OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Qulman Ochilov. O‘g‘ilmi - qiz? (hikoya)

Eshik sekin taqilladi.
- Kiring, - dedi professor G‘ulom Ermatov boshini ko‘tarmasdan. Boshini qanday ko‘tarsin, bir kasalni ko‘rsa, tekshirsa, uch-to‘rt xil qog‘oz to‘ldirishi, so‘ng bosh vrachga qo‘l qo‘ydirishi, yozganlarini kompyuter degan daxmazaga joylashi kerak. Ilgari tabiblaru olimlarga maza bo‘lgan, qog‘ozbozlik bilan shug‘ullanmagan. Turli idoralarga hisobotlar yozmagan. Bugungi olimu shifokorning ustidan kulish oson. O‘sha kuladiganlar mana shu g‘ichirlab turgan omonat kursida bir kun o‘tirib, yoshi, jinsi, millati va kasbi har xil odamlarning – bemorlarning dardlariga quloq tutib, injiqliklariga chidab ko‘rsin. Chidab bo‘pti!
- Assalomu alaykum!
- Valaykum! - professor boshini ko‘tarib, torgina stoli oldida qimtinib turgan o‘ttiz besh yoshlardagi yigitni ko‘rdi. Qo‘lida - oq belboqqa o‘ralgan kitobga o‘xshash narsa. Lekin, kitob emas. Nima bo‘lishi mumkin? Yo‘q, kitob. «Odam anotomiyasi» darsligi shunday – uzun va qalin. Aspirantmikin?
- Keling? - professor yigitga qaradi. Yo‘q, aspirantga o‘xshamaydi. - O‘tiring.
Yigit qo‘lini salomlashish uchun cho‘zdi.
- Sizga rahmat aytgani keldim, domla. Mana buni dadam berib yubordilar. Estalikka.
- Dadangiz?
- Dadamiz – ganchkor ustalar. Bu – lavh.
Professor, oltmish yoshlardagi basavlat, to‘ladan kelgan odam, lavhni olib, stolda qalashib yotgan qog‘ozlar ustiga qo‘ydi. Og‘irgina ekan. Yong‘oqdan yasalgan bo‘lsa kerak. Bechora ota. Shuncha ovorai sarson bo‘lib, lavh yasab o‘tirganda ko‘ra, rahmat aytishning yengilroq yo‘lini qilib qo‘yaqolsa ham bo‘lardi-ku. «Lavhni bozorda qanchaga olarkan? - deb o‘yladi professor.- Ikki yuzga olarmikin?»
- Oilamiz bilan sizdan juda minnatdormiz. Rahmat!
- Qani, o‘tirib, sal tushuntiribroq gapiring-chi.
Yigit o‘tirdi. Yashil ro‘molchasi bilan peshonasini artdi.
- Bundan bir yarim yil oldin yordam, maslahat so‘rab kelgandim oldingizga. Farg‘ona vodiysiga borganingizda. Esingizdami? Azizman.
Qaerdan ham esida tursin. Ertalab qanday ovqat yeganini eslay olmaydiyu, bir yarim yil burun qabuliga kelgan bemorni qanday eslasin. Lekin, qarshisida o‘tirgan yigit tanish: baland bo‘yli, sochlari qalin, qirra burun. Oq ko‘ylak, qora kostyum kiygan. Tuflisi ham o‘zining kulcha yuzidek yaltirab turibdi. Hali ra’yi qaytmagan, qiyinchilik ko‘rmagan, qorin qo‘ya boshlagan, o‘ttiz besh yoshlardagi mahmadanagina yigit. Bashangligi, qo‘llarining muloyimligiga qaraganda, maydaroq amaldor bo‘lsa kerak.
- Xo‘sh?
Yigit gapini nimadan boshlashni bilolmay qimtinib turdi.
- Tortinmay gapiravering. Bir yarim yil burun qanday shikoyat bilan kelgan edingiz? Oshqozoningiz joyiga tushib ketdimi? Maslahatu tavsiyalarimizning foydasi bo‘ldimi?
- Foydasi bo‘lganda qandoq! Hasan Husan o‘g‘il ko‘rdik!
- Tabriklayman! Umri bilan bergan bo‘lsin!
Professor shunday dediyu bu yigitga qanday yordam berganini eslashga urindi. Genekolog yoki urolog bo‘lmasa. Qanday yordami tegdi ekan bu vodiylik balaga?
U yoshi to‘qsondan oshib qazo qilgan onasining gapini esladi. Odam bolasi ellik yoshdan keyin - yiliga, oltmishdan keyin - oyiga, yetmishdan keyin - kuniga, saksondan keyin esa soatiga qarir ekan, bolam, der edi ul zoti muborak.
«Hali oltmishga yetmasimdan xotiramdan ayrilib o‘tirsam, - deb mulohaza qildi professor. - Bir yarim yil burungi gapni eslay olmasam. Tavba-a!»
Aziz professorning xayolidan o‘tgan fikrlarni uqigandek, izoh berishga tushdi:
- Bir yarim yil avval, yozda Farg‘onaga borgan edingiz. Aholini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazgani. O‘shanda uchrashgan edik. Esingizdami? Qabulingizga kirganimda, dardu muddaomni so‘radingiz. Aytdim, besh qizim bor. O‘g‘il farzand ko‘rolmayapmiz, dedim. Men uchrashmagan tabibu duxtir, ichmagan dori qolmadi, dedim. Siz kuldingiz. “Homilaning jinsini dori darmon bilan to‘g‘rilashning iloji bo‘lganida, yer yuzida ayoldan kamyob zot bo‘lmasdi!” - dedingiz.
- Ey-e, gap bu yoqda deng! Ha-a, ana endi esladim! Dadangizning ham olti farzandi bor. Beshtasi qiz. To‘g‘rimi?
- To‘g‘ri.
- Xo‘sh, maslahatlarim kor qildimi? - deb qaytadan so‘radi professor va joyidan bir qo‘zg‘alib oldi. So‘rar ekan, butun vujudida katta bir qoniqish, huzur tuydi. Odatda, ijod ahli o‘zi yaratgan asarning odamlarga yoqqanini ko‘rsa, maqtasangiz, ana shunday huzurlanadi. Professorning ham go‘shtdor yuzlari yorishib ketdi.
“Siz, uka, maboda bankda ishlamaysizmi?” - deb so‘ragan edi G‘ulom Ermatov o‘shanda Azizdan. Yigit hayron bo‘lgan.
“Ha. Nima edi?”
“Kredit bo‘limidami?”
“Ha. Kredit bo‘limida. Bosh mutaxassisman.”
“Ishxonangiz uyingizga uzoqroq bo‘lsa kerak?”
“To‘qqiz kilometr.”
“Anchagina ekan. Ishingiz oqshom soat oltida tugasa ham, siz odatda yarim tunda uyga qaytasiz? Ungacha restoran, kafe, choyxona, ulfatchilik... To‘g‘rimi?”
“To‘g‘ri...”
“Ertalab uyqudan kech turasiz. Apil-tapil kiyinib, uyquli ko‘zingizni ishqalab, ishga jo‘naysiz. Soat o‘n birlarda bittami-ikkita chala pishgan go‘mmami, somsami yeb olasiz. Shunda ham ishtahangiz tortsa, albatta. To‘g‘rimi?”
“To‘g‘ri.”
“Taxminlarim to‘g‘ri bo‘lsa, uka. Gap mundoq. Men genikolog ham, urolog ham emasman. Gastrintrolog, ya’ni oshqozon-ichak kasalliklari bo‘yicha mutaxassisman. Lekin, bunaqa yashash tarzingizdan voz kechmasangiz, bir umr harakat qiling, dunyoning dorisini iching, o‘g‘il farazand ko‘rolmaysiz.”
Professorning gaplaridan o‘zini yo‘qotish darajasiga yetgan yigitning og‘zi ochilib qoldi.
“Nima qilishim kerak, domla? Yo‘l ko‘rsating, iltimos!”
“Ibn Sino to‘g‘ri ovqatlanish haqida nima degan? Bilasizmi?”
Yigit yerga qaradi.
“Buyuk bobomiz aytganlarki, ertalabki ovqatni otangga ham berma. Tushlikdagi ovqatni do‘sting bilan ye. Kechki ovqatingni dushmaningga ber. Esladingizmi?”
Gap nimadaligini hali hamon tushunolmayotgan yigit mujmalroq bosh irg‘adi.
“O‘g‘il yoki qiz farazandning tug‘ilishi, avvalo, xudodan. Lekin bandasi ham qo‘l qovushtirib o‘tirmasligi kerak. Harakatda - barakat. Kuzatishlarimga asoslanib, qat’iy ishonch bilan aytamanki, maslahatimga quloq tutsangiz, rioya qilsangiz, inshoolloh, niyatingizga yetasiz.”
Yigitning ko‘zlari chaqnab ketdi:
“Bajonidil!”
“Demak, uch mahal ham ovqatni vaqti-soatida yeysiz. Ertalab esa ertaroq turib, badan tarbiya bilan shug‘ullanishga, albatta, olovda, eshtiyapsizmi, olovda-a, pishgan issiq ovqat iste’mol qilishga odatlanasiz.. Yoniga yong‘oq, mayiz, bodom qo‘shsangiz, yanada yaxshi. Keyin...”
Professor yigitga qaradi. Yigit - vrachga.
“Keyin-chi?”
“Keyin bir yarim, ikki yilda o‘g‘il ko‘rmasangiz, Toshkentga borib, yuzimga solasiz. Tortinmang, uyalmang. Kabinetimga boring. O‘g‘il ko‘rmasangiz, professorlik diplomimni ko‘z oldingizda mayda-mayda qilib yirtib tashlayman!..”
Professor qo‘lini cho‘zdi:
“Kelishdikmi?”
Yigit qo‘lini tashladi:
“Kelishdik!”
Mana endi, o‘sha yigitning og‘zi - qulog‘ida: Hasan Husan o‘g‘ilning otasi. Professorning maslahatiga amal qilib, kam bo‘lmapti. Murodiga yetibdi.
Professor o‘rnidan turib, yigitni bag‘riga bosdi:
- Tabriklayman! Chin dildan xursandman!
- Rahmat, domla! Maslahatingizni bir o‘rtog‘imga aytgan edim, u ham o‘g‘illi bo‘ldi!
- Balli!
-Domla, sizdan bir narsani so‘rasam maylimi?
- Mayli.
- O‘zingizda farzandlardan nechta?
- Beshtagina.
- Nechtasi o‘g‘il?
Professor jim bo‘lib qoldi. So‘ng o‘tirgan joyida avval qorni titradi. Keyin yelkalari, butun vujudi silkina boshladi. Xoholab kulishga tushdi:
-Beshalasi ham qiz! - dedi. - Bu dunyoda bo‘zchi belboqqa yolchimagani shu-da, uka!..

«Oila davrasida» gazetasi, 2013 yil 24 yanvar.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.