«Sanam momoni bilasizmi?» deb so‘rasam, afsus ma’nosida bosh chayqaysiz. Ajablanadigan joyi yo‘q. Bugun uni o‘zi tug‘ilib o‘sgan go‘sha– Qashqadaryo viloyati, Chiroqchi tumanidagi Ko‘kdala qishlog‘ida ham ko‘pchilik tanimaydi. XX asrning mashhur shoiri Nozim Hikmat aytganidek, «qo‘shnisidan boshqa hech kim tanimaydigan» bir ayol, O‘zbekistonda bunday ayollardan minglab, millionlab uchratish mumkin.
Yoshi? Qaylig‘ini urushga kuzatganida, o‘n sakkizga to‘lgan edi. U kishidan gazetamizga intervyu olmoq istagida uyiga bordim. Bugun, mana-man degan yozuvchilar, olimlar, jamoat va siyosat arboblari ilmli, bilimli ommani o‘z so‘zi bilan hayron qoldirishi qiyin kechib turganda, umri uyda, farzandlari tarbiyasida o‘tgan oddiy o‘zbek ayoli zukko gazetxonlarimizga qanday «yangi gap» aytishi mumkin? Bir qarashda, bu savolga javob olish amri maholday tuyuladi. Lekin yurakdan chiqqan samimiy gap yurakka yetadi. Bu ko‘hna dunyoda dilni nurafshon etgan har bir gap yangidir. Men ham Sanam momo Ahmedova bilan dildan suhbat qurish niyatida uning ko‘k darvozasini taqillatdim.
Momo keng hovlining qoq o‘rtasidagi supada nabirasi Otabek bilan «gurunglashib» o‘tirardi. Hovli qishloqning markazida, tepalikda joylashgan emasmi, atrof kaftdagidek ko‘rinadi. Yashil bog‘lar, lola- qizg‘aldoqlar ochilib yotgan dalalar, uzoqlarga cho‘zilib ketgan viqorli Hisor tog‘i tizmalari saxiy ko‘klam quyoshining mayin nurlarida cho‘milardi. Ajib manzara. Kishini bir zum shoshirib qo‘yadigan, xayolga toldiradigan maftunkor manzara. Ammo onaxon bu manzarani ko‘rmayotgandek, sezmayotgandek, mungli so‘zlaydi. So‘zlarki, bog‘lar gullamagan – qurigan, qovjiragan, so‘zlarki, soya-salqin tog‘lar emas, behudud xiyobonlar, oromijon shabadalar emas, garmsellar haqida hikoya qiladi. Bularning hammasiga sababchi – urush...
Momodan oladigan intervyuni yaxshi, nurli gaplardan boshlagim keldi.
– Buvamiz frontdan qaytganda qanday kutib olgansiz, momo?–deb so‘radim u kishidan.
Momomiz kuladilar. Quyoshdek charaqlab kuladilar. Sezdim, bu voqeani eslasa, hali-haligacha entikib ketadi. Ah, yoshlig-a! Bunday paytlarda u shirin tushga o‘xshab tuyulsa kerak. Tez o‘tib ketadi-yu ko‘rganlaring yana bir martagina qaytarilishini qo‘msab, sog‘inib yuraverasan. Lekin u lahzalar qaytishi qiyin. Qaytmagani yaxshi. Yaxshimi, yomonmi o‘tgan umr takrorlanmasin. Shunisi bilan shirinda hayot.
-Qizg‘aldoqlar hozirgiday ochilib yotgan edi, – deb gap boshlaydi onaxon. – Qizg‘aldoqlar nimaga esimda qolganini bilmayman. Urush yillarida ularning bunchalar chiroyli, bunchalar qiyg‘os ochilganini ko‘rmaganimizdanmi, ko‘rsak ham, ko‘nglimizga sig‘maganidanmi, o‘sha yilning qizg‘aldoqlari bir umr esimda qolibdi. Qirlarga birov ularni xuddi qo‘lda ekkanday, alvon bo‘lib yotardi. Tomlarni aytmaysizmi, kelinchaklar qizil ko‘rpasini chiqarib yopganday...
Choshgohda, yog‘irchoqda bir kaftgina bug‘doy tortay, deb endigina o‘tirgan edim. Eshikda vag‘ir-vug‘ir bo‘p qoldi. Quloq solsam, «askar, ana askar kelyapti», deydi birov. Jon holatda otilib chiqdim. Nimaga bunchalik hovliqqanimni aytay: buvangizni olti yildan beri kutaman. Urush tamom bo‘ldiyam kelay demaydi. Tushunasiz... Qarasam hamma qirga qarab chopgan. «Kuyoving, Sanam, kuyoving kelyapti!» – dedi Muqim momo. Qani endi turgan joyimdan qimirlay olsam. Qulog‘im chippa bitib qolganday bo‘ldi. Bo‘shashib, eshikning kesakisiga suyanib qolibman. Momo imlagan tomonga qarasam, ko‘zimga hech kim ko‘rinmaydi–hovur, olovday cho‘g‘lanib yotgan qizg‘aldoqlar ko‘rinadi... Ishongim kelmaydi. Momo hazillashayotgan bo‘lsa, keyin nima qilaman, deb qo‘rqaman. Qo‘rqqanimdanmi, yiqilib tushadigan siyog‘im bor.
Qarasam, Muqim momo qirga qarab qo‘l siltayapti. «To‘xta, bolam, to‘xta!» Endi ko‘rdim, bolalarning orasida bir askar oqsoqlanib kelardi. Ko‘zidagi yoshini tiya olmayotgan Muqim momo qaerdandir uzun arqon topib chiqib, askar tomon yugurdi.
Uning odati shu edi: kimki urushdan qaytsa, qishloqqa beliga arqon bog‘lab kiritardi. «Qolgan yigitlarimiz ham izingdan mana shu arqonday ergashib kelsin», – derdi.
Lekin Qo‘kdalaning 202 yigitiga ona qishlog‘iga qaytish, uning alvon qirlaridan qizg‘aldoqlar terish baxti nasib etmadi. 202 bahodir Yevropa zaminida qolib ketdi.
O‘tgan yili, G‘alaba bayrami kuni qishloq markazida qahramonlar sharafiga monument ochildi. Unga urushda halok bo‘lgan ko‘kdalalik 202 jangchining ismi sharifi zarhal harflar bilan bitilgan.
Tantana nihoyalanib hamma tarqala boshlaganida ham, bir keksa onaxon monument poyida yig‘laganicha o‘tirardi. Keyin bilsalar, yodgorlikka sakson uch yoshli Muqim momoning frontdan qaytmagan yolg‘iz o‘g‘lining ham nomi yozilgan ekan.
«Shu kungacha nimaga topinishni bilmas edim, – deydi onaxon. – Bugun bu sag‘anada o‘g‘limning otini ko‘rib, uning diydoriga yetganday bo‘ldim».
-O‘sha kechqurun butun qishloq uyimizga ko‘chib keldi, - deb hikoyasini davom ettiradi Sanam momo. - Yig‘lashdik. Kulishdik. Yaxshi niyatlar qildik. Birov ikkita zog‘ora, yana birov bir kosa qatiq, kimdir «tishining orasida» saqlab yurgan tovug‘ini, xullas har kim topganini olib kelgan edi. Baham ko‘rdik. O‘sha yillar askarlarimizning frontdan eson-omon qaytishidan ortiq baxt, katta to‘y bormidi!
Men bir chetginada ham suyunib, ham kuyunib o‘tirdim. Suyunganim –buvangizning eson-omon qaytganidan, kuyunganim – dugonalarim oldida uyalganimdan. Nima qilay, ko‘plarining kuyovi urushdan qaytmagan edi.
Hozirgacha o‘zimni ularning oldida gunohkorday sezaman, bolam. Ezilaman.
– Urush yillari eng og‘iri nima bo‘lgan, momo? Kutishmi, yashashmi yo?..
– O‘sha yillari otam bir rivoyat aytib bergan. Hech qulog‘imdan ketmaydi. Aytishicha, bir podsho saltanatidagi eng dono, eng aqlli, eng vali odamlardan uchtasini saroyga chaqirib so‘rabdi:
«E, donolar, aytinglarchi, bu dunyoda inson uchun eng og‘ir narsa nima?»
Bir dono javob beribdi:
– Qahatchilik, kambag‘allik og‘ir, shohim. Odamni zor qiladi.
Ikkinchisi:
– Tuzalmas xastalik – og‘ir. Kishini xor qiladi, – debdi.
Uchinchi dono aytibdiki, qahatchilikning ham, tuzalmas xastalikning ham davosini topsa bo‘lar. Ammo juvonmarg ketgan insonni qaytarib bo‘lmas. Dunyoda orzulariga, yaxshi kunlariga yetolmay yosh ketgan insonning o‘limidan og‘ir g‘am yo‘q.
Podshoga uchinchi dononing javobi ma’qul bo‘lgan ekan.
O‘tgan urushda qanchadan-qancha yigitlar sovuq yerga bosh qo‘ydilar. Ularning o‘n gulidan bir guli ham ochilmagan edi, o‘g‘lim. Urush yillari eng og‘iri–qora xatni o‘qish edi. U bevaqt yongan olovday, hammani kuydirib ketardi...
Iloyo, otginasi o‘chsin urushning ham, uni boshlaganlarning ham...
Mana, odamlar yo‘qsizlikka, kasallikka davo topdilar, lekin urushda juvonmarg ketganlarni qaytara oldikmi?!
– Qishlog‘imizga kelgan birinchi qora xatni eslaysizmi?
– Eslamay bo‘ladimi. Kimki uni ko‘rgan, bilgan bo‘lsa, hamma eslaydi.
Boya aytganim – Muqim momoning Sobir degan polvon kelbatli yolg‘iz o‘g‘li bo‘lardi. Qishlog‘imizga kelgan birinchi qora xat Sobir aka haqida edi. Qirq birinchi yil olgan Muqim momo uni. Oh, qanchalar kuygan, qanchalar o‘rtangan edi bechora ayol!
Ishonmadi. Umrining oxirigacha, «Sobirjon, bolam» deb ketdi, boyaqish. Sobirjon harbiyga jo‘nashdan oldin bir qiz bilan ahdlashgan ekan. Qiz ham qaylig‘ining o‘lganiga ishonmay, kutdi. Sobirjon akadan esa, haligacha xabar yo‘q...
Bir-ikkita qora xat kelganidan so‘ng, qishlog‘imizni bunday yomon xabar oralamay qo‘ydi. Urush tamom bo‘lgunicha, deyarli hech kim qora xat olmadi. Keyin bilsak, shusiz ham ezilgan, qiynalgan odamlarni qora xat jizzaday qovurib qo‘yayotganini ko‘rgan oqsoqollarimiz ularni ataylab yashirishgan ekan. Umid odamlarga dalda beradi, deyishgan ekan. O‘ylab ko‘rsam, to‘g‘ri qilishgan. Nega deganda, ayollar baribir qora xatga ishonmas edi-da.
– Momo hamma ishga yaroqli erkaklar frontga, mehnat bataloniga ketgan. Qishloqda faqat chol-kampirlar, xotin-qizlar, bolalar qolgan... Bu manzarani biz, hozirgi yoshlar unchalik yaxshi tasavvur qilolmaymiz.
– Boshimizga tushguncha, bizlar ham bu gapning ma’nisiga bormagan ekanmiz. Og‘ir. Dunyoda otasiz, aka-ukasiz, o‘g‘ilsiz, ersiz – erkaklarsiz yashash og‘ir, bolam. Ayollar, bolalar dalada-cho‘lda haftalab tunab, g‘alla o‘rardi. Ularning kiyim-boshi, yuz-ko‘ziga qarab bo‘lmasdi. Qo‘llari tuyaning tovonidek qadoqlashib ketgan. Yuz yuvgani, sochni namlab taragani suv yo‘q. Ichgan ovqati – kuniga bir piyola atala, yegani– bir burda zog‘ora.
Kunning issig‘ini aytmaysizmi. Garmsel, shamol, ochlik, qayg‘u, sog‘inch... Hammasi boshimizga bir yo‘la yig‘ilib kelgan edi. Lekin urushda qon kechib yurgan askarlarimizga bizdan ham qiyinligini bilardik.
Ayollar, qizlar o‘roq o‘rardilaru yig‘lardilar, yig‘lardilaru o‘roq o‘rardilar. Shunday bir azobda qora xat kelishini o‘ylang. Insonning boshi toshdan ham qattiq degan gapning ma’nisini o‘sha kunlari tushungan edim. Ayollarimizning irodasi har qanday toshdan mustahkam ekan.
Hammadan ham bolalarga qiyin edi. Kattalar bilan teppa-teng ishlardi ular. Boshoq terar, xirmonda bug‘doy yanchar, yantoq chopardi. Musurmon Qo‘ylievni tanirsiz?
– Taniyman. Hosilot.
– Ha. O‘sha yillari u kishi nevaram Otabekday norasida edi. Xirmonda bug‘doy yanchardi. Bir kuni qarasam, egar qoqsuyak oyoqchalarini yara qilib yuboribdi. Shunda ham otdan tushmagan.
Yoki bo‘lmasa, Tursunqul Jo‘raevni oling.
-Shofyormi?
-Ha. Otasi urushga ketganida olti oylik chaqaloq edi. Onasi Mayram momo uni oyog‘idan oqquvrayga bog‘lab qo‘yib, g‘alla o‘rardi. Emaklab ketib qolmasin derdi-da. Qaraydigan odam yo‘q. Habashday qorayib ketgan edi go‘dak. Yolg‘iz onasi uni ming mashaqqatlar bilan katta qilib, elga qo‘shdi. Otasi esa urushdan qaytmadi. Bunday misollardan yana qanchasini aytay?.. U kunlarning yana nimasini gapiray, o‘g‘lim?
– Gapiravering, momo. Esingizda borini gapiravering. Onalarimiz, momolarimiz o‘sha yillari qanday yashaganligini, kurashganligini, biz, yoshlar yaxshi bilishimiz kerak.
– G‘alla o‘rimi tamom bo‘lishi bilan yantoq boshlanardi. Tikan oralab yuradigan odamga etik kerak. Lekin frontda askarlarimizning oyog‘iga yetmagan etikni qaerdan olamiz. Borlar echki terisidan amal-taqal tikib olishgan. Yo‘qlar oyog‘iga qog‘oz, latta-putta o‘rab yantoq chopadi...
So‘ng «qizil ketmon». G‘alladan bo‘shagai yerni shudgorlaymiz. Omoch yetishmaydi. Qator turib ketmonlashga tushamiz. Ayollarimiz minglab tanob yerlarni ketmonlab bo‘shatgan, o‘sha yillari.
Bu azoblar ko‘plab ayollarning, qizlarning sog‘lig‘iga, umriga zomin bo‘ldi. Ko‘pining pushti qurib ketdi. Ona bo‘lolmadilar, bolam.
– Mashaqqatlarga chiday olmaganlar ham bo‘ldimi, momo?
– Bo‘ldi. Inson-da. Yaxshiroq kun ko‘rarmanmi, to‘yib ovqat yermanmi, deb boyvachchalarning ra’yiga yurganlar ham bo‘ldi. Undaylar hozir, to‘qchilik zamonida yo‘q, deysizmi. Bor. Oqil odam oltinga o‘xshaydi. Har qanday sharoitda ham buzilmaydi. Aqlini zang bosmaydi. Mo‘rt buzilaman desa, har doim bahona topilaveradi.
– «Boyvachchalar» dedingiz! Ular kimlar?
– «Boyvachchalar» deganimda ko‘pni tushunmang. Ular ikki-uch kimsa edi. Lekin og‘ir yillarda ikki-uchtasi ham ko‘zimizga juda ko‘p ko‘ringan.
Ular turli bahonalar bilan urushdan qochib, katta-kichik mansablarni egallab olgan buzuqlar edi. Eri frontga ketgan suluv kelinchaklarni, qizlarni, ayollarni har xil yo‘llar bilan yo‘ldan urish payida bo‘lardilar. Vatanining, xalqining boshiga tushgan qora kunlar ular uchun bayram edi. Odamlar uyidagi so‘nggi hovuch bug‘doyini, so‘nggi issiq kiyimini frontga bersa, ular o‘shani ham o‘g‘rilashga urinardi. Markaz uzoq, betavfiqlarni tergaydigan odam yo‘q. Shundan foydalangan ular. Qo‘sha-qo‘sha xotinlar oliib, davrini surishdi! Gapirgani ham hazar qilasan kishi!
Urush tugagach, qilgan maishati ko‘pining burnidan buloq bo‘lib chiqdi. Qochib-pisib qolganlarini xaq o‘zi jazoladi. Xalqning qarg‘ishi urdi. Gap ochildi, ezmalik bo‘lsa ham aytay. Yaqinda bir ayol aytadi. Qo‘shni qishloqqa borgan ekan. O‘sha boyvachchalardan biri o‘lim to‘shagida yotganining ustidan chiqibdi. U ayolning oldiga odam yuboribdi. «Falonchi momoga ayt. Birgina kelib ketsin», debdi. Ayol o‘tgan gina-kuduratni bir chetga qo‘yib, boribdi. Nima bo‘lsa ham o‘layotgan odamning rayini qaytargisi kelmabdi. «Boyvachcha» qon yig‘lab yotgan ekan. «To‘rt kunlik umrim qoldimi, yo‘qmi, gunohimdan o‘ting, – debdi momoga.–Sizlarga ko‘p ziyon-zahmatlar yetkazdim. Hech bo‘lmasa, go‘rimda tinch yotay». Momo aytibdi: «Mendan kechirim so‘ramang, Xudodan, o‘zingiz tuzini yegan elingizdan so‘rang».
Qirq uchinchi yil o‘sha ayolni bolasi kasal yotganida, peshingacha ishga chiqolmayman, desa, sullayib qolguncha qamchilagan ekan.
Ana, bolam, siz, yoshlar qaytar dunyo, degan gapga unchalik ishonmaysizlar. Lekin momongizning aytganini o‘ylab ko‘ring: kimki bandasini, o‘z xalqini, Vatanini aldasa, bu gunohi bir kuni, albatta, uning yoqasidan tutadi.
O‘sha boyvachcha oltitagacha xotin olgan, jamiki bemaza ishlarni qilgan edi. So‘ng umrining oxirigacha elga qo‘shilolmay, yakka o‘tdi. Oxirida ming azobda, birovning uyida, uy nimasi, somonxonasida jon berdi.
Gapimga ishoning, o‘g‘lim, elining ko‘ziga mix qadamoqchi bo‘lgan boshqa razillarning boshiga ham shunday og‘ir kulfatlar tushdi...
– Elimiz baribir diyonatli odamlarga, oqsoqollarga suyanib yashagan. Urush yillarida ham ularning xizmatlari ko‘p bo‘lgan. To‘g‘rimi, momo?
– Albatta. Fayzi buva Farmonovni tanirsiz?
– Abdusattor muallimning otasi-da.
– Ha, u kishi hozir saksonga yaqinlashib, munkillab qolgan. Lekin Ko‘kdaladagi birorta to‘y-ma’raka Fayzi buvasiz o‘tmaydi. Urush yillarida qishloq oqsoqoli bo‘lgan. Odamlar uni yoshligiga qaramay, o‘sha paytlar ham davraning to‘riga o‘tqazar edi, hozir ham. O‘zining halolligi, bag‘ri kengligi, mehribonligi bilan odamlarga ko‘p yordami tekkan.
Endi bu kishining bolalariga qarang: qishlog‘imizning eng obro‘li yigitlari, qizlari.
Sezdim, momo toliqa boshladi. U kishining urushdan keyingi hayoti haqida ham savollar bergim keldi. Fikrimdan qaytdim. Chunki bilardimki, turmush o‘rtog‘i Abdurayim Qo‘yliev bilan tinch-totuv yashadi. Farzandlarini tarbiyalab elga qo‘shdi. Jang bilan Berlingacha borib qaytgan yostiqdoshi oddiy tabelchilikdan sovxoz direktorligigacha ko‘tarilgan bo‘lsa, unda ham Sanam momoning hissasi bor.
Abdurayim buva o‘tgan yili vafot etdi. Urushda olgan jarohatlari bo‘lmasa, hali ancha yashashi mumkin edi, deyishdi, vrachlar.
Suhbatdoshimga oxirgi an’anaviy savolni berishdan o‘zimni tiya olmadim:
– Gazetxonlarimizning ko‘pchiligi o‘g‘il-qizlaringiz, kelin-kuyovlaringiz, nevaralaringiz tengi, yoshlar. Ularga aytadigan tilaklaringiz bormi?
– Bolalarimga hamisha bir gapni takrorlayman: xalol yasha. Shunda elingning olqishini olasan. Kam bo‘lmaysan.
“Yosh leninchi” gazetasi, 1987 yil.