OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Qulman Ochilov. Fir’avnlar o‘lkasi (ocherk)

http://n.ziyouz.com/images/ehrom

Toshlarga bitilgan dostonlar

Azaldan har bir yurtning o‘z me’moriy timsollari bor. Masalan, O‘zbekiston deganda xorijliklar avvalo Sa­marqand, Xeva va Buxorodagi qadimiy minoralarni ko‘z oldiga keltirsa, Ame­rika dastavval Ozodlik haykali shaklida namoyon bo‘ladi, Frantsiyani bo‘lsa Eyfel minorasisiz tasavvur etish qiyin. Misrning timsoli esa ehromlardir. Naql borki, kelib dastavval, besh ming yillik tarix guvohi — ko‘hna ehromlarni bir bor ko‘rmagan kishi, Nil sohillarida yuz yil yashagan bo‘lsa ham, haqiqiy Misrni, misrlikni ko‘rmabdi. Misrda “ehrom” so‘zini, uning shakliyu timsolini har qadamda uchratasiz. Arab dunyosidagi eng nufuzli, eng ko‘p nusxali ro‘znoma (“Al-Ahrom”), poytaxt Qohiradagi eng katta ko‘cha, eng shirin taom, eng chiroyli libos, eng zamonaviy mehmonxona — barchasi ehrom nomi bilan ataladi. Eng sara buyumlaru kiyimlarga ham ehromning suvrati muhrlangan. Binobarin, Misr haqida gap ketar ekan, so‘zni ehromlar tarixidan boshlamay ilojimiz yo‘q.

Haqiqatan ham, Misr ehromlari insoniyat tarixida shu kungacha ma’lum bo‘lgan eng qadimiy obidalardandir. Ular shaklan turlicha — past-baland, katta-kichik, zinasimonu silliq bo‘lib, jami yuzga yaqin. Ammo biri ikkinchisiga deyarli o‘xshamaydi. Bani basharni asr-asrlardan buyon hayratga solib kelayotgan jihatlaridan biri ham shu betakrorligi. Omi xalqni-ku qo‘ya turing, olimu fuzalo ham hanuzgacha shu xususda bahslashadi. Ehromlarning ayrimlari 2,5 milliontagacha yo‘nilgan toshdan tiklangan. Ular qaerdan, qanday qilib bu "sahroi kabir”ga olib kelingan? Qanday yo‘nilgan, silliqlangan? Qanday terilgan? 140-150 quloch balandlikka qanday ko‘tarib chiqilgan? Toshlarki, ayrimlari to‘rt tonnagacha keladi! Qolaversa, shuncha dahmaza kimga, nimaga kerak edi?..

Ehromlar qarshisida lol qotib turgan har bir ojiz bandaning shuuridan kechadigan bunday savollarga beriladigan javoblar ham hali-hamon har xil.

Sershubha kishilar aytadilarki, bunday mukammal imoratlarni besh ming yil avvalni-ku qo‘yavering, bugungi texnika asrida ham qurish qiyin. Yuk ko‘taruvchi kran narida tursin, geomet­riya, matematika, fizika, kimyoviy o‘lchov birliklari hali kashf etilmagan zamonlarda qanday qilib bahaybat toshlardan bunday “imorat” qurish mumkin edi? Buning ustiga, ehromlarning ichiyu tashidagi bezagu suvratlarni, haykallarni kim, qanday chizgan, yasagan? Suratlarki, birlarida bugungi tayyorlaru sayyoralarni ko‘rsangiz, boshqalari fazogiru kosmik kemalarni eslatadi. Axir, ellik asr burun bunday mu’jizalarni bunyod etishga qodir fan, texnika, serjilo buyoq, asbob-uskuna, mukammal yozuv, tasviriy san’at bo‘lmagan-ku!.. Yo‘q, bu ish hom sut emgan bandaning qo‘lidan kelmagan, kelmaydi ham! G‘ayri tabiiy kuch — o‘zga sayyoraliklarning ishi bu, hoynahoy! Ehromlarni o‘shalar qurgan, rasmlarni o‘shalar chizgan, haykallarni ham o‘shalar yasagan...

Yana bir guruh —umrini bir qo‘lida cho‘kich, ikkinchisida cho‘tka bilan Misr sahrolarida yer qazib, tuproq titib o‘tkazgan moziyshunoslar butunlay o‘zgacha fikrda. Ularning aytishicha, Misr bundan 5-6 ming yil burun yuksak tamaddun o‘lkasi bo‘lgan. Ilm-fan, san’­at, ta’lim, hatto texnika ham yuksak taraqqiy etgan. Aslini olganda, buning unchalik ajablanadigan joyi yo‘q, taraqqiyot ham inson umriga o‘xshaydi: ma’lum bir joyda paydo bo‘ladi, gurkirab rivojlanadi va bir kuni inqirozga yuz tutadi — o‘ladi. Nil sohillarida ham qadimda shunday bo‘lgan. Fuqarolar yurt egasi —fir’avnga shunchaki yo‘lboshchi emas, xudo deb qaragan. Unga sajda qilgan. (Buning isboti — Nil sohili bo‘ylab sochilib ketgan minglab qabristonlar, ibodatxonalaru saroylar, ulardan topilgan turfa ashyolar). Qani, ayting-chi, qaysi podsho dabdabayu as’asani, tarixda mangu qolishni, o‘z nomini abadiylashtirishni istamaydi? Buning ustiga, qo‘l ostidagilari uni Xudoga tenglashtirib turgan bo‘lsa! Fir’avnlar ham, tabiiyki, bunday qusurdan xoli bo‘lmagan. Ehromlar hali ular tirikligidayok qurila boshlagan. “Imorat” unga dafn etilajak aslzodaning mavqeiga qarab bino etilgan. Shu jihatdan olib qaraganda, fir’avnlarning to‘rtinchi sulolasiga mansub podshoh — Xeops jasadini bag‘riga olgan ehrom insoniyat qo‘li va akl-zakovati bilan bunyod etgan eng ulkan me’moriy mu’jizadir. Uning eni — 230, balandligi — 147 metr. Eramizdan 2600 yilcha burun qurilgan bu inshootga har biri 2,5 tonnalik toshdan 2,3 million dona ishlatilgan. Uni bunyod etish uchun o‘n ming kishi o‘n yil mobaynida tinimsiz ter to‘kkan. Toshlar Nilning narigi sohilidagi Muqaddas tog‘ tizmalaridan kesib olinib, qayiqlarda tashib kelingan. Ehrom atrofiga tuproq uyulib, tosh­lar o‘sha tuprok ustidan tepaga sudrab chiqilgan. Fir’avn bandalikni bajo keltirgach, marhum ehrom ichiga dafn etilib, tuynik bekitib tashlangan. Kimki tuynik siridan xabardor bo‘lsa, zimdan yo‘q qilingan. Ammo oradan ne-ne asrlar o‘tib, ehromlar talon-taroj qilingan. Fir’avnlardan Tutanxamonninggina qabri XX asrgacha bus-butun saqlangan ekan. Uning qabridan chiqqan zebu ziynat, qimmatbaho buyumlar to hanuz mislsizdir. Ular shu qadar ko‘p, shu qadar bebaho ediki, hammasini ro‘yxatdan o‘tkazib, Misr muzeyiga keltirish uchun salkam besh yil vaqt ketgan. Ushbu muzeyda bo‘lsangiz, Tutanxamonning tilla buyumlarinigina emas, hatto... o‘zini ham ko‘rasiz. Besh ming yilcha burun mo‘miyolangan arzanda podshoning jasadi, kechagina dunyodan ko‘z yumgandek shu kungacha “qilt etmasdan” yotibdi.

Fir’avnlar nafaqat o‘zlarining, balki ahli ayolining ham nomini abadiylashtirish g‘amida bo‘lgan. Xotinlari, farzandlari, a’yonlari, hatto norasida go‘daklari uchun ham ehromlar qurdirgan. Ehromlarning katta-kichikligi shundan.

Odatda sayyohlar ehromlar tomoshasidan so‘ng odam boshli sher “qo‘riqlab yotgan” ibodatxonalar majmui sari yo‘l oladilar. Bu yerda turli xil imoratlar xarobalarigina saqlanib qolgan. Marhum fir’avnlarga shu yerda so‘nggi izzat-ikrom bajo keltirilgan, jasadi mo‘miyolangan.

Ammo dorilbaqoga rixlat qilgan shoh dorilfanodan ko‘nglini butkul uzib ketolmagan. Masalan, fir’avn Xefren o‘z irodasining bunday ojizligini haykal shaklida namoyon etgan: uzunligi — 80, bo‘yi — 20 qulochlik odam boshli sher, mana, ming yillarki, bandalarga sinchkov tikilib turibdi. U — kuch-qudrat, buyuklik timsoli. Taxminlarga qaraganda, bu haykal ehromni tiklash arafasida tog‘ qoyasidan yaxlit holda yasalgan. Sherning salobatli boshi esa fir’avn Xefrenning boshiga o‘xshar emish.

Kimki Misrdagi bunday obidalarni ko‘rib, ahli fir’avn dunyoni faqat oxirat tashvishida o‘tkazgan ekan-da, deb o‘ylasa, xato qiladi. Fir’avnlar­ning maishatiyu hashamati aslzodalarga xos bo‘lgan. Buni Misrning qadimgi poytaxti Luksor misolida ham ko‘rish mumkin. Bu ko‘hna kentdagi qay bir toshni, qay bir uyum qum-tuproqni surib ko‘rmang, tagidan yo xilxona, yoki biror ibodatxona, hech bo‘lmaganda haykal chiqadi. Yo‘q, bu — shunchaki, rasmi mubolag‘a uchun aytilgan lof emas, haqiqat.

Yaqinda qadimiy ibodatxonalardan birini supirib-sidirayotganlarida chag‘ir tosh to‘shalgan zaldan qandaydir haykal chiqibdi. Kavlashsa — yana va yana, jami yigirmataga yaqin ma’buda siymosi topilibdi. Tag‘in qanaqa deng, har biri odam bo‘yi keladi.

Luksor — qadim ibodatxonayu saroylar, turfa xilxonalar makoni.

Ularning aksari butunligicha saqlanib qolmagan bo‘lsa-da, qadimiy Misr aslzodalariyu avomlarning yashash tarzi, turish-turmushidan aniq dalolat beradi. Fir’avnlar go‘shasi o‘zining salobati, rang-barang bezaklari va har qadamda uchraydigan haykallari bilan haligacha kishilikni hayratga solib keladi.

Qarnoq ibodatxonasi ularning eng antiqasi va go‘zalidir. Uning koshinli zali haybati bilan aqlni shoshiradi. 16 metrli 136 dona koshinning barchasi boshdan-oyoq turfa xilda bezalgan. Aytishlaricha, bir zamonlar yunon faylasufi Homer ham ularni tomosha qilgan va ko‘rganlaridan hay­ratga tushib, “Iliada" dostonini yaratgan.

Shohlar vodiysi — fir’avnlarning yangi avlodiga mansub hayot timsoli. Fir’avnlar avlodiga mansub so‘nggi shoh­lar ehrom qurdirmagan bo‘lsa-da, o‘zining rost dunyosini obod etish g‘amida ota-bobolaridan kam zahmat chekmagan.

Vodiyda 42 xilxona — qabr saqlanib qolgan. Qabrlar tog‘ning metin qoyalarini o‘yib kavlangan. Ularning devorlariyu ustunlari boshdan-oyoq marhum fir’avn barhayotligida amalga oshirgan ishlardan hikoya qiluvchi rasmlar bilan bezatilgan. Tutanxamonning qabri ham 1922 yilda ana shu vodiydan topilgan edi...

Bugun qaysi bir misrlik bilan suhbatlashsangiz, moziydan gap ochadi va albatta vatanining necha ming yillik tarixini, ehromlarni, fir’­avn bobolarini tilga oladi. “Biz dunyodagi eng qadimiy xalqmiz”, deb g‘ururlanishdan o‘zini tiyolmaydi. Bunda hech bir kibr yo‘q. Fir’avnlar qoldirib ketgan minglab, millionlab obidalar misrliklarning faxrigina emas, yaxshigina daromad manbai hamdir. Qoyalarga bitilgan dostonlar tomoshasidan tushgan mablag‘ mamlakat xazinasining salmoqli ulushini tashkil etadi.

Fir’avnning nevarasi

O‘zga xalqning qanday yashayotganini bilmokchi bo‘lsang, mozori bilan bozorini borib ko‘r, degan ota-bobolarimiz. Shu naqlga amal qilib, qadim Misrning mozorlarini ko‘rdik,uning tarixihaqida muayyan tasavvur hosil qildik.Endi navbat bozorlariga yetdi.

Misr bozorlari to‘kin. Mahsulotlari sifati bilan jahon bozorida raqobatlasha olmasa ham, serobligidan ko‘zingiz quvonadi. Lekin bu yerda tovarlarning to‘kinligi emas, avvalo, ochiqko‘ngil, xushchaqchaq, mehmondo‘st tijoratchilar e’tiborni tortadi. Do‘konga kirib soatlab ijikilab mahsulot tanlang, savdolashing va so‘ngida hech vaqo olmasdan chiqib keting — biror mardum xafa bo‘larmikan! Aksincha, orqavarotdan "Xush keldingiz, hazrat!” degan lutf qulog‘ingizga chalinadi. Darhaqiqat, misrliklarda tajanglik yo‘q. Aytishlaricha, Qohira ko‘chalarida na haydovchi, na piyoda yo‘l harakati qoidasiga amal qiladi. Biroq ko‘chada nogoh mashina to‘qnashganini ham, baqirish-chaqirishni ham eshitmaysiz. Arablar sertakalluf xalq. Avval mehmonga yo‘l berib, keyin o‘zlari o‘tadi.

Darvoqe, bu yurtda ajnabiylarga alohida hurmat bilan qaraydilar. Chunki kattayu kichik barchaga kundek ravshanki, Misrga naqadar ko‘p mehmon kelsa, shu qadar yaxshi: sayyohlar ko‘paysa, da­romad ko‘payadi. Mehmonxonalarda, savdo markazlarida, tomosha joylarida, ko‘cha-ko‘yda — qo‘yingchi, hamma yerda yaxshi narsalarning barchasi avvalo sayyohlar uchun. Har qadamda “Buyuring, hazratim!” degan lutfni eshitasiz.

Qohiraning markazidagi Xonhalil bozori nedir bir jihatlari bilan Toshkentning Otchopar bozorini eslatadi. Chor taraf — do‘kon, peshtaxta, tovar, xaridor chorlagan ovozlar. Taom va kuyadori hidi atir bo‘yiga qorishib ketgan.

Xush bo‘ylarini narigi ko‘chaga ham anqitib turgan atir-upa do‘koniga kiramiz. Javonu peshtaxtalarga qalashtirib tashlangan sanoqsiz shishachalar chiroq nurida ko‘zni qamashtiradi. Do‘kondor — o‘ttiz yoshlardagi yigit yugurib kelganicha biz bilan ming yillik qadrdonlardek qo‘l berib ko‘rishadi. Qo‘yarda qo‘ymay oromkursiga o‘tqizadi. Choy, qahva va yana allaqanday shifobahsh ichimlikka tobimiz bor-yo‘qligini so‘raydi. Rad javobini eshitgach, sigaret tutadi. Yana bosh chayqaymiz. U kuladi. Qaysi yurtdan ekanimizni so‘raydi. Eshitib, qarsak chalib yuboradi: “O‘-o‘, muslim, musulmon! Samarkand, Buxoro, al-Buxoriy, at-Termiziy!..” Oddiy sotuvchi odamdan bu so‘zlarni eshitib, biz ham erib ketdik. “Ko‘nglingiz nimani tusaydi, hazratim? — deya qo‘lini ko‘ksiga qo‘ydi yi­git. — Mushk, sandal, surma?..”

Sotuvchi bir zumda ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi-yu, bejirim shishachalardan o‘n-o‘n beshtasini ko‘tarib keldi. Molini shu qadar zo‘r berib maqtadiki, shubhaga zarracha ham o‘rin qolmadi. Dunyoga mashhur farang atirlari shishachalardagi mana shu suyuqliklardan — nafis gullarning toza va tabiiy sharbatidan tayyorlanadi. Farqi — faranglar bunga - gulobga spirt (kimyoviy modda!) qo‘shib ko‘paytiradi. “Kimyo —yomon, terini, soch­ni ishdan chiqaradi, kuydiradi. Shuning uchun buni — Misr molini olgan ma’qul. Qolaversa, bu —juda arzon. Ishonmasangiz, mana, sinab ko‘ring”.

Yigit shishachalardagi suyuqlikdan hammamizning bilagimizga surtib chiqadi: “Hidlab ko‘ring. Bunisi massaj uchun - og‘riqni oladi, yara-chaqani tez tuzatadi. Bunisini ayolingiz surtadi, ammo rohatini siz ko‘rasiz. Nomi ham ajoyib — “Sahrodagi sir”. Bunisi —atirgulniki, bunisi — nilufardan tayyorlangan. Anavinisi esa “Tutanxamon” deb ataladi...”

Turfa bo‘yu maqtovlardan boshingiz aylanib qoladi. O‘zingizga ma’qulini tanlab, narxini so‘raysiz.

—Sizlarga arzonlashtirib beraman, — deydi attor. — Birodarimiz ekansizlar, axir!..

—Xo‘sh, qancha?

—Har biri oltmish Misr funtidan.

Lekin biz ham anoyi emasmiz — Sharq farzandimiz. Qolaversa, tanishlarimiz qulog‘imizga quyib yuborgan: narsa olsangiz, ehtiyot bo‘lib, savdolashib oling. Aldanib kolishingiz hech gap emas.

—Rahmat! Biz ketdik, — deyman men jo‘rttaga va o‘rnimdan qo‘zg‘almoqqa shaylanaman. — Bu narx bizga to‘g‘ri kelmas ekan.

Sotuvchi cho‘chib ketadi:

—Yo‘q-yo‘q. Siz so‘rang, savdolashing, axir! Xo‘sh, qancha bermoqchisiz, o‘zi?..

—O‘n funtdan, — deyman. Hamrohim ilkis menga qaraydi: juda yerga urib yubormadingizmi? Oltmish qaerdayu o‘n qaerda?

Xullas, yarim soatcha talashib-tortishib, o‘n besh funtga kelishdik. Sotuv­chi xaridimiz uchun qayta-qayta rahmat aytib, ko‘chagacha kuzatib qo‘ydi.

—Bopladik, — deydi hamrohim. - Oltmish degan edi, to‘rtdan biriga oldik. Arzon-a?

—O‘zbekning sovuniga kir yuvmagan hali bu fir’avnning nevaralari! — deyman o‘zimdan-o‘zim mamnun bo‘lib.

Kulishgancha keyingi do‘konga kirganimizni bilmay qolamiz. Yana shunday shirindan-shirin iltifot, yana shunday xush bo‘y taratuvchi bejirim shishacha­lar: “Sahrodagi sir", “Atirgul”, “Tutanxamon”.

Sinash uchun narxini so‘raymiz.

—Sizlarga arzonlashtirib beraman, — deydi bu sotuvchi ham. — Bittasi o‘n besh funtdan.

Ma’lum bo‘ladiki, biz narigi do‘konda besh funt turadigan atirni uch baravar qimmatiga olibmiz.

— Yaxshiyam oltmish funt deganida ellikka so‘ramaganimiz, —deydi hamro­him. Kulishamiz. "Sovun"ni eslaymiz...

Ma’rifat

Misr ikki qita — Osiyo va Afrikani birlashtirib turgan ulkan mamlakat. Maydoni qariyb bir million kvadratli kilometrga teng. Ammo sal­kam 63 millionli nufusga ega bu ko‘hna zaminning bor-yo‘g‘i to‘rt foizidagina aholi yashaydi. Qolgani — tog‘-tosh, sahro. Asosiy boyligi — neft, paxta, Suvayish kanaliyu sayyohlar tomoshasidan keladigan daromad...

Bundan 40 yilcha burun Janubiy Ko­reya rahbarlari Qohiraga yordam so‘rab kelgan ekan: Misr — boy mamlakat, yer osti zaxiralari mo‘l, xullas, ko‘mak beringlar.

O‘shanda Misrda milliy daromad aholi jon boshiga o‘rtacha 200 AQSh dollariga teng kelar ekan. Koreyaniki esa80. Bir necha o‘n yil o‘tgach, raqamlar solishtirib ko‘rilsa, butunlay boshqacha — koreyslarniki o‘n ming dollardan oshib, misrliklarniki mingning atrofida qolib ketibdi.

Gap nimada? Na qazilma boyligi, na durustroq yeri bo‘lgan, sayyohlar ham unchalik ruju qo‘ymagan bu jajji mamlakatdan Misr nega bu qadar orqada qolib ketdi?..

Bu savolga har kim har xil javob berar edi. Ayrim mutaxassislar bun­day deydilar: “Qoloqligimizning boisisho‘roning ta’siri, 60-yillarda prezident Jamol Abdul Nosir sobiq sovetlar mamlakati rahbarlari bi­lan apoq-chapoq bo‘lib ketdi. Misrda so­tsializm qurib, hammani tenglashtirmoqchi bo‘ldi. Iqtisodiyotni rivojlantirishning tabiiy yo‘li — bozor munosabatlaridan voz kechib, xususiy korxonalarni davlat tasarrufiga o‘tkazdi. Bu siyosatdan norozi bo‘lgan ayrim G‘arb mamlakatlarining zardasi qaynay boshladi. Urush boshlandi. Bahona - Suvayish kanali. Asl sabab esa — Misr zaminida ikki tuzum manfaatlarining to‘qnash kelgani edi. Ayniqsa, 1967-73 yillardagi olti yillik urush xalqning tinkasini quritdi".

Boshqa olimlarning fikricha, Misr ahli, aksari arab mamlakatlaridagi kabi, neftni sotishu Suvayishdan tushadigan mumay daromadga ko‘nikib qolgan va shuning oqibatida ishlab chikarishni rivojlantirishga uncha e’tibor bermagan.

Ammo ushbu omillarga yana bir muammoni qo‘shsak to‘g‘ri bo‘ladi, deydi qolganlar, ko‘rgiligimizning bosh sababi —ma’rifatga panja orasidan qaraganimizda. Aholisining qariyb teng yarmi o‘qish-yozishni bilmagan yurtda taraqqiyot bo‘ladimi? Bu hol qishloq joylarida hatto 85 foizni tashkil etadi.

Ko‘pchilikning ko‘zi ochilgandek bo‘ldi. Hukumat ta’lim va tarbiyaga oid maxsus dasturlar tayyorladi. Yangi maktab, kollej, institut va dorilfununlar ochila boshladi. Millatparvar ziyolilar qishloqqa yuz burdi. Eng chekka go‘shalarda ham nur taralib, kishilar ma’rifat ziyosidan bahramand bo‘lmoqqa shoshildilar. Dastlabki natijalar chakki bo‘lmayapti: 1996-97 yillar mobaynida 328 mingta yangi sinf ochildi. Bu hol bitta sinfda ta’lim oladigan o‘quvchilar sonini ancha kamaytirish — 42 taga tushirish imkonini berdi...

Mustaqillik va taraqqiyot yo‘li oson emas. Asrimiz o‘rtalarida, Misr haqiqiy mustaqillikka erishgach, unga “katta og‘a” bo‘lishni istovchilar ko‘p topildi. Oldiniga — sovetlar, so‘ngraayrim G‘arb mamlakatlari. Chayqalishlar, yo‘ldan toyishlar ham kam bo‘lmadi. 50-yillardan keyin kechgan ikki qonli urushning sababi ham shunda. Ammo bu qadim ulka, qiyinchiliklar bilan bo‘lsa-da, taraqqiyot yo‘lidan tobora dadil odimlab bormoqda.

Toshkent — Qohira — Luksor — Toshkent.

“Tafakkur” jurnali, 1998 yil, 3-son.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.