Oq tulporim bor edi,
Beklar unga zor edi.
Tulpor emas, u menga,
Ham do‘stu ham yor edi.
Muhammad Yusuf
Osmonning tiniq yuzini bir zumda qora dog‘ qoplay boshladi. Chang-to‘zon ko‘kka ko‘tarilib, uvillayotgan shamol yo‘lida uchragan jamiki narsani o‘z qa’riga tortadi. Shu vajohati bilan qum yerlarga ham yetib keldi. Yantoqlar shamol zarbidan yerga engashadi-da, yana qaddini rostlaydi, shoxlarini changak qilib ko‘kka qo‘l cho‘zadi, ilojini topib, shu qora osmondan bir parcha uzib olguday... Shamol yantoqlarni qumga ko‘madi, yantoqlar bor kuchlari bilan qad bukmaslikka intiladi…
To‘zon ichra bir yo‘lovchi qum zarralaridan yuzlarini to‘sganicha, tebranib-tebranib qadam tashlaydi. Uning maqsadi bitta. Qanday bo‘lsa-da, Qoraqashqa samanni topish. Yigitlik umrining yagona ovunchog‘i, g‘ururi mana shu samantoy. Og‘zi oshga yetganda undan ajralish qanchalik og‘ir. Qolaversa, bu Qora daraxt hududida bo‘lib o‘tgan uloq va poygalarda hech bir otga bo‘yin bermagan oq samanning yagona nasli mana shu Qoraqashqa edi. Ot o‘rnini toy bosar deganlaridek, Qoraqashqa ham ko‘rsa ko‘rgudek, havas qilgulik ot bo‘ldi. Uning shamol kabi yelishi har qanday ot galalari ichida ajralib turadi. Samanga ne-ne chavandozlar, uloqchilar og‘iz solmadi, va’dalar bermadi. Yetim bolani aldab, qo‘rqitib ham ko‘rishdi. Ammo Komil bo‘sh kelmadi. Toyni rahmatli otasi o‘rgatgan usullar, o‘gitlar bilan o‘zi parvarish qildi. Endi uning kuchli bilaklari, burgut changalidek mustahkam panjalari, keng yelkalari uloq chopishga undaydi.
Uloqning o‘z qonun-qoidalari bor. Chavandoz kuchli, oti nobop bo‘lsa, undan uloqchi chiqmaydi. Yosh Komilda esa hamma narsa mujassam. Butun ayg‘irlar ichida o‘ziga xosligi bilan ajralib turgan Qoraqashqa yosh chavandozning buyruqlariga itoat etadi. Ot tizginini xiyol tortib, uzangisiga oyoq tirasang bas, saman cho‘k tushgandek pastga egiladi-da, bir niqtov bilan shamoldek yeladi. Bu sirni otasidan bir-ikki eshitgani, ko‘z bilan ko‘rganida ancha yosh bo‘lsa-da, uqib qolgani uchun Qoraqashqani ana shunga o‘rgatib parvarish qildi. Amirobodning tomoshapoyasida u birinchi marta katta davraga chiqdi. Mana men degan chavandoz, uloqchi otlar ichida hali durustroq ko‘krak yozib ulgurmagan kichik samanga yo‘l bo‘lsin. Hamqishloqlari esa unga umid ko‘zi bilan qaraydi. Ayniqsa qishloqning eng keksa kishisi bo‘lgan Ibrohim otaning aytganlari hamon yodida.
– Otangni ruhi qo‘llasin, pirlar madadkor bo‘lsin. Uloqdan quruq qo‘l bilan chiqma, – deya fotiha qilganida qanchalik hayajon bilan to‘pga qo‘shilib ketganini aslo unutgani yo‘q.
…Uloq zabtiga oldi, kuyib-pishib yelayotgan otlarni jon-jahdlari bilan niqtayotgan, ayovsiz qamchilayotgan, bolaxonador so‘kingan, qosh-qovoqlari, yuzlari qamchi zarbidan yorilgan, qo‘llari tirnalib, qonga belangan uloqchi-chavandozlar shafqat bilmay oldinga intiladi. Otlar vujudidan ter to‘kiladi, qamchi zarbi, azobiga chidolmay ko‘kka sakrab kishnaydi. Ot tuyoqlari ostida uloq yotibdi, endi qo‘l yetay deganda kimdir otga qamchi uradi-yu, baquvvat oti kuchsiz otni surib tashlaydi. Komil payt poylab ot galalarini gir aylanmoqda. Qoraqashqa bir niqtovga shay turibdi, iloji bo‘lsa, uzangini chaynab uzsa-yu o‘zini otlar to‘piga ursa… Yosh chavandoz uchun har daqiqa g‘animat, ozgina imkon bo‘lsa bas, qolgan ishni Qoraqashqasi eplaydi. Ana, to‘riqqa kimdir qamchi urdi shekilli, kaltak zarbiga chiday olmay oldidagi ikki otni turtib, o‘zini chetga oldi. Chavandoz esa so‘kinganicha ot tizginini tortib ortga chorladi. Bu Komil chavandoz uchun qo‘l keldi, otiga izn berdi, saman otlar galasini yorib kirdi, chavandoz ot uzangisiga oyoq tirab yuganini tortdi. Qoraqashqa xiyol egildi, uloqning bir tomonini ushlashga uringan Qosim karvonning qo‘li havolab qoldi. Komil uloqqa qo‘li tegishi bilan otni niqtadi. Qoraqashqa to‘qimlaridan o‘t chaqnadi, har chopganida uyum-uyum tuproqlarni osmonga sachratib, borliqni chang-to‘zonga burkab, yeldek uchib ketdi. Komil yilqi galalari, uloqchilar qurshovidan chiqqanidan xursand. Uloqni taqimiga bosib, ikki oyog‘ini ustiga tashlab, «Hayt, hayt» degancha otni niqtaydi… Atrofni odamlar hayqirig‘i tutgan: «Yashavor, aylantir, aylantir!» Amirobodliklar esa qishlog‘idan chiqqan yangi chavandoz va Qoraqashqasi bilan maqtanganlaricha davrada yastanib, g‘ururlanib o‘tiribdi.
Uloqchilar qanday bo‘lsa-da, uning yo‘lini to‘sish payida, har tomondan ot soladi. Ana, jalaerlik Qosim karvon qorabayiri bilan unga ko‘ndalang chiqdi. Boshqa ot bo‘lganida to‘satdan qo‘yilgan bu to‘siqqa dosh berolmay to‘xtab qolishi kerak edi. Lekin Qoraqashqa esankiramadi. Komil chavandoz ham pinak buzmadi. Ot qora bayir tumshug‘iga o‘zini urdi, qorabayir qo‘rqqanidan kishnab ortga bir-ikki qadam chekindi. Agar Qosim karvon chapdastlik qilib qolmaganida, ot shu alfozda orqasiga yiqilishi hech gap emasdi. Bu holatdan so‘ng qorabayirning orqa oyog‘i lat yedimi, oqsoqlanib qoldi. Bu uloqda Qoraqashqaga teng keladigan ot topilmadi. U har uloqqa kirganda o‘ljani oldi. Komil chavandoz olqish, sovg‘a-salomlar ichida qoldi…
Hali hamma narsa oldinda, u otasidek elga, yurtga mashhur chavandoz bo‘ladi. Baxtiga Qoraqashqasi omon bo‘lsa, bas. Uloqdan so‘ng otning xaridori yanada ko‘paydi. Hatto, uchqur, uloqchi, zotdor otlarni parvarishlab nom qozongan Qosim polvon og‘iz soldi. Bitta ot uchun ikki-uch ot sotib olgudek pul va’da qilsa-da, Komil ko‘nmadi. Ne-ne odamlar, tanish-bilishlarini o‘rtaga solsa hamki, yigit aytgan so‘zidan qaytmadi. Xaridori ko‘paygani sari saman to‘lishib yanada ko‘rkam, chiroyli va baquvvat bo‘lib borardi. Dashtqishloqda Polvon rais o‘g‘lining xatnasida bo‘lgan uloqda mana-man degan sara uloqchilar, chopqir tulporlar yig‘ilganda ham Qoraqashqa va Komil chavandoz o‘z so‘zini aytdi. Sovrinning kattasi bir bosh novvos unga nasib etdi. Katta yutuq ilinjida davraga ot solganlar qo‘liga tuflab, zimdan hasad bilan davrani tark etdilar…
– Ot ishqibozlarining fe’li o‘jar bo‘ladi, qiziqib qolsa, unga yetishmasa, egar-jabduqqa minib, miriqib chopmasa, hojati chiqmaydi, – degandi otasi. Otning xaridori ko‘payganidan hadiksiragan Komil yotog‘ini otxona ichiga ko‘chirdi, har holda ehtiyot bo‘lgani yaxshi.
…Tun sokinligini ahyon-ahyonda yer depsinib qo‘yayotgan Qoraqashqaning pishqiriqlari buzadi. Komil chavandoz ko‘zini uyqu elitdi.
…U o‘z saman toyi ustida viqor bilan atrofga boqqan, o‘zi va samaniga havas bilan boqayotgan do‘st-birodarlari qurshovida sarmast davra kezadi. Uzoq-uzoqlarda oq samanni turfa bezaklar bilan to‘ldirgan otasi ot choptirib kelmoqda. Ko‘zlaridan quvonch balqib turibdi. Bu yoqda esa chaqmoqdek qashqa samanda yastanib o‘tirgan Komil ot tizginini bo‘sh qo‘ydi, olam yorug‘ nurlar bilan bezandi. Saman qanot chiqarib uchgandek yelib boryapti. Mana hozir ota va bola diydorlashadi. Komilning otasiga aytgulik gaplari ko‘p. Hammasini aytadi, kerakli o‘gitlar eshitadi. Yana uch-to‘rt odim tashlasa bas, unga yetadi. Birdan atrof qorong‘ulashib ketdi, oq saman ko‘zdan yo‘qoldi…
Komil qattiq musht zarbidan ingrab, yerga yuztuban yiqildi. Ko‘z oldi qorong‘ulashib ketdi. Kim, qaerdan kelib boshiga zarba urganini bilmay qoldi. Ikki zabardast yigit ustiga minib boshiga qop kiygizdi-da, oyoq-qo‘lini bog‘lab, og‘ziga latta tiqib kigiz tepgandek tepib tashladi. Qoraqashqa bo‘yin bermasdan yer depsinib kishnadi-da, shamoldek uchib ketdi… Komil qancha chalajon yotganini bilmaydi. Birodari Ali kosib so‘roqlab kelmaganida, shu alfozda jon berardi…
Qoraqashqaning o‘g‘irlab ketilgani atrof qishloqlargacha tarqaldi. Samanni qidirmagan, so‘roqlamagan odam qolmadi. Hech qaerdan jo‘yali xabar chiqmadi, yigitning qaddi kamondek egildi. Kechagina viqorli, baquvvatlikda tengqurlaridan ajralib turgan, ko‘zlarida o‘t chaqnagan er yigitning ikki-uch kunda qaddi bukildi, ko‘zlari nursiz bo‘lib qoldi.
– Bitta otga shunchalikmi, mol topiladigan narsa, bu bo‘lmasa boshqasini xarid qil, parvarishla, shunga ham ota go‘ri, qozixonami? – deguvchilar bo‘ldi. Lekin bu gaplar Komilning ko‘ngliga taskin-tasalli bermadi. O‘z samanini topishiga imoni komil edi. Hali qanchadan-qancha uloq va poygalarda Qoraqashqa tuyoqlari yer titratishiga ishonadi…
Hafta deganda otning daragi chiqqandek bo‘ldi. Lekin bu ham shunchaki taxmin edi. Ko‘pni ko‘rgan keksalar shoshilmasdan, obdon so‘rab-surishtirishni maslahat berishdi. «Birovni o‘g‘ri deyish qiyin. Ko‘zing bilan ko‘rib, qo‘ling bilan ushlamadingmi, tuhmat qilolmaysan», deyishdi. Ammo Komil o‘tira olmay qoldi, uning ko‘ngli saman topilganini sezgandek hapqirardi, go‘yoki Qoraqashqa o‘z chavandozini chorlayotgandek uning kishnashi chavandoz quloqlari ostida jarangladi.
Komil hech kimga indamay yayov yo‘lga chiqdi, bisotida bir meshcha suv. Poyonsiz qumlik ichra ketib bormoqda. Ustiga-ustak shamol tobora kuchayib, uvullaydi. Ochlik va suvsizlikdan sillasi qurib, tobora madorsizlanib borayotgan yo‘lovchi ko‘zlariga shu’la ko‘rindi. U sevinib ketdi. Sahro qo‘ynida panoh topgan o‘g‘rilar chaylasiga yetib kelganidan xursand edi. Itlar bor ovozlarida akillardi, ikki otliq yo‘lovchiga peshvoz chiqdi-da, atrofini bir aylanib, ot egasini tanishdi chog‘i, lom-mim demay otlariga qamchi urib, ovul tomon yelib ketishdi. Uni o‘tovning besh-olti navqiron yigiti qarshi oldi-da, qo‘lini orqaga olib o‘tov sari yetaklashdi. O‘tov mustahkam tiklangan, hamma narsa muhayyo.
To‘rida egniga chakmon tashlagan keng yelkali, ko‘zlari xunuk chaqnab turuvchi, shop mo‘ylovli kimsa kerishib esnasa-da, boshi bilan imo qilgach, bir kosa suv berishdi.
– Xush kelibsan, chavandoz? Sening saman toying haqida ancha-muncha gaplar eshitgandik, mana o‘zingni ham ko‘rdik. Xudoga shukr. O‘tir, bir-ikki kun mehmonimiz bo‘l.
Komilning quloqlariga gap kirmas, nigohlari, butun vujudi bilan o‘z samanini izlardi.
– Otimni qidirib keldim.
– Ot, qanaqa ot? Kim aytdi uni biz o‘g‘irladik deb. O‘z ko‘zing bilan ko‘rdingmi? Kim nima desa kelaverasanmi, ammamning buzog‘iga o‘xshab?
– Ot senda ekan. – Komil ancha dadillashib, qat’iy ohangda so‘z aytdi.
– O‘zing kelib, o‘g‘ilbolachilik qilibsan, yigit. Gapning po‘stkallasini aytganda otni biz o‘g‘irlamadik, faqat bir-ikki kun yo‘rg‘alatib ko‘rish uchun olgandik, xolos. Lekin oting zo‘r ekan. Qaniydi bizda ham shunday ot bo‘lsa.
Sardor o‘rnidan turib Komilga yaqinlashdi-da, yelkasiga shappat urdi.
– Endi chavandoz, ot menga yoqib qoldi, shu bois unga qancha so‘rasang, beraman. Ayt, qancha beray?..
Komil o‘t bo‘lib yondi, qo‘llari beixtiyor musht bo‘lib tugildi-da, qulochkashlab bir musht tushirdi. Kutilmagan zarbadan Sardor yumalab ketdi. Shu topda ikki yigit Komilning ustiga tashlanib yerga yiqitdi.
– Seni durust bola desam, rasvo ekansan-ku, – deya og‘zidan sizib chiqqan qonni tufladi-da, Komilga musht soldi Sardor. Chavandoz yerga muk tushdi. Uni sudrashib Qoraqashqa bog‘lov turgan o‘tovga tashlashdi. Ot chavandozni tanidi, unga erkalangandek pishqirib, boshlarini sarak-saraklab, yollarini o‘ynatdi. Chavandoz unga talpindi, yollarini silay desa qo‘llari bog‘liq. Ko‘zlari yoshlandi, iloji bo‘lsa kipriklari bilan otni erkalasa, unga orom bersa.
…Qoraqashqa, jonivorim, bu ham bir qismat. Odamlar borni ham, yo‘qni ham ko‘rolmaydi. Lekin seni mendan hech kim ajrata olmaydi. Dov-daraxtlar, maysalar quyosh nuri bilan tirik, inson bolasi odam tafti bilan yashasa, men sendan bahra olaman, sendan ayrilgandan ko‘ra…
Bir yigit qo‘lida pichoq va arqon tutgancha o‘tovga kirdi. Ortidan esa to‘rt yigit va Sardor kirib keldi-da, bir-birlariga ma’noli qarab olgach, so‘z boshlashdi.
– Yana o‘ylab ko‘r, otni sot. Agar sotmasang, bo‘g‘izlab yeb bitiramiz. Senga ham, menga ham yo‘q.
Komilning miyasi g‘uvillab ketdi. Nima deyapti bu g‘alamis, jonidan-da aziz ko‘rgan otni bo‘g‘izlab bo‘ladimi?
– Sotmayman, men uchun jonimdan-da aziz bu jonivor.
– Unda o‘zingdan ko‘r, – dedi-da, yigitlariga otni yiqitishni buyurdi. Qoraqashqa yerda yotibdi. Qo‘rquvdan eti titraydi, ko‘zlarini olazarak qilib boshini ko‘tarishga, o‘rnidan turishga unnaydi. Ko‘zlari bilan dam chavandozga, dam qo‘lida pichoq tutgan kimsaga boqib yolvorgandek tipirchilaydi. Ana o‘tkir tig‘li pichoq otning bo‘yniga qadaldi, atrofdagilar «omin» deb qo‘llarini duoga ochdi.
Nogahon, qattiq, bo‘g‘iq ovozdagi baqiriqdan hamma to‘xtadi!
– So‘ymanglar, so‘yma, it emgan, men rozi, – deya Komil boshini yerga egib, yelkalari siltanib yig‘lab yubordi.
Sardor miyig‘ida kulib, qo‘lidagi qamchini kaftlariga urib, chavandoz boshiga keldi-da, qamchi dastasi bilan Komilning iyagidan ko‘tardi.
– Bitta ot joningdan ham ortiqmi? Galvars ekansan!
– Ot minmagan, otning qadrini qaerdan biladi, haromi. Bilib qo‘y, otni abgor qilsang, uvoliga qolasan.
Sardor boshqa gap qo‘shmadi, buyog‘ini menga qo‘yib ber degandek, gerdayib ot yollariga shappalatib urib tashqariga chiqib ketdi.
Samanning oyoqlari bo‘shatildi. Komil chavandozning qo‘liga bir tugun pul tutqazishdi…
Komil tobora madorsizlanib, ohista qadam tashlab ortga qaramay ketib bormoqda. O‘tovda esa Qora qashqa yer tepinib kishnaydi. Ot minib o‘rgangan er yigit qanday otsiz yuradi, el ko‘ziga qanday qaraydi? Qishlog‘iga quruq qo‘l, bir xalta pul ko‘tarib qaytgani Qoraqashqa o‘rnini bosa olarmidi? Endi nima degan odam bo‘ldi. Do‘st-dushman holing shu ekan-ku, chiranganing nima, desa, ne deydi. Horg‘in, toliqqan, xo‘rlangan chavandozga qaysi manzil sari borish, yashashning ham qizig‘i yo‘qoldi. U ko‘r-ko‘rona qadam tashlab, tebranib-tebranib ketmoqda. Chavandoz yana holdan toydi, qumga botgan oyoqlarini ko‘tarishga-da majol qolmadi. Tomog‘idan nam o‘tmadi, ko‘z ochirgani shamol qo‘ymadi. Bir-ikki odimlagach, yuztuban yiqildi. Shamol tobora zabtiga olib, uvvos soladi, atrofda qum barxanlari ko‘chib yuribdi. Tugunga solingan pullar shamol zabtida xazon kabi ko‘kka ko‘tarilib, ko‘zdan yo‘qoldi…
“Yoshlik” jurnali, 2013 yil, 11-son.