Iste’dodli adib va jurnalist Rajabboy Ota Turk (Raupov) Buxoro viloyatining Shofirkon tumanida tug‘ilgan (21.03.1955).
Toshkent Davlat universitetining jurnalistika fakulteti (1978), M.Gorkiy nomidagi Moskva adabiyot instituti Oliy kursini (1989) tugatgan.
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati”, “Xalq so‘zi” “Ishonch” gazetalarida bo‘lim mudiri, “O‘zbekiston tabiati” va “Ipak yo‘li” gazetalarining tashkilotchisi hamda Bosh muharriri vazifasida faoliyat ko‘rsatgan.
“Yurak sadosi” (1981), “Ona so‘z” (1989), “Nur darvozasi”, “E’tiqod” (2002), “Ustun” (2002-2005) kabi nasriy kitoblari chop etilgan. Uning “Osmonning egasi”, “Ostona”, va “Ona so‘z” qissalari mashhur. “Yurakdagi Buxoro” (1998) to‘plamining tuzuvchisi va mualliflaridan biri.
“Ustun” romanida akademik H.Abdullaevning dolg‘ali hayoti tasvirlangan. “Xayotimga suiqasd” nomli hujjatli romani avtobiografik xarakterga ega. Uning hikoya va qissalari rus, polyak, gruzin tillarida chop etilgan. Rus yozuvchilari, olimlari yosh o‘zbek yozuvchisi (80-yillar) Rajabboy Raupovning hikoyalari nasrchilikda milliy hodisa ekani haqida yozdilar...
Ayni damda u geologiya, geofizika, seysmologiya, gidrogeologiya sohalari bilan jiddiy shug‘ullanib, “Neft va gaz konlari geologiyasi hamda qidiruvi instituti OAJ 50 yoshda” (2009), “Mineral resurslar instituti” va “Seysmologiya instituti” (2012) kabi kitoblarni nashr ettirdi.