga oshmaydi... – o‘yladi Et yemas eshon. Va har ehtimolga qarshi, Yaratgan Zotdan iltimos qildi: “Bu yigitning gunohidan o‘t va unga zuryod ber!” Shu zahotiyoq uning dilida bir fikr paydo bo‘ldi: “Mayli, sen so‘rasang, hurmating haqqi, iltijoing ijobat qilinadi, lekin o‘sha tug‘ilajak farzand katta bo‘lgach, o‘z otasini o‘ldiradi!”
Eshon bu yigitga nima deyishni bilmay biroz lol qotdi. Nihoyat, tili kalimaga keldi:
– Abduvali! Siz juda katta gunoh qilgan ekansiz – o‘z dadangizni do‘pposlagan ekansiz. Shuning uchun, jazo tortayapsiz.
Yigit javob berdi:
– Otam shunga loyiq odam edi. U meni yosh bolaligimda urardi.
– Nimaga urardi?
– Ish buyurardi, men qilmasdim. Ish qilishdan ko‘ra ko‘chaga chiqib, bolalar bilan o‘ynashni xush ko‘rardim. Maktabga borganimda, yaxshi o‘qimasam, baqirardi. Kaltaklar yeganimda qasd qilgan edim: “Katta bo‘lib kuchga kirsam, men ham seni shunaqa uramanki, afsuslar qilasan!”, deb dilimga tukkandim.
– Onangiz indamaganmilar, urganingizda?
– Gapirganlar: “Ur-ur! Ayamay ur, dadang meni yosh kelinligimda onasining so‘ziga kirib, rosa qiynagan, o‘chlarimni ol!”, deganlar.
– Tushunarli.
Yigit so‘radi:
– Bu holatning farzandli bo‘lish-bo‘lmasligimga nima dahli bor?
– Dadangiz... kaltaklanib, tildan qolib, kasal bo‘lib yotganlarida, sizga uzoq umr tilaganlar.
– Nega? Mening umrim qisqa bo‘lishi bo‘lishi ham mumkinmi?
– Ha.
– Sababi nima?
– Shu yoshga kirib, hali ham tushunmadingizmi? O‘z otasini kaltaklaganlar, jabr-zulm yetkazib, uning umriga zomin bo‘lganlarning umri uzoq bo‘lmaydi.
– Nega? Men faqat o‘z o‘chimni olganman, xolos.
– Ota-onadan o‘ch olinmaydi.
– Endi, men befarzandlikka mahkummanmi? Hech qanday yo‘li yo‘qmi?
– Bir yo‘l bor, lekin u zavolli yo‘l.
– Ayting, Eshon ota! Zavolli bo‘lsa ham mayli...
– Men duolar qilaman, Yaratgandan so‘rayman. Oilangizda o‘g‘il farzand tug‘iladi, lekin u ulg‘aygach, sizni o‘ldiradi... Shuni istaysizmi?
Yigitning ko‘zlari olaydi, qorachiqlari kengaydi, yuzlari qizardi va o‘zini arang bosib, ohista so‘radi:
– Siz buni qaerdan bilasiz?
– Sizning dadangizni urganingizni qaerdan bilgan bo‘lsam, xuddi o‘sha yerdan.
Yigit boshini egdi. Chuqur xo‘rsindi. Tin oldi va so‘z qotdi.
– O‘rtoqlarim va boshqa tanish kimsalar orqamdan gapiradilar, Abduvalining yigitlik quvvati yo‘q, u – bichilgan ho‘kizmi-ey, hezalakmi-ey va yana turli uydirmalarni so‘zlaydilar. Juda siqilib ketdim...
– Parvo qilmang. Dadangizning ruhidan, so‘ng Yaratgandan avf so‘rang! Va indamay yashay bering. Befarzandlik – sizga berilgan jazo. Chidashdan boshqa ilojingiz yo‘q. Boshqa xotinga uylanishdan ham naf bo‘lmaydi.
Yigit yana bir muddat hayol surdi va nihoyat so‘radi:
– Eshon ota! Qo‘y so‘ysam, halqqa ehson bersam, gunohlarimni kechirishini so‘rasam, foydasi tegarmikan?
– Yo‘q. Men sizga tushuntirdim-ku. Lekin, bundan keyin hech kimning dilini sababsiz og‘ritmang va ranjitmang, halol yashang. Kelgusida asqotadi.
– Aytganday, men duo qilsam – farzandlik bo‘lasan, lekin u katta bo‘lgach, seni o‘ldiradi, dedingiz-a?!
– Ha.
– Mayli, men roziman.
– Nimaga rozisiz?
– Mayli, farzandlik bo‘lay, u katta bo‘lsin. U yog‘iga nima gap, nima so‘z? Balki, o‘sha paytga kelib, gunohim kechirilar! Har kuni shuni so‘rayman.
– Siz eng ulkan g‘azabga va kuchli qahrga uchragan kimsasiz! Otaning duosi – o‘q! Uzilgan o‘qni qaytarib bo‘lmaydi. Sizga hech qanday duo va iltijo yordam bermaydi!
Shunday gavdali, vujudi kuch-quvvatga to‘liq yigitning ko‘zlaridan mildir-mildir yosh oqdi. U bu holatni berkitishga urinmadi ham. Keyin, dastro‘moli bilan yoshlarini artdi va mo‘ltiragan ko‘zlarini eshonga qaratdi.
– Mayli, eshon ota! Meni duo qiling, farzandlik bo‘lay va u meni o‘ldirsin. Men endi tushundim, o‘z otasini urish, do‘pposlashning oqibati og‘ir bo‘lishini. Onam ham meni gij-gijlagandi. Hozir ham dadamning go‘riga g‘isht qalaydi. Men ahmoq ekanman. Mening jazoim shu. Duo qiling, mingdan ming roziman.
Uning gaplari his-hayajonga, g‘am-alamga to‘liq edi. Et yemas eshon unga indamay bir vaqt qarab turdi-da, so‘z qotdi.
– Yaxshi, faqat bir shartim bor.
– Ayting, men barcha shartingizga roziman.
– Sizga uch kun muhlat beraman. Har tomonlama o‘ylab ko‘ring. Kelsangiz, duo qilaman. Kelmasangiz, shu taxlit yashab yuravering.
– Mayli, eshon ota! – dedi u og‘ir tin olib va o‘rnidan turdi.
– Mana bu olib kelgan nonlaringizni ola keting. Uch kun o‘tib, mabodo tashrif buyurishga qaror qilsangiz, yana olib kelasiz, – dedi Et yemas eshon.
Yigit bu so‘zlarga tushunmay, bir oz vaqt hayron bo‘lib turdi-da, so‘ng nonlarni qo‘ltig‘iga qistirib chiqib ketdi.
Oradan uch kun o‘tdi. Shomdan yarim soat avval Et yemas eshonning eshigi taqilladi. Uning o‘zi borib ochdi. Ro‘parada o‘sha yigit turardi – Abduvali Abdurahmon o‘g‘li. Ko‘zlari ichiga kirib ketibdi. Rangi sarg‘ayibdi.
U salom berdi va so‘z qotdi.
– Eshon ota! Men sizdan duo olishga keldim.
– Qanday duo? – alik olgach, so‘radi Et yemas eshon. U bu yigit boshqa kelmasa kerak, degan fikrda bo‘lib, uning kelishini kutmagandi.
– Farzandlik bo‘lish duosi-da!
Eshon uni darhol esladi.
– Buning oqibati nima bo‘lishini aytgandim-ku! Nahotki, anglamadingiz?
– Tushunganman. Uch kun muhlat bergandingiz, o‘ylab ko‘rishga.
– Fikrladingizmi?
– Ha. Bir qarorga keldim. Siz mening ko‘zimni ochdingiz. O‘z otasini urish, do‘pposlash juda og‘ir gunohligini chuqur angladim. Endi, bu yuk bilan tinch va bamaylixotir yashashim qiyin. Shuning uchun, mayli, men o‘z qotilimni katta qilay. Va u mening jazoimni bersin. Shu his bilan yashash menga yengilroq.
Et yemas eshon unga tikilib qaradi. So‘zlari chin dilidan chiqardi. Yigit yana ko‘zlarini mo‘ltiratdi.
– Eshon ota! Iltimos, duoingizga mushtoqman!
– Keyin afsus qilmaysizmi?
– Qarorim qat’iy...
– U holda, ichkariga marxamat qiling! – dedi u nihoyat.
Et yemas eshon uning olib kelgan ikki nonni ushlab duo o‘qidi va bularni er-xotin birga tanavvul qilishlari kerakligini aytdi.
Ushbu voqeadan bir yilcha vaqt o‘tach, Abduvalining quvonchi ichiga sig‘may qoldi, sababi – u o‘g‘illik bo‘lgandi. U bu haqda butun olamga bu haqda jar solishni istardi. Mana, ko‘rsinlar, bilsinlar, uning to‘rt muchasi sog‘! Uning ham farzandi bor.
Abduvali qo‘y so‘ydi va mahallasidagi qariyalarni, yaqin birodarlarini uyiga chorlab, kichik bo‘lsa-da, aqiqa to‘yi o‘tkazdi.
Abduvali ulg‘ayayotgan farzandini yer-u ko‘kka ishonmas, xotinidan ko‘ra o‘zi uning atrofida parvona edi. Uning bu qiliqlaridan onasining ensasi qotdi. “Buncha chaqaloqqa yopishding? Bolaga qarash erkaklarning ishi emas! U yig‘laydimi, dumalaydimi, kerakmas narsani og‘ziga soladimi, baribir katta bo‘laveradi...”
Lekin, Abduvali bu gaplarga parvo qilmasdi. U dilida yashiringan afsus-nadomat bilan o‘g‘lini sog‘lom, odobli, odamlarga mehribon qilib tarbiyalashga ahd qilgan edi.
O‘g‘li bir yoshdan oshgach, yurib ketdi va biyron tili chiqdi. “Adda, adda...” – deydigan bo‘ldi. Abduvali bundan juda yayrardi. “Mening ham tilim chiqqanda, otam ham shunday quvongan bo‘lsa kerak...”, o‘ylardi u shunda.
Farzand uch-to‘rt yashar bo‘lganda, juda harakatchan, bir joyda tinib o‘tirolmaydigan bo‘ldi. Otasi esa uning yonida yurar, salbiy tasodiflardan himoya qilardi. Nimani istasa, o‘shani berar, erkalatar, koyimas edi. Xattoki, hazillashib ham hech qaeriga shapatilamasdi. Lekin, noto‘g‘ri qiliqlar qilsa, bularning noto‘g‘ri ekanligini ohista tushuntirardi.
Farzand yetti yoshga kirdi, Abduvali uni shahardagi eng jiddiy va bilimdon maktabdorga berdi. Darsxona uzoqroq bo‘lgani uchun, erinmay o‘zi olib borar va qaytarib yetaklab kelardi. O‘g‘li juda yaxshi o‘qiy boshladi.
Farzand o‘n ikki yoshda boshlang‘ich maktabni tugatdi. Shundan so‘ng, u hunarmandlikka havas qildi. Abduvali uni temirchi og‘aynisiga shogirdlikka topshirdi. O‘g‘il ishni bosqon bosishni o‘rganishdan boshladi. Bu vazifani hadisini olgach, temirdan turli buyumlar: pichoq, o‘roq, tesha, ketmon, boltalar yasashni o‘rganishga tushdi. Temirchi shogirdidan mamnun edi.
Farzand o‘n beshdan o‘tdi. Hunarini to‘liq o‘rganib oldi. U istalgan temir buyumni ko‘zini yumib yasay oladigan darajaga yetdi. U yoshiga nisbatan bo‘liq edi, kuch-quvvatga to‘lgan zabardast qo‘llari bozori chaqqon mahsulotlarni ishlab chiqara boshladi. Dadasining qalbi bundan faxrga to‘ldi. Ayniqsa, unga o‘z qo‘li bilan yasagan o‘tkir pichoqni sovg‘a qilganda, juda quvondi va pichoqni ishlatmay, qini bilan tokcha peshtoqiga ilib qo‘ydi.
Farzand o‘n sakkizga kirdi. Tashqi tomondan odobli, muomilali inson sifatida tarbiya topdi. U endi balog‘at yoshiga yetgandi va kasb-hunarli ham bo‘lgandi. Bitta oilani bemalol tebratadigan holatda edi. Endi uni uylantirish vazifasi turardi. Buvisi shu haqda javray boshladi. Abduvali esa onasining tayziqiga parvo qilmadi, chunki bu ishda shoshishni istamasdi. “O‘g‘limning gavdasi katta bo‘lgani bilan o‘zi hali yosh va juda g‘o‘r, hech bo‘lmasa yigirmaga kirsin, odam tanisin...”, dedi.
Shu asnoda ona-bola o‘rtasida kelishmovchilik chiqdi.
Abduvali yillar davomida o‘z o‘g‘liga yaxshi tarbiya berishga urinib kelgan bo‘lsa-da, farzand ma’naviy tomondan betovfiq buvisining to‘liq ta’sirida edi.
Bir kuni ertalabdan, Abduvali, onasining galdagi javrashidan jahli chiqdi-da, “U –
mening farzandim, istaganimda uylantiraman!”, degancha ishiga ketdi.
Onaning ancha jahli chiqdi. Axir, u o‘z singlisiga uning qiz nabirasini olaman deb va’da bergandi. O‘g‘li esa keyingi yillarda o‘zbilarmon bo‘lib qoldi. U ayvonda o‘tirib olib, o‘ziga o‘zi gapirib xumordan chiqa boshlagandi, nabirasi uyg‘onib hovliga chiqib qoldi. Buyurtmalari ko‘p bo‘lgani uchun, u kecha kechgacha ustaxonada qolib, uyga qorong‘uda kelgandi.
– Buvi, kim bilan gaplashayapsiz? – so‘radi u.
Gaplarini eshitadigan inson topilganidan xursand bo‘lgan keksa, betovfiq ayol o‘z o‘g‘lini yomonlay ketdi:
– Qayoqdanam shu dadangni tuqqanman-a! U juda xudbin! Yaramas! Faqat o‘zining fikrlarini maqullaydi. Ona bilan hisoblashmaydi.
– Nima bo‘ldi, o‘zi? – so‘radi nabira.
– Sening dadang, bilasanmi, qanaqa odam? Bilmaysan! U o‘z otasini o‘ldirgan!
– Yo‘g‘-e, nima deyapsiz? Bobom, axir, kasal bo‘lib vafot etganlar-ku, o‘zingiz aytgansiz.
– Dadang bobongni qattiq do‘pposlab urgan, natijada u kasal bo‘lib qolib, bu dunyoni tark etgan.
– O‘shanda, bobomni himoya qilmaganmisiz?
– Qilganman! Odamlarni yordamga chaqirganman. Ammo, dadang bobongni mayib qilib bo‘lgandi! – dedi buvisi. Bu yolg‘on gaplaridan uning ko‘zlari xatto pirpiramadi.
– Tabib chaqirib, davolatmaganmisiz?
– Voy, bobongni ko‘rmagan tabiblar qolmagan shaharda. Hammasini olib kelganman. Ammo, befoyda bo‘lgan, – yana yolg‘onladi buvi.
– Demak, dadam bobomning qotili ekan-da?!
– Ha!.. Shu ahmoq dadang, endi seni uylantiraman desam, hali vaqti erta deyapti. Mana, singlimning chiroylik, aqlli, mehnatkash nabirasi bor. Seni o‘shanga uylantirmoqchiman! Singlimning qizi esa har kuni intizor bo‘lib bizdan sovchi kutib o‘tiribdi. Uylanasanmi?
Barcha gaplarni to‘ppa-to‘g‘ri deb qabul qilgan g‘o‘r nabira, qalbidagi g‘alayon tufayli indamadi. Buvi esa buni, sukut – rozilik alomati, deb fikr qildi.
– Sen o‘zing dadang bilan gaplash. Meni uylantiring, degin.
Kechki ovqatdan so‘ng, farzand dadasi huzuriga kirdi va so‘radi:
– Buvim bugun siz va bobom haqida gapirdilar, shundaymi, dada?
– Ha, bolam. Men yoshligimda ahmoq bo‘lganman. Men qalbimdagi jaholat va nodon onamning, ya’ni buvingning so‘zlariga kirib, o‘z otamni do‘pposlaganman. Bobong kasal bo‘lib qolganlar. Buving uni davolatmagan ham. Ammam uyiga olib ketib davolatishga harakat qilgan, lekin befoyda bo‘lgan. Mayit ham ammamnikidan chiqqan.
– Buvim boshqacha aytayaptilar-ku!
– Yo‘q, voqealar men aytganimcha bo‘lgan.
– Siz yolg‘onchisiz. Siz qotilsiz! Mening ham uylanishimga ruxsat bermayapsiz!
– Kimga uylanmoqchisan?
– Katta xolamning nabiralariga.
– Bu haqda menga ham og‘iz ochganlar. Bilasanmi, aytilayotgan qizning onasi qanaqa xotin? Nechta erga tegib, nechtasidan chiqqan. Erlari uni begona erkaklar bilan tutib olishgan. Axir uni orqavarotdan fohisha deyishadi-ku!
– Buvimlar aqllilar, shunday bo‘lganda, u qizni menga ravo ko‘rmasdilar. Siz o‘zingiz ahmoq, yaramas, xudbin insonsiz! Siz – qotilsiz!
– Shunday hisoblasang, men ahmoq va yolg‘onchi bo‘lsam, meni qotil deb o‘ylasang, men bilan boshqa gaplashma. Senga qancha mehr bergandim. Bor, yo‘qol, sendek o‘g‘lim yo‘q!
Farzandning jahli chiqdi, o‘zini yo‘qotdi va tezlikda tokchaga ilib qo‘yilgan, o‘zi yasab, dadasiga sovg‘a qilgan pichoqni olib, qinidan sug‘urdi. Otasiga yaqinlashdi.
– Mening esa, sizdek dadam yo‘q! – dedi-da, pichoqni uning ko‘ksiga sanchdi.
Dada bir silkindi-da, jon berdi.
Farzand faqat shundan so‘nggina hovuridan tushdi va nima ish qilib qo‘yganini his qildi. E, voh! Endi, bu dunyoda qanday yashaydi? Bundan ko‘ra o‘lgani yaxshi! U jahd bilan dadasining ko‘ksidan pichoqni sug‘urdi-da, uni o‘z ko‘ksiga tirab, ikki qo‘li bilan tirab zo‘rlab kirgizdi va yiqildi.
Ertasi kuni bu xonadondan ikki mayit qabristonga eltildi.
Et yemas eshon duo qilingan Abduvali Abdurahmon o‘g‘lining farzandli bo‘lganini bir yildan so‘ng eshitgandi. O‘shanda, Yaratgan Zot, ishqilib, uni kechirsin, deb qo‘ygandi.
Yillar shoshilmay ketaberdilar. Hayot davom etaverdi.
Abduvali ismli yigitni duo qilganiga nihoyat o‘n to‘qqiz yil bo‘ldi.
Shu kuni, o‘shanda zuryodsiz bir yigitni ko‘chada uchratganida, yonida bo‘lgan jajji, hozir esa navqiron, odobli va ilmli yigitga aylangan eng kichik farzandi kechki payt uyiga kelib, Toshkentda duv-duv gap tarqalganini aytdi: “Falon mahallalik Abduvali ismli odamni o‘z o‘g‘li chavoqlab o‘ldiribdi, keyin pichoqni o‘z ko‘ksiga uribdi...”
Et yemas Eshon chuqur xo‘rsindi. “Ha, Jazo va Qasos – muqarrardir!”, degan fikr uning ko‘nglidan o‘tdi.
2013 – 27.11.2014. Toshkent