OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Qamchibek Kenja. Baliq ovi (hikoya)

Men birinchi sinfga qatnardim. Akam yettida o‘qirdi. Otam xo‘jalik mudiri edi. Uyimizga tez-tez mehmon kelib turardi. Har safar har xil kishilar: oriq, semiz, novcha, pakana, mo‘ylovli, mo‘ylovsiz... Ularning ko‘pini tanimasam-da, o‘zimda yo‘q sevinib ketardim. Chunki mehmon kelsa, akam ikkimiz, albatta, baliq oviga jo‘nardik. Qishlog‘imizning kunbotar tomonida to‘qay bo‘lib, hali zovurlar qazilmagan, zaxob suvlar quritilmagandi. Katta-kichik buloqlarda, ayniqsa, Dimariqda (dimlanib oqqani uchun shunday deyilardi) baliq mo‘l bo‘lar edi. Suv ko‘payganda hatto to‘qay ichidagi sholipoyalarga ham baliq chiqib ketardi. Shanba-yakshanbada bu yerga bolalar to‘lib ketardiki, kim qarmoq ko‘targan, kim to‘r sudragan...
Men akamning baliq tutishini ko‘rishga ishqiboz edim. U baliq ovlashga usta edi. To‘rdayam, sanchiqdayam bir zumda bir paqirini ilintirardi. Hatto qo‘ldayam. Suv ostiga sho‘ng‘ib, baliqlarni o‘z kamaridan tutib chiqardi. Hech narsadan, ilondan ham qo‘rqmasdi. Ilon ko‘rdimi, tamom, uni dumidan ushlab aylantirib-aylantirib otib yubormaguncha ko‘ngli joyiga tushmasdi. Qirg‘oqda kulcha bo‘lib, mudrayotgan ilonlar sharpamizni sezdi deguncha jilib qolishar yo o‘zlarini suvga urishardi.
O’rtoqlarimning havasi kelar, men kerilib, «akang Qarag‘ayning akasi shunaqa», deb ko‘kragimga urardim. Bolalar chuvillashib akamning izidan ergashib yurishar, undan ilon ushlab ko‘rsatishni so‘rab, yalinib-yolvorishardi. Akam ko‘pincha ularga yo‘q demasdi. Bunday vaqtda bolalar akamning qo‘lidagi ilonning havoda doira yasab, chirillab aylanishini uzoqdan, bir-birining pinjiga kirishganicha, qo‘rqa-pisa tamosha qilishardi. Ilon o‘ttiz-qirq qadam nariga shaloplab tushgach, o‘shayoqqa chopishar, sulayib yotgan gazandaning o‘lganiga ishonch hosil qilishgandan so‘nggina unga yaqinlashishardi. Bironta yuraklisi (u ham iloji boricha o‘zini orqaroqqa olib) ilonning dumiga hadiksirab qo‘l uzatardi. Shundan keyin boshqalar, men bir aylantiray, men bir ushlab ko‘ray, deb talashib ketishar, so‘ngra murosaga kelishib, to‘qay o‘rtasidagi keng chimzor maydonda navbatma-navbat, kim uzoqqa otar o‘ynardilar.
Akam ularga qo‘shilishimga ruxsat bermasdi. Birpas o‘ksinib turardim-u, akam sayoz joyga, quruqlikka irg‘itgan zog‘ora baliqning jon holatda sapchib-sapchib tushishini, suvning chuqurroq yeriga intilishini, tangalarining oftobda yalt-yult qilishini ko‘rib, arazni esdan chiqarardim. Keyin akam tol yo yulg‘indan kesib bergan ilmoqli chiviqqa baliqlarni tizib, sholipoyalarning ensiz polida langarsiz dorbozlarday lapanglab, akam qayoqqa borsa, orqasidan ko‘tarib yurardim. Ko‘p o‘tmay bolalar suvni shaloplatib yugurib kelishar va yana xarxashasini boshlashardi. Akam tag‘in ilon qidirib ketar, lekin endi uni ushlab, bolalarni quvib qolardi. Ularning har yoqqa tiraqaylab qochishini ko‘rib, qotib-qotib kulardim.
O’shanaqa paytlarda men juda yayrab ketardim. Shuning uchun ham mehmonning qorasini ko‘rishim bilan irg‘ishlab, poxol yoyadigan kattakon ayri yog‘ochga ipdan to‘qilgan kichkinagina, bir kishilik to‘r turadigan baland so‘riga chopardim. Akam bo‘lsa, menga xo‘mrayib, biqinimga sekingina bir musht tushirar, takaga o‘xshab irg‘ishlama, deb jerkib berardi. Popugim pasayib, ko‘zimni yengim bilan ishqalagancha indamay uyning orqasiga o‘tib, o‘tirib olardim. Birpasdan keyin akamning o‘zi chaqirardi:
— Kom! To‘rni ol, ketdik.
To‘rni yelkamga tashlab, akamning oldiga tushardim.
Bilaman, baliq ovlash akamning joniga tegib ketgan. Shuning uchun eshikdan begona tovushni eshitsa peshonasi tirishardi. Ammo, to‘qaygacha sust borardi-yu, suvga tushdi deguncha hamma narsani unutib, ishga jon-jahdi bilan kirishib ketardi. U baliqni mehmonlarning soniga qarab tutar, chamasiga yetmaguncha suvdan chiqmasdi.
Mehmonlar odatda uchta-to‘rtta bo‘lib kelishardi.
Ko‘pincha ularni otam o‘zi boshlab kirar, biroq otamning yo‘g‘ida ham kelishaverardi. Faqat bir kishi hamisha otam bilan kelardi. Faqat shu odamgina menga yoqmasdi. Gavdasi beso‘naqay, rangi sovuq, chaqchaygan ko‘zlariga qarashga yuragim dov bermasdi. Mo‘ylovi ham boshqalarnikiga o‘xshamas: labining ikki chetida osilib turardi. U menga doim hissiz, dag‘al ovozda: «Ha, Qoravoy, yuripsanmi», deb qo‘yar, peshanamga tushgan kalta, tartibsiz pat-sochimni qo‘yning junini chamalab ko‘rganday g‘ijimlab, erkalagan bo‘lardi. Boshim zirqirab, ko‘zlarimdan yosh chiqib ketay derdi. Lekin sir boy bermas, gapiga ham javob qaytarmay, yerga qarab turaverardim. Keyin u qizlarning mayda sochiday ingichka o‘rilgan va uchi bog‘ichli qilib tugilgan, yulg‘in sopi yiltillab ketgan qamchinini: «Ma!» deb uzatardi. Men uni ayvon ustunidagi mixga ilib qo‘yardim. Baliqdan keyin palov ham yeyilib bo‘lgach, u meni chaqirardi: «Qoravoy, qani, qamchinni opke-chi». U panjalari orasidan sizib tushayotgan yog‘ni qamchin dastasiga surtib-surtib, yana menga qaytarib bergach, kaftini charm etigining qo‘njiga ishqalay boshlardi. So‘ng tovoqqa choy quyardi-da, aylantirib-aylantirib bir ko‘tarardi va xo‘rda ichganday xo‘rillatib, simirib yuborardi. Hammasidan ham uning baliq yeyishini tomosha qiladigan edi. U baliqni ko‘p va juda tez yer, biroq kam nushxurt chiqarardi. Nima balo, qiltanog‘ini ham yutib yuborarmikin, deb hayron bo‘lardim.
Men otamning yonida o‘tirib, uning baliqni oshalab yeyishini hayrat bilan kuzatar, ayrim xatti-harakatlarini ko‘rganimda boshimni otamning panasiga egib, sekin kulib olardim. Kekirganida hiqildog‘i o‘ynab chiqar, uchi ingichka va uzun mo‘ylovlari baliq qiltanog‘iga ilashib hadeb og‘ziga kirib ketar, u chaynashdan to‘xtamagan holda bosh barmog‘i bilan chiqarib qo‘yardi.
Dasturxonga fotiha o‘qishgach, otam: «Qani, Komronbek!» derdi. Mehmonning orqamdan: «Shu o‘g‘lingiz epchil, chaqqon, uloqqa tushadigan yigit bo‘ladi-da», deganini eshitib, qadamimni tezlatardim. Baliqxo‘r kishining oti darvozaxonamizda turardi. Egar qoshiga ilingan qora, yiltiroq korzinkani bir sakrashda olib, zum o‘tmay otamga yetkazardim. Otam pishirilmasdan olib qo‘yilgan baliqlarni qog‘ozga o‘rab unga joylashtirardi. Men esam qamchinni olib, g‘izillanimcha otni darvozaxonadan ko‘chaga yetaklab chiqardim.
Akamning-ku, uni ko‘rishga ko‘zi yo‘q edi-ya, hatto opam ham: «Yana kepti baliqxo‘r kishi», deb qo‘yardi. O’choq boshidan jilmaydigan onam xursandmi yo xafami — buni bilolmasdim, to‘g‘risi, endi eslasam, qiziqmagan ekanman. Faqat bir marta opam g‘udranib tandirga o‘t qo‘yayotganida uning: «Qovog‘ingni och, Salomat, otang sezib qolsa, hali hammamizni qaqshatadi, u otangning xo‘jayinlaridan», degani qulog‘imga chalingan.
«Baliqxo‘r» biznikiga oxirgi safar kelganida taxminan erta bahor edi. Qattiq kelgan qishning hali zahri ketmagandi. «Baliqxo‘r kishi» birinchi marta ko‘pchilik bilan keldi. Sheriklari ham o‘ziga o‘xshagan qorindor-qorindor-u faqat mo‘ylovlari yo‘q edi, xolos.
Otam mehmonlarni katta uyga joylashtirib, tezda hammamiz tiqilib o‘tirgan dahlizga qaytib chiqdida past ovozda ish taqsimlay ketdi:  
— Onasi, darrov suyuq oshga urin, qo‘y yog‘idan ko‘proq to‘g‘ramchilab, jazla. Salomat, baland so‘ridagi uzum, anordan olib tush, qovundanam, eski chakmonga o‘rab qo‘yganman. Keyin qo‘shnilardan qatiq top, ko‘proq, ha, saryog‘am. Bo‘la qol, oyog‘ingni qo‘lingga ol. Komil, ukangni boshla to‘qayga. Mo‘lroq tutib kelinglar. Sudralmay ildamroq qimirla.
Akam angrayib otamga, keyin ko‘zlarini mo‘ltillatib onamga qaradi.
— Shunday sovuqda-ya?.. — Onam akamdan ko‘z uzmay, yurak yutib, ammo jur’atsizgina shunday dedi.
— Hech narsa qilmaydi, to‘rda ovlashadi. Ataylab baliqxo‘rlikka kelishgan. Qani, nonni opke, choyni tezlashtir! — Otam onamning oldiga bordi-da, uning qulog‘iga bir narsalar deb shivirladi. Bu gap onamga yoqmadi shekilli, peshanasini tirishtirdi.
Akam hamon joyidan qimir etmas, ko‘zlarini o‘choqda guvillab yonayotgan olovga qadagancha kiprik qoqmay turardi. O’sha paytda uning xayolidan nimalar kechgani menga hozirgacha qorong‘i. Katta uyga kirib ketayotgan otam qo‘lini eshik tutqichiga uzatgancha to‘xtab qoldi, kifti osha akamga qaradi va ancha silliqlashgan to-vushda: «Issiqroq kiyinvol, o‘g‘lim»... dediyu nigohini tezda qayirib, shahd bilan tutqichga yopishdi. Lekin ichkaridan eshikni ohista va zich yopdi. Nazarimda, u eshikka suyanib bir oz turib qolganday tuyuldi.
Chovgumdan choynakka qaynoq suv quyayotgan onam: «Shu paytda zarilakanmi?.. Kimga nima qayg‘i... Sal kun iliganda kelishsayam bo‘lardi, to‘qayga o‘t tushib, baliq qirilib ketmasdi...» deb g‘udrandi. Keyin u bizga zo‘rlab ikki piyoladan issiq choy ichirdi, qalin kiyintirdi.
To‘g‘risi, shu paytda baliq oviga mening ham hech borgim yo‘q edi. Akam oyog‘iga ilashgan tosh-kesaklarni jahl bilan tepib ketar, o‘zicha ming‘irlar, men qunishgancha uning orqasidan indamay to‘r sudrab borardim.
Ariqlarning bo‘ylarida, marzalarda ko‘klam nishonasi — yalpizlar bodroq-bodroq bo‘lib chiqa boshlagan, baqalarning «vaq-vaqa»si avjida, chimzorlardagi kuzda o‘t qo‘yib kuydirilgan ajriqlarning tomirlaridan chiqqan yangi, ko‘m-ko‘k giyohlar yer bag‘ridagi hayotning qaytadan jonlanganidan dalolat berardi. So‘ppaygan qovjiroq qamishlar izg‘irinli ko‘klam shamolida bir-biriga urilib, noxush ovoz taratardi. Ikki labi ko‘karib qolgan Dimariq hali hech kim va hech nima loyqalatib ulgurmagani uchun tip-tiniq, bilinar-bilinmas, mayin chayqalib yotardi. Suv ostida onda-sonda mayda-chuyda baliqlar ko‘zga tashlanib qolardi.
Akam Dimariqning torroq joyiga to‘r soldi. Men ariqning teparog‘iga borib, uzun kaltak bilan baliqlarni hayday boshladim. Suv bir zumda qop-qora bo‘tanaga aylandi. Akam to‘rni ko‘tardi. Havoda bir necha mayda chavaq yalt-yult etdiyu cho‘lp-cho‘lp qilib suvga gushib ketdi. Qaytadan to‘r soldik. Bu safar irimigayam bironta ilinmadi.
— Hali baliqlar kamaridan chiqmapti, — dedi akam to‘ng‘illab.
— Endi nima bo‘ladi?
— Nima bo‘lardi, kamarga tushaman-da.
— Sovug‘-u aka, sovqotmaysizmi?
— Nima qilaman? Baliq topib borish kerak.
Akam otamning gapini ikki qilmas, boshlagan ishini, albatta, oxiriga yetkazardi. «Falon narsa bitmay qoldi» yo «yo‘q ekan» deganini bilmayman. Bunday bo‘lishiga otam yo‘l qo‘ymasdi ham.
Yana bir marta urinib ko‘rganimizdan keyin akam to‘rni qo‘riqqa otib yuborib, yechina boshladi. Akamga Dimarikdagi, umuman, to‘qayning hamma buloq va ariqlardagi baliq kamarlari besh qo‘lday ma’lum edi. U ariqning chuqurroq joyini, baliqning kamarini mo‘ljallab sho‘ng‘idi. Suv tiniq bo‘lgani uchun uning harakatlari aniq ko‘rinardi. To‘g‘ri borib po‘sti qolmagan, suv yalab o‘tayotgan yapasqi tol to‘nkasi ostiga qo‘l suqdi. Amfibiya odamday suv ostida har zamonda oyoqlarini siltab, muallaq holda ancha turib qoldi, keyin orqasiga tisarilib, suv betiga otilib chikdi. Uning ikki qo‘lida bir yarim-ikki qarich keladigan ikkita zog‘ora baliq tipirchilardi. Akam baliqlarni qirg‘oqqa irg‘itib yana sho‘ng‘idi. Keyin yana... Aftidan, ulgurji baliq topib olganidan u ham o‘zida yo‘q xursand, sovuqni ham unutgan edi. U har gal baliqni menga tashlayotib «nechta bo‘ldi» deb so‘rardi-yu, lekin javob kutmay sho‘ng‘ib ketardi. O’n beshtaga borganda akam suvdan chiqdi. Badani qorda ishqalanganday qip-qizarib ketgan, dag‘-dag‘ qaltirar, tishlari bir-biriga tegib takillardi.
Uyga yetguncha yugurgilab keldik. Akam dahlizga kirdiyu o‘zini sandalga urdi. Onam: «Bechora bolam-ey», deb uning yuzlarini, ko‘kraklarini, qo‘llarini ishqaladi, issiq choy ichirdi, ustiga yakandozlardan tashladi, sandalga yana ikki xokandoz cho‘g‘ soddi. Akam sovqotib ketyapman, junjikib ketyapman, deb bir oz yotdiyu uxlab qoldi.
Baliqni opam ikkalamiz ayvonda tozalab berib turdik, onam qovurishga tushdi. Otam tayyor bo‘lganini peshma-pesh ichkariga olib kirib ketardi. Mehmonlar juda hursand: xoxolashar, ayniqsa, «baliqxo‘r kishi»ning kulgisi momaguldirakday uyning derazalarini zirillatib yuborardi.
— Bo‘ronbekning o‘g‘li qishda muz teshib bo‘lsayam baliq tutib beradi, demadimmi sizlarga!
— Otasining o‘g‘li-da! Mard, ulfat odamning farzandiyam mard, ulfat bo‘lishi kerak-da!
— Ha, hamma gap otasida.
Qiziq gap bo‘lmasa ham qiyqiriq, kulgi ko‘tarildi.
— Mana endi bundan bu yog‘i baliq sayli, — yana «baliqxo‘r kishi»ning ovozi eshitildi. — Qachon desanglar kelaveramiz, xo‘jalik mudirimizni hamisha eshigi ochiq. 
Mehmonlar qorong‘i tushganda qo‘zg‘alishdi Eshik taraqlab ochilib, ostonada «baliqxo‘r» ko‘rindi. U chayqalib ketishdan o‘zini arang tutib turar, qulochini kerib, ikki qo‘li bilan eshik kesakilaridan mahkam ushlab olgandi. Uning pashsha qo‘nsa sirg‘alib ketadigan silliq boshida ter yaltirar, go‘shtdor, qora yuzlari cho‘g‘day qizarib, ko‘zlarining oqi jigarrang tusga kira boshlagandi.
— Kelin! Rahmat... Ammo baliqni zo‘r qovuribsiz. Bu... bizzi qahramon ko‘rinmaydi?.. Ie, uxlab qopti-da, ha, mayli, damini olsin...
U ehtiyotkorlik bilan qadam tashlab sandal yoniga keldi. Engashmoqchi bo‘lgandi, azbaroyi to‘yib ketganidan egilolmadi. Amallab qo‘lini akamning jag‘iga yetkazib, erkalagan bo‘ldi.
— Shovvoz yigit, botir yigit... O’g‘ildan xo‘p berganda sizlarga... Mana shu Komilbek bor deb kelamizda biz... Yashavorsin, azamat. Baliqni zo‘ridan tutibdi. Maza qildik...
Mehmonlardan biri uni qo‘ltig‘idan suyab tashqariga boshladi.
Bu paytda onam o‘choq oddida boshini xam qilganicha yuzini yarim yashirib turar, otam esa pishirmay olib qo‘yilgan baliqlarni qora korzinkaga joylash bilan band edi.
Mehmonlar telva-teskari bosishib ko‘cha tomon yurishdi. Pichan yeyayotgan otlarini timirskilanib arang yechishdi-da, suvlig‘ini ham solmay egarga yopishishdi.
Ot tuyoqlarining «taqa-tuq»i anchagacha eshitilib turdi.
Qaytib kirganimda uyning derazalari lang ochiq, onam og‘zini doka ro‘mol bilan to‘sib olib, dasturxonni yig‘ishtirardi.
— Komron, manavi savil qog‘ur shishalarni yo‘qot ko‘zimdan nariroqqa! — deb qichqirib qoldi u menga.
Xona dimiqib, papiros tutunlari shiftning to‘sinlari orasida siyrak bulutga o‘xshab suzib yurar, taxir, achimtir, qo‘lansa ta’mlar, baliq hidi, nos isi aralash-quralash bo‘lib ketgandi.
Uyni tozalab bo‘lib pechkani qaytadan yoqdik-da, Uning yaqiniga joy qilib, akamni uyg‘otdik. Onam:
«Tur, tur o‘g‘lim, ichkariga joy solib qo‘ydim, issiqqina, kirib yot», deb elanar, akam bo‘lsa uning gaplarini eshitmaganday nuqul: «A, a, nima?»... derdi. Xullas, uni bir amallab turg‘azdik. Lekin u karaxt odamday joyidan jilmas, qovoqlarini zo‘r bilan kerib ochgan ko‘zlari yumilib ketardi. Onam uning tirsagidan tutib ichkariga boshladi. Akam o‘ringa kirdiyu ustiga ko‘rpani tortdi. Onamning: «Choy ichib olmaysanmi, ovqat yesang-chi», degan iltijolari javobsiz qoldi.
Otam mehmonlarni kuzatib qaytganida biz hammamiz akamning boshida o‘tirardik. Onam uni ko‘rdiyu tutoqib ketdi:
— Qaysi go‘rda qoldingiz? Yo‘q yerdan baliq topib siylaganingizam yetardi-yu, uylarigacha oborib qo‘ydingizmi?! Bola qiynalib ketdi! Do‘xtir topib kelish kerak!
Qamchinni etigiga urib kelayotgan otam taqqa to‘xtab, onamga g‘azab bilan tikildi, lekin ko‘zlari nursizlanib rangi oqarib ketgan edi. Keyin shitob kelib akamning yoniga cho‘nqayib, kaftini uning manglayiga qo‘ydi.
— Komil! Komiljon!
Akam javob bermadi. U qisqa, ammo tez-tez nafas olardi. Otam onamga yuzlandi:
— Ovqat-povqat yedimi?!
— Tuz totgani yo‘q, bolam sho‘rlik, — deya javob berdi onam yig‘lamsirab.
Otam chiqib ketdi. Ko‘chada ot tuyoqlarining tasir-tusiri eshitildi.
Opam akamning oyoqlarini uqalab, piqillab yig‘lar, onam esa uning peshonasiga oq durrachani qayta-qayta ho‘llab bosar, men nima qilishimni bilmay bir chekkada ularning xatti-harakatini, onamning holatini kuzatib o‘tirardim. Onam har zamonda: «Voy, onaginang o‘rgilsin-ey, voy tomog‘ingga qiltanoq tiqilgurlar-ey, biror safar baliq yemay ketishsa nima qilardi-ya, badani yonyapti buni, qo‘lni kuydiradi-ya», deya uf tortar, akam bo‘lsa o‘zi bilan o‘zi ovora bo‘lib, isitma bilan olishar, alahlardi. U xayolida nuqul menga gapirardi: «Komish, topdim! Baliqning konini topdim! Ikki qarichli sazan... Ol! Ushla, suvga tushib ketmasin!.. Nechta bo‘ldi?.. Hozir, hozir chiqaman...»
Qachon, qanday uxlab qolganimni bilmayman. Ertalab tursam, akam endi tinchib orom olayotgan ekan. Kechasi doktor kelib ukol qilibdi, xavfli emas, sal sovuq o‘tibdi xolos, deb ketibdi. Chindan ham akamning isitmasi pasaydi, ozroq ovqat yegan ham bo‘ldi. Lekin baribir alahsirayverdi. Hammamiz uning atrofida parvona edik. Ayniqsa, otam oldidan bir qadam ham jilmadi, desam bo‘ladi. O’zi majburlab ozgina sholg‘om sho‘rva, issiq choy ichirdi. Ustini birday o‘rab turdi. Bir-ikki marta kipriklarida nimadir yiltillaganini ko‘rib qoldim. Hammasidan ham opam ikkimizni «siz»lagani g‘alati tuyulardi. G’ayrati terisiga sig‘maydigan, chapdast va jangari odam bir kecha-kunduzda cho‘kib, xasta, siniq qariyaga aylanib qoldi. Nazarimda, bir soatda bir enlik etidan tushayotganday edi.
Onam bo‘lsa, kun bo‘yi qovog‘ini ochmadi. Har zamonda o‘zicha g‘udranib qo‘yardi.
Akam kunduzi tez-tez bezovtalanib yotdiyu kechga borib isitmasi yana ko‘tarilib ketdi. U o‘qtin-o‘qtin qaltirab-titrab ketar, lablari pirpirab uchib-uchib qo‘yar, tilini chapillatib tamshanardi. Alahsirashi kuchaydi. Uzuq-yuluq gaplaridan xuddi nimanidir quvalayotganday, kimdandir najot kutib, madad so‘rayotganday bo‘lardi. Yarim kechaga borganda tinchib uxlab qoldi. Shundan keyin biz ham yotdik.
Qattiq dod-voydan uyg‘onib ketdim. Onam bilan opam akamning ustiga yotib olishganicha ho‘ngrab yig‘lashar, otam bir qo‘lida akamning jag‘ini ushlab, ikkinchi qo‘li bilan hadeb uning qovoqlarini ishqalar, «hiq-hiq» qilganida yelkalari titrar, ikki ko‘zidan shovullab yosh quyulardi. Men avvaliga hech narsaga tushunmay angrayib qarab qoldim. Keyin yuragim sovuq bir narsani sezib, akamning ustiga o‘zimni tashladim. Muk tushgancha, tushunibmi-tushunmaymi, uzoq yig‘ladim. O’zimni tutolmas, nimadir meni yig‘lashga majbur qilardi. Lekin baribir bola edim-da. Bir ozdan so‘ng akam esimdan chikdi. Hovlimizga kirayotgan odamlarning ko‘pligini ko‘rib og‘zim ochilardi. Hatto to‘yimda ham buncha odam kelganmas, deb o‘ylardim o‘zimcha.
Otam gangib qolganday, kim gapirsa o‘shaning og‘ziga Qarardi. U nuqul meni bag‘riga bosar, yonidan jildirmasdi.
Biz otam bilan darvozaxonamizda turardik. Ba’zilar otamni quchoqlab yig‘lashar, birov so‘rashib, boshqasi bosh qimirlatgancha indamay hovliga o‘tib ketardi.
Bir mahal kelayotganlar orasida «baliqxo‘r kishi ko‘rinib qoldi. Men hozir sochimdan tortqilaydi, deb o‘zimni otamning orqasiga yashirdim. Agar qo‘l cho‘zadigan bo‘lsa shartta qochib ketaman deb mo‘ljallab turdim. Lekin u menga e’tibor ham bermadi. Hatto boshini ham ko‘tarmasdi. Otamning oldiga kelib to‘xtadi-da, bir nimalar deb pichirladi. Men faqat «bandachilik-da, bandachilik...» deganini eshitdim. Ota teskari o‘girildi...
O’shandan beri baliqni ko‘rsam seskanib ketaman.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.