OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Qulman Ochilov. Oydin (hikoya)

 Er qo‘lini xotinining yelkasiga qo‘yib:
–    Onasi? - deydi. - Onasi?
 Ayol ko‘zlarini zo‘rg‘a ochadi.
–    Onasi, chiroqni yoqib yubor.
 Ayol turib, so‘ridan tushadi va nima qilarini anglay olmay, uyquli ko‘zlari bilan eriga qaraydi.
 -Nima dedingiz, dadasi?
 -Chiroqni yoqasanmi, degandim.
 Ayol ayvonning oq devoridan ko‘zga elas-elas tashlanib turgan o‘chirg‘ich tugmachasini bosadi. Peshtoqdagi chiroqning o‘tkir shu’lasidan ikkalasining ham ko‘zlari qamashib ketadi. Er yostig‘i ostidan daftar-qalam olib, nimalarnidir yozadi. O‘ylanib turadi-da, yana yozadi.
 -Yonib turaversinmi? - Ayol xomuza tortadi.
–    O‘chira qol. Xayolimga ikki satr gap kep qoldi. Yozay, desam, qorong‘ulik qildi.
 Ayol yana ko‘rpaga kiradi.
 -Ancha salqin tushib qolibdi.
–    Osmonga qara. Yulduzlarga qara! Hech shuncha yulduz ko‘rganmisan?..
–    Qo‘l cho‘zsang, yetguday...
 Ayol endi xomuza tortmaydi. Yulduzlarni tomosha qilib yotadi. Qaerdadir chigirtka chirillaydi. Uzoq-uzoqdan itning vovullagani eshitiladi.
 -Oydin! - deydi er ko‘rpa ichiga qo‘l yuborib, xotinining issiqqina, bo‘liqqina bilagini topadi. - Bugun qanday kun bilasanmi?
 -Chorshanba bo‘lsa kerak.
–    Ha, chorshanba. 17 iyul.
–    Nima edi?
–    Bugun roppa-rosa o‘n yil bo‘ldi.
 Ayol issiqqina kaftini erining qo‘liga qo‘yadi. Silaydi. Erining terisi muloyim. Ayol o‘z barmoqlarining dag‘alligini sezadi. O‘roq, ketmonning izi.
 -Yuragim to‘lib-toshib ketyapti. O‘n yil bo‘pti-ya!
 -Ha, umr tez o‘tayapti. Kechagina bog‘larda quvlashib yurardik.
–    Men esa bu dunyoda yuz yildan beri yashayotgandayman. Boya birdan uyg‘onib ketdim.
 Er qo‘lini ko‘rpadan chiqaradi.
–     Qarasam, ustimga oynavand qozon to‘ntarilganday. Yulduzlar charaqlab turibdi. Birdan o‘sha kun esimga tushib ketdi. Qara, o‘n yil bo‘libdi-ya! Yo, tavba-a!..
 Ayol indamaydi.
 -”O‘shanda o‘lib ketganimda, nima bo‘lardi?” deb o‘yladim. Axir xudo o‘zi asramasa, bandasining iloji qancha? Bandasining umri anavu chiroqqa o‘xshaydi, parvardigor istasa, o‘chiradi-qo‘yadi.
 -Gaplaringizning vahimaligini qarang!
 -Yo‘q, vahima emas. O‘shanda men beton to‘siq ustiga belim bilan emas, boshim bilan tushganimda nima bo‘lardi?..
 Ayol indamaydi.
 -Qo‘ying endi shu gaplarni. Uxlaylik.
 -Tasavvur qil: o‘shanda o‘lib ketsam, mendan nom-nishon ham qolmasdi. Zax yerda, qurt-qumirsqalar orasida... Ustimda o‘t-o‘lan, yontoqlar o‘sib yotardi hozir...
 -Tavba qildim! Sizga nima bo‘ldi, o‘zi!
 Ayol tirsagiga tayanib turadi va eriga qaraydi. Bilaklari oqarib ko‘rinadi.
–    Sen ham... sen ham... bu... boshqa yerda bo‘larding!..
–    Bu nima deganingiz? Meni qo‘rqitmang!..
–    Qo‘rqitayotganim yo‘q. Juda-juda gapirgim kelyapti, Oydin! Qara, odamzotning umri shunchalik jo‘n, shunchalik omonat ekan, a! Tavba-a!
Erning ovozida titroq seziladi.
-Oydin, men qanday qilib... Nima uchun... Haligi, shuytib mayib bo‘lib qolganimni bilasanmi?..
-Yarim tunda shu gaplarga zaril keptimi, dadasi. Qo‘ying.
 Ayol erining ko‘rpasini to‘g‘rilagan bo‘ladi.
–    Uxlaylik. Nahorda sutni bozorga olib chiqishim kerak.
–    Yo‘q, javob ber. Bilasanmi?
 - Nega bilmay? Hamma biladi-ku. Yakshanba kuni student oshnalaringizga qo‘shilib mardikorlikka chiqqansiz. Haligi oti nima edi?.. Bir o‘ris kishining bolkoniga deraza qo‘yib berayotganingizda to‘rtinchi qavatdan yiqilib tushgansiz.
 -Yo‘q, Oydin, sen bilmaysan. Bu – yolg‘on! Men to‘qigan yolg‘on! Meni to‘rtinchi qavatdan otib yuborishgan.
Ayol og‘ir xo‘rsinadi. Erning bilinar-bilinmas xansiragani eshitiladi.
–    Nega indamaysan?
–    Bilmadim. Menga do‘xtirlar, melisalar, eringiz bolkondan yiqilib tushibdi, degan.
–    Ay, sodda ayol, a! Shu gapga ishonib qo‘ya qoldingmi? “Nega?” “Kimning bolkonidan?” deb so‘ramading? Nega o‘sha uyning egasi erimning ahvolidan biror marta kelib xabar olmadi, deb qiziqmading?
–    Qiziqqandim.
–    Qiziqqandim?
–    Qanday xabar olsin. O‘sha ayolni ham eri urib o‘ldirishiga sal qolgan ekan-ku.
–    Qaysi ayolni?
 -O‘sha xush... toshkentlik tanishingizni... Jamilani.
 Er o‘tirib oladi.
 -Sen bilarmiding?
 Ayoldan sado chiqmaydi. Xo‘rsinadi.
–    Bilsang? Nega? Qanday qilib? Shuncha vaqt qanday qilib ichingda saqlab yurding?...
–    Bilishimni Sizga aytsam, dod-voy solsam, dardimiz yengillasharmidi? Yo siz tuzalib, oyoqqa turib ketarmidingiz?.. Enam: “Qo‘y, bolam, eringni shayton yo‘ldan urgan. Kechirimli bo‘l”, dedi... Bir kuni o‘zingiz gap ochishingizni bilardim. Mana, aytdingiz...
–     Ishonmayman! - Er yuzini ayolning ko‘kragiga bosadi. - Ishongim kelmayapti!
Ayolning qaynoq ko‘z yoshlariga erining ko‘z yoshlari qo‘shilib ketadi.
-Men sening tirnog‘ingga ham arzimayman, Oydin!
Ayol erining yelkalarini, sochlarini silaydi.
-Qo‘ying. Bunday demang, dadasi. Bolalaringiz eshitsa, qanday xayolga boradi.
Erning yelkalari uzoq titraydi. Ayol uning ko‘rpachadan pastga tushib ketgan jonsiz oyoqlarini avaylab ko‘rpaga o‘rab qo‘yadi. Xo‘rozlar qichqirib, tong oqara boshlaydi.
–    Aytgan-cha, boya yozgan she’ringiz nima haqida edi, dadasi?
 Er bazo‘r pichirlaydi:
–    Yolg‘on dunyo, sening buncha yolg‘onlaring ko‘p?
Men bilganu bilolmagan armonlaring ko‘p!..

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.