Yaxshi kitob o‘qiyotganimda o‘zimga ma’qul kelgan va kelmagan joylarining tagiga chizib, hoshiyasiga har xil belgilar qo‘ymasam ko‘nglim ko‘lchimaydi. Bu jurnalistning “kasb kasali” bilan bog‘liq bo‘lsa kerak. Tesha tegmagan gap, nozik o‘xshatish, dilni charaqlatib yuboradigan mag‘zi to‘q fikr, falsafa, yangi fakt va raqamlar... Gazetachi ikki oyog‘i bir etikka tiqilgandasuyanadigan tap-tayyor iqtibos, “xom ashyo”, zevar shu-da! Taniqli yozuvchi Erkin A’zamning asosan istiqlol yillari matbuotda chop etilgan tarhi toza publitsistik asarlari jamlangan “Ertalabki xayollar” kitobini mutolaa qilishim jarayonida ham shunday bo‘ldi. Avvaliga ikki-uch varaqda - bir, so‘ng har sahifada - ikki-uch, keyin esa tagiga chizilmagan satri, hoshiyasiga belgi tushmagan joyi qolmadi hisob. Kitob jonivor “bo‘yalib ketdi”. Kimgadir yoqar, kimgadir – yo‘q, kimgadir – erish, kimgadir “achchiq” tuyular, lekin ulkan samimiyat bilan yo‘g‘rilgan ushbu to‘plam o‘quvchini befarq qoldirmasligi aniq.
Aslida-ku, adibning barcha badiiy asarlari – roman, qissa, hikoya va pesalari doim katta qiziqish bilan o‘qilib, qizg‘in bahs-munozaralarga sabab bo‘lgan. Siyohi qurimasdan boshqa tillarga tarjima qilingan. Adib stsenariysi asosida suratga olingan filmlar, pesalari bo‘yicha sahnalashtirilgan spektakllar nafaqat mamlakatimizda, xorijda ham mashhur. Ular qator xalqaro kinofestivallarda yuksak sovrinlarga loyiq ko‘rilgani shundan dalolat. O‘zbekistonning YuNYeSKO huzuridagi Doimiy vakolatxonasi tomonidan Vashingtonda ingliz tilidagi, Parijda esa farang tilidagi kitoblarining, kinofilmlarining taqdimotlari o‘tkazilgani, bunday oliymaqom marosimlarda ishtirok etgan mutaraqqiy mamlakatlarning taniqli jamoat, fan va madaniyat arboblari, mutarjimu munaqqidlari o‘zbek adibining asarlariga yuksak baho bergani ham bor gap. Nufuzli ommaviy axborot vositalari tomonidan mazkur tadbirlar to‘g‘risida tarqatilgan xabarlarda alohida ta’kidlanganidek, “Bugun yozuvchining ijodi mustaqil O‘zbekistonning iqtidorli yosh ijodkorlari uchun o‘ziga xos adabiy maktab bo‘lib xizmat qilmoqda”;“Asarlari adabiyot va san’at ixlosmandlari tomonidan doimo yuksak qadrlanadi. Ularda ilgari surilgan ezgu g‘oyalar va orzular avlodlarni insonparvarlik, ozodlikka intilish va vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga xizmat qilmoqda”.
Bularning barchasi Vatanimiz mustaqilligining, Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan milliy adabiyotimizni, san’atimizni rivojlantirishga, xalqimiz ma’naviyatini yanada yuksaltirishga ko‘rsatilayotgan ulkan e’tibor, doimiy g‘amxo‘rlikning amaldagi samaralaridandir.
Adibning “Ertalabki xayollar” to‘plami, yaxlit asar bo‘lmasa-da, bosh ko‘tarmay o‘qiladi. Shu o‘rinda bir andishamni bayon etsam. Bu “yozuvchi publitsistikasi” deb atalmish tushuncha bilan bog‘liq. Yozuvchiga “komfirqaning mardikori” deb qaralgan sho‘ro zamonida keng iste’molda bo‘lgan bu atamaning zimmasiga g‘oyat muhim “vazifa” yuklangan edi. Uni “razvedka janri” deb atashlari ham shundan. Sababi – yirik asarga qo‘l urishdan oldin adib ishni “razvedka”dan boshlashi ma’qul hisoblanardi. U ulkan qurilish ob’ektlari, zamonaviy sanoat korxonalarida “javlon urayotgan” yoshlar, “qush uchsa qanoti, odam yursa oyog‘i kuyadigan” sahrolarni “bog‘u bo‘stonga aylantirayotgan” ilg‘or cho‘lquvarlar “hayotini o‘rganar”, ular bilan haftalab non-tuz bo‘lardi. So‘ng safar taassurotlari asosida avval maydaroq janrda, deylik, ocherknamo biror narsa yozib, matbuotda e’lon qilar, shundan keyingina “zamon qahramonlari” haqida yirik asar – qissa yoki romanga qo‘l urardi. “Semizligi”ni hisobga olmaganda, aslida, biri ikkinchisidan deyarli farq qilmaydigan bunday “buyurtma bitiklar”ni hozir deyarli hech kim eslamaydi.
Meni bir kitobxon, jurnalist sifatida quvontirgani – “Ertalabki xayollar” ana shunday iyig‘i chiqib ketgan “razvedka ma’lumotlari”, bozori chaqqon matoh – yaltoqlanish va sitoyishlardan butkul xoli. Ayni choqda kitobga jamlangan maqolalar, esselar, safarnomalar, adabiy o‘ylar, xotiralar, gurunglar – barchasi zamondoshlarimiz, bir so‘z bilan aytganda - Inson haqida. Yanada aniqrog‘i, ularda olamni, odamni to‘kisroq ko‘rish orzusi o‘z in’ikosini topgan. Janri, mavzusi, hajmi va chop etilgan vaqtidan qat’i nazar barchasini buyuk bir tuyg‘u – Vatanga muhabbat, yurt ozodligi va mustaqilligini mustahkamlashga ezgu da’vat birlashtirib turibdi. Kitobning dolzarbligi va ahamiyatini shoyon oshirgan jihatlardan biri ham shu. Chunki zamon – dolg‘ali. Kimning kimligi sinovdan, imoni chig‘iriqdan o‘tadigan payt. Lekin biz kim bo‘lishimizdan qat’i nazar, “shu yurtsiz, shu elsiz hech kim, hech narsa emasligimiz haqiqat”. Adib yurtga farzandlik mehri bilan ta’kidlaganidek, “Mustaqillik – fuqaroning ko‘nglini to‘q tutadigan erk, iftixor. Ana shu tuyg‘ugina uni Vatanga beminnat xizmat qilmoqqa, zarur bo‘lsa, Vatan yo‘lida jonini fido etmoqqa undaydi”. Andisha shuki, hushyorlik, Vatan taqdiriga daxldorlik va fidoyilik har birimizning ezgu a’molimizga aylanmog‘i, “har kim o‘z o‘rnida turib, o‘z ishini astoydil ado etmog‘i darkor. Vatan ana o‘shanda yuksaladi”. Hayotimiz yanada tinch, xotirjam bo‘ladi. “Tomoshabinlik teatrda yarashadi”.
Besh bo‘limdan iborat majmuaning o‘z vaqtida “Tafakkur” jurnaliga peshlavha sifatida bitilgan fiqralardan iborat “Shap-shap deguncha” fasli alohida e’tiborga molik. Garchi “fiqra” deb zikr etilgan bo‘lsa-da, to‘plamdan joy olgan qirq to‘rt lavhaning har qaysisi tugal bir shingil hikoya. Erkin A’zamga xos “so‘zga ziqnalik” bilan bitilgan qisqa-lo‘nda, ba’zan latif yumor, ba’zan beozor kinoya, ba’zan jindak “qalampir sepilgan” fikrlar kishini rom qilib qo‘yadi. Ulardan biri - “To‘ymas” bobolarimiz “oriyat saroyi” deb atagan dunyo kabi ko‘hna mavzu - nafsga bag‘ishlangan. Atrofingizga tuzukroq razm solsangiz, o‘zi to‘ysa ham, ko‘zi to‘ymaydigan dardi bedavolar kam emasligini ko‘rasiz: “Bitta hovlim ikkita bo‘lsin deydi, ikkita moshinasi to‘rtta bo‘lishini xohlaydi”. Go‘yo ming yil, yo‘q, mangu yashamoqchi! Go‘yo “muqarrar ajal bilan shartnoma tuzgan”. Nafs atalmish girdi balo charxida tinimsiz aylanib, odamga o‘xshab bemalol, bahuzur yashamaydi, yashay olmaydi. Halovatini, imonini dunyo matohiga almashtirib yuborgan haris banda bir kuni tuyqusdan oyog‘ini uzatadi-qo‘yadi. Ne ranju mashaqqatlar bilan yiqqan-tergani bari isqot, sabil, sadqai sar! Har a’molning me’yoriyu mezoni – adlu insof. Insof, haddu hudud, tamkinlik boy berilgan joydan baraka ketishi, fojia va ko‘rgiliklar ko‘payishi tayin. Birovlar borki, qilmishini davrning gardaniga osongina yuklab yuborishga urinadi: zamonning zayli-da, aka! “Nahotki, bandasi yorug‘ olamga faqat mol-dunyo yig‘ish, yemoq, to‘ymoq ilinjidagina kelsa?! Unda insonga berilgan bilmoq, anglamoq, o‘rganmoq saodati nima bo‘ladi?” To‘plamdagi yuksak did bilan tartib berilgan va maroq bilan o‘qiladigan barcha asarlar kabi fiqralar ham kitobxonni ana shunday mangu savollarga javob izlashga, o‘ylashga, olamga ko‘ngil ko‘zi va aql nazari bilan qarashga undaydi.
Sirasini aytganda, insonni muhtaram va muhtasham ko‘rmoq orzusi, diyonat, fidoyilik, mehr-shafqat - o‘zini kamtarlik bilan “nurga intiluvchi qalamkash deb biladigan” adib asarlarining doimiy va bosh mavzusi. Bundan 26 yil burun - 1990 yilda, bir jurnalist yozuvchiga savol bergan ekan: “Faraz qilaylikki, o‘zga sayyoraga parvoz etdingiz. Manzilda sizga ajoyib zotlar peshvoz chiqib, “Ey aziz mehmon, ko‘nglingiz tusaganini so‘rang, darhol bajo etamiz” deyishsa, ulardan nimani tilardingiz?” Erkin A’zamning javobini qarang: “Shunday olamshumul mo‘‘jiza, baxt menga nasib etsa-yu, o‘zimning mayda-chuyda istaklarimni aytsam uyat bo‘lardi, albatta. Masalan, o‘n yildan buyon bir bedavo dard meni qiynaydi - qulog‘im tinimsiz shang‘illab turadi, shuni tuzatib bering, o‘zga sayyoralik do‘stim, deb iltimos qilishim kulgili emasmi! Chunki Yer sharida menga o‘xshagan to‘rt milliard odam borki, hammasi ham o‘ziga yarasha biror dardni orqalab yuradi. Yoki, menga bitta “Mersedes” sovg‘a qilsanglar-chi, desam nihoyatda uyatli ish bo‘lardi. Nega bu qadar pastsanlar, ey yerliklar, deb o‘ldirib qo‘yishlari tayin”. Shuning uchun tanti adib ularning oldida tiz cho‘kib tavallolar qilmoqni lozim topadi: “Qo‘lingizdan kelsa, biz, ahli zaminni endi ozgina komil qiling, bir-birimizga ozgina kechirimli qiling, ozgina mehr-shafqatli qiling! Qolgani o‘zimizning qo‘limizda”. Ushbu javobda bani basharni azaldan o‘ylantirib kelayotgan dard, yirik ijodkorning ezgu orzulari, samimiy iztiroblari mujassam.
Ha, “umri kapalaknikidek qisqa” deb anchayin mensimay qaraladigan publitsistika janrida ham ana shunday umuminsoniy masalalardan so‘z yuritsa, yirik “gaplar” aytsa, yillar, zamonlar silsilasiga bemalol dosh bera oladigan asarlar bitsa bo‘lar ekan. Bu endi yozuvchining mahoratiga bog‘liq, albatta.
So‘nggi yillarda adiblarimizning kitob holida nashr etilgan publitsistik asarlari ancha siyraklashib qolganining sababi ham balki shunda – g‘alvirni ko‘targanda qo‘lga ilinadigan, tagiga qalam bilan chizib-chizib, bo‘yab-bo‘yab, zavqlanib o‘qiladigan fikrlarning kamligidadir. Shu jihatdan “O‘zbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyi tomonidan taqdim etilgan “Ertalabki xayollar” to‘plamini matbuotimiz, adabiy va ma’naviy hayotimizdagi muhim hodisa deyish mumkin.