OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Qulman Ochilov. Oltin (hikoya)

Televizorda «So‘nggi xabarlar» boshlandi.
«Ulug‘ ayyomlar arafasida keksalar, bemor va nogironlarning holidan xabar olish, ularga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatish – xalqimizning azaliy ezgu fazilatlaridan...» — deb biyron so‘z boshladi diktor.
 — Boshqa kanalga olaymi? — dedi ayol.
 — Yo‘q,- dedi er. — Tursin.
 «...Qurbon hayiti boshlanayotgan ushbu shukuhli kunlarda xalqimizning bunday noyob fazilatlari yanada kengroq va yorqinroq namoyon bo‘lmoqda...»
 — Kompaniyamiz ham Olmazordagi yetimxonaga...
 — Mehribonlik uyiga, deng, adasi! Quloqqa hunuk eshtilarkan...
 — Xo‘p, ana, mehribonlik uyi... O‘sha mehribonlik uyiga hayitgacha mebel sovg‘a qilmoqchi edik. Ulgurolmay qoldik...
 — Ulgurasizlar hali. Bu yoqda hali yangi yil ham bor...
 «Endi xorij xabarlari bilan tanishing...» Ekranda qandaydir xalqaro anjumanda zerikib o‘tirgan jiddiy odamlarning yaltiragan yuzlari namoyon bo‘ldi.
 — Boshqa kanalda kino-pino yo‘qmi?
 — Kino keyinroq bo‘ladi.
 — Unda o‘chira qol...
 Ayol televizorni o‘chirdi.
 — Biz ham ertaga adajonimiz bilan oyijonimizni birrov borib ko‘rib kelsak, yaxshi bo‘lardi, — dedi ayol xontaxtaning yonida yonboshlab yotgan eriga choy uzatar ekan. — Xabar olmaganimizga bir oycha bo‘p qopti.
 — Har kuni telefonda gaplashib turibmiz-ku.
 — Telefon — boshqa, diydor — boshqa, adasi. Hayit kunlari chol-kampir yo‘l qaraydi. Yunusoboddan Qo‘yliqqacha – to‘rt qadam.
 — Gaplaring to‘g‘ri, Mohi. Lekin ota-onamning mendan boshqa farzandlari ham bor-ku. Ana Shoikrom borsin, Shoislom borsin, Shohida borsin. Nima bo‘lsa, Shohruh, Shohruh!.. Borolmayman!
 — Nega borolmaysi-iz, Shohruh aka?
 — Ochig‘i, itday charchadim! Ikki kun, ko‘cha narida tursin, hovliga ham chiqmasdan, to‘yib uxlamoqchiman.
 Ayol jim bo‘lib qoldi. Oldida turgan choynakning ipini buradi. Qopqog‘i ko‘tarildi. Qo‘yib yubordi — yopildi. Yana buradi.
 — Ukalaringizning yo‘rig‘i boshqa, — dedi muloyim ohangda. — Biz bormasak, ukalaringiz, singlingiz ham ularning ostonasidan qadamini uzib qo‘yadi. Boraylik. Qarzimiz-ku?
 — Universitetda besh yil falasafa o‘qiganim yetar, Mohi! Yo shu gaplarga aqli yetmaydi, deb o‘ylaysanmi?
 — Yetadi, adasi, yetadi!
 — Muallimliging tutib ketadi-ey ba’zan.
 — Aytmoqchi bo‘lganim, shukr, chol-kampirning biror narsaga muhtojligi yo‘q. Borib, yarim soatgina yonlarida o‘tirib kelsak, boshlari osmonga yetadi. Xudo umr bersa, ha demay o‘zimiz ham o‘shalarning yoshiga yetamiz...
 — Charchadim, dedim-ku senga.
 — Sizday navqiron yigitdan bunday gaplarni eshitish... Rosti, erish tuyular ekan, — dedi erka ohangda ayol. — Eshitgan quloqqa — uyat!
 — Ellikdan oshgan odamning navqironligi qoladimi! Ish, turmush tashvishlari har qanday odamning tilini osiltirib tashlaydi, domla!
 — Qo‘ying, zorlanmang, adasi. Zorlanganni o‘zingiz ham yoqtirmaysiz-ku.
 — Bu zorlanish emas. Bor gap.
 — Bora qolaylik, iltimo-os. To‘rttagina patir bilan ozroq go‘sht, uzum, olma deganday... Adajonim qiyma kabobni yaxshi ko‘radilar. Besh-olti six olsak...
 — Kreditni qanday yopaman, deb necha kundan beri uyqu nimaligini bilmaymanu sening gapingni qara!..
 Jimlik cho‘kdi. Bir ozdan keyin ayol yana shirin jilmaydi.
 — Unda, o‘zim borib kelsam-chi? — dedi choynakning baldog‘ini silar ekan.
 — Bilganingni qil. Lekin meni tinch qo‘y. Hech bo‘lmaganda, xayit kuni odamga o‘xshab dam olay. Axir bayram-ku, barkat topgur!
 Ayol indamadi. Ertasi kuni nonushtadan keyin yasan-tusan qilib, qo‘lida oq dasturxonga o‘ralgan tog‘ora bilan yana ayvonga chiqdi.
 — Men birrov o‘tib kelsam maylimi?
 — Mayli. Boraver.
 Televizorda qandaydir serialni xafsalasizgina tomosha qilayotgan er xotini tomon o‘girildi va yashil gulli adras ko‘ylak kiygan ayolidan ko‘zini uzolmay qoldi.
 «Shakarning qopini kiydirsang ham yarashadi! — deb o‘yladi. — Shunday ayolni ravo ko‘rganingga shukr!..»
 Ayol hovlidan chiqishga ulgurmadi.
 — To‘xta, Mohi. Birga boramiz!..
 Shu topda ayol barvasta, ho‘shmuylov, gardishi tilla rang ko‘zoynagi o‘ziga yarashib turgan erini yanada yaxshi ko‘rib ketdi. Uning kostyumi yoqasini to‘g‘rilab, oppoq o‘ylagining ochiq qolgan tugmasini o‘tkazib qo‘ydi.

 * * *

 — Shohruh o‘g‘limiz baribir boshqacha-da, onasi, — dedi ota qo‘lini sochiqqa artar ekan.- Qo‘li ochiq, mehribon, mehnatkash...
 Shohruh xotiniga qarab beo‘xshov kuldi. Qizardi.
 — Boshqasini qo‘ying, kecha oqshom kabob yegim kelyapti, degan edingiz. Sezganini aytmaysizmi. Iloyo, baraka topsin! Bir duo qiling, bolaginamni!
 Chol-kampir sertomir qo‘llarini duoga ochdi:
 — Ey parvardigor, farzandlarimizni, jumladan, shunday ulug‘ ayyomlarda ota-onasini unutmay, yo‘qlab kelgan o‘g‘limiz Shohruhjon bilan kelinimiz Mohinurxonni hamisha o‘z panohingda asragin! Ularni hech qachon to‘g‘ri yo‘lingdan toydirmagin! Topgan-tutganiga doim baraka berib, biz, qariyalarni xursand qilish uchun sarflagan birini o‘zing ming qilib qaytargin! Ikkalasini qo‘sha qaritib, farzandlarining huzurini ko‘rishni nasibi ro‘zi aylagin! Omin!..
 — Bu dunyoning ishlari o‘zi shunaqa – xizmatni sen qilasanu duoni boshqalar oladi, — dedi er mashinaga o‘tirgach. — «Boraylik» deb sening qancha joning halak bo‘ldi, yekin olqishni men oldim. Yugurganniki emas, buyurganniki, Mohi!
 — Mayli, adajonisi! Ikkalamiz – bir odammiz. Mening ota-onam tirik bo‘lganida, ularning ham duosini olgan bo‘lardik! To‘g‘rimi?
 — Albatta!..
 — Voy-vuy, ko‘chada mashinaning ko‘pligini qarang.
 — Sovuq bo‘lsa ham, butun shahar ko‘chada.
 — Hamma bizga o‘xshab ota-onasi, qarindosh-urug‘ini yo‘qlagani chiqqanda...
 — Ha. O‘zbeklar — buyuk xalq!
 — Nima? Tushunmadim?
 — Nimaga tushunmaysan. O‘zbeklar – buyuk xalq, deyapman. Bilasanmi buyukligi nimada?
 Ayol yelkasini qisdi.
 — Mehr-oqibatida! Mol-dunyo bilan hozir birovni hayratga solish qiyin. Lekin bugungidek urf-odatlarimizni, odamlarimiz o‘rtasidagi mehr-oqibatni ko‘rgan-bilgan har qanday kalondimog‘ milliarder-kapitalist ikki qo‘lini ko‘taradi – qoyil qoladi. Bunga o‘zim million marta guvoh bo‘lganman!
 Mashina katta halqa yo‘l tomon burildi.
 — Bilasanmi, bizda eng nodon bola ham qari ota-onasini xor-zor qilib, yolg‘iz tashlab ketmaydi. Tashlab ketdimi, demak, u o‘zbek emas!
 Mashina chorrahada «qizil chiroq»da to‘xtatdi.
 — Mohi, bilasanmi, men seni nima uchun yaxshi ko‘raman? — dedi er va javobini kutmasdan davom etdi. — Eng avvalo, aqlli bo‘lganing uchun yaxshi ko‘raman! Aqlli odam esa chiroyli bo‘ladi!
 — Voy-vuy! Sizga nima bo‘ldi? — dedi ayol erka ovozda. — Tinchlikmi?..
 — Bugun ota-onamnikiga meni boshlab kelib, naqadar ulug‘ ish qilganingni bilmaysan-da, xotin!
 — Qo‘ysangiz-chi.
 — Otam bilan onamning go‘dakday quvonganini ko‘rding-ku o‘zing. Oshxonasiga kirib, xolodilnigini ochib qaradim. Liq to‘la.
 — Barakat topsin, kenja ukangiz bilan kelin hamma narsani badastir qilib qo‘yishibdi.
 — Molodets! Lekin biz olib borgan kabobni chol-kampir maqtab-maqtab yedi. Shunday ulug‘ ayom kunlarida ota-onamni yo‘qlamasam, qanday odam bo‘lardim, Mohi! Rahmat senga, jonim!
 Er yonida o‘tirgan ayolning muloyim qo‘lini olib, lovullab turgan yuziga bosdi. Barmoqlarini mehr bilan bir-bir o‘pdi. Shunday chiroyli, aqlli, shirinso‘z ayolni ravo ko‘rgani uchun yaratganga shukr!
 — Sen bo‘lmasang, mening ishlarim mana shu mashinaday taqqa to‘xtab qolgan bo‘lardi. Sen ayol emas, farishtasan, oltinsan, naqd barakaning o‘zisan!..
 — Qo‘ying, odamni uyaltirmang!..
 Mashina joyidan jildi.
 — Xudo xohlasa, Germaniyaga jo‘natgan mollarimizning puli bankka tushishi bilan kompaniyamiz olgan kreditni shartta yopaman. So‘ng seni Qizil dengizga olib boraman. Qirolichalardek bir yayra! O‘zim kechayu kunduz xizmatingda bo‘laman!..
 — Rahmat, adajonisi, rahmat! Iloyo, aytganingiz kelsin!.. Ba’zan o‘zingiz ham naqd televizordagi diktorlarday biyron bo‘lib ketasiz-da!..

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.