OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Qo‘chqor Norqobil. Elakda suv turmaydi (hikoya)

Yomondan qoch-da qutul. Bo‘lmasa, o‘l-da qutul! Ketay demaydi. O‘tiribdi. Lanjillagani lanjillagan.
– Og‘amboyim, ke endi, shugina – bulbulning ko‘z yoshiday bir imzo... Sendan nima ketdi?!
Qoni yuziga tepib chiqdi. Nima qilsin? Begona emas: “Men seni odam qildim demasayam, Toshkentga seni men olib keldim...” degan iddaosi bor: Oradan yigirma yil o‘tdi – shu da’vo-dastak Dovul Davronning miqti gavdasiga shiddat, qisiq ko‘zlariga o‘t-chaqmoq baxshida etadi. Ha, Ilhomni ko‘rganda, yuziga shunday ta’nagirlik qalqib chiqadi. 
– Ko‘z tegmasin, og‘amboyim! Sumbi-savlating bip-binoyi. Har holda to‘rt-besh odam og‘zingga qaraydi. Gapingning dami toshni kesib turibdi.
Dovul Davron o‘ljaga shaylangan mushukday bir hurpayib, yana pisib oldi. San’atingga qoyil deydigan odam yo‘q. Fe’li-ro‘yi sira o‘zgarmadi. Qarimadiyam.
Hech kimsa uni oltmishga kirgan demaydi. Jo‘raqand qovuncha keladigan maydagina boshini yelkachalari ichiga kiritib olgan bu pak-pakana buratinosifat odamcha Ilhomning qarshisidagi kursida mushtdekkina bo‘lib o‘tiribdi. Uning chorpaxil, chuvak yuziga zaharxanda iljayish yoyildi. Qisiq ko‘zlari Ilhomga teshib yuborguday tikildi. Sukunatni ojiz bir sas buzdi:
– O‘qidingmi? 
– Himm...
– Xo‘sh?
– Menimcha, Rustam ham o‘qib chiqsa yaxshi bo‘lardi, – Ilhom hozircha undan qutulishning yo‘lini izlardi.
– Og‘amboyim, boshi qoraning bori yaxshi, deb seni qora tortib keluvdim. Ha, endi menam uyushma a’zosiman. To‘rt-besh kitob chiqardim. Bilib turibsan, mavzu chakkimas. Ayni payti. Temirni qizig‘ida bosganimiz durustmikin? Eplasang elakda suv turadi deyishadi-ku...
– Mayli, Rustam ham o‘qib ko‘rsin. 
– Rustam yaxshi shoirdir, ehtimol. Lekin sening yo‘rig‘ing boshqa. Bilaman, tanlov hay’atiga a’zo ekansan... Rahbar odamsan, gaping yerda qolmaydi. Bir qo‘llavor endi... Xudoyim ol qulim desa, bizam... endi...
– Dovul aka, to‘g‘risini aytayinmi? Xom-xatala joylari juda ko‘p. Qaytadan yozish kerak. Dostonning yuki yo‘q bunda. Tag‘in deng, muqaddas mavzu – Vatan haqida yozayapsiz... 
– Xom bo‘lsa pishiraylik. Senga bekorga berdimmi? Shunday paytda qo‘llamasang og‘a-inilik chikora? Bir ariqdan suv ichgan odamlarmiz, jigar.
Dovul ariq deganida, Ilhom Hazarbog‘ kanali yonidan o‘tgan “Baqiroq” ariqni esladi. Bolaligini xotirladi. Qisqa lahzalarda ko‘z o‘ngida qishloq manzaralari jonlandi. Dovul Davronning Toshkentday shaharda o‘qishni bitirib, qishloqqa dovruq solib shoir bo‘lib borganiyu, bu hodisa qishloq ahli og‘zida do‘mbira bo‘lganini yodga oldi. So‘ng Universitetning dastlabki pog‘onasini tugatib, ta’til payti tuman gazetasida Dovul Davron qo‘lida amaliyot o‘tagani ko‘z o‘ngidan o‘tdi. To‘g‘ri, unga havas qilgan, unga ergashgan kezlari ham bo‘lgan. Bundan ko‘z yumolmaydi. Kim bilsin, u paytlar yosh edimi, har nechuk qarichini kishining haddi-xislatiga qaratmas edi. 
Ilhom muddao toshini hazilga o‘rab otdi:
– Xom bo‘lsa pishiraylik deysiz. Xamirturushning o‘zi yo‘q bunda. Demak, tandirga yopganingiz bilan befoyda, xamir oqib tushaveradi. Pishmaydi. 
Dovul Davron bir qalqdi. Qiyofasi tundlashdi. Kichik boshchasini irg‘abgina qo‘ydi: 
– Himm. Og‘amboyim, o‘zgaribsan. Manovi, kursi odamni o‘zgartiradi. Biroq, bu narsa, bu dov-daska umrbod berilmaydi. Yaxshi-yomon kunda atrofingda o‘zingnikilar qoladi. Eski chorig‘imizni unutmaylik, deyman-da.
Endi bu gap ortiqcha. Yuzxotirlik yuzga tarsaki sotib olgani yomon. Ilhomning to‘rt ummon bemalol sig‘adigan sabr kosasiga Dovulning gapi og‘u bo‘lib tomdi. Ko‘ngil kosasini zahar-zaqqum etdi. O‘zini bazo‘r tutdi. Dilidagi tilga ko‘chdi: 
– Mukofot berishmasa yashay olmaysizmi?
Dovul o‘tirgan joyida sapchib tushdi. Lablarini asabiy tishladi. 
– Yo‘q, yashay olmayapman. Ha, shunday! – Lablari pirpiradi. Ichidan xo‘rsiniq toshdi. Ilhom ko‘rdiki, ko‘zida yosh g‘iltillayapti. 
Diydiyoning oxiri bunday tugashini xayoliga ham keltirmagan edi u. Uyalib ketdi. Anchadan beri chekmagan edi, tortmaga qo‘l uzatib tamaki tutatdi. Dovulga qarashga botinolmadi. Bir nuqtaga tikilib qoldi. 
– Bo‘pti. Taqriz yozaman. 
Ilhom qorangni ko‘rmayin, endi bu yerdan tezroq keta qol ma’nosida yuzini deraza tomon burdi. Ro‘paradan, Dovuldan sas keldi:
– Rahmat, og‘amboyim, rahmat!.. Boyning tomchisi kambag‘alning hovuzini to‘ldiradi. Yaxshiligingni o‘lgunimcha unutmayman. – U o‘rnidan dik etib turdi. Hanuz qo‘ltig‘ida turgan yaltiroq qog‘ozjildni shig‘illatib ochdi. Jilddan ortidan yov quvganday old-ortiga qaramay shosha-pisha uch dona qog‘oz olib Ilhomga uzatdi.
– Mana taqriz tayyor. Ovora bo‘lma, og‘amboyim. Shunday, imzo qo‘ysang, bas. Ertaga Seni ovora qilib nima naf ko‘raman... Ertaga qishloqqa ketaman. Otang – tog‘amjonimga, enang – opamjonimga salomingni yetkazaman. Qishloq sendan faxrlanadi, uka. Sen televizorga chiqsang, ko‘zimda yosh bilan qarayman. Ko‘z tegmasin deyman. – Dovul ko‘z yoshini tiyolmadi. – Sen zo‘rsan, yagonasan, og‘amboyim. 
Qani endi, yer yorilsa-yu, Ilhom yerga kirib ketsa. Yer qurmag‘ur ham yorila qolmadi. 
Oyog‘i tagidagi yerga so‘nggi rusumdagi mustahkam qurilish ashyosi yotqizilgan – qaerdanam yorilsin!
Ilhom beixtiyor qo‘l cho‘zib qog‘ozlarni oldi. O‘qiy boshladi. Yuzi oqardi. Bo‘sh qo‘li bilan chap ko‘ksini siladi, ko‘ylagining yoqa tugmalarini yechdi. Miyig‘ida kuldi. So‘ng qah-qah otib kulib yubordi. 
– Nima bu?
– Taq... Taqriz, – Dovul esankirab qoldi.
– Adashmadingizmi? – Ilhom ming bir azob iskanjasida alam bilan qah-qah otardi.
Dovul bir qo‘ltig‘idagi jildga, bir Ilhomning qo‘lidagi qog‘ozlarga qarab ichidan chiyillagan ihroqli bir ovoz keldi-da, xonadan o‘qday otilib chiqib ketdi. 
Ilhom stol ustidagi qog‘ozga yana bir bor ko‘z yugurtirdi.
“Hurmatli _____________ vich! 
Men umrim bino bo‘lib birovning ustidan shikoyat yozmaganman. Lekin ayrim kimsalarning adabiyotimiz va madaniyatimiz rivojiga to‘g‘anoq bo‘layotganidan ko‘z yumolmayman. Shulardan biri bu – Ilhom Zafar. Ko‘p yillardan beri kattakon ijodiy idora rahbari bo‘lib ishlayotgan bu janobni o‘z o‘rniga noloyiq deb bilaman. Chunki u o‘zidan yuksak iste’dodlarni ko‘rolmaydi, ularga nisbatan shaxsiy g‘arazi bor. Ilhom Zafarga o‘xshagan kimsalarning hay’at a’zosi bo‘lishi, bunday odamning rahbar bo‘lib ishlashi to‘g‘rimikin? Xolis tekshiruv o‘tkazib unga adolatli chora ko‘rilishini so‘rayman...
Taxallusimni qo‘ymoqdaman: – Odil Rostgo‘y...”
Ilhom qog‘ozni tortmaga solib qo‘ydi. Lablari beixtiyor pichirladi. G‘udrandi: 
– Kambag‘alning tomchisi boyning hovuzini to‘lg‘azibdi... Yo‘q, teskarisi edi shekilli! 
Yana qah-qah urib kulib yubordi. Endi ancha yengil tortdi. 

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.