OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Qulman Ochilov. Uchinchi odam (manzaralar)

Afg‘on

Soat millari tungi ikkilarga yaqinlashganda, “dardi tamomila ko‘ndalang kelgan” hisobotimizga so‘nggi nuqtani qo‘ydik.

– Yana ikki soatdan keyin tong otadi, – dedim o‘zimni oromkursiga tappa tashlar ekanman. – Hisobotidan ham o‘rgildim! Bir kun kechroq bersak, osmon uzilib yerga tushmasdi. Yov bostirib kelayotganday, shoshirishgani- shoshirishgan. Koshki, bu qog‘ozbozlikdan birovga zarracha naf bo‘lsa!

– Charchabsiz-a? – dedi bo‘lim mudirimiz Habibullo aka oldidagi qog‘ozdan boshini ko‘tarmay. Qizig‘i, uning ovozida horg‘inlik ham, asabiylik ham sezilmasdi. Go‘yo biz bilan birga ikki hafta tunu kun qog‘oz titkilab, hissiz raqamlarni solishtirib o‘tirmagan-da, yozgi ta’tilini qora dengiz sohilidagi oromgohlarda rohat-farog‘atda o‘tkazib, hozirgina ishga kelib turganday. O‘ylasam, yoshi ellikdan oshgan, nafaqat sochi, qalin qoshlari ham allaqachon oqara boshlagan, qotmadan kelgan bu odamni uch yildan – bo‘limimizga ishga kelganidan beri har kuni shunday tetik-bardam, xushchaqchaq holda ko‘rar ekanman. Birovga ovozini balandlatib gapirganini, biror narsadan zorlanganini eslay olmayman. U qo‘l urgan ish oxiriga yetmay qolmaydi. Habibullo aka tayyorlangan hujjatga “respublikada xizmat ko‘rsatgan injiq” – raisimiz ham kiprik qoqmay qo‘l qo‘yadi.

“Yigitning guli kuniga yigirma besh soat ishlamasa, baraka topmaydi”. Mudirimizning yaxshi ko‘rgan gapi shu.

–O‘zingiz-chi, o‘zingiz charchamadingizmi?

– Hujjatimiz tayyor, ana endi bemalol barmoq bosaversak bo‘ladi, – dedi u lotereyasiga yutuq chiqqan odamday suyunib. So‘ng hisobotning beshala nusxasini ham shoshilmasdan imzolab, har birini ko‘k jildlarga alohida-alohida joylagach, qarshimdagi oromkursiga kelib o‘tirdi.

 – Xudoga shukur, charchadim, – dedi u odatdagiday salmoqlanib. – Men sizga aytsam, ishlab charchashdan katta baxt yo‘q. Tasavvur qiling, bu dunyoda necha minglab, millionlab odamlar ish topolmay, topsa durustroq haq ololmay sarson-sargardon. To‘shagiga mixlanib yotgan bemor, mayib-majruh qancha! O‘zi yaxshi ko‘rgan ish orzusida bu dunyodan o‘tib ketayotganlar qancha! Men shularni o‘ylaganimda shukur qilaman.  

Habibullo aka choynakning ustidagi baxmal g‘ilofini olib, piyolalarga choy quydi. Damlanganiga ancha bo‘lganiga qaramay choy sovimagan ekan.

– “Shukur” deganimda ko‘z oldimga bir afg‘on yigiti keladi, – deb gapida davom etdi mudirimiz. (U bir vaqtlar Afg‘onistonda ikki yil tilmochlik qilganini bilardim.) – Yigitki, haybatidan ot hurkadi. Kunda-kunora qismimizga ish so‘rab kelardi. Ofitserlar unga ishonmas, dushman tomonning xufiyasi deb gumon qilardi. Bir kuni dardini eshitib ko‘rsam, aksariyat afg‘onning boshiga tushgan kulfat u bechorani g‘am chetlab o‘tmagan ekan. Yeyishga noni, kiyishga kiyimi yo‘q. Bir boshini olib ketay desa, bola-chaqasini, urushda halok bo‘lgan akalarining yetimchalarini, keksa ota-onasini ko‘zi qiymaydi. Qishloqda esa ish yo‘q. “Bir mardum menga ikki qop un berib, o‘zimni bir oy eshak o‘rnida minsa ham rozi edim, – dedi u bir kuni. – Lekin buncha unga kamida to‘rtta eshak beradi. Shuncha eshagi bor odam meni boshiga uradimi?!” Uning oftobda kuyib-qorayib ketgan yuzida paydo bo‘lgan ayanchli kulgi haligacha ko‘z o‘ngimdan ketmaydi. Dor ostiga borayotgan mahkumlar shunday kulsa kerak.

Habibullo aka piyolasidagi so‘nggi qultum choyni ho‘pladi-da, o‘rnidan turdi.
– Anglab yetganim shuki, xudoyim ishlab charchash saodatini har kimga ham ravo ko‘ravermas ekan. – U derazaga qaradi. – Bu yoqda tong otay deb qopti-yu, falsafa so‘qib o‘tirishimizni qarang! Yoz tuni – qisqa. Tezroq uyga borib soqol-poqolimizni tarashlab kelaylik. Soat to‘qqizda ish boshlanadi...

“Ishbilarmon”

Shiypondan chiqib kelgan odamni darhol tanidim. Peshonasida besh qirrali yulduzning izi qolgan askarcha telpak, qalin paxtalik kiygan bu odam talabalik yillaridagi hujradoshim Normurod aka edi.
Qadrdonlarcha quchoqlashib ko‘rishdik. Arzon vino va ter hidi dimog‘imga gupillab urildi.
–Eson-omon yuribsizmi, Normurod aka?
–O‘zingiz-chi?
–Shukr.
– Bizdan so‘rasangiz, uka, dehqonchilikka o‘tdik. Qurilishda non qomadi. Hozir pul kimda? – U Xolmanga qaradi. Fermer ukam bir gapni sezganday, eshitmaslikka olib, nari ketdi. Normurod aka o‘zining savoliga sekin, lekin qat’iy javob berdi: – Fermerda!

Uning ko‘zlari birdan chaqnab ketdi. Go‘yo meni juda maxfiy sirdan voqif qilayotganday, necha kundan beri tig‘ tegmagan iyagini kaftiga ishqab oldi-da, shoshilib shivirlay ketdi:

– Men bu yerda qornimni qashib yotganim yuq, uka. Dehqonchilikni o‘rganyapman. Ishni zimdan kuzataman. – U gapimni biror begona odam eshitmayaptimi deganday, yon-atrofiga alanglab oldi. Ukam shiyponga kirib ketgan, terimchilar esa uzoqda – paxtazor oralab yurardi. – Xolman ukangiz fermer bo‘lib besh yilda o‘rgangan ishni men bir oyda bilib olaman. Kelgusi yili yuz gektar yer olmoqchiman. Ozrog‘iga paxta ekib, qolganiga don sepib tashlayman. Bilasizmi, hozir bozorda bug‘doy necha pul?

Bilaman desam, suhbatdoshimning hafsalasi pir bo‘lardi.

– Ikki yuz ellikka chiqdi! Surxondaryoda uch yuz deb eshitaman. Yetmish gektar yerdan o‘ttiz tsentnerdan hosil olsam, qarabsizki, bir yilda pulga ko‘milib qolaman-da! To‘g‘rimi?

Noto‘g‘ri deb bo‘larmidi:
–Pul topguncha, _ala top. Qoyil!
–Lekin, uka, gap o‘rtamizda qolsin.
Men va’dani quyiq qilib xayrlashdim.
Bundan yigirma besh-o‘ttiz yil burun, Toshkentda talabalik qozonini birga qaynatib yurgan kezlarimizda ham Normurod akaning bunday gurunglari ko‘p bo‘lardi.

– Ukajon, – derdi u, – hali ko‘rasiz, men juda boyib ketaman. Qop-qop pulim bo‘ladi. Shunda, bilasizmi, nima qilaman? Mashina olaman! Eng zo‘ridan. Mashinaning zo‘ri qanday bo‘lishini bilasiz-a?

Men hech qachon bilaman demasdim. Desam, suhbatimizning qizig‘i qolmasdi.

– Amerikalik avtomobil qiroli Ford aytgan ekanki, mashinaning eng zo‘ri – yangisi. Men hali bo‘yog‘i qurimaganidan olaman. Sizga qaysi rangi ma’qul?

–Oqi.

– Yo‘q, oqi bo‘lmaydi, qorasi - zo‘r. Prokurorlar qorasida yuradi, shunisidan olaman-da, uka, qishloqqa minib boraman. Olgunimcha hech kimga, hatto yangangizga ham aytmayman. Syurpriz qilaman. Uyning oldiga borganimda signalini bosib-bosib chalaman: bib-bi-ib!..

U chiranib chalgan signal tovushini eshitib, qishloq ahlining yarmi uyidan yugurib chiqishi aniq. Ayniqsa, kirchimolgina xotiniyu endi tetapoya bo‘la boshlagan o‘g‘lining quvonishini aytmaysizmi! Umrida eshakdan boshqa ulovi bo‘lmagan otasining-chi! Olti qizning ortidan uni tilab olgan onasining-chi!

– Normurod aka shu tobda simlari cho‘zilib, o‘rtasi cho‘kib qolgan karavotda emas, go‘yo “Volga”da o‘tirganday, derazaga qaraydi. Deraza oynalari muzlab yotibdi, hech narsa ko‘rinmaydi.

– Normurod aka, – deyman, – mashinani sotib olasizmi yo lotereyaga yutmoqchimisiz?
–Sotib olaman!

–Shuncha pulni qaerdan, qanday topasiz, aka?

–Ie! – U shunga ham aqling yetmaydimi, deganday, qo‘l siltaydi. – Oyog‘ingizning tagiga qarang, uka, pul sochilib yotibdi-ku! Ana, qarang.

Men oyog‘imning tagiga qarab, rangi o‘chib ketgan “ming yillik” sholchadan boshqa narsani ko‘rmayman.

– Yo‘q, siz gilamning tagiga qarang, gilamning!

Ammo stol tagiga engashishga ulgurmayman – hamxonam sapchib turib, sholchaning chetini ko‘tarib tashlaydi.
–Bu nima? – U ko‘rsatkich barmog‘ini bukib yog‘och polni taqillatdi.
–Pol.
–Shu yog‘och pol necha marta bo‘yalgan?
Men yelka uchiraman.
–Bilmaysiz. Hech kim bilmaydi. Bilolmaydi. Endi mana bunga qarang.
U tamaki tutunidan qorayib ketgan devorga mushtini uradi. – Bu necha marta suvalgan?
–Men qayoqdan bilay?

– Hamma gap shunda – bilmaysiz! Hech kim bilmaydi. Institutni bitirib, men prorab bo‘lamanmi? Bo‘laman. Shunda nima qilaman? Qo‘limda ishlaydigan sizday ukalarimga yordam beraman. Polni bir marta bo‘yasangiz, hujjatga uch marta bo‘yoq surdi, deb yozaman. Devorni bir marta suvoq qilsangiz, ikki marta loy urdi, deyman. Kim bilib o‘tiribdi, to‘g‘rimi? Ortib qolgan materialini sotaman. Prorabning qo‘lidan, uka, ming xil narsa o‘tadi.

Men konspekt yozishga tutinaman. U yana joyiga cho‘zilib, shiftga tikiladi. Chamasi, nimalarnidir hisob-kitob qiladi. Lekin uzoq yotolmaydi. Yana turadi. Sekin emas, sakrab turadi.

– Bo‘lmaydi, – deydi, – Ishni xom o‘ylabmiz. Mashinadan oldin to‘rtta kostyum olaman. Ikkita emas, to‘rtta!

“Qiziq, nega bitta emas, ikkita emas – to‘rtta?”- deb o‘ylayman erinchoqlik bilan. U xayolimdan o‘tgan fikrni yuz-ko‘zimdan o‘qiydi, chamasi, bajonidil izoh berishga tushadi:

– To‘rttalasi to‘rt xil rangda bo‘ladi. Qorasini majlislarga kiyib boraman. Oq ko‘ylak, qizil galstuk bilan. Jigarrangini - ishga, oqini to‘y-hashamga kiyaman. Sherali Jo‘raevnikiga o‘xshagan kulrangini esa jononlarning oldiga borayotganimda ko‘rasiz.

Mening kulgim qistaydi.

– Ha, nimaga tirjayasiz? Shuncha pul topsam-u, bu dunyodan bitta xotin bilan o‘tamanmi?..

Odatdagiday, ertalab choyni damlab, Normurod akani uyg‘otishga tushaman.

– Birinchi dars – “tarix”, - deydi u ko‘rpadan boshini chiqarmay. – Tarixni siz o‘qing – jurnalist bo‘lasiz. Prorabga matematika ham yetib-ortadi.

 Ammo darsdan qaytganimda uni yana to‘shakda ko‘raman.

– Fikrimdan qaytdim, uka, - deydi u jiddiy. – To‘rt xil kostyum olsam, odamlar falonchining bolasi bosar-tusarini bilmay qopti, deb gap qiladi. Yaxshisi, to‘rtta bir xilidan – kulrangidan olaman...

– Normurod aka sening dalangda nima qilib yuribdi? – deb so‘radim ukamdan daladan qaytayotganimizda.

– Ikki oy bo‘ldi, shiyponda yashaydi. Qorovul. Xotini uydan haydab yuborgan.

Ichmayman

Ergash – ming yillik do‘stim. U – rassom, men – yetakchi muharrir. Nashriyotga bir vaqtda ishga kirib, bir yilda uylanganmiz. Farzandlarimiz ham tengdosh – kattalari o‘n oltida bo‘lsa, kichiklari o‘n ikki yoshda. Unda ikki qiz, menda ikki o‘g‘il. Shuning uchunmi, ertalab gazeta-jurnallarga ko‘z yugurtirib chiqqanimdan keyin uning xonasiga birrov bosh suqmasam, o‘zimni nosqovog‘ini yo‘qotgan bangiday his qilaman. Qo‘lim ishga bormaydi. Lekin Ergashni ertalablari mening xonamga miltiq o‘qtalib ham olib kirolmaysiz.

–Assalomu alaykum va rahmatullohu va barakotuhu!
Nimalarnidir chizib o‘tirgan Ergash siyrak sochli boshini asabiy irg‘ab qo‘yadi. Men bildirgan samimiy va ezgu tilaklarga javobi – shu.

–Yaxshi dam olib keldingizmi, Ergash Mamanovich?

 Bu gal u bosh qimirlatishni ham ep ko‘rmaydi. Qanshariga qo‘ndirilgan gardishi yo‘g‘on ko‘zoynagi ustidan yovqarash qiladi. Men uning bunday muomalalariga ko‘nikib ketganman. Shuning uchun parvo ham qilmasdan har xil bo‘yoq, tamakiyu spirt hididan dimiqib ketgan xona derazasini lang ochib yuboraman.

– Havoning musaffoligini qarang! Bizning esa katalakday xonalarda tamaki tutuniga ko‘milib umrimiz o‘tayapti.

– Ichmayma-a-an! – deb baqiradi u . – Meni yo‘ldan urma! Ado bo‘lgur, ado qilding-ku!
– Bilganingizni qiling, Ergash Mamanovich! Lekin ba’zi-ba’zida xonani shabadalatib turish foydadan xoli emas. Bu yerda odam tugul suvarak ham dimiqib o‘ladi.

Shunday deb xonamga ravona bo‘laman va sezamanki, Ergash ortimdan qarab qoladi. “Xafa qilib qo‘ymadimmi?” deb o‘ylasa kerak.

Soat millari o‘n ikkiga yaqinlashganida tanish qadam tovushlari eshitiladi.
– O‘tiraveramizmi? – deydi Ergash eshikdan bosh suqib. – Tushlik qilmaymizmi?
– Tushlikkacha hali bir soatu o‘n yetti daqiqa bor, – deyman men devordagi soatga ishora qilib. – Mehnat intizomini buzishga haqqimiz yo‘q.
– Boshni qotirma. Tanglayim qaqrab ketyapti. Bo‘l, biror joyga boraylik.
“Faoliyatimiz”ni ko‘chaning narigi tomonidagi qahvaxonada pivodan boshlaymiz. Ergash ketma-ket ikki bokalni sipqoradi. Lekin hovuri bosilmaydi, chog‘i:
–Maydalashib o‘tirmasdan asosiy masalaga o‘ta qolaylik, - deydi.
–Ertaroq emasmikan? Hali peshin ham bo‘lmadi-ku.
–Men bugungi ishimni bajardim – rasmlarni texmuharrirga topshirdim.
–Men esa qo‘lyozmani uyga olib ketib o‘qishim ham mumkin.
–Unda hech kimdan qo‘rqadigan joyimiz qomabdi.
–Ovozga qo‘yaman: asosiy masalaga o‘tilsin deganlar qo‘l ko‘tarib tasdiqlasin!
Taklif bir ovozdan qabul qilingach, stolimizda “Stolichnaya” paydo bo‘ladi. Birinchi qadahdan keyin Ergashning chiroyi ochiladi:
–Bitta savol bor, – deydi u.
–Xo‘sh?
–Nega seni ko‘rsam ichgim kelaverarkan-a?
–Bilmadim, jo‘ra. Men seni ko‘rsam, ovqat ham yegim kelaveradi.

Bittadan lag‘mon buyuramiz. Lekin Ergash ovqatga qo‘l urmaydi – suv bilan “gazak” qiladi. Bu orada mening tomog‘imdan ikkita somsa ham o‘tib ketadi.

-Mendan na O‘rol Tansiqboev chiqdi, na Ro‘zi Choriev, - deydi hamshisham. – Ne-ne orzularim bor edi. O‘tirgan joyimizni qara!

U stolga mushtlaydi, qadahlar jaranglab ketadi.

– Molodoy chelovek ne nado buyanit! – deydi ofitsiant xotin. – A to militsiyani chakeram!
–O‘zingni bos! – deyman. – Men ham Abdulla Oripov bo‘lolmadim. Lekin o‘lganim yo‘q. Yuribman.
–Endi nima qilamiz, jo‘ra, nima qilamiz?
–Nima qilardik, xudo deb yashayveramiz-da. Biz yetolmagan narsalarga, ana, farzandlarimiz...
–Senga nima, o‘g‘illaring bor.
–Noshukr bo‘lma.
Oqshom chog‘i Ergashni ko‘chasining boshida qoldirib, o‘zim uyga qaytaman.
Ertalab xonasiga kirganimda u yana asabiy o‘shqiradi:
–Ichmayma-an! Meni yo‘ldan urma!

Oyna

Torgina qabulxonada uch kishi o‘tiribmiz. Sovuqdan junjikkan kotiba shol ro‘moliga o‘ranganicha nimalarnidir qitirlatib yozayotir. Yana men va oq-sariqdan kelgan qiltiriq bir odam. Uning burni tagidagi qo‘ng‘iz mo‘ylabida tomchi yaltiraydi.

- Muxbirman deng? – deb ijikilab so‘raydi u: gap sotgisi kelayotgani ko‘rinib turibdi. – Maqtaysizmi yo urasizmi?

– Kimni? Nimani? – deyman men ensam qotganini sezdirmaslikka tirishib.
- Kimni bo‘lardi, kattamizni-da. – U “Rais” so‘zi yozilgan taxtacha osig‘liq zalvorli eshikka ishora qiladi: - Men shu xo‘jalikda o‘ttiz yildan beri duradgor-ustaman. E-e, kimlar kelib-ketmadi bu xonaga! Ammo bunaqa rahbarni ko‘rmaganman. Ilgari ham institutni bitirib kelib, ikki-uch yil injenerlik qilgan shu yerda. Keyin shaharga ko‘tarilib ketdi. U yoqda katta lavozimlarda ishlagan deb eshitaman. Rais bo‘lib keldi-yu ikki haftada hamma ishni o‘z yo‘rig‘iga solib oldi. Kattayu kichikni zirillatadi.
–O‘zingiz qanday tashvishlar bilan yuribsiz? – deb so‘rayman.
–Arpaga ariza bilan keldim. Qo‘ylarimning yemi tugab qopti. Iskalatda g‘alla ko‘p. Biz ham besh-o‘n kilo olsak, kamayib qolmas.
Qo‘ng‘iroq sas berdi.
–Kiring, - dedi kotiba hamsuhbatimga.
–Hali sizni kutib turaman, - deb shivirladi qo‘ng‘izmo‘ylov o‘rnidan turar ekan. – Raisimiz haqida aytadigan yaxshi gaplarim ko‘p. Men uni mushtdayligidan bilaman.
Birpasdan keyin u shalviraganicha qaytib chiqdi.
–Ish bitdimi?
U kulimsiradi. Kulgisi o‘g‘irlik ustida ko‘lga tushgan odamning esankirashiga o‘xshardi.
–Yo‘q.
–Nega?
–Arizamga qo‘l qo‘ysa, enasi qisir qolarmish.
–Kimning?
–Kimning bo‘lardi, raisning-da!
Kotiba qalin lablari orasidan har biri miltiqning o‘qiday keladigan so‘yloq tishlarini ko‘rsatdi.
–Nima dedi o‘zi? – deb qo‘ymadim men ham.
–Otasidan qolgan derazani esladi! Olti yil burungi gap-a!
–Qanaqa derazani?
–Ilgari shu yerda injener bo‘lgan edi, dedim-ku boya...
–Xo‘sh?
– Xo‘jaligimizning kattakon garaji bor, shu garajning derazasidagi bir ko‘z oyna sinib qolgan ekan. “Usta aka, shuni oynalab qo‘ying”, dedi. “Xo‘p”, dedim. Dedim-u, savil, qunt qilmagan ekanman. Bu orada o‘zi shaharga ishga o‘tib ketdi. Hozir shu derazani eslasa bo‘ladimi! Arizamni o‘qib chiqdi-da, qaytarib oldimga tashladi. “Avval derazani oynalang, keyin gaplashamiz”, dedi. O‘-o‘, qiyomat, olti yildan beri esida turgan ekan-a!..
–Endi nima qilmoqchisiz?
– Nima qilardim? – usta pochapo‘stinining tugmasini qadar ekan. – Itning fe’li egasiga ma’lum – hozir borib oyna qo‘ymasam, arizamni qo‘liga olmaydi , bu nonemas!

Uchinchi odam

–Allo, garajmi?
–Ashshalomu alaykum!
–Bu garajmi?
–Ashshalomu alaykum!
–Men sizdan garajmi, deb so‘rayapman!
–Men shijga ashshalomu alaykum deyapan!
–Siz kim bilan gaplashayotganingizni bilasizmi o‘zi?!
–Menga bayibiy!
–Men direktorman!
–Meng desa obko‘m bo‘mayshijmi! Avvl salom beyishni o‘yganing.
–E-e, ahmoq odam ekansan-ku!
–Joti pash! Tuf-fu!...

* * *
    
–Allo, injener, sizmisiz?
–Assalomu alaykum! O‘zimman, direktor buva.
–Anavi noskashni qaysi ahmoq garajga qorovul qilib qo‘ygan, o‘zi?
–Orif akanimi?
–Muomalaning ko‘chasiga kirmagan befarosat ekan-ku! Birov bilan gaplashayotganida, hech bo‘lmasa, og‘zidagi nosini tupuray demaydi.
–Nima bo‘ldi?
– Nima bo‘lardi, sizni so‘rab telefon qilmas, salom bermading, deb menga aql o‘rgatadi. Kalaka qiladi. Xudo urgan odam ekan-ku.
– Qo‘ying, xafa bo‘lmang. Sal o‘jarligi bor. Lekin o‘zi yaxshi odam. Salom bermaganni yomon ko‘radi, xolos. Hammamiz garajga kirayotganimizda ham, chiqqanimizda ham salomni kanda qilmaymiz u kishiga. Balki sizni tanimagandir.
–Ishdan haydang. Shunda yaxshilab tanib oladi.
– Bunday qilolmayman, direktor buva. Jo‘ja birday jon. O‘n ikki yildan beri qorovul bo‘lib ishlaydi. Ishiga gap yo‘q.
– Shunday katta korxonaning kuni qaerdagi noskashga qolgan bo‘lsa, siz nima qilib yuribsiz? Ertaga arizasi stolimda bo‘lsin!
–Bunday qilolmayman, katta buva. Janjal chiqadi.
–Ie, nimaga janjal chiqadi? Tilingiz qisiqmi yo?..
–Nima desam ekan... Abror Nurmanovichning amakisi bo‘ladi.
–Qaysi Abror Nurmanovichning? Trest boshlig‘iningmi?
–Ha.
– Him. Pishqirishi... dadil-dadil gapirishlaridan sezganday bo‘luvdim-a. Da-a... Ko‘chada yotgan xodani bossang, ilon bo‘lib chaqadi...

* * *

–Assalomu alaykum! Qorovul buva, sizmisiz?
–Vaalaykum assalom! O‘zim, o‘zim.
–Hormang! Tinchlikmi, ishqilib?
–Salomat bo‘ling. Tinchlik.
–Direktorning gapiga qaraganda, tinchlikka o‘xshmaydi-ku.
–Darrov chaqipti-da? Sizga gap tegizibman-da, uka. Ob-bo!
–Nima ham qilardik, rahbarimiz-da. Boshi – yosh. O‘rganib ketar.
–Nima dedi?
–Nima deganini qo‘yavering. Siz – haqsiz.
–Rahmat, uka! Umringizdan baraka toping!
–Aytgancha, Abror kimingiz bo‘ladi?
–Qaysi Abror?
–Abror Nurmanovich-chi, boshqarma boshlig‘i.
–Hech kimim. Unday odamni tanimayman.
– Mabodo direktor Abror Nurmanovich kimingiz bo‘ladi, deb so‘rab qolsa, “jiyanim” deb qo‘yarsiz.
–A? Ha-a. Xo‘p-xo‘p. Tushundim.

«Tafakkur» jurnali, 2006 yil 3-son.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.