OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Qudrat Do‘stmuhammad. Dardisar "nikoh" (hajviya)

— Senga uylandimu, sho‘rim quridi, sho‘rim!
— Baqirmang-e! Ilgaridan sho‘rpeshona edingiz o‘zi. Tag‘inam, sizni men odam qildim.
— Vaysa-ya, vaysa!
— Ha, noto‘g‘rimi? Hovli-joy u yoqda tursin, engil-boshingiz ham yo‘q edi. Mening sepim bilan odam bo‘lib yuribsiz.
— Nima-nima? Sepingni uy-joyga ishlatganing ko‘zingga ko‘rinibdi-yu, mana bu bo‘yningdagi duru gavharlar, qo‘llaringdagi yo‘g‘on-yo‘g‘on bilaguzuk, brilliant ko‘zli uzuklar qayoqdan kelganini unutibsan-da?
— Nima bo‘pti, qonuniy xasmingizman, olib berasiz! Bularda meniyam hissam bor.
— Qanaqa hissang bo‘lishi mumkin, yeb yotishdan boshqasiga yaramasang?..
— Birga hayot kechirganda topilgan mulk er-xotinning o‘rtasida teng deb hisoblanadi qonunda.
— Ey, qonunniyam uyi kuysin! Er-xotinni teng huquqli qilaman, deb senlarni arshi a’loga obchiqib qo‘ydi! Endi bilgan ishlaringni qilib yotibsanlar! Yetar! Bunaqa hayot jonimdan o‘tib ketdi! Menga hech qanday boylik kerak emas, senga bo‘laqolsin. Roziman. Sendan durustroq muomala chiqarmikin, deb, o‘n yildan ortiq kutdim, endi umid qilmasam ham bo‘ladi. Bola tug‘ish ham qo‘lingdan kelmas ekan, bunga o‘zing iqror bo‘lding.
— Menga qolsa tug‘ib bermasmidim? Nima qilay, xudo shunaqa yaratgan bo‘lsa?! Tug‘maysan, deb hadeb ezaverasizmi?
— Bo‘ldi, bas! Ko‘zyoshi bilan yana eritmoqchimisan? Endi bo‘shlik qiladigan ahmoq yo‘q! Ertagayoq sudga beraman, ajrim qilsin.
— Menga rahmingiz kelmaydimi?
— Rahmim kelaverib adoyi tamom bo‘ldim. Evaziga hech ro‘shnolik ko‘rmadim sendan. Na ro‘zg‘orga qaraysan, na muomalani bilasan! Shuyam er-xotinlik bo‘ldimi? Nimaga kerak bunaqa hayot?..
— Niyatingiz ajralishmi?
— Ha, ajralish!
— Boshqa xotinga uylanasizmi?
— Uyog‘i mening ishim.
— Bekorlarni aytibsan! Ajralarmish-a! Xix!
— Sensirama! Hozircha eringman. Ajrimdan keyin nima desang deyaver.
— Mendan kichik bo‘lganingdan keyin sensirayman-da! Haqqim bor! Sendan ajrashadigan ahmoq yo‘q! Bildingmi, yalangoyoq?!
— Haqorat qilma!
— O’v! Ko‘zingni och, mundoq! Senga tegishim uchun ota-onam qancha xarajat qilgani esingdan chiqdimi? Buyam yetmaganidek, bir umr topgan-tutganlarini senga yedirib o‘lib ketishdi! Sepimni ado qilganing-chi? Bu sarf-xarajatlar seni menga ipsiz chirmab tash-lagan! Ulardan hechqayoqqa qocholmaysan, bir umr qutulolmaysan. ZAGS muhri bilan bitilgan ittifoqimiz ham bor, unutma!
— Birovni birovga tobe qiladigan ittifoqning uyi kuysin! Sen bilan birga yashamayman dedimmi, yashamayman! Bu mening qonuniy haqqim! Qancha er-xotinlar ajrashib ketishyapti, biz ham o‘shalarning bittasimiz-da.
— Boshqalar bilan ishim yo‘q. Ajramayman dedimmi, ajramayman! Qonun ayolning istagini inobatga oladi.
— Men, birga turmayman, deganimdan keyin qonun ham zo‘rlay olmaydi. Menga hech qanaqa boylik kerak emas, dedim-ku. Bitta choponni yelkamga ilamanu hammasini senga tashlab ketaman. Bo‘ldimi?
— Bekorlarni aytibsiz? Menga faqat boylik kerak bo‘lsa ajralishsam yanayam boyib ketardim. Menga... e-e-er kerak, er! Tushundingizmi, jonim?
— Tort qo‘lingni! Ana, ko‘cha to‘la er!
— Bugun bittasi, ertaga boshqasi-a? Yo‘-o‘q! Bunaqasi ketmaydi. Menga bir umr ittifoqda yashaydigan er kerak. Nima qilasiz ajrashaman, deb o‘zingizniyam, meniyam qiynab? Mendan ajrashadigan bo‘lsangiz yolg‘iz yashay olmaysiz, ochingizdan o‘lib qolasiz.
— Hov, o‘ylab gapiryapsanmi o‘zi? Men seni boqyapmanmi yo sen menimi? Bundoq, taningga o‘ylab ko‘rdingmi?
— Shu ro‘zg‘orni tebratib turibmanmi, axir? Ertalab choyingiz tayyor, kechqurun — ovqatingiz. Ishtoningizgacha men yuvaman. Demak, men ham sizni boqyapman.
— Sen bilan gap talashish befoyda. Mayli, sen aytgandek bo‘laqolsin. Sen meni boqyapsan. Bo‘ldimi, ko‘ngling to‘ldimi? Ochimdan o‘lsam ham mayli, ajrashganim bo‘lsin!
— Men sizning o‘limingizga rozi bo‘lolmayman. Vijdonim yo‘l qo‘ymaydi. Er-xotinlik ittifoqiga to‘g‘ri kelmaydi bu ish.
— Ey, xudo! Qanaqa kajbahs xotinga duchor qilgansan meni?

* * *

— Xotiningizdan arznoma tushdi. Ajrashmoqchi emishsiz, shu to‘g‘rimi?
— Iltimos, oilaviy ishimga aralashmanglar. Xizmatchi sifatida kamchiligim bo‘lsa, marhamat, eshitaman.
— Ishingiz haqida hech qanday gap-so‘z yo‘q. Lekin oilangizdagi nohushlikka befarq qarab turolmaymiz. Bu ish qonunga to‘g‘ri kelmaydi.
— Nima, meni bir umr unga zo‘rlab er qilib bermoqchimisizlar?
— O’zi nima gap, bilsak bo‘ladimi?
— Bo‘ladi...
— Hm... Sabablar ham muhim ekan. Hech kim sizni zo‘rlamaydi. Ajrashaman desangiz, ana sud. Qonuniy haqqingiz bor. Ammo bizda qabul qilingan ma’naviy qonunlar ham bor-ku. Buzmang-da, ularni. Biz sizdan buni kutmagan edik. O’zingizni o‘ylamasangiz ham jamoani o‘ylang.
— Axir, farzand men uchun hayotning mazmuni. Nega tushunmaysizlar?
— Ne-ne dohiylar farzandsiz o‘tgan! Siz ham ulardan o‘rnak olib, hayotingizni xalqqa bag‘ishlang!
— Mening haqqim...
— Gap tamom! Biz er-xotinlik ittifoqi buzilishiga rozi emasmiz, ma’naviy qonunlarimiz toptalishiga ham yo‘l qo‘yolmaymiz. Aks holda, ertadan boshlab hamma er-xotin birin-ketin ajralib ketishadi.
— Yo, xudoyim-ey, qanaqa qonunlarga mubtalo qilgansan meni?!

* * *

— Yaxshi yigit, buyoqqa yuring-chi.
— Kimsizlar? Qayoqqa? Qo‘yvoringlar meni!
— O’chir tovushingni, ablah! Yana bitta baqirsang tiqi-ib olaman, til tortmay o‘lasan!
— Nima istaysizlar? Olinglar borimni.
— Bizga hech narsang kerak emas. Senga kerak bo‘lsa, mana, bizdan ol. Qancha kerak, ayt og‘zingga siqqanini!
— Menga hech narsa kerak emas, qo‘yvoringlar!
— Hech narsa kerak emasmi? Nega yolg‘on gapirasan? Yolg‘on gapir, deb tarbiya berishganmi senga?
— Voy!
— Yana yolg‘onlasang chuqurroq tiqaman, kuyovbola!
— Axir... tushuntirib gapiringlar-da!
— Hozir tushunib olasan, ko‘nglingiz boshqa xotinni tusab qoldimi? A?
— Tushunarli...
— Sudga ariza beradigan bo‘lsang, kafanligingni tayyorlab qo‘yaver! Tushundingmi? Nega indamaysan?
— Voy! Tushundim, tushundim.
— Yaxshi, qani jo‘na! To‘ppa-to‘g‘ri uyingga borgin-da... Hah-ha-ha-a! 
«Do-od! Sho‘rpeshona "ekanman asli! Endi o‘lib qutulaman, shekilli?»

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.