OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Qulman Ochilov. Mulozim (hikoya)

O‘tgan hafta cho‘l tumanlaridan biriga xizmat safariga bordim. Qanday topshiriq bilan borganimni ijikilab o‘tirmayman. Qizig‘i yo‘q. Qizig‘i qosh qorayganda xorib-charchab, och-nahor, tizzamgacha qorga botib, sovuqdan tishlarim takillab, tuman markaziga kirib borganimda bo‘ldi. Ko‘cha-ko‘ydagilardan tunash mumkin bo‘lgan joyni surishtirsam, tepasiga «Dehqon bozori» degan peshlavha osilgan darvozadan sal naridagi ikki qavvatli yashil binoni ko‘rsatishdi. O‘sha tomonga qanot bog‘lab uchdim. Binoga kiraverishdagi peshayvonda kattakon lampochka izg‘irinda tebranib, yon-atrofdagi qor bosgan dov-daraxtalarning soyasini vahimali o‘ynatib turganini hisobga olmaganda, birorta derazada yorug‘ ko‘rinmaydi.
«Qo‘ng‘iroqni bosing!» degan buyruq osilgan edi eshik yonidagi qora tugmacha yoniga. Bosdim. Yo‘lakda shu’la paydo bo‘ldi. Eshikni ochgan bahaybat odamni ko‘rib, to‘g‘risi, seskanib ketdim. Egnida yengi kalta qora futbolkadan boshqa hech voqasi yo‘q bu zot kechasi tushiga kirsa, har qanday odamning labiga uchuq toshib ketishi aniq.
- Assalomu alaykum, aka!- deb yubordim.
Eshik og‘asi – yoshi qariyb men tengi – o‘ttiz besh yoshlardagi, lekin gavdasi kamida ikki baravar katta yigit - javob qilmadi. Qulog‘i og‘irroq, shekilli.
- Joy bormi?
- Bor, - dedi u. - Nechta?
- Bitta.
Mehmonxonaning iliq tafti yuzimga urilgach, sal o‘zimga keldim. Paltomning tugmalarini yechib, galstugimni bo‘shatdim.
- Pasport? - Qo‘lini cho‘zdi barzangi peshtaxtaning ortiga o‘tgach. Menga qarab tishining oqini ko‘rsatdi. Qiltiriq bo‘ynim, yaltirgan keng peshonam, ko‘zoynagim kulgisini qistadi, chog‘i. Ekskavatorning cho‘michiday keladigan kaftiga pasportimni qo‘ydim.
- Qaysi qavatda yotasan? - deb to‘ng‘illadi u.
- Qaysi biri yaxshiroq?
- Ikkinchi.- U osig‘liq turgan kalitlardan birini olib, peshtaxta ustiga tashladi.
«Bu jonivor og‘zidan chiqqan har bir so‘z uchun faqat soliq to‘larmikan yo jarimasi ham bormikan? - degan fikr xayolimdan o‘tdi. – Yo‘q, boji ham borga o‘xshaydi!»
- Biror yegulik topilmasmikan? - dedim aybdor ohangda.- Oshqozonim rosa tatalab ketdi.
- Bor.
- Nima? Kolbasami, nonmi?..
- Osh.
Shu topda lotareyangga falon million yutuq chiqdi, degan xabarni eshitsam ham bunchalik suyunmasdim. Barzangini bag‘rimga bosib, do‘ng peshonasidan o‘pgim keldi. Lekin devni o‘pgan odamni kim ko‘ribdi. Ko‘rmaydi ham.
- Iltimos, bir kosa bering,- dedim.
Mulozim boshi bilan sal naridagi ustiga klenka yopilgan pastqam stolga ishora qildi.
- Qaerda qo‘l chaysa bo‘ladi?
Endi u boshi bilan teskari tomonni - qorong‘u yo‘lakning oxirini ko‘rsatdi. Sumkamni yemak stoli yoniga qo‘yib, o‘sha tomonga yurdim. Suvning sharillagani eshitildi. Vodaprovod jo‘mragi ochiq qolgan ekan. Qaytib kelganimda, stolda bir kosa palov, uch kesim buxanka, bir temir qoshiq turardi.
Avval bir bo‘lak non, keyin bir qoshiq oshni shosha-pisha og‘zimga tiqdim. Tavba! Muzqaymoq ham tishni bunchalik qamashtirmasa kerak. Ammo boriga shukr qilmoqdan o‘zga chora yo‘q. Bu yer Toshkent yoki Samarqand emas, besh yulduzli mehmonxonada o‘tirganim yo‘q. Shunday bo‘lsa-da:
- Oshni sal isitishning iloji yo‘qmikan, aka? - dedim.
- «Isit» demading-ku? - deb to‘ng‘illadi mulozim va kosani olib, yonidagi xonaga kirib ketdi.
Uyda, xotinim shunday bepisand muomala qilsa, boshi bir umr malomatdan chiqmasdi. Senga «isit» deb aytishim shartmi, to‘nka! Shunga aqling yetmasa, bu yerda noma’qul buzoqning go‘shtini yeb o‘tiribsanmi? Hali choy ham damlamagan bo‘lsang kerak! Ko‘rib turibsan-ku, sovuqdan titrab ketyapman. Shamollab-netib qolsam, enangni naqd Uchqurg‘ondan ko‘rsataman!..
Lekin bu yer - uy, oldimda turgan zot esa ayol emasdi.
- Uzr, - dedim. - Bir yo‘la ozgina choy ham...
Chala-yarim isitilgan oshning pishmagan guruchlarini beda yegan otday kurtillatib chaynar ekanman, tunaydigan xonamdagi ahvolni ko‘z oldimga keltirdim. Muzlab yotgan bo‘lsa-chi?
- Xonada konditsioner bormi? - deb so‘radim peshtaxta ustidagi gugurt qutisiday televizordan boks musobaqasini tomosha qilayotgan mulozimdan.
- Bor, - dedi u ko‘zini ekrandan uzmasdan.
- Yoqib qo‘yilsa bo‘larmikan?..
Xizmatchi lapanglagancha tepaga chiqib ketdi. Ho‘kizga o‘xshamay o‘l! Yo‘q, ho‘kiz emas, qo‘tos! Qo‘tosning boshi bilan bo‘ynini ajratish qiyin.
Chiroqni yoqsam, xona ko‘zimga binoyidek ko‘rindi. Keng yog‘och karovat. Ustiga vaza qo‘yilgan tumbochka, vazada - sun’iy bo‘lsa-da, sarg‘ish chinnigul. Televizor. Derazada - qalin parda.
Yechinib, o‘zimni to‘shakka tashladim. Toshkentdan avval poezd, so‘ng avtobusu so‘loqmanday yuk mashinalarida yetib kelgunimcha rosa toliqqan ekanman, toshday qotib qolibman. Etlarim uvishib uyg‘ondim. Oyog‘imni yig‘ay desam, bukilmaydi. Soatga qaradim: to‘qqizdan o‘tibdi. Bir yarim soatcha o‘tibdi.
Shunday sovuqda safarga jo‘natgani uchun boshlig‘imizning go‘riga pishgan pishmagan g‘ishtu guvaladan beayov qalay-qalay, bir amallab turib o‘tirdim. Peshonamni ushladim. Istimam yo‘qday. Qaerdandir sovuq shamol kelganday bo‘ldi. Konditsionerning tumshug‘iga qo‘limni tutdim. Voy, nodon-ey, voy ho‘kiz-ey! Bu matohini yoqishga yoqibdiyu, isitadigan tugmachasini bosishga aqli yetmabdi. Konditsionerning ko‘zida «16» raqami miltillab turardi.
Pastga tushdim.
Mulozimning gugurt qutiday televizorida hamon «devlar jangi» davom etayotgan edi.
- Konditsionerning pultini topolmadim? - dedim katta qarz so‘rab chiqqan odamday yalingan ohangda. - Isitgichini yoqmoqchi edim...
- Isitgichi ishlamaydi.
- Ishlamasa, nega konditsionerni yoqib qo‘ydingiz? - degan gap og‘zimdan qanday chiqib ketganini bilmay qoldim.
- O‘zing «yoq» deding-ku, yoqdim-da! - dedi u zarda bilan.
- Qo‘shimcha birorta ko‘rpami, adyolmi... Topilmasmikin? - dedim noiloj yana muloyimlik bilan.- Xona sal salqinroq ekan.
«Muzlab ketibdi», deya olmadim. Jahli chiqsayu ketimga bir tepib, ko‘chaga haydab solsa, yarim tunda qaerga boraman.
U peshtaxtaning tagidan ko‘k adyol chiqardi.
«O‘zingga shukr, marhamatli Xudoyim!»
- Rahmat!
Ham mulozim, ham oshpaz, ham xo‘jalik mudiri, ham qorovul, ham soqchi... Bunday noyob mahluqni qaysi go‘rdan topgan bo‘lsa ham, mehmonxona xo‘jayini ustasi farang ekan. Qoyil!
Qalin jundan to‘qilgan adyol yangigina ekan. Endi ko‘chada qishlasam ham sovuq o‘tmaydi. Bir kecha ming kecha bo‘ptimi.
Konditsionerni o‘chirib, yuvinish xonasining eshigini ochdim. Yuzimga muzday sovuq urildi. Entikib ketdim. Lang ochiq tokchadan ichkariga guppilab qor urib turardi.
«Ninaning teshigiday joydan tuyaday sovuq kiradi», degan gapni mana shunday xonada tunagan biror sho‘rlik aytgan bo‘lsa kerak...
- Pasportimni berasizmi?- dedim barzangiga ertalab.- Safarim qaridi.
- Ellik uch ming, - dedi u va hujjatimni peshtaxta ustiga tashladi.
- Ellik uch ming?! - dedim. - Tushunmadim?
Mulozim menga yalt etib qaradi. Rangi uchdi.
- Gastintsada yotdingmi? Yotding. Ovqat yedingmi? Yeding!..
- To‘g‘ri. Lekin siz bularning hammasi uchun pul to‘laysan, deb aytmagandingiz-ku!
- Nima-a?. - U o‘ljasiga tashlanmoqchi bo‘lgan qoplonday sekin joyidan turdi. Anchadan buyon janjalni sog‘inib yurgani va mushtlashish uchun qulay imkoniyat tug‘ilganidan quvonib ketgani shundoqqina sezilib turardi.- Nima deding?!..
-Obbo! - dedim shosha-pisha.- Hazillashdim, aka! Hazillashdim axir! Mana, pulingizni oling!..

«Hurriyat» gazetasi, 2016 yil 17 fevral.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.