OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ozod Mo‘min Xo‘ja. Xo‘ja Muhammad Parron

“Hazrat Xo‘ja Muhammad Parronning
 qabrlari Buxorodagi Toqi Telpak
 furushon ostidadir.Bu zoti sharif
 mirshablarning pirlari bo‘lgan.”
 “Ikki yuz yetmish yetti pir”
 S.Salim Buxoriy

* * *

 Bir paytlar men Vatanimiz tarixini o‘rganib, uning o‘tmishdagi buyuk kishilari haqida qiziqib ma’lumotlar to‘plab yurar edim. Shunday kunlarning birida savol uyg‘ondi: “Nega O‘zbekistonning – juda ko‘p aziz-avliyolar o‘tgan diyorning – adabiyotida shunday ulug‘ zotlarga bag‘ishlangan badiiy asarlar yo‘q. Agar bu ulug‘ kimsalar boshqa mamlakatlarda, masalan, Yevropada, yashagan bo‘lganlarida, ular haqida kitoblar yozilgan, filmlar ishlangan, butun dunyoga mana bizning ajdodlarni ko‘rib qo‘ying, deb jar solingan, xullas, bu zotlarning shaxsi qanchalar ulug‘langan bo‘lardi...”, deb o‘yladim. Va shu yo‘nalishda ham ijod qilishga jahd qildim.
 Biz o‘zimizning buyuk ajdodlarimizning nomlari-ni, hayotlarini va qanday ishlar qilganliklarini bilishi-miz xamda butun jahonga ma’lum qilishimiz kerak.
 Qo‘lingizdagi tarixiy qissa mening bu yo‘ldagi ikkinchi qadamimdir.
 Muallif.

* * *

 O‘n beshinchi asr oxirlari.

 Shu davrda Movoraunnahrga shimol tarafdan Muhammad Shayboniy boshchiligidagi, o‘zbeklar deb nom olgan jangovar turkiy xalq qo‘shinlari bostirib kirdilar. Bu sarkarda, Chingizxonning to‘ng‘ich o‘g‘li bo‘lmish Jo‘chi avlodi, Sibir, Oltoy o‘lkasi va Dashti qipchoq (ya’ni, hozirgi Qozoqistonning shimoliy qismi, hozirgi Rossiyaning janubi va Ukraina yerlari) hukmdori, tarixda katta iz qoldirgan Abulxayrxonning nabirasi edi.
 O‘n oltinchi asrning boshlarida Muhammad Shayboniy Movoraunnahrni to‘liq zabt etdi. O‘zbeklar Turonzaminga kirib, hukmronlik qila boshlaganliklari uchun, bu yurtda istiqomat qiluvchi va turkiy tilda so‘zlashuvchi barcha boshqa xalqlar ham shu davrdan boshlab ularning nomlarini oldilar. Ya’ni, ming-ming yillardan beri shu o‘lkada o‘z urug‘lari nomlari bilan yashab, umumiy ravishda turk yoxud turkiy deb ataluvchi insonlar yagona nomga – o‘zbek atamasiga ega bo‘ldilar. Bu ilk bor tashkil topgan O‘zbeklar imperiyasi edi.
 Muhammad Shayboniy jangu jadallarda halok etilgandan so‘ng, taxtga uning jiyani, ukasi Mahmud Sultonning farzandi, kuchli shaxs sifatida shakllangan Ubaydullaxon chiqdi. 1539 yilda u vafot etdi. Vorislar hukmronlikni eplay olmay Buyuk O‘zbeklar imperiyasida parokandalik vujudga keltirdilar. Natijada, tabiiyki, ushbu boy va jannatmakon yurt taxti uchun qirg‘inbarot janglar boshlandi.
 Nihoyat, 1557 yilda, Abulxayrxonning boshqa bir avlodi – Abdullaxon II butun Buyuk O‘zbeklar imperiyasini o‘z izmiga bo‘ysundirdi. Ushbu katta davlatga quyidagi yurtlar kirgan edilar: Movoraunnahr, Toshkent vohasi, Farg‘ona vodiysi, Badaxshon, Xorazm, Xuroson o‘lkalari, Sayram, Balx, Xisor, Hirot va Qobul atroflari.
 Abdullaxon II o‘z davlatining ravnaqi uchun katta harakatlar qildi. Yangi oltin va kumush tangalar zarb etdirdi. Dehqonchilik rivojlanishi uchun ariqlar va anhorlar qazdirdi. Ichki va tashqi savdo shart-sharoitlarini tartibga soldi. Shular bilan bir qatorda, hunarmandchilikka ham katta yo‘l ochdi, yangi-yangi bozorlar, rastalar tashkil etdi.
 Xususan, poytaxt sifatida tanlangan shahar – Buxoroda gumbazli ko‘cha-bozorlar qurdirdi. Jumladan, do‘ppifurush-lar, telpakchilar, zargarlar, sarroflar u yerlarda savdo qilishgan. Bu joylar toqi zargaron, toqi telpakon, toqi sarrofon kabi atalganlar.

 * * *

 Bu gumbazli ko‘cha-bozor hozirgi payt – yigirma birinchi asrda ham mavjud. Mabodo, Buxoroga borib qolsangiz, Bahouddin Naqshband ko‘chasi bo‘ylab, Labi Hovuzning o‘ng tomonidan yuqoriga qarab yuring. Chamasi ellik-yuz qadamlar tashlasangiz, aytilgan savdo rastalariga duch kelasiz. Va o‘ziga xos, O‘zbekistondagi hech bir shaharda yo‘q usti yopiq ko‘cha-bozor manzarasini kuzatasiz.
 Men, ilk bor, ana shu yerda “Xo‘ja Muhammad Parron” bilan uchrashganman.
 
 * * *

 2002 yil 16 fevral.

 Shu kuni xizmat safari bilan Buxoro tomon yo‘lga tushdim.
 Sharif shaharga undaganlar maslahat berishdi: o‘z mashinangizda borganingiz ma’qul, chunki sizga kerakli korxona va tashkilotlar tarqoq joylashgan, shaxsiy transport ishlarni tez bitishi uchun qulay bo‘ladi.
 Men, o‘sha paytlarda menga yordam berib yurgan bir yigitni – Botir Isamuxamedovni olib, tong otmasdan azim shaharni tark etdim. Uch soatga yetar-etmas yo‘l yurib Samarqandga keldim. Bu qadimiy maskanda bizneshamkorim Davlat Tursunov bizga qo‘shildi va mashina motorini qayta yurgizdim.
 Mo‘ljalimizning birinchi punkti, Buxorodan o‘n kilometrcha berida joylashgan – Kogon shaharchasiga kirib kelganimizda xali peshin bo‘lmagandi. Ozroq dam olgach, tushlik qildik. So‘ng, bu yerda uchrashishimiz lozim bo‘lgan tashkilot rahbari bilan muzokara o‘tkazdik. Asosiy masalalarni ertaga hal etishga kelishib – sharoit shuni taqazo qildi, borib mehmonxonaga joylashdik. Yuklarimizni u yerga qo‘ydik va Buxoroning qadimiy qismi bilan tanishishga ketdik.
 Chunki, birinchidan – men ilgarilari kelganimda barcha tarixiy joylarni to‘liq aylanib ulgurmagandim, ikkinchidan – yordamchim bu shaharga umuman kelmagandi. Sharif maskanni yaxshi biladigan Davlat Tursunov mashinani Labi Hovuz oldiga qo‘ydirdi. U yog‘iga piyoda aylanadigan bo‘ldik.
 Biz, qadimiy ko‘chalar bo‘ylab qadam tashlar ekanmiz, ikki sherigimni bilmadim-u, menga, qandaydir ko‘zga ko‘rinmas nurlar qalbimga tushayotgandek tuyulardi. Tabiatim shundayki, joni-dilim – tarixni o‘rganish.
 O‘z o‘tmishini to‘liq bilmagan halq – buyuk halq emas!
 O‘z bobokalonlari hayoti bilan qiziqmagan insonning, faqat instinktlar asosida yashovchi hayvondan nima farqi bor?
 Ingliz faylasufi Frensis Bayron aytganki, siz qadimiy yo‘llarga qarang – ularning qaysi biri to‘g‘ri va tekis bo‘lsa, o‘shandan yuring!
 Ulug‘ yozuvchimiz Abdulla Qodiriy esa, moziyga qarab ish ko‘rmoq xayrlidir, degan.
 Men umrimning o‘n besh yilini fizika fanini rivojlantirishga bag‘ishlaganman. Bu sohada men ma’lum muvaffaqiyatlarga erishgan, bilim va mushohada doiramni ancha kengaytirgan bo‘lsam-da, bu aniq fanga yuragim jiz etmadi. Vaqt kelib, meni ijod, falsafa, tarix va biznes o‘z komiga tortdi.
 Mana, hozir Buxoroning qadimiy ko‘chalaridan yurib borar ekanman, dilim yayrardi. Ajib o‘y-hayollar meni chulg‘ar ekan, uchchalamiz usti gumbazli qator rastalar oldidan chiqib qoldik. Bu yerda sotuvga qo‘yilgan mollar, asosan, chet ellik turistlarga va boshqa shahardan kelgan mehmonlarga mo‘ljallangan ekan: sopol idishlar, gilamchalar, turli taqinchoqlar va zardo‘zi-yu atlas kiyimlar. Ularni tomosha qilib, asta yurar ekanmiz, men yonimizda yordamchimning yo‘qligini sezib qoldim. Ortimga qarasam, u to‘xtagancha bir nuqtaga tikilib qarab turibdi. Ohista unga yaqinlashdim. Va ko‘zim shu rastalarning bir burchida pishiq g‘ishtdan ishlangan qabrga tushdi. Unga yopishtirilgan marmar taxtachaga yozib qo‘yilgandi: “Xo‘ja Axmati Parron”.
 Oldiga kelganimni payqab u menga o‘girildi va jilmaydi.
 – Biror avliyoning qabri ekanmi? – so‘radim men.
 – Ha, - javob berdi u.
 Men qabrning yonginasida o‘tirib o‘z mollarini sotib o‘tirgan odamlardan so‘radim:
 – Bu zot qanday inson bo‘lganlar?
 Ularning biri – ayol kishi darhol javob qildi.
 – Juda karomatlari kuchli bo‘lgan! Yomon kimsalarni o‘zlarining bir nafaslari bilan uchirib yuborganlar! Shuning uchun, bu avliyoni “Parron” deb atashgan.
 – Parron – uchirib yuboruvchimi? – so‘radi Botir.
 Oldimizga yaqinlashgan Davlat so‘z qotdi:
 – Ha, shu ma’noni anglatadi.
 Shundan so‘ng, biz tarixiy joylarni tomosha qilishni davom etdirdik.
 Men shunda, ilk bor, tariximizda Xo‘ja Ahmad Parron deb atalmish avliyo o‘tganini bilgandim.

 * * *

 2006 yil 19 sentyabr.
 
 Qariyb to‘rt yarim yil o‘tgach, ya’ni 2006 yilning 19 sentyabri kuni, ikkinchi marta xuddi shu joyga keldim.
 Buxoroga bu galgi safarimning sababi – Hazrat Said Amir Kulol haqida asar yozish uchun ma’lumot yig‘ish edi. Xuddi shu kuni erta tong sharif shaharga yetib kelgach, Yozuvchilar uyushmasining Buxoro bo‘limi rahbari, shoir Toshpo‘lat Ahmad yordamida Labi Hovuz yonidagi xususiy mehmonxonaga joylashdim. So‘ng mo‘ljalimdagi ishlarni amalga oshirdim.
 Kechki payt, mezbon xonadonga qaytdim-da, Xo‘ja Ahmad Parronni ziyorat qilay deb, o‘sha, Abdullaxon II davrida qurilgan gumbazli ko‘cha-bozor sari yo‘l oldim.
 Chunki, shuncha vaqt mobaynida men u zotni esimdan chiqarmagandim. Duolar o‘qiganimda, hosil bo‘lgan savoblardan ushbu avliyo ruhiga ham baxshida qilib turardim. Ochig‘ini aytaman, menda tarixda o‘tgan avliyolar hayotiga, ularning karomatlariga va atrof-muhitga o‘tkazgan ta’sirlarini bilishga qiziqish juda katta. Shuning uchun, o‘lkamizning qay chekkasiga bormay, u yerlarda qanday mashoyixlar o‘tgan – o‘tmaganligini surishtiraman. Va ularni albatta ziyorat qilaman.
 Gumbaz-bozorga kirishim bilan chap qo‘l tomonda tanish, pishiq g‘isht bilan qoplangan qabrga ko‘zim tushdi. Faqat undagi ismi-sharif yozilgan marmar taxtacha o‘zgartirilgandi. Eskisi olib tashlanib, yangisiga arab alifbosida “Xo‘ja Muhammad Parron” degan yozuv bitilgandi. Avliyoning ismini nega o‘zgartirishibdi, deb xayron bo‘ldim. Shu yerdan to‘rt-besh qadam narida mo‘‘jaz xontaxta qo‘yib, uning ustiga turli suvenir mahsulotlar terib, sotayotgan istarasi issiq, ellik yoshlar atrofidagi kishiga ko‘zim tushdi. Va bu insonga yaqinlashib savol berdim.
 – Taqsir! Kechirasiz, sizdan bir narsa so‘rasam maylimi?
 – Bemalol, qulog‘im sizda! – degan javobni eshitgach, xayronligimni bildirdim.
 U kishi tushuntirdi.
 – Shahrimiz tarixchilari aniqlashdi. Bu avliyoning asl ismi Muhammad bo‘lgan ekan.
 – Rahmat, ma’lumotlaringiz uchun. Yana bir narsani so‘ramoqchi edim: Xo‘ja Muhammad Parron nafaslari bilan yomon kimsalarni pirpirak qilib uchirish qudratiga ega bo‘lganmilar?
 – Ha, shunday deyishadi. Bu gap bekorga chiqmagan bo‘lsa kerak.
 – Taqsir, o‘zingizning ismi-sharifingiz nima? Mening bu narsalarga qiziqayotganimdan xayron bo‘lmang, chunki yozuvchiman, nomim – Ozod Mo‘‘min.
 – Xursandman, siz bilan tanishganimdan. Lekin, ismingizni eshitmaganman.
 – Bu tabiiy. Chunki, asli olim bo‘lganman va ijodim sermahsul emas. Ilgari fantastika yozardim. Hozir kriminal va tarixiy asarlar bitayapman. O‘zingizning nomingiz nima?
 – Ismim – Abdusamad Saidov. Yozuvchi ekansiz, sizga juda ko‘p narsalarni aytib berishim mumkin.
 – Zo‘r bo‘lardi! – dedim men va xitob qildim, - Bu ma’lumotlarni qaerdan bilishingizni ham ayting!
 – Yoshlik chog‘imda Qosimjon ota degan kishidan eshitganman, – dedi Abdusamad aka va menga bir qancha ma’lumotlar berdi.

 * * *

 Men endi qiziqarli tarixiy voqealarni boshlayman. Diqqat bilan o‘qing. Va bu ma’lumotlarni ongingizga mustahkam joylang – chunki, siz ushbu asar bilan tanishayotgan ekansiz, faqat yaxshi yeyish, yaxshi kiyish, yaxshi mashina minish, yaxshi uy qurishni o‘ylaydigan va bu bilan maqtanishni istaydigan, o‘zining dunyoqarashining o‘ta torligini his qilmay, instinktlar asosida yashayveradigan, cho‘ntagida puli bor-u, o‘zi g‘irt avom odamsifatlar qavmiga emas, ongli va oliy inson zotiga mansub kishisiz.
 Men tarixni jonlantirishdan avval sizni ogohlantirib qo‘yay: bu asar Abdusamad akadan eshitganlarim, xamda boshqa joylardan yig‘ilgan ma’lumotlar asosida jamlab, bir butun qilib, badiiylashtirib yozildi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.