1
Tushimda barmog‘iga uzuk taqqan sichqon qopqon ko‘tarib mushukni quvlab yurganmish... Ko‘nglim xijil bo‘ldi. Tushimga sichqon kirishi yaxshilikkamas, bunga bir necha bor amin bo‘lganman. Qaysi kuniyam suvga kalla tashlayotgan sichqonni tush ko‘rgandim. Ertasiga qaynonam tomondan xunuk xabar keldi: qaynotam to‘yda araqqa bo‘kkan ekan, aksimni ko‘raman deb quduqqa egilib pastga qulabdi!
Qo‘limdagi ruchkani stol ustiga tashlab o‘rnimdan turdim. Ko‘rgan tushim sira xayolimdan ketmayapti. Behudagamas bu. Qandaydir noxush voqea yuz beradigan ko‘rinadi.
Eshik ochilib, bo‘limimiz boshlig‘i podpolkovnik Sharipov bilan 50-55 yoshlardagi uzun bo‘yli, ozg‘in ayol ichkariga kirgandi. Ayolga razm soldim. Oq-qora aralash sochlari kalta qirqilgan, qarashlari nihoyatda jiddiy, yonoq suyaklari bo‘rtib turgan yuzida yupqa upa qatlami sezilyapti. Chap qo‘lida tilla soat, har barmog‘ida bittadan tilla uzuk. Umri buyruq berish bilan o‘tayotgani shundoqqina sezilib turgan kibor xonim!
– Tanishing, Salima Hikmatovna, – tilga kirdi podpolkovnik. – Kapitan Akbarov. Bo‘limimizning tajribali xodimlaridan.
Ayol – Salima Hikmatovna bosh irg‘adi.
– Tanishganimdan xursandman. O‘tirsam maylimi?
– Bemalol. Kapitan, Salima Hikmatovnaga diqqat bilan quloq soling. Keyin, xonamga kirasiz.
– Xo‘p bo‘ladi, o‘rtoq podpolkovnik.
Podpolkovnik Sharipov chiqib ketganidan so‘ng, stol orqasiga o‘tib kursiga joylashdim.
– Tug‘ilgan yilingiz? Manzilingiz?
– Tug‘ilgan yilim shartmi?
– Shart bo‘lmasa so‘ramasdim.
– 55 yoshdaman. Muchalim sichqon...
Yana sichqon! Jin ursin!
– Qulog‘im sizda, – g‘o‘ldiradim Salima Hikmatovna haqidagi ma’lumotlarni qog‘ozga tushirganimdan so‘ng.
– Arvohlarga ishonasizmi?
– Kechirasiz?..
– Arvohlarga ishonasizmi, deb so‘rayapman.
– Buning ishga aloqasi bormi?
– Bor.
– Deylik, ishonaman. Muddaoga o‘ting.
– Men arvohdan shikoyat qilib keldim, o‘rtoq kapitan.
Salimaga tikilibroq qarab qo‘ydim. Yuz-ko‘zlari, o‘zini tutishi, ohangidan mast yoki esini yegan ayolga o‘xshamaydi. Ammo, muddaosi g‘alati. Arvohdan shikoyat qilib kelganmish! Tag‘in qaerga? Militsiyaga!
– Kechirasizu, biz arvohlar bilan emas, tirik qonunbuzarlar bilan shug‘ullanamiz...
– Bu yerga behuda kelibsiz demoqchimisiz?
– Yo‘q. Men nima uchun aynan arvohdan shikoyat qilib kelganingizni tushunolmayapman. Nima, qachon, qaerda kabi savollar ko‘ndalang turib qolyapti. Demak, qulog‘im sizda!
Salima so‘lg‘in tin oldi. So‘lg‘in tin oldi-yu, qaddini g‘oz tutib xonaga kirgan kibrli ayoldan asar ham qolmadi. Uning o‘rnida butunlay gangib qolgan ojiz, yoshi o‘tgan ayol paydo bo‘lgandi.
– Men Hasan Jabborning xotiniman, – tilga kirdi u yana so‘lg‘in tin olib, – Erimni tanisangiz kerak. Ikkilanibroq bosh irg‘adim. Hasan Jabbor haqida eshitganim bor. Adashmayotgan bo‘lsam, bir yilmi, bir yarim yilmi oldin og‘zidagi luqmani yutishga ham sabri chidamay shundoq dasturxon yonida jon bergan ekan.
– Erim rahmatlik puldor odam edi, – davom etdi Salima. – O‘limidan oldin mening nomimga, bankka katta pul qo‘ygandi. Ikrom Rustamovichning bankiga. Ikrom Rustamovichni tanisangiz kerak?
Bu safar komil ishonch bilan bosh irg‘adim. Ikrom Rustamovich shahardagi banklardan birining xo‘jayini edi. Bu odam haqida gap ketsa har kim har xil fikr bildirar, do‘stlariga quloq solinsa u juda insofli, o‘ta halol inson, dushmanlarining nazdida esa, dunyoda undanda marazroq jonzotning o‘zi yo‘q edi.
– Erim mening nomimga qo‘ygan pullar olamdan o‘tganimdan so‘ng farzandlarimiz – Shermat va Davron Jabborovlar orasida teng taqsimlanishi kerak edi...
Uchinchi marta so‘lg‘in tin olgan Salima Hikmatovna jimib qoldi.
– Nima, pullarni farzandlaringizga qoldirmaslikka qaror qildingizmi?
– Gap puldamas. Aniqrog‘i, pulda... Erim olamdan o‘tganini aytdim. Biroq, u meni bezovta qilyapti.
– Kim bezovta qilyapti?
– U... Erim. Keyingi uch kun ichida erimning... o‘zi yoki ruhi ikki marta yonimga keldi. Uyqumda emas, o‘ngimda yonimga keldi, men bilan gaplashdi. Siz menga ishonmayapsiz-a?
Javobni hayallatdim. To‘g‘ri, shu yoshga yetib arvohni o‘z ko‘zim bilan ko‘rganim yo‘q, biroq bu degani arvoh yo‘q narsa degani emas. Yaxshi-yomon ruhlar haqida turli gap-so‘zlarni eshitganman. Ammo, shu paytgacha biron kimsa militsiyaga arvohdan shikoyat qilganini eshitmagandim.
– Eringizning ruhi nima uchun sizni bezovta qilayotgani meni qiziqtirib qo‘ydi, Salima Hikmatovna. Men bilan gaplashdi dedingiz. Nima haqda gaplashdinglar?
– Erimning ruhi birinchi marta kelganida bank bilan tuzgan shartnomani o‘zgartirishimni so‘ragandi.
– Keyingi kelganida-chi?
– Talab qildi.
Stol ustida turgan ruchkaga qo‘l cho‘zarkanman peshonam tirishganini his qildim. Talab qilganmish! Qachondan beri arvohlar bankdagi pullar bilan qiziqadigan bo‘lib qolishdi?!
– Qaysi ma’noda o‘zgartirishingizni so‘radi? Farzandlaringizni puldan mahrum qilishingizni talab qildimi?
– Yo‘q. Bitimni o‘zgartir deb uch marta aytdi. Boshqa nimadir dedimi-yo‘qmi, bilmayman. Hushimdan ketib qoldim.
– Hasan Jabborning ruhi bank bilan tuzgan bitimni o‘zgartirishingizni talab qilgan bo‘lsa... Ochig‘i, yoningizga kelgan ruhning arvohlarga yarashmaydigan qiliq qilgani menga shubhali tuyulyapti. Chunki shu paytgacha bironta arvoh bankdagi pul bilan qiziqqanini eshitmaganman. Keling, bu muammoga boshqa tomondan nazar tashlaymiz. Farzandlaringiz – Shermat va Davron Jabborovlar...
– Bu ishga farzandlarimning aloqasi yo‘q, o‘rtoq kapitan! – so‘zlarimni cho‘rt kesdi Salima qoshlarini chimirib.
– Men sizga aloqasi bor deganim yo‘q.
– Bilaman, siz erimning ruhi kelganiga ishonmaganingiz uchun farzandlarimdan gumon qilyapsiz. Umuman olganda, sizni tushunish mumkin. Sizlar ishni gumon qilishdan boshlaysizlar o‘zi... Ammo, aytib qo‘yay, farzandlarim juda mehribon, to‘g‘riso‘z, nihoyatda halol yigitlar. Istardimki...
– Qaytarib aytaman, Salima Hikmatovna, men, juda bo‘lmaganda hozircha, hech kimdan gumon qilayotganim yo‘q. Savollarimga qisqa va lo‘nda javob qilsangiz muammoga tezroq yechim topgan bo‘lardik. Uyingizda siz bilan farzandlaringizdan boshqa odam yashaydimi?
– Yo‘q. Ya’ni, yashaydi desam ham bo‘laveradi. Uy xizmatchim bor. Xolboy. Xolboy Norboev. Uyi qishloqda bo‘lgani bois, haftada uch kun biznikida yotib qoladi. Hovlimizda unga atab kichkina uycha qurdirganmiz. Xolboy juda halol, mo‘min-qobil, diyonatli yigit.
Hammasi xalol, hammasi diyonatli, dedim o‘zimga o‘zim Xolboy Norboev haqidagi ma’lumotlarni qog‘ozga tushirarkanman. Salima Hikmatovna tirik farishtalar orasida yasharkan, qarang!
– Eringizning arvohi kelganida Xolboy Norboev uyingizdamidi?
– Endi uy xizmatchimdan shubhalanyapsizmi?
– Men savol beryapman.
– Biznikida edi. Biroq, undan shubhalanmang. U juda halol...
– ...mo‘min-qobil, diyonatli odam ekanligini eshitdim. Keling, muddaoga qaytamiz. Eringizning farzandlaringizdan boshqa merosxo‘rlari bormi?
– Yo‘q, – dedi Salima “yaxshiyam yo‘q” demoqchi bo‘lgan odam ohangida, – Erim bolalar uyida tarbiyalangan. Aka-uka, opa-singil kabi meros talashadigan qarindosh-urug‘lari yo‘q.
– Balki...
– Noqonuniy tug‘ilgan bolalari ham yo‘q! Iltimos, erimning xotirasini haqorat qilmang!
– Men muammoga yechim topish uchun harakat qilyapman, Salima Hikmatovna. Shuning uchun, savollarimdan og‘rinmang. Arvoh qachon, qanday vaziyatda paydo bo‘lgani...
– Bu haqda, sizlarning tilingiz bilan aytganda, voqea yuz bergan joyda, ya’ni uyimda gaplashsak degandim. Bugun qishloqqa ketaman. Ota-onamning qabrini ziyorat qilmoqchiman. Sizni ertaga uyimda kutaman.
Salima yana umri buyruq berish bilan o‘tayotgan kibrli ayolga aylanib bo‘lgandi. Shuning uchunmi, xayr-ma’zurni qiyomatga qoldirib eshikka yo‘naldi.
– Bir daqiqa, – g‘o‘ldiradim uning bu qilig‘ini ma’qullamay o‘rnimdan turarkanman, – Bu yerga kelganingizdan farzandlaringizning xabari bormi?
– Yo‘q! – Salima tutqichga qo‘l cho‘zdi.
– Hozircha bu haqda ularga aytmasangiz yaxshi bo‘lardi.
– U holda, uyimga borganingizda sizni kim deb tanishtiraman? Sug‘urta agenti debmi?
– Yo‘q. Sug‘urta agentlarini jinim suymaydi. Bank yuristi sifatida uyingizga borsam nima deysiz? Yo sizda boshqa taklif bormi?
Bir muddat o‘yga tolgan Salima Hikmatovna lom-mim deb og‘iz ochgani yo‘q. Bosh irg‘ab qo‘ydi-da eshikni ochdi. Eshik yopilgach stol ustida yotgan qog‘ozni olib podpolkovnik Sharipovning xonasiga yo‘l oldim.
2
Sharipov ham ne der edi?
Topshiriq berdi. Jiddiy ishlashni, zarurligini uqtirdi. Mana, o‘sha ayol yashaydigan mahalla ispektorning eshigiga ro‘baro‘ bo‘lib turibman.
– Mumkinmi, kirsak?
Yelkalari keng, go‘shtdor yuzli, katta leytenant Hakimov qo‘lidagi qog‘ozdan nigohini olib menga qaradi.
– Jinoyat qidiruv bo‘limi xodimlariga eshigimiz har doim ochiq! Chunki, sizlardan eshikni yopib qutulishning iloji yo‘q, baribir ochishga majbur qilasizlar... Xullas, xush ko‘rdik, o‘rtoq kapitan!
– Xushvaqt bo‘l. Bezovta qilmadimmi, Botir?
Qo‘l olishdik. Hakimov kursiga ishora qildi.
– Bezovta qilmadim deb hisoblayver. Bu yerda nima qilyapsan, Farrux? Shu issiqda jinoyatchilarni ovlayapsanmi?
Uning haziliga munosabat bildirganim yo‘q. Yapaloq papkamni ochib bir varaq qog‘oz sug‘urdim.
– Meni sening uchastkangda yashaydigan, aniqrog‘i, yashagan bir odam qiziqtiryapti.
– Yashagan?
– Menga Hasan Jabbor haqida ma’lumot kerak, Botir.
Hakimov stol ustida yotgan sigaret qutisidan bir dona sug‘urib gugurtga cho‘zildi.
– Bir yil oldin olamdan o‘tgan odam haqidagi ma’lumot nega kerak bo‘lib qoldi deb so‘raganim bilan baribir aytmaysan. Shuning uchun, sinchkovlik qilib o‘tirmay muddaoga o‘ta qolaman. Yoz. Hasan Jabbor. Bolalar uyida tarbiyalangan. Ismi Hasan bo‘lgani bilan Husani yo‘q. Kim unga nima uchun bunday ism qo‘yganini bilmayman. Yozyapsanmi?
– Davom etaver.
– Eshitishimcha, Hasan Jabbor 25 yoshida Halima ismlik qizni sevib qolib sovchi qo‘yadi va...
– Adashayotganing yo‘qmi? Salimaga sovchi qo‘ygan demoqchi emasmisan mabodo?
– Indallosini aytguncha savolga ko‘mib tashlamay oxirigacha eshit. Hasan Jabbor 25 yoshida Halima ismlik qizga sovchi qo‘yib Halimagamas, uning opasi Salimaga uylangan. Bunga nima deysan?
Hech nima degani yo‘q. Men ham 25 yoshimda xotinimga sovchi qo‘ygandim, ammo, xotinimning opasiga uylanganim yo‘q... G‘alati odam bo‘lgan ekanmi Hasan Jabbor degani?
– Hasan aka g‘alati odam edi, – davom qildi Hakimov mening o‘yimni uqqan misol, – Shunaqangi g‘alati qiliqlari bor ediki, eshitgan odam yoqasini ushlardi.
– Masalan?
– Masalanmi? Bozorda o‘tiradigan tilanchiga bir million so‘m sadaqa qilganini o‘z ko‘zim bilan ko‘rganman.
– Bir million so‘mga boyigan o‘sha tilanchi qaerda hozir?
– Haliyam bozorda. Tilanchilikni tashlab meva-cheva bilan savdo qiladigan biznesmenga aylangan. Yaqinda yap-yangi “Malibu” sotib olganini eshitdim. Xullas, Hasan Jabborga ta’rif berish qiyin. Bir qarasang saxiy, bir qarasang o‘larcha ziqna... Bir og‘iz so‘z bilan aytganda, g‘alati odam edi, rahmatlik.
– Tushunarli. Salima Jabborova haqida nima deya olasan?
Yelka qisib qo‘ygan katta leytenant Hakimov o‘rnidan turib derazaga yaqinlashdi. Derazaning bir tabaqasini ochib sigaret tutatgach og‘zidan pag‘a-pag‘a tutun chiqarib tilga kirdi.
– Badavlat odamning xotiniga aylangan puldor odamning qizi. Qo‘lini sovuq suvga urmay umri o‘tayotgan ayol. Yana nima deyishim mumkin?
– Deyarli hech nima deganing yo‘q. Farzandlari...
– Ularning farzandi yo‘q. Salima tug‘magan.
Tag‘in unga savol nazari bilan qarab qo‘yishimga to‘g‘ri keldi. Hazillashyaptimi? Yo Hasan Jabborning ikkita o‘g‘li borligini bilmas ekanmi?
– Nega farzandi yo‘q deyapsan? Shermat bilan Davron-chi?
– Hasan Jabbor salkam 40 yil xotini bilan bir yostiqqa bosh qo‘yib farzand ko‘rmagan, Farrux. Bundan o‘n yil oldin Shermatni bolalar uyidan olib kelgandi. O‘sha yili Salima Jabborova singlisidan qolgan farzand – Davronni qaramog‘iga oldi. Hozir ikkalasi ham 25 yoshda.
Hakimov aytgan ma’lumotlarni qayd qilarkanman, ko‘z o‘ngimda Salima Jabborova gavdalandi. Shermat bilan Davronni farzandim degandi menga. Boqib olishgani haqida aytmagandi. Ko‘p narsalarni aytmagan ko‘rinadi...
– Shermat va Davron Jabborovlar haqida nima deya olasan?
– Shermat maishatga o‘ch, takasaltang, g‘irt yaramas yigit. San’at oliygohining aktyorlik fakultetiga o‘qishga kirib uchinchi kursda tashlab ketgan. Shundan beri hech qaerda o‘qimaydiyam, ishlamaydiyam. Bir-ikki marta ko‘chada mast-alast yurganini ko‘rib ogohlantirishimga to‘g‘ri keldi. Davron Jabborov esa duradgor usta. Mahallada kichkina ustaxonasi bor. Qo‘li gul yigit.
– Botir, Salima Jabborovaning uy xizmatchisi to‘g‘risida ham ikki og‘iz.
– Xolboy haqidami? Menga qara, Farrux, Hasan Jabborning uyiga borasanmi?
– Boraman.
– Borganingdan keyin Xolboyning qanday odamligini o‘zing ko‘rasan! – Hakimov sigaret qoldig‘ini tashqariga uloqtirib derazani yopdi. – Menga boshqa savol yo‘qmi, izquvar?
– Yo‘q.
– Aybga buyurma, ishim boshimdan oshib yotibdi.
Uchastka noziriga minnatdorchilik bildirib xonadan chiqib ketdim.
3
Hasan Jabborning darvozasi oldida mashinadan tushib, uyga razm soldim. Ikki qavatlik rosmana saroy. Tomi, shu matoh bilan savdo qiladiganlarning tili bilan aytganda, “ming yil suvga bo‘ktirib qo‘yilsa ham zanglamaydigan” tunuka bilan yopilgan, har burchagiga bittadan qarg‘aga o‘xshab ketadigan qushning tunuka haykalchasi o‘rnatilgandi. Uyni hovliga qo‘shib ikki odam balandligidagi g‘ishtin devor o‘rab turardi. Devorga mustahkam temir darvoza, darvoza biqiniga temir eshik o‘rnatilgan. Eshik tepasida kuzatuv kamerasi ko‘rinmaydi, xolos...
Qo‘ltig‘imdagi papkani qo‘limga olib hovli eshigiga yaqinlashdim. Eshikka 13 raqami ilingan, raqam ustida qo‘ng‘iroq tugmasi bo‘rtib turardi.
"Hasan Jabbor 13-chisloda tug‘ilib oyning 13-kuni dasturxon atrofida jon taslim qilgan”, deb o‘yladim eshik qo‘ng‘irog‘iga qo‘l cho‘zarkanman, uyining raqami ham 13! Hammayoqni 13 raqami bosib ketdi...
Qo‘ng‘iroqni bosib bir qadam orqaga chekindim. Ancha kutdim, biroq eshik ochilgani yo‘q. Qo‘ng‘iroqni yana, bu safar uzoqroq bosib, tag‘in bir qadam orqaga chekindimda, kuta boshladim. Bu yerga kelayotib qo‘ng‘iroq qilganim-da xonadon bekasi qishloqdan qaytganiga qo‘shib meni kutayotganini ham aytgandi. Uyiga qaytgani balki rostdir, biroq keyingisi haqiqatdan yiroq ko‘rinyapti. Aks holda, eshik oldida qotib turmagan bo‘lardim!
– Kim? – uchinchi marta qo‘ng‘iroqni bosganimdan keyingina ichkaridan erkak kishining ovozi eshitildi.
– Akbarovman.
– Qaysi Akbarov? Domla Akbarovmisiz?
– Yo‘q, yurist Akbarovman. O‘zingiz kimsiz?
– Menmi? Xolboyman. Sizga kim kerak?
– Salima Hikmatovnaning taklifi bilan keldim. Eshikni ochasizmi yo...
Javob qaytgani yo‘q. Toqatim toq bo‘lib Jabborovaga qo‘ng‘iroq qilish uchun qo‘l telefonimni chiqardim. Chaqiruv tugmachasiga barmog‘imni qo‘ygan paytim eshik ochilib 30 dan to 50 yoshgacha bo‘lgan yoshlarning barini berish mumkin bo‘lgan o‘rta bo‘yli, burundor kimsa ko‘rindi. Agar Xolboy Norboev degani shu odam bo‘lsa, nafaqat ismi, balki familiyasi ham o‘ziga juda mos ekan. Tasavvur qiling: chap yuzida o‘nga yaqin katta-kichik xol, o‘ng yuzida chaqaloqning shapalog‘iday keladigan nor bo‘rtib turibdi. Katta burni yapaloq basharasiga yopishtirib qo‘yilganga o‘xshaydi. Ko‘z qorachiqlari bir joyda tek turmay u yoqdan bu yoqqa o‘nayotgani sabab ko‘zlari hozirgina o‘g‘irlik jinoyatini sodir etgan o‘g‘rining ko‘zlariga o‘xshab ketardi.
– Sizmi yurist? – tilga kirdi Xolboy bir qadam orqaga chekinib.
– Bir soatdan beri eshik qo‘ng‘irog‘ini bosayotgan odam ham menman! Salima Hikmatovnaga kelganimni ayting!
Xolboy yana bir qadam orqaga chekindi.
– Opam sizni kutyapti.
– Opangiz? Salima Hikmatovna sizning opangizmi?
– Opam. Ota bir, ona boshqa opa-ukamiz.
Ularning qanaqasiga opa-uka ekanligini eshitib norozilik bilan bosh chayqab qo‘ydim. Salima Hikmatovna Xolboyni uy xizmatchim degandi. Aslida esa, bir otaning pushtikamaridan dunyoga kelgan opa-uka bo‘lib chiqyapti!
– Qayoqqa?
– Uyga, qayoqqa bo‘lardi!
Darvoza bilan uyning orasi nari borsa o‘n qadamcha kelardi. Uy eshigiga yaqinlashgan paytim yurishdan to‘xtab orqamga qaradim. Hovli eshikka allaqachon tamba urilgan, Xolboy Norboev qayoqqadir g‘oyib bo‘lgandi. Temir tamba surilganda chiqaradigan tovushga qo‘shib qadamining tovushlarini ham eshitganim yo‘q. Xuddi arvohga o‘xshab sassiz odimlab ko‘zdan yo‘qolibdi. Uning bu qilig‘ini yoqtirmay u yoq-bu yoqqa alanglagandim, hovlining bir chetiga qurilgan pastak binoga ko‘zim tushdi. Kimdir darpardaning bir chetini surib derazadan menga qarab turganini ilg‘adim. Ammo, kimligini aniqlay olganim yo‘q. Darparda surilib meni kuzatayotgan odam ko‘zdan yo‘qoldi.
Xolboy bo‘lsa kerak deb o‘yladim.
Shu vaqt eshik ochildi. Salima Hikmatovna ko‘rindi. Egnida guldor xalat, boshida yupqa ro‘mol, burni ustiga oynagi qalin ko‘zoynak qo‘ndirib olibdi. Qo‘lidagi kitobga qarab qo‘ydim. “Ruhlar haqida ma’lumot”.
– Salom, Salima Hikmatovna.
– Salom, o‘rtoq kapi...
– Yurist.
– Ha-ha, o‘rtoq yurist!
Kitobga ishora qildim.
– Ma’lumot bor ekanmi?
– Bor, faqat bir tiyinga qimmat! Kiring.
Eshikdan katta, aniqrog‘i, juda katta ayvonga kirdik. Ayvon devorlariga jimjimador naqshlar o‘yilgan, shiftda bahaybat qandil osilib turar, ro‘paradagi devorni butunicha ulkan uy kinoteatri egallab olgandi. Oyoq ostida qimmatbaho gilamlar, uy kinoteatrining ro‘parasida bitta divan bilan to‘rtta o‘rindig‘i juda qalin yumshoq kursi ko‘rinyapti.
– Ichkariga o‘tamiz.
Salima ayvon devoriga o‘rnatilgan eshiklardan birini ochdi. Avval uzun dahlizga, dahlizdan o‘rtacha kattalikdagi xonaga kirdik. Xona o‘rtasiga ikki kishilik yog‘och karavot, devor ostiga pardoz stoli qo‘yilgandi. Stol ustida atir-upa, lab bo‘yoq kabi ayollar yuziga jilo berishda ishlatadigan narsalar ko‘rinyapti.
– O‘tiring, – kursiga ishora qildi Salima. – Voqea yotoqda bo‘lib o‘tgani uchun sizni shu yerga boshlab keldim.
Kursiga o‘tirdim.
– Nega Xolboy Norboev ukangiz ekanligini aytmadingiz? – so‘radim papkamdan bir varaq qog‘oz chiqarib.
– Bu uzoq va endi dalillar bilan isbotlashning iloji bo‘lmagan tarix. Uy bekasi karavot chetiga omonat cho‘kdi. – Otam rahmatlik Xolboyning onasi bilan yaqin bo‘lganligi haqida eshitganman. Ammo bu gap rostmi, yolg‘onmi, otamning o‘zi-yu, Xolboyning rahmatlik onasidan boshqa hech kim bilmaydi. Qolaversa, buning ishga aloqasi ham yo‘q.
– Norboev siznikida anchadan beri xizmat qilyaptimi?
– Salkam o‘n besh yildan beri. Meni “opa” deb chaqiradi, men uni xafa qilmaslik uchun “uka” deyman.
– Norboevning oilasi bormi?
– Yo‘q. Qamoqda o‘tirgan payti tashlab ketgan.
– Norboev qamalganmi?
– O‘tirib chiqqan. O‘zining moli bu yoqda qolib, qo‘shnisining sigirini so‘yib sotgan ekan...
– Mayli, bu haqda keyin gaplashamiz. Demak, qulog‘im sizda. Hammasini bir boshdan so‘zlab bering.
Salima xo‘rsinib qo‘ydi-da bo‘lgan voqeani hikoya qila boshladi.
– Uch kun oldin, kechki payt yuz berdi bu voqea. Uyda yolg‘iz o‘zim edim, televizorda serial tomosha qilayotgandim. Bir vaqt oshxonadan nimaningdir taraqlagan tovushi eshitildi. O‘rnimdan turib oshxonaga chiqdim. Qarasam, dahshat. Men suygan paxta gulli choynak oyoq ostida chil-chil sinib yotardi!
– Siz suygan choynakning sinishi, deylik, ko‘ngilsizlik, ammo dahshat emas... Mushuk-pushuk kirgan bo‘lsa...
– Nima deb o‘ylaysiz, janob yurist, eshik-derazasi zich yopilgan oshxonaga mushuk kirishi mumkinmi?
– Tushunarli. Davom eting.
Yana bir marta xo‘rsinib qo‘ygan Salima hikoyasini davom etdi.
– Choynak tokchada turgandi. Jonsiz narsa qanday qilib yerga tushib ketgan bo‘lishi mumkin? Jon kirganmi? Azbaroyi choynagimga achinganimdan, hatto, qo‘shnilarning bolalaridan ham shubhalandim. To‘g‘ri, qo‘shnilarimning farzandlari orasida shumtakalari bor, ammo ular mening oshxonamga kirib suygan choynagimni sindirib ketishlari aqlga sig‘adigan taxmin emas.
Bu fikrga yuz foiz qo‘shilganim uchun e’tiroz bildirganim yo‘q.
Tokchada turgan choynakning o‘zidan o‘zi yerga tushib ketishi avvaliga sirli, keyin shubhali tuyula boshladi. Bekorgamas bu, dedim o‘zimga o‘zim, biron-bir ko‘ngilsiz voqea yuz beradigan ko‘rinadi! O‘ylab adashmagan ekanman. Oshxonadan chiqishim bilan kuchli shamol qo‘zg‘aldi...
– Meni kechirasizu, shamolning qo‘zg‘alishiga singan choynagingizning aloqasi bor deb o‘ylaysizmi?
– Davomini eshiting. Yarim tunga yaqin shamol yanada zo‘raydi. Endi ko‘zim ilingan ekan, qarsillagan tovushdan cho‘chib uyg‘ondim. Bir muddat yotgan joyimda tashqariga quloq tutdim. Qadam tovushlari eshitilganday bo‘ldi. Sekin o‘rnimdan turib derazaga yaqinlashdim. Hovli zimiston qo‘ynida qolgan, darvoza tepasidagi chiroq o‘chgan edi. Ichimda kalima qaytarib karavotga qaytmoqchi bo‘lgan paytim, derazaning bir tabaqasi taraqlab ochildi-yu taxtadek qotib qoldim. Shundoq ro‘paramda... erim turardi!
Ko‘zlari katta-katta ochilib ketgan Salima, xuddi hozir ham erining ruhini ko‘rayotganday derazaga qadalgancha qotib qoldi.
– Nega jimib qoldingiz? Keyin nima bo‘ldi? Meni eshityapsizmi, Salima Hikmatovna? Salima Hikmatovna, iltimos, o‘zingizni qo‘lga oling. Menga qarang. Menga qarang!
Nihoyat, uy bekasining ko‘zlari asliga qaytdi. Yuzlariga qon yugurib nimalarnidir ming‘illagan ko‘yi yuziga fotiha tortganidan keyin menga yuzlandi.
– Nima deyatgandim?
– Eringizning arvohiga qarab qotib qolgan ekansiz. Keyin nima bo‘lganini aytasizmi?
– Aytaman. Kalima qaytaray desam tilim aylanmasdi, baqiray desam ovozim chiqmasdi. Turgan joyimda taxtadek qotib qolgandim. “Xotin, dedi bir vaqt erim barmoqlaridan nur taratib, bankdagi pullarimga tegishli bitimni o‘zgartir... o‘zgartir... o‘zgar...tirrr...” Keyin nima bo‘lganini bilmayman, hushimdan ketib oyoq ostiga yiqilibman. Bu voqea birinchi kelganida yuz bergandi. Keyingisida yana bitimni o‘zgartirishimni talab qilgach, onamning tug‘ilgan kuni hisob berishim kerakligini aytdi. Shu joyiga kelganda yana hushimdan ketdim. O‘zimga kelib qarasam, arvoh yo‘q, tepamda Shermat bilan Davron o‘tiribdi. Ularga bo‘lgan voqeani so‘zlab berdim. Menga ishonishdimi-yo‘qmi, bilmayman.
– Aynan eringizning arvohini ko‘rganingizga ishonchingiz komilmi?
– Ochig‘i, arvoh deyishga ham tilim bormaydi. Xuddi, o‘zi kelganday! O‘sha soqol, o‘sha muylov! Men sovg‘a qilgan ko‘zoynakni taqib olgandi!
– O‘lgan odamning go‘rdan chiqib kelishiga, yumshoqroq qilib aytganda, ishonish qiyin. Tag‘in kelgan odam bir yildan beri tuproq ostida yotgan bo‘lsa! Bunaqasi hali bo‘lmagan. Bo‘lmasa ham kerak. Ko‘zoynak deyapsiz, eringizning ko‘zoynagi qaerda edi?
– Ish kabinetidagi stol tortmasida turardi. Ikki kundan beri qidirib topolmayapman. Erim ko‘zoynagini olib ketgan ko‘rinadi...
Bu taxminni tahlil qilishga uringanim ham yo‘q. Jin ursin, bir yil oldin o‘lib, tanasi qurt-qumursqaga yem bo‘lgan odamga ko‘zoynakning nima keragi bor?!
– Arvoh deyapsiz. Eshitishimcha, arvohda vujud bo‘lmas ekan. Siz esa, derazani ochdi dedingiz...
– Ochgani uchun ochdi deyapman! Ularga deraza nima, devor ham cho‘t emas.
– Eringizning arvohi faqat bankdagi pullar haqida gapirdimi? Boshqa hech nima degani yo‘qmi?
– Yo‘q. Yana kelishini aytib ko‘zdan yo‘qoldi.
O‘rnimdan turib derazaga yaqinlashdim. Tashqariga qaradim. Yotoqxona derazasi orqa hovliga ochilgandi. Orqa hovli har xil mevali daraxtlar ekilgan boqqa tutashib ketgan. Bog‘ to‘rida qandaydir pastak binolar ko‘rinyapti. Arvoh daraxtlar orasidan chiqib derazaga yaqinlashgan bo‘lsa kerak. Ruh emish! Arvoh degani kelib-kelib bankdagi pul bilan qiziqadimi?!
– Agar sizga ma’qul bo‘lmaydigan savollarni bersam, aybga buyurmang, – dedim orqamga o‘girilib, – Arvohni “ovlayotgan” paytim kerak bo‘lib qolishi mumkin. Ko‘zingizga eringiz ko‘ringanida...
– Men ko‘zimga ko‘rindi deganim yo‘q!
– Uzr. Eringizning ruhi arvohlarga yarashmaydigan talab bilan kelganida uyda sizdan boshqa odam bormidi?
– Hech kim yo‘q edi. Shermat ziyofatga ketgandi. Davron ustaxonada ishlaydi, alla-pallada uyga qaytadi.
– Xolboy-chi?
– Nima Xolboy?
– Shu yerdamidi?
– Hovlidagi uychada uxlayotgandi, adashmasam.
– Demak, eringizning ruhi kelganida uyda o‘zingiz, hovlida Xolboydan boshqa hech kim yo‘q edi, shundaymi?
– Bu bilan nima demoqchisiz?
Nima demoqchiligimni oshkor etganim yo‘q. Hozircha bu xonadonga kirib-chiqadigan odamlarning birontasidan ham gumon qilishga yetarlik asosim yo‘q. To‘g‘ri, Xolboy Norboev menda g‘alati taassurot qoldirdi. Ko‘zlari o‘g‘rinikiga, basharasi qallobnikiga o‘xshaydi, birovning sigirini so‘yib sotgani uchun o‘tirib ham chiqqan. Shuningdek, sassiz odimlab arvohlardek g‘oyib bo‘lishni o‘rniga qo‘yishi ham rost. Biroq bular undan jiddiy shubhalanishga asos bo‘lolmasdi.
Navbatdagi savolni yo‘llash uchun og‘iz juftlaganimda tashqaridan nimaningdir qarsillab singani eshitildi. Orqamga o‘girildim. Odatda, daraxtning qurigan shoxi ustiga oyoq bosilsa, shunaqangi tovush chiqaradi. Ayni boqqa qaragan paytim ko‘kimtir sport ishtoni bilan yengi uzun qora ko‘ylakka o‘ralgan gavda ishkom orqasiga o‘zini urib ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Lop etib ko‘z o‘ngimda Xolboy Norboev gavdalandi. U ham shu rangdagi sport ishtoni bila yengi uzun qora ko‘ylak kiyib olgandi.
– Birovni qidiryapsizmi? – so‘radi Salima xonaga cho‘kkan sukunat bag‘rini tilib. – Boqqa tikilib qoldingiz?
– Shunchaki, o‘zim. Ayting-chi, Salima Hikmatovna, mabodo, merosxo‘rlaringizdan birini puldan mahrum qilishga to‘g‘ri kelib qolsa, qaysi birining ismini ro‘yxatdan o‘chirgan bo‘lardingiz?
– Buning boshimga tushgan muammoga aloqasi bormi?
– Aloqasi bo‘lishi mumkin.
– Avval, aloqasi bor-yo‘qligini aniqlang, keyin savolingizga javob beraman!
Yana ishkom tomonga qarab qo‘ydim. Tokning yaproqlari shunchalik qalin ediki, orqasida odam nima, butun boshli traktor turgan bo‘lsa ham ko‘rinmasdi.
– Farzandlaringiz bilan gaplashsam yaxshi bo‘lardi, Salima Hikmatovna.
Salima o‘rnidan turdi.
– Yuring.
So‘nggi marta ishkomga qarab qo‘ydim-da xonadon bekasiga ergashib yotoqxonadan chiqib ketdim.
4
Hasan Jabborning koshonasi, uy bekasining tili bilan aytganda, uch qismga bo‘lingan edi. Ayvonning chap tomoni Salima Hikmatovnaga tegishli hudud. Undan beruxsat bu hududga o‘tishga Shermat bilan Davronning haqqi yo‘q. Ayvonning o‘ng tomoni ularga tegishli (turgan gapki, uy bekasi bo‘lgani bois, ruxsat so‘rab o‘tirmay ularning hududiga o‘tishga Salimaning yuz foiz haqqi bor). Ayvon bilan ikkinchi qavatdagi xonalar esa umumiy, xohlagan paytda kirish-chiqish, mehmon kutish mumkin.
– Siz shu yerda kutib turing. Salima divanga ishora qilib xonalardan biriga kirib ketdi. Ishora qilingan joyga o‘tirganimdan so‘ng, avval uy kinoteatriga, keyin yon tomondagi devorga ilingan katta suratga qaradim. Suratda kalta soqol-mo‘ylovi o‘ziga umuman yarashmagan 55-60 yoshlardagi tepakal, qo‘pol basharalik odam xo‘mrayib turardi.
Hasan Jabbor degani shu odam bo‘lsa kerak. Jahli chiqib turgan payti suratga tushgan ko‘rinadi...
Yana uy kinoteatriga yuzlandim.
– Qancha turarkan? Uyimdagi televizor bu matohning o‘ndan biri kattaligicha keladi. Televizorni bir oylik maoshimga sotib olgandim. Demak, men ham xuddi shunday uy kinoteatrini sotib olishni istasam...
Afsuski, o‘yimni oxiriga yetkazishga ulgurganim yo‘q. Xona eshigi ochilib ayvonga chiqqan Salima menga yaqinlashdi.
– Erim... – so‘lg‘in tin oldi suratga ishora qilib.
– O‘zim ham Hasan Jabbor shu odam bo‘lsa kerak deb o‘ylagandim.
– Shu odam... Qanday inson edi-ya! Gursillatib yurganida yer, qah-qah otib kulganida, osmon titrardi... Eh, endi nimasini aytay...
– Shermat qaerdaligini ayting.
– Xonasida o‘tiribdi. Sizni kutyapti. Faqat...
– Nima “faqat?”
– O‘g‘lim haqida noto‘g‘ri fikrga bormang. Erim Shermatni juda yaxshi ko‘rardi, rahmatlik. Polvon o‘g‘lim derdi...
Xotiralar og‘ushida qolgan uy bekasini chetlab o‘tib o‘rtacha kattalikdagi xona eshigini ochdim. Eshikni ochishim bilan kir paypoq, sigaret tutuni va spirtli ichimliklarning aralash-quralash sassiq xidi dimog‘imga urildi. Ichkariga bir qur nazar tashladim. Divan ustida yig‘ishtirilmagan ko‘rpa eshilib-buralib, ostida uch-to‘rt juft paypoq g‘ijimlanib yotardi. Deraza rahiga bo‘shatilgan araq-vino shishalari terib qo‘yilgan, shishalar orasida sigaret qoldiqlariga to‘lib ketgan kuldon turibdi. Devor ostiga qimmat yog‘ochdan ishlangan stol qo‘yilgan bo‘lib, stol yonida 25-26 yoshlardagi tepa sochi bitta qolmay to‘kilgan qo‘pol basharalik yigit o‘tirardi. Unga ko‘zim tushgani hamon Hasan Jabbor ko‘z o‘ngimda gavdalandi. Soqol-mo‘ylov o‘stirib burni ustiga ko‘zoynakni qo‘ndirsa Hasan Jabborning bir muncha yosh paytiga o‘xshaydi-qoladi!
– Shermat?
– Janob yurist?
– Mumkinmi o‘tirsam?
Bosh irg‘ab qo‘ygan Shermat stol ustida turgan pivo shishasiga ishora qildi.
– Ketadimi?
– Ketmaydi. Chunki, pivo ertalab ichilsa odamni semirtirarkan.
– Kechki payt ichilsa-chi?
– Sochni to‘kadi deyishadi...
– Askiya qilyapsizmi?
– Yo‘q. Muddaoga o‘tyapman. Hech qaerda ishlamas ekansiz. Ichishga pulni qaerdan olasiz?
Savol bergunimcha shishani yarimlatib ulgurgan Shermatning ko‘zlari qahrli tus oldi.
– Bank yuristining meni tergov qilishga haqqi bormi?
– Tergov qilayotganim yo‘q. Bu shunchaki suhbat. Davom etamiz. Oyingizning yoniga dadangizning arvohi kelganida...
– Xolam bilan pochchamning! Otam bilan onamning o‘zlari allaqachon arvohga aylanib bo‘lishgan...
– Xolangizning yoniga pochchangizning arvohi kelganida siz qaerda edingiz?
– Xolamning ko‘ziga birinchi marta erining o‘zimi, ruhimi ko‘ringanida bir do‘stimning uyida araq ichayotgandim. Shunday ekan, uning ko‘ziga arvoh ko‘ringani uchun men aybdor emasman.
– Keyingisida-chi?
– Ulfatlarim bilan kafeda o‘tirgandik. Beshta yigit buni qasam ichib tasdiqlashi mumkin. Uyga qaytganimda xolam gilam ustida cho‘zilib yotardi.
Aytilgan so‘zlarni yozib olganimdan so‘ng Shermatning ko‘zlariga qaradim.
– Pochchangizdan meros sifatida qancha pul qolganini bilasizmi?
– Qiziqmaganman.
– Bu bilan bankka, xolamning nomiga pul qo‘yilganidan xabarim yo‘q demoqchimisiz?
Bo‘shagan shishani deraza rahiga qo‘yayotgan Shermat yalt etib menga qaradi.
– Nima, pochcham xolamning nomiga pul qo‘ygan ekanmi?
Uning savolini javobsiz qoldirdim.
– Agar xolangiz sizni pulga egalik qilish huquqidan mahrum qilsa, nima qilardingiz?
– Nima qilardim? Hech nima. Uning sadaqasisiz ham yashayverardim!
– Ishonchingiz komilmi?
– Nima, azbaroyi alam qilganidan o‘zini osib o‘ldiradi deb o‘ylaganmidingiz?!
– Men savol beryapman.
– Unda javobimni eshiting! Pul ekan-u, hatto, xolam uyidan haydab yuborsa ham kuyinmayman. Chunki otamdan qolgan uy bor. O‘zimning uyim bor! Ichasizmi?
– Yo‘q. Sizga ham maslahat bermayman. So‘nggi savol. Xolboy Norboev haqida nima deya olasiz?
– Xolboy haqida nimadir deyish shart emas, –ming‘illadi Shermat divan ostidan yana bir shisha pivo olib. – Uning basharasi qanday odamligini aytib turibdi. Sog‘lig‘ingiz uchun, janob yurist!
– Salomat bo‘ling. Biz hali yana uchrashamiz degan umiddaman.
O‘rnimdan turib xonadan chiqishga shoshildim. Pivo hidi kir paypoq hidiga aralashib chidab bo‘lmaydigan darajaga yetgandi. Shaxt bilan eshikni ochdim. Xonadan chiqdim-u Salima Hikmatovnaga ro‘para bo‘ldim.
– Gaplashdingizmi?
– Gaplashdim.
– Xo‘sh?
– Xulosani keyin chiqaramiz. Davron qaerda?
– Hozir keladi. Picha kutasiz.
Bosh irg‘ab divanga o‘tirdim. Tag‘in devordagi suratga nigohim urildi. Chindan ham, Shermat pochchasiga juda o‘xshab ketarkan. Ikkalasi ham tepakal, ikkalasining ham qoshlari quyuq, do‘rdoq lablari qirg‘iy burunlariga qo‘shilib basharalarini juda qo‘pol qilib ko‘rsatyapti.
– Shermat singlingizning o‘g‘limi? – so‘radim suratdan ko‘zimni olib.
– Ha, rahmatlik Halimaning o‘g‘li, – dedi Salima o‘ychan. So‘ng qat’iy ohangda qo‘shib qo‘ydi. – Endi mening farzandim!
Hasan Jabbor 25 yoshida Salimaning singlisi Halimani sevib qolib sovchi qo‘ygani haqida katta leytenant Hakimovdan eshitdim. Ammo nima uchun sevgani bu yoqda qolib uning opasiga uylangani qorong‘u. Balki...
Yana o‘yimni oxiriga yetkazishga ulgurganim yo‘q. Ayvon eshigi ochilgan, 25 yoshlardagi o‘rta bo‘y, ochiq yuzli yigit ichkariga kirgandi. Uni ko‘rib o‘rnimdan turdim. Salima yigitga peshvoz chiqdi.
– Keldingmi, Davronjon?
– Keldim. Tinchlikmi, oyi, – so‘radi Davron xavotir aralash muloyim ohangda, – O‘zingizni yaxshi his qilyapsizmi? Hech qaeringiz og‘rimayaptimi?
– Tinchlik, bolam. Xavotir olma, o‘zimni juda yaxshi his qilyapman.
– Tezda yetib kel deganingizga... Ie, mehmon kelibdimi? Assalomu alaykum.
Davron qo‘sh-qo‘llab cho‘zildi. Men ham shu yo‘sinda qo‘lini oldim. Qisqacha hol-ahvol so‘rashdik.
– Xush ko‘rdik, mehmon?
– Xushvaqt bo‘ling. Men bankda yurist bo‘lib ishlayman. Sizga bir-ikkita savolim bor edi.
– Bemalol. Marhamat, o‘tiring.
Divanga joylashdik. Mening savollarimga javob qaytarish shart ekanligiga sha’ma qilgan Salima tashqariga yo‘naldi.
– Men Xolboydan xabar olaman. Sizlar bemalol gaplashib olinglar.
– Xolboy akani xonasidan topolmaysiz, – dedi Davron. – Boya qizarib-bo‘zarib hovlidan chiqib ketayotganini ko‘rgandim.
– Qizarib-bo‘zarib deganing nimasi, bolam? Nima gap, qayoqqa ketayapsiz, deb so‘ramadingmi?
– So‘radim. Javob qilgani yo‘q. Jahl bilan qo‘l siltab chiqib ketdi.
– Qiziq... Juda qiziq! Men xonamda bo‘laman.
Salima dahlizga kirib ketganidan so‘ng Davron menga qaradi.
– Aka, uzr, mening vaqtim ziq. Ustaxonada shogirdlarim kutyapti. Shuning uchun, tezroq muddaoga o‘tsak.
– Ko‘p vaqtingizni olmayman. Uch-to‘rtta savolimga javob bersangiz bo‘ldi. Adashmasam, onangizning tashvishga tushib qolganidan xabaringiz bor?
– Agar, oyimning ko‘ziga dadamning ruhi ko‘ringanini nazarda tutayotgan bo‘lsangiz, adashmadingiz.
– O‘sha voqea yuz bergan tunda qaerda edingiz?
– Afsuski, uydamasdim. Ustaxonada edim. Besh-oltita shoshilinch buyurtma olganman. Shuning uchun alla mahalgacha ustaxonada qolib ketishga to‘g‘ri kelyapti.
– Onangizning nomiga katta pul qo‘yilganidan xabaringiz bormi?
Davron bosh irg‘adi.
– Xabarim bor. Oyimning o‘zi aytgandi.
– Agar, onangiz sizni puldan mahrum qilsa, nima qilasiz?
Davron darrov javob bermadi. Bir muddat jim qoldi. Javobini taroziga solib ko‘rdi chamamda.
– Menimcha, ozmi-ko‘pmi alam qilsa kerak. Ammo, bu bilan oyimga bo‘lgan mehrim kamayib qolmaydi. 15 yil bolalar uyida yashadim, aka. Tuqqan onam ko‘rsatmagan mehrni shu yerda topdim. Shunday ekan, pulni deb oyimdan ranjisam, Xudo kechirmaydi.
Men uning samimiyligiga tan berdim. Dilidagi gapni tiliga chiqarayotgani shundoqqina sezilib turardi.
– Arvohlar borligiga ishonasizmi?
– Men oyimga ishonaman. U kishi esa yolg‘on gapirmaydi.
– Arvohning bankdagi pul bilan qiziqishi sizga shubhali tuyulmayaptimi?
– Ochig‘i, nima deyishga ham hayronman.
– Xolboy Norboev haqida nima deya olasiz?
– Xolboy aka o‘n besh yildan beri uyimizda xizmat qiladi. Shuncha yil xizmatingni qilgan odam haqida yomon gap aytish mumkinmi, aka?
– Agar, o‘sha o‘n besh yillik xizmatini bir chetga surib qo‘yib ta’rif bersangiz-chi?
– Uzr, aka, ammo men uning shuncha yillik xizmatini bir chetga surib qo‘ya olmayman. – Davron bir muddat o‘yga tolganidan keyin qo‘shib qo‘ydi: – Qolaversa, kimda illat yo‘q deysiz? Hech birimiz farishta emasmiz.
– Bu gapingizda jon bor. Shermat Jabborov...
– U mening akam!
Savol-javob marosimiga yakun yasalgach Davron uydan chiqib ketdi. Men Salima Jabborovaning ayvonga chiqishini kuta boshladim. Hozircha aniq bir to‘xtamga kelishga undaydigan dalillarga ega bo‘lganim yo‘q. To‘g‘ri, bu uyda shubhali tuyulgan odamlar-u holatlar bor, biroq, shubha dalillar bilan isbot qilinmas ekan, shubhaligicha qolaveradi.
Nihoyat, ayvon eshigi ochilib Salima ko‘rindi.
– Men bir narsaga tushunmayapman, – hujumga o‘tdi dahlizdan chiqar-chiqmas. – Nima, siz farzandlarimdan gumon qilyapsizmi?
– Men muammo yechimini topishga harakat qilyapman, Salima Hikmatovna.
– Shunaqa deng? Topdingizmi o‘sha yechimni?
– Hozircha, yo‘q.
– Xo‘sh, unda aytingchi, endi men nima qilay?
– Bitimni o‘zgartirishga shoshilmang.
– Faqat shumi?
– Hozircha faqat shu. Omon bo‘ling!
O‘rnimdan turib boshimni qimirlatib qo‘ydim-da uydan chiqib ketdim. Peshonasi tirisha boshlagan Salima Hikmatovna meni kuzatgani chiqmadi.
5
Somsaxonaga kirib bo‘sh stollardan biriga o‘tirdim. Stol ustida tuzdon bilan kuldon turar, ularning orasida bir varaq qog‘oz yotardi. Qog‘ozga qarab qo‘yganim ham yo‘q. Chunki, 20 ta taom bilan shuncha salatning nomi yozilganiyu semiz oshpaz bu yeguliklarning yarmidan ko‘pi qanday tayyorlanishini ham bilmasligidan xabarim bor edi. Shuning uchun, stolga yaqinlashgan ofitsiant qizga to‘rtta somsa bilan bir choynak choy buyurdim.
– Qora choymi, ko‘kidanmi?
– Farqi yo‘q. Faqat, iltimos, choynakka quruq choy solishni unutmang...
Oradan bir necha daqiqa o‘tgach bir choynak choy bilan somsa solingan likopcha stolim ustida paydo bo‘ldi. Choynakka qo‘l cho‘zgan paytim somsaxonaga kirgan 50 yoshlardagi bo‘yinbog‘li odamni ko‘rib sergak tortdim. Ikrom Rustamovich. Hasan Jabborning pullari qo‘yilgan bank xo‘jayini. Choynakdan qo‘limni tortdim. Ikrom Rustamovichga o‘xshagan puldor odamlar somsaxonada ovqatlanmaydilar. Ularni bunday joylarga kirishga jiddiy muammolargina majbur qilishi mumkin. Demak uning bu yerga meni izlab kelgani haqiqatga yaqin.
Adashmagan ekanman. Bankir men band qilgan stolga yaqinlashgach yurishdan to‘xtadi.
– Salom, o‘rtoq kapitan. Yoqimli ishtaha.
– Rahmat.
– Men...
– Sizning kimligingizni bilaman, Ikrom Rustamovich. Marhamat, o‘tiring.
O‘rindiqqa shubha bilan qarab qo‘ygan bankir kursining bir chetiga omonat o‘tirdi.
– Sizni shu yerdan topish mumkinligini...
– Kim aytganining ahamiyati yo‘q. Maqsadga o‘tsak.
– Xo‘p. Bilasizmi, Salima Jabborova mening yirik mijozlarimdan biri...
– Xabarim bor.
– Militsiyaga murojaat qilishni unga men maslahat bergandim. Chunki, har bir fuqaro...
– Ikrom Rustamovich, tushlik uchun bor-yo‘g‘i bir soat ajratilgan. Podpolkovnik Sharipov ertalab ishga kechikib keladiganlarni qanchalik xushlamasa, tushlikdan so‘ng o‘z vaqtida ish joyida paydo bo‘lmagan xodimlarni ham shunchalik ayab o‘tirmaydi.
– Tushundim. Ko‘p vaqtingizni olmayman. Bir soat oldin Jabborova bilan telefonda gaplashgandim. Salima Hikmatovna uyiga kelib ketganingizni aytdi. Mumkinmi, sizga bir-ikkita savol bersam?
– Mumkin. Faqat, ishga taalluqli bo‘lmasin.
Bankir so‘lg‘in tin oldi.
– Meni to‘g‘ri tushuning, o‘rtoq kapitan. Men tergov-surishtiruv ishlariga tumshug‘imni tiqmoqchi emasman. Ammo, Salima Jabborova bizga o‘zining pullarini ishonib topshirgan yirik mijozlarimizdan biri bo‘lgani uchun uning boshiga tushgan muammolarga befarq qarab turolmayman.
– Ana endi ochiqchasiga o‘ting, Ikrom Rustamovich.
– Xo‘p. Yirik mijozlardan birontasi tuzilgan bitimni o‘zgartirishni istab qolsa, har qanday bankir darrov sergak tortadi. Chunki, bunday istak, ko‘pincha, bankni chuv tushirish uchun qilinayotgan harakatdan darak beradi. Men esa chuv tushishni istamayman!
– Bu tabiiy hol. Mana siz, bank bilan tuzilgan bitimni o‘zgartirishni mijozingizdan haqiqiy arvoh talab qilganiga ishonasizmi?
– Yo‘q!
– Salima Hikmatovna bankni chuv tushirish uchun hiyla ishlatayotgan bo‘lishi mumkinmi?
Bankir o‘ylanib qoldi. Buyam tabiiy hol. Katta pulga tegishli qaltis savolga pul aylanmasi bilan shug‘ullanadigan odamlar chuqur o‘ylab javob qaytaradilar.
– Bilasizmi, – tilga kirdi nihoyat. – Men Salima Hikmatovnani salkam 30 yildan beri bilaman. Rahmatlik Hasan Jabbor bilan ham oramiz yaqin edi... Bir so‘z bilan aytganda, men Jabborovaning o‘zidan emas, uni bitimni o‘zgartirishga undayotgan arvohdan shubhalanyapman.
Kursining suyanchig‘iga suyanib bankirga qaradim.
– Ochiqroq so‘zlang, Ikrom Rustamovich. Kimdan gumon qilyapsiz? Shermat bilan Davron Jabborovdanmi?
Ikrom Rustamovich suhbatimizga hech kim quloq tutmayotganiga ishonch hosil qilmoqchi bo‘lgan misol u yoq, bu yoqqa qarab qo‘ydi-da stol osha men tomonga cho‘zilib ovozini pasaytirdi.
– Men sizga Hasan Jabbor bilan yaqin bo‘lganimni aytdim. Oilalarimiz bilan bordi-keldi qilardik. Shermat bilan Davronni o‘g‘il qilib olganida... Gapning indallosi, Shermatning hayot tarzi menga shubhali tuyulyapti.
– Nima uchun?
– Shermat jonini koyitmay to‘kin yashashga odatlanib qolgan yigit. Maishatga o‘ch.
– Bir so‘z bilan aytganda, Shermat aybdor? Shundaymi?
– Ha desam, mendan dalil-isbot talab qilasiz. Shuning uchun, bu mening taxminim deya qolamiz. Qolaversa, Shermatning uy xizmatchisi Xolboy Norboev bilan yaqin ekanligini ham e’tibordan chetda qoldirish yaramaydi.
– Negadir men ularning yaqinligini sezganim yo‘q.
– Menda esa ularning birga maishat qilishlari haqida ma’lumot bor.
– Meni to‘g‘ri tushuning, Ikrom Rustamovich, hozircha ulardan jiddiy shubhalanishga asos yo‘q.
Bankir bunday taxminni kutmagandi chog‘i, nima deyishini bilmay kalovlanib qoldi.
6
Qo‘l telefonim jiringladi. Mitti monitorda “Salima Hikmatovna” degan yozuv yonib turardi. Tashqariga yo‘naldim. Arvohlar haqida uyda gaplashmagan ma’qul...
– Eshitaman?
– Kapitan Akbarovning telefoniga tushdimmi? –Salimaning ovozi eshitildi narigi tomondan.
– Qulog‘im sizda, Salima Hikmatovna.
– Havoning avzoyi buzuq, o‘rtoq kapitan!
Beixtiyor osmonga qarab qo‘ydim. Darhaqiqat, ko‘k yuzini qop-qora bulutlar qoplab olgan, uvillab shamol esardi.
– Bu fikrga qo‘shilaman. Endi ochiq tekst bilan gapiring!
– Arvoh bugun tunda keladi!
– Keladi? Aynan bugun kelishini qaerdan bildingiz?
– Arvoh ikkinchi marta kelganida “onang tug‘ilgan kun hisob berasan” degandi. Bugun rahmatlik onamning tug‘ilgan kuni. Qolaversa, havoning ham avzoyi buzuq. Demak, bugun arvoh albatta keladi!
– Mendan nima istaysiz?
– Tunni mening uyimda o‘tkazsangiz degandim.
Avval bulutlarga, so‘ng telefonimga norozilik bilan qarab qo‘ydim. Hasan Jabborning uyida tong ottirishim yetmay turgandi o‘zi! Bir xayolim rad qilmoqchi bo‘ldim-u, o‘ylab ko‘rib fikrimdan qaytdim. “Arvoh ishi” menga topshirilgan. Demak, bu muammoga yechim topishim shart. Aytishlaricha, arvoh xalqining kunduz tek yotib, tunlari izg‘iydigan odati bormish. Shunday ekan, kunduz kuni bu muammoga yechim topishim gumon. Demak, tunda arvoh bilan jang qilishimga to‘g‘ri keladi. Jinoyat joyida qo‘liga kishan ursam ayni muddao bo‘lardi!
– Taklifimni rad qilish uchun bahona qidiryapsizmi? – Salimaning ovozi eshitildi telefondan.
– Yo‘q. O‘ylayapman. Uyingizda kim bor?
– Uyda yolg‘iz o‘zim. Xolboy hovlidagi uychada o‘tiribdi.
– Bir soatdan keyin uyingizga boraman. Mening bormoqchi ekanligimni sizdan boshqa hech kim bilmasligi kerak! Uyingizga kirish uchun boshqa eshik bormi?
– Bor. Orqa tomondan kelsangiz bog‘ devorimizga o‘rnatilgan eshik ko‘rinadi. Temirdan yasalgan, zanglab yotibdi. Qo‘shnilarniki bilan adashtirmaysiz.
7
Uydan chiqqanimizda osmonga bir qur nazar tashlagan xotinim jala quyishini bashorat qilganidan keyin soyabonni olib ketsam “baraka topishimni” aytgandi. Quloq solmadim, sendan ikki dunyoda ham nafasi issiq sinoptik chiqmaydi deb jirillab ham berdim. Mana oqibat! Ko‘prik yonida taksidan tushishim bilan maydalab yog‘ayotgan yomg‘ir birdan jalaga aylandi-yu, Hasan Jabborning bog‘ eshigiga yetgunimcha usti-boshim jiqqa ho‘l bo‘ldi.
Temir eshik o‘rnatilganidan beri ochilmaganmi, zanglab yotardi. Zorlangan misol g‘iyqillab tovush chiqargunicha ancha-muncha urinishimga to‘g‘ri keldi. Shundayam oxirigacha ochilgani yo‘q, yarmigacha ochilgach qotib qoldi. Yon tomonim bilan ichkariga kirdim. Eshikdan beton qo‘yilgan ensiz yo‘lakka o‘tilishidan xabarim bor edi. Yo‘lakning oxiri hojatxona zinasiga yetib to‘xtasa, boshlanishi orqa hovliga ulanib ketadi. O‘ng qo‘lda Hasan Jabborning uyini qo‘shnisining hovlisidan ajratib turgan bog‘devor, chap tomonda bog‘ning o‘zi zimistonlik qo‘ynida xunuk xo‘mrayib turibdi.
Orqa hovliga yaqinlashgach yurishdan to‘xtab yon-atrofga nazar tashladim. Na hovlida va na bog‘ ichidagi qorong‘ilik qo‘ynida tirik jon sharpasi sezilmaydi. Salima Hikmatovnaning yotog‘ida chiroq yoniq turar, boshqa xonalarning derazasida milt etgan nur ko‘rinmasdi. Qo‘l telefonimni chiqarib Salimaning raqamini terdim.
– Eshitaman?
– Men keldim.
Telefondan javob bo‘lgani yo‘q. Orqa eshik ochilib Salima ko‘rindi.
– Ivib ketibsiz-ku!
Ayvonga kirdik. Eshikni yopib bir muddat ichkariga quloq tutdim.
– Uyda sizdan boshqa odam bormi?
– Yo‘q.
– Hovlida nima gaplar?
– Xolboy xonasida o‘tiribdi.
– Uyingizga kelmoqchi ekanligimni...
– Hech kim bilmaydi, – ilib ketdi Salima. – Davron ishda, Shermat bir soatcha oldin qayoqqadir chiqib ketgandi. Nima qildik?
– Sizning “hududingizga” o‘tamiz. Siz yotoqda bo‘lasiz, men dahlizga kursi qo‘yib o‘tiraman. Yotoqxonangiz eshigi ochiq turadi. Tushuntiroldimmi?
Izma-iz odimlab dahlizga o‘tdik. Yotoqxonaning ochiq turgan eshigidan derazaga ko‘z tashlaganimdan so‘ng devor ostida turgan kursini olib eshik ro‘parasiga qo‘ydim. Yotoqda chiroq o‘chirilsa, dahliz ham zimiston bo‘ladi. Dahlizda o‘tirib derazani kuzatish mumkin, biroq derazadan qaralsa dahlizda odam tugul tirik dinozavr o‘tirgan bo‘lsa ham ko‘rinmaydi.
– Men nima qilay? – so‘radi Salima kursiga joylashganimni ko‘rib. – Deraza yoniga kursi qo‘yib o‘tiraymi?
– Yo‘q. Chiroqni o‘chirib o‘rningizga yoting.
– Xo‘p. Balki, shivirlashib gaplashib o‘tirarmiz?
– Yo‘q. Arvohni cho‘chitib qo‘yishimiz mumkin.
– Siz haliyam erimning arvohi kelganiga ishonmayapsiz...
– Bugun ishonch hosil qilaman degan umiddaman. Ruhlar izg‘iydigan vaqt yaqinlashyapti. Shuning uchun...
– Tavba deng!
– Dedim. Yotog‘ingizga kirib chiroqni o‘chiring. Kutamiz!
Mana, ikki soatcha bo‘lib qoldi, Kutyapmiz. Ikki soat bir yuz yigirma daqiqa degan gap. Ustimdagi kiyimlarim quriganini aytmasa, biron-bir jiddiy voqea yuz bergani yo‘q. Eshikdan kirgan paytim uy ichi qanchalik jim-jit bo‘lgan bo‘lsa, hozir ham shunchalik sokinlik qo‘ynida. Salimaning pishillab nafas olishlari bu jimlikni buzishga ojizlik qilardi. Ana, pishillashi uzuq-yuluq xurrak tovushiga aylana boshladi. Bu holat uning uxlab qolganidan dalolat berardi, xolos.
Norozilik bilan cho‘zib nafas chiqarganimdan so‘ng o‘ninchi martami, minginchi martami bosh va ko‘rsatkich barmog‘imni qoshlarim ustiga qo‘yib ko‘z qorachiqlarimni aylantira boshladim. Qaerdadir o‘qiganman, shu qiliq qilinsa, ko‘z kosasiga ko‘proq qon quyilib uyqu qocharkan. To‘g‘ri, uyquni qochirishning boshqacha usullari ham bor. Masalan, zaharday achchiq qilib damlangan qahva. Achchiq qahva nafaqat sog‘liq, balki, uyquga ham dushman, pinakka ketishga yo‘l qo‘ymaydi. Ammo, qani o‘sha qahva?
O‘tirgan joyimda uxlab qolmasam bo‘ldi. Jin urgur arvoh tezroq kelsa ekan.
Ayni shu palla tashqari eshikning g‘iyqillab ochilgani eshitildi-yu ayvonda lip etib chiroq yondi. O‘rnimdan turgunimcha yotoqdan eshitilayotgan xurrak tovushi ham tingandi.
– Kim? – Salimaning ovozi eshitildi shundoq yonimdan. Sal qolsa cho‘chib tushgan bo‘lardim... Bu xonadonda arvohday sassiz odimlash odat tusiga kirgan ko‘rinadi. Salimaning karavotdan turib yonimga kelganini sezmagan ekanman.
– Bilmayman. Ammo, arvoh emasligi aniq. Chunki, ular eshikni ochib kirmaydilar. Qolaversa, ularga chiroqning ham keragi yo‘q. Shu yerda turing!
Oyoq uchida ko‘tarilib dahliz eshigi tomonga odimladim. Eshikka yaqinlashgach bir muddat ayvonga quloq tutdim. Jim-jit. Xuddi eshikning narigi tomonida tirik jon yo‘qday. Biroq bu jimlik aldamchi, tashqari eshik ochilib-yopilganini o‘z qulog‘im bilan eshitdim. Demak, ayvonda kimdir bor. Agar, kirgan odam shundoq bo‘sag‘ada tik turgani ko‘yi jon bermagan bo‘lsa, qadam tovushlari eshitilishi shart!
Picha kutdim. Eshikning narigi tomonidan sas-sado eshitilgani yo‘q. Sekin oyoq ustiga cho‘k tushib kalit tiqiladigan teshikdan ayvonga qaragandim, xonasining eshigi yonida qotib turgan Shermatga ko‘zim tushdi. Shermat, xuddi, eshik orqasida biqinib turganimni ko‘rayotganday kalit tiqiladigan teshikka sovuq qadalib turardi. Nihoyat, qaqqayib turaverish joniga tegdi chog‘i, Shermat qo‘l siltab qo‘yib xonasining eshigini ochdi. Ayvonning chirog‘i o‘chgan palla eshikning yopilganini ilg‘adim.
– Shermat xonasiga kirib ketdimi? – Salimaning pichirlashi eshitildi joyimga qaytgan paytim. Kursiga o‘tirishni ham, o‘tirmaslikni ham bilmay qotib qoldim. Bu xonadon sohiblari mening ko‘nglimda mavhum hadik uyg‘ota boshlagandilar. Sassiz odimlashadi, eshik orqasiga yashirinib turgan odamni ko‘rayotganday qiliq qilganlari yetmaganday, tashqari eshik ochilgan payti chiqargan tovushiga qarab kim kelganini ham aniqlashadi!
– Kirib ketdi. Yotog‘ingizning ro‘parasidagi xona derazasi darvoza tomonga ochilgan. Shundaymi?
– Shunday.
– Qorong‘ida hech narsaga urilmay derazaga yeta olamanmi?
– Devorlarga yaqinlashmasangiz yeta olasiz. Xolboydan xabar olmoqchimisiz?
Paypaslanib yotoqxona ro‘parasidagi xonaning eshigidan ichkariga kirdim. Zimiston. Faqat deraza elas-elas ko‘rinyapti. Ko‘r odamday qo‘llarimni oldinga cho‘zib derazaga yaqinlashdim. Darvozaga qaradim. Oq rangga bo‘yalgani bois, qorong‘ida xira oqarib ko‘rinyapti. Xolboyga ajratilgan uycha tomonga qaragan paytim, uychaning eshigi ochilganday, qandaydir sharpa tashqariga chiqqanday bo‘ldi.
Ko‘zimga ko‘rindimikin? Balki... O‘yimni oxiriga yetmay. Ayvon tomondan nimaningdir taraqlagan tovushi eshitildi. Dahlizga shoshildim. Odatda, shaxt bilan ochilgan deraza devorga urilsa shunaqa tovush chiqaradi.
– Eshitdingizmi?
– Eshitdim.
– Qo‘rqyapman. Siz-chi?
– Nima desam ishonasiz?
– Balki, men ham dahlizga chiqarman?
– Shart emas. Jim o‘tirsangiz bo‘ldi.
– Yana kutamizmi?
– Jim o‘tiramiz!
Oradan yarim soatcha vaqt o‘tgach orqa hovlidan nimaningdir shaloplagan tovushi eshitildi. Yalt etib derazaga qaradim-u qotib qoldim. Deraza orqasida... Hasan Jabbor turardi!
8
Peshonamga chiqib ketgan ko‘zlarim aldamayotganiga ishonchim komil. Podpolkovnik Sharipov “Arvoh ishi” ni bo‘ynimga yuklaganidan beri Hasan Jabborning suratiga shunchalik ko‘p tikilgandimki, yuzidagi eng mayda dog‘largacha yod bo‘lib ketgandi menga. Qasam ichishga tayyorman, deraza orqasida chindan ham Hasan Jabbor turardi! Tepa sochlari to‘kilgan xumday bosh, quyuq qoshlar, qo‘pol basharayu basharasiga umuman yarashmaydigan soqol-mo‘ylov! Hatto burnining uchiga osilib turgan la’nati ko‘zoynak ham tanish! Yuzlariga pastdan qandaydir nur yog‘ilib turar, hatto, barmoqlari ham nur taratayotganday edi. Xo‘mrayib turishi shunchalik dahshatli ediki, bu dahshatga shu turishda ta’rif berolmayman...
– Mumkin emas, – dedim o‘zimga. – Hali hech kim u yoqdan qaytib kelmagan! Boz ustiga, arvohlar ko‘zoynak taqmaydilar... Tush ko‘rayotgan bo‘lsam kerak.
Sekin qo‘limni tushirib sonimni chimchiladim. Og‘riqni sezdim. Demak, bu tush emas. Hasan Jabborning o‘zinimi, ko‘zoynak taqqan arvohinimi o‘ngimda ko‘ryapman!
– Salima, – arvohning do‘rdoq lablari orasidan bo‘g‘iq ovoz eshitildi. – Bu yoqqa kel-l-l-l...
– Dadasi, iltimos... meni qo‘rqitmang. Keting, dadasi...
Arvoh uning iltimosiga tupurdi chog‘i, qimir etmay.
– Bu yoqqa kel dedim senga-a-a-a...
Salima gipnoz holatiga tushib qolganday edi go‘yo. Oyparastlar kabi boshini eggani ko‘yi qo‘llarini oldinga cho‘zib derazaga yaqinlashdi.
– To‘xta-a-a-a!
Buyruqni so‘zsiz bajardi. Biroq, boshini ko‘targani yo‘q.
– Go‘rimda tinch yotolmayapman. Nega men aytgan ishni qilmadingggg?!
– Nima... qil deysiz axir...
– Ertagayoq bankka borib yangitdan bitim tuz-z-z!
– Qanday... b... bitim?
– Yangi bitim deyapman! Mana bunday. Sen olamdan o‘tganingdan keyin kim mening tilla tamakidonimni bankka eltsa, o‘sha odam pullarga ega chiqadi. Tushundingmi?
– Tush... tush...
– Tez orada yonimga kelasan-n-n... Kelasan-n-n... Kelasan-n-n-n!!!
Salima gursillab karavot ustiga quladi. Uning qulashini kuzatib, yomon yiqilmaganiga ishonch hosil qilgach, yana derazaga qaradim. Arvoh g‘oyib bo‘lgan, ketar jafosiga derazani yopib ketgandi. Shundagina o‘zimga kelib ayvonga shoshildim. Agar, ko‘ndalang turib qolgan taxminim haqiqatga aylansa, Shermatni xonasidan topolmayman. Aksi bo‘lsa, uyqusini buzganim uchun uzr so‘rab orqamga qaytishimga to‘g‘ri keladi!
Ayvonga otilib chiqdimu shaxt bilan Shermatning xonasi eshigini ochdim. Dimog‘imga “gup” etib sasigan paypoq hidi urildi. Bo‘sag‘adan ichkariga o‘tganim yo‘q. Xonaning chirog‘i yoniq, deraza lang ochiq turar, Shermatning qorasi ham ko‘rinmasdi. Taxmin qilib adashmagan ko‘rinaman.
Salimaning “hududiga” qaytganimda uy bekasi ancha o‘ziga kelib qolgan, inqillab-sinqillab o‘rnidan turayotgandi. Yotoqxona chirog‘ini yoqib yordamga shoshildim.
– Endi i... ishondingizmi?
– Tinchingiz buzilganiga ishondim. Muzdek suv keltiraymi?
– Muzdek suv o‘zingizga ham zarar qilmasdi, yuzlaringiz oqarib ketibdi. Ammo bu ahvolda oshxonani topolmaysiz. Yaxshisi, o‘tiraylik.
Salima karavotga, men pardoz stoli yonida turgan kursiga o‘tirdim.
– Ertaga bitimni o‘zgartiraman. Boshqa ilojim yo‘q.
– Bu masalada shoshmang.
– Shoshilma deysiz-u...
– Aytgancha, eringizning tamakidoni qaerda?
– Tilla taqinchoqlarim saqlanadigan qutichada turibdi.
– Aniqmi?
– Turgandi…
– Qarab ko‘ring-chi.
Salima o‘rnidan turib shkafga yaqinlashdi. Shkafdan jimjimador naqshlar o‘yilgan qutichani oldi. Qutichani ochdi-yu titrab ketdi.
– Ey Xudoyim... Tamakidon yo‘q!
Xuddi shu javobni kutgandim undan. Padariga la’nat, bugun nimani tusmollasam bari haqiqatga aylanyapti!
– Tushunarli.
– Nima “tushunarli?”
– Tamakidon yo‘qolganini tushundim... Men ketaman. Endi bemalol uxlashingiz mumkin, arvoh bugun sizni boshqa bezovta qilmaydi. Derazadan chiqaman. Aytgancha, arvohni birga “tomosha” qilganimizni hech kim bilmasin!
Derazadan orqa hovliga chiqdim. Telefonimning chirog‘ini yoqib nurini yerga yo‘naltirgandim, loyga belangan tufli izlari ko‘rindi. Izlar boqqa kirib g‘oyib bo‘lgandi.
Arvohlar tufli kiyadigan bo‘lishibdimi?..
9
Sakkiz pog‘onalik zinani ikki hatlashda bosib o‘tib bo‘limga kirdimu kapitan Qobulovning navbatchilar xonasining darchasidan chiqib turgan boshiga ro‘para bo‘ldim.
– Keldingmi, Farrux? Qaerlarda sang‘ib yuribsan?
– Keldim. Bu yerda tinchlikmi?
– Tinchlik. Yana bir oz kechiksang podpolkovnik Sharipov uyinga qurollangan naryad yuborgan bo‘lardi!
Juda katta tezlikda ikkinchi qavatga ko‘tarildim. Sharipovning xonasi eshigini taqillatishim bilan ichkaridan buyruq eshitildi.
– Kiring!
– O‘rtoq podpolkovnik...
– O‘zingizni oqlash uchun arzirlik sabab bormi, o‘rtoq kapitan?! – so‘zimni cho‘rt kesdi podpolkovnik yaxshilikdan darak bermaydigan ohangda.
– Aslo yo‘q, o‘rtoq podpolkovnik!
Chunki, uxlab qolganim arzirli sabab o‘rnida qabul qilinmaydi!
Bir muddat ko‘zlarimga o‘qdek qadalib turgan Sharipov miyig‘ida kulib qo‘ydi. Burni ustiga yig‘ilgan qoshlari ham yoyila boshlaganini ko‘rib hiyla yengil tortdim. Rost gapning tig‘igina emas, haqiqatni tan olgan odamning aybini kechirishga undaydigan xususiyati ham bor. Bunga bo‘lim boshlig‘ining xonasida tik turgan holda yana bir marta imon keltiryapman...
– Kelinga mening kimligimni aytib qo‘y, “sen”sirashga o‘tdi Sharipov. – Har qalay, podpolkovnik kapitanning uyiga qo‘ng‘iroq qilsayu, xotinidan “erim uxlayapti, uyg‘onganidan keyin qo‘ng‘iroq qiling” degan gapni eshitsa yarashmaydi. Tushundingmi?
– Tushundim.
– Tushungan bo‘lsang nega qaqqayib turibsan? O‘tir.
Shosha-pisha buyruqni bajardim.
– Qulog‘im senda.
– Kecha, tunda sizga qo‘ng‘iroq qilganimdan so‘ng Hasan Jabborning uyiga yo‘l oldim. Uyda Salima Jabborovaning o‘zi, hovlidagi uychada Xolboy Norboevdan boshqa hech kim yo‘q ekan. Salima Hikmatovnadan yotog‘ida o‘tirishini so‘rab o‘zim dahlizga joylashdim. Tungi soat 11 yarimlarda Shermat Jabborov uyiga qaytdi.
– Xolboy Norboevga ajratilgan uychaning eshigi ochilib kimdir tashqariga chiqqanini ko‘rding, a?
– Menga shunday tuyuldi, o‘rtoq podpolkovnik. Hovli chiroq o‘chib qolgani uchun bu savolingizga komil ishonch bilan javob berolmayman. Oradan yarim soatcha vaqt o‘tgach Salima Hikmatovnaning yotoqxonasi derazasi ochildi va... – Sharipovning savolchan nigohidan ko‘zlarimni olib qochdim. – Hasan Jabborning arvohi paydo bo‘ldi.
Podpolkovnikning yuz-ko‘zlarida jiddiy norozilik ifodasi paydo bo‘lishini kutgandim. Chunki u qonun buzilgan joyda tirik qonunbuzarlarnigina tan oladi.
– Qani u? – so‘radi Sharipov yumshoq ohangda. Yana bir marta yengil tin oldim. Hartugul, uning kayfiyatida men kutgan o‘zgarish yuz bergani yo‘q. – Nega arvohni bu yerga olib kelmading?
– Udda qilolmadim. U haqiqiy Hasan Jabborga juda o‘xshab ketardi. Tan olaman, angrayib qolganim uchun... xullas, aybdorman, o‘rtoq podpolkovnik.
– Udda qilolmadim degin? Bu safar arvoh Salima Jabborovaga qanday talab qo‘ydi?
– Bank bilan tuzilgan bitimni o‘zgartirishini yana talab qildi. Uning istagi bo‘yicha, pullar Salima Hikmatovna olamdan o‘tganidan so‘ng Hasan Jabborning tilla tamakidonini bankka eltgan odamga tegishi kerak edi.
– Qiziq... Arvoh paydo bo‘lishidan oldin Shermatning xonasidan derazaning taraqlaganini eshitding. Keyin, senga Xolboy Norboevga ajratilgan uychaning eshigi ochilganday tuyuldi... Juda qiziq!
– Arvoh g‘oyib bo‘lgach, ko‘nglimda shubha tug‘ilgani uchun Shermatning xonasiga shoshildim. U yerda nimalarni ko‘rganimni taxmin qilasizmi?
– Shermat xonasida yo‘q edi. Shundaymi?
– Aynan shunday.
– Tilla tamakidonga qaytamiz.
– Salima Jabborova o‘ziga kelganidan so‘ng, men undan eridan qolgan tamakidon qaerdaligini so‘radim. Jabborova shkafdagi qutichasida saqlayotganini aytdi. Ammo, qutichadan tamakidon topilmadi.
Xuddi, mening javobimni yoqtirmaganday, podpolkovnik Sharipov peshonasini tirishtirib o‘yga toldi. Lom-lim deb og‘iz ochmay uning tilga kirishini kuta boshladim.
– Shermatdan gumon qilyapsanmi? – so‘radi Sharipov o‘rnidan turarkan.
– Ayrim narsalar undan gumon qilishga undayapti.
– O‘sha narsalar xulosa chiqarishga arziydimi?
– Ishonchim komil emas.
– Keyingi paytlarda, shu gapni ko‘p ishlatyapsan. Endi gap bunday, Farrux. Sen hozir Salima Jabborovaning uyiga borasan. Kimdan, nima uchun shubhalanayotganingni aytganingdan so‘ng, Hasan Jabborning tamakidonini qidirasizlar.
– Agar, tamakidon men taxmin qilayotgan xonadan chiqsa-chi?
– Voqealikning rivoji Salima Hikmatovnaning o‘ziga ham bog‘liq. Men uning aybdorga nisbatan jiddiy chora ko‘rishimizni talab qilishiga ishonmayman. Sizga ruxsat, kapitan.
O‘rnimdan turib eshikka yo‘naldim. Tutqichga qo‘l cho‘zgan paytim orqamdan podpolkovnik Sharipovning ovozi eshitildi.
– Hasan Jabborning tilla tamakidoni Shermatning xonasidan topilishi haqiqatga yaqin, Farrux.
– Bu bilan...
– Hozircha, hech narsa demoqchi emasman!
10
Ichki ishlar bo‘limidan chiqqach yurishdan to‘xtab cho‘ntagimga qo‘l cho‘zdim. Telefonim musiqa chala boshlagandi.
– Eshitaman? – g‘o‘ldiradim telefonimni qulog‘imga yetkazib.
– Kapitan Akbarov?
– Ikrom Rustamovich?
– Salom, o‘rtoq kapitan. Ko‘p vaqtingizni olmaslik uchun darrov muddaoga o‘taman. Boya Salima Jabborova bilan telefonda gaplashgandim.
– Demak, tunda Hasan Jabborning uyida yuz bergan voqeadan xabaringiz bor. Qo‘ng‘iroq qilganingiz yaxshi bo‘ldi, o‘zim sizni bezovta qilmoqchi bo‘lib turgandim. Sizga bir-ikkita savolim bor edi.
– Menda ham. Sizdan boshlaymiz.
– Rahmat. Mijozingizning nomiga katta yoki juda katta pul qo‘yilgan. Qaysi biri?
– Keyingisi.
– Bu pullarga ko‘z olaytirayotgan odam mijozingizdan g‘alati narsani talab qilyapti.
– Eshitdim. Tilla tamakidon.
– Bunday talab juda katta pulga nisbatan haqorat emasmi?
– Agar, mijoz o‘z ixtiyori bilan bu taklifni kiritsa, mumkin. Chunki, mijozning istagi biz uchun qonun! Biroq, anglashimcha, mijozim bu ishni o‘z ixtiyori bilan qilayotgani yo‘q.
– To‘g‘ri anglabsiz. Salima Jabborova arvohning qistovi bilan bitimni o‘zgartirishni talab qilsa, qanday munosabat bildirasiz?
– Uning talabini bajarishga majbur bo‘laman.
– Biroq, voqelikning bunday rivoji sizga ma’qul emas, shundaymi?
– Albatta ma’qul emas! Chunki, pulga egalik qilish huquqini qo‘lga kiritgan odam pullarni zudlik bilan qaytarishimizni talab qilishi mumkin. Men esa yirik mijozimdan ayrilib qolishni istamayman.
Oraga qisqa sukunat cho‘kdi.
– Boshqa savolingiz yo‘qmi, o‘rtoq kapitan?
– Yo‘q.
– Men ham sizdan u-bu narsalar haqida so‘ramoqchi edim.
– Marhamat.
– Kecha tunda yuz bergan voqeadan so‘ng aynan kimdan gumon qilayotganingizni bilsam bo‘ladimi?
– Boshqa savolga o‘ting!
– Mening mijozimni qachon arvohning ta’qibidan xalos qilasiz?
– Bundan boshqa savolingiz yo‘qmi?
– Tushunarli. Hech bo‘lmasa, yirik mijozimdan ayrilib qolmasligimga kafolat berarsiz?
– Adolat qaror topishiga kafolat beraman! Barcha savollaringizga tez orada javob olasiz. Omon bo‘ling, Ikrom Rustamovich!
Bankir es-hushini yig‘ib olguncha bo‘lmay aloqani uzib Salima Jabborovaga qo‘ng‘iroq qildim-da yurib ketdim.
11
Salima Jabborova bir necha kun oldingi kibor xonimga umuman o‘xshamasdi. Yig‘idanmi, uyqusizlikdanmi ko‘zlari qizarib ketgan, so‘lg‘in yuzlaridagi ajinlar chuqurlashib, qaddi ham sezilarli bukchayganday edi. Mening tashrifimni, xuddi boshiga tushgan ko‘rguliklarga men aybdorday sovuqqina qarshi oldi.
– Endi sizni kimgadir yurist deb tanishtirishim shart bo‘lmasa kerak?
– Shart emas.
– Ertalab qo‘shni mahalladagi folbinning uyiga borgandim. Folbin fol ko‘rib, “militsiyaga bekorga boribsiz, narigi dunyo vakillariga ularning vakolati o‘tmaydi, bezovta ruhni duo bilan kelgan joyiga qaytarib yuborish kerak” dedi.
– O‘sha folbin qanday duo o‘qish kerakligini bilarkanmi?
– Bilsa kerak. Pulidan qochmasangiz bir oy ichida daf qilaman deyapti.
– Bir oydan keyin kelaymi?
– Ketmoqchimisiz?
– Yo‘q. Menga ishonavering, Salima Hikmatovna, bizning arvohga nafasi tig‘day o‘tkir folbinning ham duosi kor qilmaydi. Chunki, sizni bezovta qilayotgan arvoh u dunyoga emas, bizning dunyoga tegishli.
– Demoqchisizki...
– Xuddi shunday. Faqat, hovli eshik oldida turib tirik arvohlar haqida gaplashish noqulay. Balki, ichkariga taklif qilarsiz?
Salima eshikni kattaroq ochdi.
– Hovlida gaplashamiz.
Uy eshigining ikki tomoni mo‘‘jazgina gulzorga aylantirilgan, gulzor yoniga stol bilan uch-to‘rtta kursi qo‘yilgandi. Kursilarga joylashdik. Yapaloq papkamni stol ustiga qo‘yarkanman, hovlidagi uychaga qarab qo‘ydim.
– Xolboy kallai saharlab qishloqqa ketdi, – dedi Salima. – Nega buncha erta uydan chiqib ketganini bilmayman. Ammo, sizda uning kallai saharlab yo‘lga chiqishiga nisbatan ham shubha bo‘lsa kerak...
– O‘zingizni yaxshi his qilyapsizmi, Salima Hikmatovna? – so‘radim uning kinoyasini javobsiz qoldirib.
– Mazax qilmang...
– Sizga qanchalik og‘irligini tushunib turibman. Ammo, mendan ranjimaysiz degan umiddaman. Agar, bizning shubhalarimiz isbotini topsa, haqiqatni yana bir kuchli zarba o‘rnida qabul qilishingizga to‘g‘ri keladi.
Salimaning ko‘zlari nihoyatda ayanchli tus oldi.
– Meni siz ham qo‘rqitmang. Iltimos...
– Muddaoga o‘tishdan oldin bir savolimga javob bersangiz. Mabodo, Shermat yoki Davronning mehringizga javoban qabih ish qilganligi isbotlansa, nima qilgan bo‘lardingiz?
– Bilmadim... Har qalay, qamoqqa olishingizni iltimos qilmasam kerak. Chunki, men ularni o‘g‘lim deganman. Hech bir ona farzandining aziyat chekishini istamaydi. Shunday ekan, maqsadga o‘tavering.
Salimaga juda achinardim. Ammo shubhalarimni yashirish yo‘li bilan uni ayashga haqqim yo‘q edi. Shuning uchun kimdan, nima uchun gumon qilayotganimni asoslab berdim.
– Bu bilan arvoh... haqiqiy arvoh emas demoqchimisiz? – so‘radi yuzlari oppoq oqarib ketgan Salima.
– Xuddi shunday. Ishoning, Salima Hikmatovna, haqiqiy arvohlar hech qachon bankdagi pul bilan qiziqmaydilar.
– Sizni to‘g‘ri tushungan bo‘lsam, Shermat erimning qiyofasiga kirgan. Shundaymi?
– Dalillar shunga ishora qilyapti. Shermatning aktyorlikka o‘qiganini unutmagan bo‘lsangiz kerak? Grimmdan foydalanib xohlagan odamining ko‘rinishini olish uquvi bor odam uchun pista chaqqanday gap!
– Demak, erimning arvohi emas, balki, Shermat bank bilan tuzilgan bitimni bekor qilishimni talab qilgan ekan-da?
– Men nima uchun aynan undan shubhalanayotganimni asoslab berdim.
Tamoman gangib qolgan uy bekasi nima qilayotganini o‘zi ham tushunmayotgan odam yo‘rig‘ida o‘rnidan turib ketdi. Bir muddat qotib turgach, xuddi shu yo‘sinda yana kursiga cho‘kdi.
– Siz… siz shubhalaringizni isbotlay olasizmi?
– Harakat qilaman. Ammo, buning uchun Shermatning xonasini tintishga to‘g‘ri keladi.
– Uning o‘zidan so‘rasak-chi?
– Agar, undan gumon qilib adashmayotgan bo‘lsam, ikki dunyoda ham aybini tan olmaydi. Shermat uydami?
– Yo‘q. Ko‘chaga chiqib ketgandi.
– Vaqtni o‘tkazmaylik.
Ikki o‘t orasida qolgan Salima oxir-oqibat o‘zidagi ikkilanishni yengib o‘rnidan turdi. Men unga ergashdim. Izma-iz ayvonga, ayvondan Shermatning xonasiga kirdik.
– Qidiravering.
– Uzr, jiyaningizning narsalarini titkilashga mening vakolatim yo‘q. Siz esa uy bekasi va Shermatning onasi sifatida bunga haqlisiz.
Yurak-yurakdan xo‘rsinib qo‘ygan Salima ishga kirishdi. Avval kiyim ilinadigan shkaf ochildi, ichidagi qishki-yozgi kiyimlarning cho‘ntaklariga birma-bir qo‘l suqildi. Shkaf ustiga, ostiga, orqasiga nazar tashlandi, ko‘rpa-to‘shak, hatto yostiqlar ham tekshirildi. Biroq hech qaerdan tilla tamakidon topila qolmadi.
– Shermatdan uzr so‘rashingizga to‘g‘ri keladi! –hukm chiqardi uy bekasi.
– Agar, shubhalarim isbotini topmasa, albatta, uzr so‘rayman. Shermat pul yoki boshqa qimmatbaho narsalarini qaerda saqlashini bilmaysizmi?
– Adashmasam, pullarni singlimdan qolgan temir qutichada saqlardi.
– O‘sha quticha qaerda?
Salima xonaning burchagiga yetib gilamning bir chetini ko‘targandi, o‘raning og‘zi ko‘rindi. Uni pastga egiltirmaslik uchun gilam ustiga cho‘k tushib o‘radan temir qutichani oldim.
– Oching.
Salima qutichani ochdi. Ikkita tilla uzuk bilan bir juft isirg‘a bir dasta mingtalik pulning ustida yotardi.
– Sho‘rlik singlimning taqinchoqlari… Bularni taqqanida guldek ochilib ketardi...
– Pullar g‘alati do‘ppayib turibdi. Ostini qarang-chi!
Talabimni so‘zsiz bajargan uy bekasi qalqib ketdi. Pullarning ostida tilla tamakidon yotardi.
– Bu yerda nima qilyapsizlar?!
Do‘rildoq ovozni eshitib yalt etib orqamga qaradim. Azbaroyi Salima bilan andarmon bo‘lganimdan Shermatning xonaga kirganini sezmagan ekanman. Bu qiliq jinoyat qidiruv bo‘limi xodimiga yarashmasligini tan olib Shermatni savolga tutishga shaylandim. Ammo uy bekasi bunga vaqt qoldirgani yo‘q.
– Meni shunchalik yomon ko‘rasanmi, bolam?
– Bu nima deganingiz? – so‘radi Shermat. – Tinchlikmi o‘zi?
– Pochchang seni o‘z o‘g‘liday ko‘rardi. Uning xotirasini oyoq osti qilishga uyalmadingmi?!
– Hech narsaga tushunolmayapman. Pochchamning xotirasini oyoq osti qiladigan nima ish qilibman? Yana ichishimni yuzimni solmoqchimisiz?!
– Kecha tunda uyga qaytganingizdan keyin nima ish qildingiz?
Shermat yalt etib menga qaradi. Aniqrog‘i, yeb qo‘ygudek qadaldi.
– Tergov qilmoqchimisiz?
– Istasangiz tergov deb tushunishingiz mumkin. Kapitan Akbarov. Jinoyat qidiruv bo‘limi. Savolimni takrorlashdan oldin hujjatimni ko‘rsatishim shart deb o‘ylaysizmi?
– Kechagi yurist bugun militsiya xodimiga aylanib qolibdimi?
Hujjatimni chiqarib burniga yaqinlashtirdim.
– Savolni qaytaraymi?
– Shart emas! Kecha tunda uyga qaytganimdan keyin to‘shakka cho‘zildim.
– Ishonchingiz komilmi?
– Uxlagani yotganim rost! Ammo uyqum kelmadi. Shuning uchun derazadan hovliga, hovlidan ko‘chaga chiqib aylanib keldim.
– Nega eshik bu yoqda qolib derazadan chiqdingiz?
– Chunki xolamning uyqusi sergak, sichqon yugurib o‘tsa ham tinchi buziladi. Uning uyqusini buzmaslik uchun derazadan tashqariga chiqdim.
– Nima uchun pochchangning tilla tamakidonini o‘g‘irlading?
Shermat yalt etib Salimaga qaradi.
– Nim-ma?! Yana qanaqa tamakidon?! Men hech nimani o‘g‘irlaganim yo‘q, xola!
Temir qutichaga ishora qildim. Quticha ichida yotgan tamakidonga ko‘zi tushgan Shermat angrayib qoldi. Uning ko‘zlaridagi ifoda! Bu ifoda nohaq ayblangan odamgagina mos tushardi. Demak, u yo rostdan ham begunoh yoki boplab rolga kiryapti.
– Men... men hech narsaga tushunolmay qoldim. Mening qutichamda pochchamning tamakidoni nima qilyapti?
– Balki, bu savolga o‘zingiz javob berarsiz? Hech bo‘lmasa endi rostini ayting. Xolangizning nomiga katta pul qo‘yilganini bilarmidingiz?
– Bilmasdim! Pul haqida sizdan eshitdim!
– Negadir bu gapingizga ishongim kelmayapti. Xolangizning uyida sodir etilgan qonunbuzarlikka nisbatan mening o‘z fikrim bor. Agar, taxminlarim noto‘g‘ri ekanligini isbot qilolsangiz xursand bo‘lardim. Demak, bunday. Siz xolangizning nomiga katta pul qo‘yilganidan xabardor bo‘lgansiz. Pullarga egalik qilish uchun, grimmdan foydalanib pochchangizning qiyofasiga kirasiz va xolangizdan bank bilan tuzilgan bitimni bekor qilib yangitdan bitim tuzishini talab qilasiz.
Shermat qisqichbaqaday qizarib ketdi.
– Men hech kimning qiyofasiga kirganim yo‘q!
– Mening taxminlarimni dalillar bilan rad qilsangiz yaxshi bo‘lardi. Davom etaman. Siz taklif qilgan bitimga binoan, sug‘urta puli pochchangizning tilla tamakidonini bank xo‘jayiniga topshirgan odamga tegishi kerak edi.
– Bank xo‘jayini, tamakidon, pul... Bu ishlarga mening aloqam yo‘q!
– U holda, yanglishayotganimni isbot qiling!
Uning shalvirab qolishini taxmin qilgandim. Adashmagan ekanman. Nimadir deyishga chog‘langan Shermat tiliga kelganni tashqariga chiqarmay yo‘q, qo‘l siltadi-yu jimib qoldi.
– Tan olganingizmi bu?
– Aslo! To‘g‘ri, ko‘chada aylanib yurganimni hech kim ko‘rgani yo‘q. Ammo, onamning xotirasi haqqi hurmati, menga ishoning, xola. Pochchamning tamakidonini o‘g‘irlaganim ham, uning qiyofasiga kirganim ham yo‘q!
Salima chuqur xo‘rsindi.
– Sendan kutmagandim, bolam, kutmagandim...
– Aybim yo‘q axir mening! Nega menga ishonmaysiz, nega?! Ey Xudo, haqiqat bormi o‘zi bu dunyoda?!
Na men va na xolasi Shermatning faryodiga munosabat bildirmadik. Kutilmaganda uning afti-angori o‘zgardi. Menga yuzlandi.
– Men qamoqqa olindimmi?
– Yo‘q.
Shermat tilla tamakidonni olib stol ustiga qo‘ygach temir qutichani bag‘riga bosib eshikka yo‘naldi. Eshikka yetgan joyida to‘xtab, xolasiga sovuq nigoh tashladi.
– Hali pushaymon qilasiz, xola. Qattiq pushaymon qilasiz!
Shermat chiqib ketgach so‘lg‘in tin oldim. Ko‘nglim nihoyatda g‘ash edi...
12
– “Arvoh ishi”ga nuqta qo‘yamizmi?
Podpolkovnikning bu savoliga qanday javob qaytarsam adashmagan bo‘lib chiqishimni o‘zim ham bilmasdim. Bir qarashda, go‘yoki xulosa tayin: arvoh bankdagi pul Hasan Jabborning tilla tamakidoni kimda bo‘lsa o‘shanga tegishini tayinladi, tamakidon Shermatning xonasidan topildi, gumondor o‘ziga qarshi qo‘yilgan dalillarni rad qila olmadi. Qolaversa, Salimaning aytishicha, Shermat uyidan chiqib ketganidan keyin arvoh uni biron marta ham bezovta qilmabdi. Demak, mayda qonunbuzarlik jiddiy jinoyatga aylanmasidan oldin oldi olindi...
Lekin buni baralla aytishga nimadir sira yo‘l qo‘ymayapti-da! Ustiga ustak, Salima Jabborovaning kundan kunga so‘lib borayotgani g‘alati. Muammolari yechimini topgan odam aksincha, yengil tin olishi kerak edi-ku axir?!
– Salima Jabborovaning ahvoli qanday? – so‘radi Sharipov.
– Yaxshi deb aytolmayman.
Stol ustida uchta surat yotardi. Birida Shermat xo‘mrayib, ikkinchisida Davron o‘ychan, keyingisida Xolboy Norboev, xuddi, meni mazax qilayotgan kabi ishshayib turardi. Bu odam ham Shermat uydan chiqib ketgan kun tong saharlab g‘oyib bo‘lganicha Salima Jabborovanikiga qaytgani yo‘q...
– Menimcha, “Arvoh ishi”ga hali nuqta qo‘yishga erta, – dedi Sharipov odati bo‘yicha nigohi bilan peshonamni nishonga olarkan. – Hasan Jabborning tilla tamakidoni Xolboy yoki Davronning emas, nega aynan Shermatning xonasidan topildi? Mana, shu savolga javob topish kerak!
– Javob topish kerak, biroq... Kecha Jabborovaga qo‘ng‘iroq qilgandim. Gaplashishni istamadi. Shermat uyimdan chiqib ketdi, endi meni tinch qo‘yinglar deb dastakni qo‘yib qo‘ydi. Shunday ekan...
– Shunday ekan, gapni ilib ketdi Sharipov. – Salima Jabborova bank bilan tuzgan bitimni o‘zgartirdimi-yo‘qmi, aniqlash zarur!
– Bitimni o‘zgartirmasa arvoh yana paydo bo‘ladi deb o‘ylaysizmi?
– Yo‘q. Bitimni o‘zgartirganidan keyin paydo bo‘lishiga ishonchim komil!
Podpolkovnik Sharipovning xonasidan chiqib Ikrom Rustamovichga qo‘ng‘iroq qildim. Zumda narigi tomonda dastak ko‘tarildi.
– Salom, o‘rtoq kapitan.
– Salom, Ikrom Rustamovich. Bezovta qilmadimmi?
– Yo‘q. Qaytaga xursand bo‘ldim. Shermatning kirdikorlarini fosh qilib yirik mijozimizdan ayrilishimizga yo‘l qo‘ymaganingiz uchun sizdan juda minnatdorman. Menga nima xizmat?
– Sizga bitta savol va bitta iltimosim bor edi. Qaysi biridan boshlay?
– Savoldan boshlay qoling...
– Salima Jabborova bank bilan tuzilgan bitimni o‘zgartirdimi?
– Hozircha, yo‘q.
– Agar, o‘zgartirsa menga xabar bersangiz, xursand bo‘lardim.
Bankirning bir muddat sukut saqlaganidan yengil tin olganini ilg‘adim.
– Iltimosingiz shumi?
– Shu.
– Qo‘ng‘iroq qilaman. Salomat bo‘ling, o‘rtoq kapitan.
Ikrom Rustamovich apil-tapil dastakni qo‘ydi...
13
Ikkita sumkani ko‘targan ko‘yi bo‘sag‘ada paydo bo‘ldi.
– Ertalabdan do‘konma-do‘kon sang‘idingmi?
– Do‘kon qayda! Bozorga tushdim. Sabzi oldim, piyoz, pomidor deganday... Voy, aytgancha, dadasi, bozordan chiqayotib katta opamni ko‘rib qoldim. Sizni so‘radi, salom aytib qo‘yishimni tayinladi.
– Salomat bo‘lsin, – dedim oshxonaga kirib sumkalarni stol ustiga qo‘yarkanman. O‘g‘iloyning uncha-munchaga “voy” laydigan odati yo‘q. “Voy” ga “dadasi” ni ham qo‘shdimi, demak, shu ikki so‘zni ishlatishga majbur qilgan qandaydir voqea yuz bergan – Faqat, salom aytdimi?
– Ha. Lekin-chi, opamning aytishicha, tez orada qo‘shnisi Salima opaning tomi ketarmish!
Sergak tortdim. Aytdim-a, xotinim behudaga “voy”lamaydi deb!
– Qanaqasiga tomi ketarmish?
– Shunaqasiga! Salima opa erining arvohi bilan endi kunduz kunlariyam gaplashayotganmish. Opam, “kecha uyi oldidan o‘tayotib o‘zim ko‘rdim, darvoza oldida qotib eri bilan gaplashayotgandi” deydi!
– Eri bilan?! Yanami?
– Yana, faqat kunduz kuni.
Fig‘onimdan dud chiqib ketdi. Kunduz kunimi, tundami, tongdami, nima farqi bor?! Jabborova “Shermat uydan chiqib ketganidan keyin erimning ruhi kelmay qo‘ydi” degandi-ku axir?!
– Voy, sizga nima bo‘ldi, dadasi? Yuzlaringiz qizarib ketyaptimi?
– Senga shunday tuyulayotgandir. Menga qara, mabodo opang Salima Jabborova erining ruhiga nimalar deganini eshitmabdimi?
– Eshitibdi. Salima opa, “dadajonisi, ertagayoq yoningizga boraman. Faqat, meni o‘zingiz kutib oling, begona o‘liklardan qo‘rqaman” deganmish. Arvohlar bir yopishsa adoi-tamom qilmaguncha tinchimas ekan, dadasi. Onam aytadilar...
– Onangga salom deb qo‘y! Men ketdim!
– Qayoqqa?
– Hasan Jabborning uyiga!
Shosha-pisha oshxonadan o‘qday otilib hovlidan chiqib ketdim. Ammo nima uchun Hasan Jabborning uyiga ketayotganimni o‘zim ham bilmasdim. “13” raqami ilingan darvoza oldida taksini to‘xtatgunimcha ham biron bir qarorga kelolganim yo‘q. Mashinadan chiqqach esa hafsalam pir bo‘ldi. Salima Jabborovaning hovli eshigiga otning kallasiday keladigan qulf osilgandi. Bir muddat nima qilarimni bilmay angrayib turganimdan so‘ng yon qo‘shnisining eshigini taqillatdim. Eshik ochilib onam tengi, shaddodligi quv ko‘zlaridan shundoqqina sezilib turgan ayol ko‘rindi.
– Kechirasiz...
– Mayli, kechirdim, bolam. Endi dardingni aytaver.
– Salima xolani qidirib kelgandim. Qarasam, eshigi qulf. Mabodo, qayoqqa ketganini bilmaysizmi?
– Nega bilmas ekanman? Bilaman-da, bolam. Avval sen kimligingni ayt. So‘ng, nega uni qidirib yurganingni aytasan. Ana undan keyin...
Hujjatimni ko‘rsatishimga to‘g‘ri keldi.
– Tushunarli. Salima arqon sotib olgani bozorga ketdi.
– Bozorga ketdi? Salima xola arqonni nima qiladi? Axir, moli yo‘q-ku?
– Nega yo‘q bo‘larkan? O‘tgan kun ertalab Xolboy yana Salimaning uyiga qaytib keldi. Quruq kelgani yo‘q, qishloqdan sigir yetaklab keldi. Yangi molga yangi arqon bog‘lash kerak. Shunaqa irimi bor. Eski arqonda tursa...
Ayolning keyingi so‘zlari qulog‘imga kirmadi. Yana taksiga o‘tirib bozor darvozasi oldida tushib qoldim. Ichkariga kirdim. Bozor to‘la odam, g‘ala-g‘ovur, baqir-chaqir...
Darvozadan kirib to‘g‘ri arqonchilarning rastalari tomonga odimladim. Salimani topdim. Ana, o‘zi tengi arqonchining yonida turibdi. Undagi o‘zgarishni ko‘rib bo‘g‘zimdan xo‘rsiniq yulindi. Shundog‘am ozg‘in edi, yanada ozib cho‘pday bo‘lib qolibdi. Yoniga yaqinlashganimda sochlarining qorasidan oqi ko‘payganini ilg‘adim. Yuzlarini tilgan ajinlar ham bunchalik ko‘p emasdi...
– Arqoningiz pishiqmi, ota? – so‘radi Salima bosh barmoq yo‘g‘onligidagi arqonni qo‘liga olarkan. Arqonchi unga taajjublanib qarab qo‘ydi.
– Ota dedingmi? Nima, meni tanimayapsanmi, Salima?
– Keksa odamlar orasida tanish-bilishlarim kam, ota. Shuning uchun, aybga buyurmang.
– Yana ota deydi-ya! Esing joyidami o‘zi? Men Bobojonman. Sen bilan bir mahallada tug‘ilib...
– Uzr, Bobojon ota, tanimabman. Menga uch metr arqon bering.
– Bobojon otamish! Es-hushing joyidami o‘zi?
– Joyida.
– Arqonni nima qilasan?
– Erim uch metr arqon topib qo‘yishimni so‘ragandi. Berasizmi?
Bobojon aka “astag‘furullo” deb yoqasini ushladi.
– Nimalar deyayotganingni bilasanmi o‘zi?! Ering olamdan o‘tganiga bir yil bo‘ldi-ku!
– Sizga yolg‘on aytishibdi. Erim tirik. Hamma uni o‘lgan deb o‘ylaydi, aslida, u o‘lmagan. Tez-tez uchrashib turibmiz.
Bobojon aka, uning sog‘ ekaniga shubhandi chog‘i, arqoni sotmadi. Salima navbatdagi rastaga o‘tib uch metr arqon sotib olgach bozor darvozasi tomonga yurib ketdi. Unga ergashdim.
– Salima Hikmatovna, bir daqiqaga!
Kutilmaganda Salimaning ko‘zlaridagi aqli-hushidan ayrilgan odamlarga xos bo‘lgan ifoda so‘nib, zumda puldor odamning badavlat bevasiga aylandi.
– Mendan nima istaysiz?
– Mumkinmi, sizni kuzatib qo‘ysam?
– Yo‘q! Men o‘g‘limga tuhmat qilgan odam bilan gaplashishni istamayman! Asli, erimning tamakidonini o‘zingiz o‘g‘irlab Shermatjonning qutichasiga solib qo‘ygansiz!
Undan har narsani kutgan bo‘lsam ham bunday bema’ni ayblovni kutmagandim.
– Menga qarang...
– Shermatni uydan haydatish uchun arvoh asli arvohmas, Shermat arvoh rolini o‘ynayapti dedingiz! Men nodon sizga ishondim. Erimning arvohi esa keyingi ikki kun ichida ikki marta keldi. Endi undan qo‘rqmaydigan bo‘lib qoldim. Chunki, erim bir so‘zli odam, aytganimni qilsang senga ziyon yetkazmayman deb va’da berdimi, bas, va’dasini bajaradi.
Bu gap menga umuman yoqmadi.
– Menga qarang, balki kimdir yana eringizning qiyofasiga kirib...
– Bo‘lmag‘ur taxminlaringiz o‘zingizga siylov, so‘zlarimni cho‘rt kesdi Salima. – O‘tgan tun erim ko‘zimni ochdi. “Men haqiqiy arvohman, dedi menga, singlingning o‘g‘li qiyofamga kirayotgani yo‘q. Ishonmasang, Shermatga qo‘ng‘iroq qil!” Qo‘ng‘iroq qildim. Shermat men bilan gaplashishni istamadi, sizdan nafratlanaman dedi-yu dastakni qo‘yib qo‘ydi. Arvoh esa bu paytda shundoqqina derazam oldida turardi!
Miyam yashin tezligida ishlay boshladi. Demak, arvoh ikki kun oldin yana paydo bo‘lgan. Hasan Jabborning qo‘shnisidan Xolboy Norboev ham Salimaning uyiga ikki kun oldin qaytganini eshitdim. Qiziq, juda qiziq!
– Bank bilan tuzgan bitimni o‘zgartirdingizmi?
Salima indamay, yo‘l chekkasida turgan taksiga o‘tirdi. Bir muddat joyidan qo‘zg‘algan taksining orqasidan qarab turgach uyga yo‘l oldim.
– Keldingizmi, dadasi?
– Keldim. Meni kim so‘rasa ham yo‘qman!
Xotinim kayfiyatim rasvoligini ilg‘adi chog‘i, indamay qo‘yaqoldi. Ayvonga kirib divanga o‘tirdim.
– Shermat uydan chiqib ketganidan keyin ham arvoh tinchimabdi, – dedim o‘zimga o‘zim. – Eng yomoni, ruhan ezilib ado bo‘lgan Salima Jabborova uning istagi quliga aylangan ko‘rinadi. Shoshma-shoshma, Salima Jabborova bank bilan tuzgan bitimni o‘zgartirgan bo‘lmasin tag‘in?
Shosha-pisha telefonimni chiqarib Ikrom Rustamovichning qo‘l telefoniga terdim. Chaqiruv ketgani yo‘q, uning o‘rniga men so‘rayotgan telefon o‘chirib qo‘yilgani ma’lum qilindi. Bankirning uyiga qo‘ng‘iroq qildim.
– Allo? – ayol kishining ovozi eshitildi narigi tomondan.
– Assalomu alaykum. Ikrom Rustamovichning uyimi?
– U kishi yo‘q. Dam olgani Yaltaga ketdi.
Hafsalam pir bo‘ldi. Qaysi bir qiziqchimiz aytganidek, puling bo‘lsa xaltada, dam olasan Yaltada! Bankir bilan qanday gaplashaman endi? Yaltaga qo‘ng‘iroq qilamanmi?!
14
Kun o‘tdi, quyosh botib borliq tun pardasi qo‘ynida qoldi. O‘ylayverganimdan boshim g‘ovlab ketgan bo‘lsa-da, biron bir mantiqli fikrga kelolmayman.
– Dadasi, – o‘ylarimni to‘zg‘itdi xotinim. – Nima qilyapsiz?
– Televizorga qadalib o‘tirgan odam nima qiladi? Televizor ko‘radi-da!
– Ko‘zingiz ekranda-yu, xayolingiz boshqa joyda. Yaxshisi, shahar telestudiyasi kanalini oling. Havaskor qiziqchilarning tanlovini ko‘rsatarkan bugun.
Kanalni o‘zgartirgandim, sahnada turgan yigit ko‘rindi. Yigit mashhur insonlarning ovozlariga taqlid qilardi. Ana, Zikir Muhammadjonovning ovozida monolog o‘qiy boshladi. Butun zal, zaldagilarga qo‘shilib men ham unga baqraygancha qotib qolgandim. Faqat zaldagilardan farqli o‘laroq, mening kulgim emas, o‘zimni bo‘ralab-bo‘ralab so‘kkim kelardi.
– Dadasi, nega xo‘mrayib o‘tiribsiz? Kulmaysizmi?
– Kulgili ekanmi?
– Boyagi qiziqchi arqonni ilonga o‘xshatgan anqov haqida latifa aytganida kulaverib...
– Nima haqda latifa aytdi deding?
– Bir anqov arqonni ilonga o‘xshatgan ekan...
– Arqon?! – yalt etib xotinimga qaradim. – Menga qara, ertalab opangni ko‘rganingni aytganing esingdami?
– Esimda. Nega so‘rab qoldingiz? Tinchlikmi?
– Opang Salima Jabborova erining ruhi bilan gaplashayotganini ko‘rgan ekan deganding. To‘g‘rimi?
– To‘g‘ri. Tinchlikmi axir?
– Salima opa qachon eriga yoniga borishini aytibdi?
– Ertaga boraman, kutib oling deganmish...
– Opang Salima opa eri bilan gaplashayotganini kecha ko‘rgan ekan, shundaymi? Ertaga yoningizga boraman degan bo‘lsa… Demak... bugun!
Sakrab o‘rnimdan turdimu tashqariga otildim. Xotinim angrayib qolaverdi.
Sharipov Salima Jabborova bitimni o‘zgartirgach arvoh albatta paydo bo‘ladi degandi! Podpolkovnik har doimgidek haq! Salima bitimni o‘zgartirgan ko‘rinadi. Aks holda, arvoh uni arqon olib kelgani bozorga yubormagan bo‘lardi!
* * *
Tun. Salima Jabborovaning bog‘i zimiston qo‘ynida qolgan. Na unikida va na qo‘shnilarining uyida lip etgan chiroq ko‘rinmaydi.
O‘g‘riday pisib Salimaning bog‘iga kirganimga ikki soat bo‘ldi. Shuncha vaqtdan beri uning yotog‘iga yaqin joyda biqinib o‘tiribman. Arvohni kutyapman...
Qo‘l soatimga nazar tashladim. Tungi bir yarim. Ayni arvohlar izg‘iydigan payt hozir...
Shu vaqt, xuddi, o‘yimni uqqan misol bog‘ eshikning g‘iyqillab ochilgani eshitildi. Ko‘zlarimni yirib ochib orqa hovliga eltuvchi yo‘lakka qaradim. Sharpani ilg‘adim. Qorong‘ilik qo‘ynida elas-elas ko‘rinayotgan sharpa sassiz odimlab uyning yon tomoniga o‘tdi-da, pastak binoga kirib ketdi. Pastak bino, chamasi, ombor vazifasini o‘tar, deraza o‘rniga darcha o‘rnatilgandi. Bir vaqt, darchada ojizgina nur ko‘rindi. Oradan yarim soatcha vaqt o‘tgach nur so‘nib sharpa tashqariga chiqdi. Sharpa qorong‘ida xira oqarib turgan oq rangli matoga o‘ralib olgandi.
– Padaringga la’nat! – so‘kindim ichimda. – O‘lmay turib kafanga o‘ralib olibdimi, la’nati?!
Mening biqinib turganimdan bexabar sharpa sassiz odimlab Salimaning yotog‘i derazasiga yaqinlashdi.
– Salima... – xirilladi bo‘g‘iq ovozda derazaning bir tabaqasini ochib – Men keldim!
Shu asno yotoqxona derazasida ojiz nur ko‘rindi. Salima stol chirog‘ini yoqqanini angladim.
– Nega chiroqni yoqding? O‘chir... o‘chir!
– Qo‘rqyapman, dadasi... – Salimaning ovozi eshitildi ichkaridan.
– Qo‘rqma... Ota-bobolaring seni olib kelgani yuborishdi. Ular seni kutishyapti. Arqon sotib oldingmi?
– Sotib oldim.
– Qani u?
– Ana, shift ostidan o‘tgan quvurga bog‘lab qo‘yibman...
– Arqonning bu tomonini sirtmoq qil. Yaxshi. Endi sirtmoqni bo‘yningga sol, – sharpa ovozini bir parda ko‘tardi. – Bo‘yningga sol dedim senga!
– Lekin, dadasi...
– Buyruqni bajar! Agar, aytganimni qilmasang, ota-bobolaringning ruhlari yoningga kelishadi! Ular g‘azabda, seni ayab o‘tirmaydilar! Bo‘yningga sol!
– X... xo‘p... Faqat, siz ketib qolmang. Birga... birga ketamiz...
Biqingan joyimdan chiqib oyoq uchida derazaga yaqinlasha boshladim. Qadamim tovushini, hatto, o‘zim eshitganim yo‘q, sharpaga yo‘l bo‘lsin!
– Imillama, xotin!
– Shoshirmang, dadasi. Bilasiz-ku, bo‘ynimda qitig‘im bor...
– Tezroq bo‘l dedim senga!
– Yordam kerakmasmi?
Sharpa sapchib tushishga ulgurdi, xolos. Yoqasiga chang solib dast ko‘tardim-u ichkariga uloqtirdim. Yotoqxonadan gursillagan tovush eshitilganida o‘zim ham deraza raxiga chiqib ulgurgandim. To‘g‘ri, birovning uyiga derazadan kirish yaxshimas, odam bolasi eshikni behudaga o‘ylab topmagan. Ammo, eshikdan kirishga vaqt yo‘q edi. Salima kursi ustida turar, quvurga bog‘langan arqonning uchi sirtmoq qilingan, sirtmoqni bo‘yniga ilib olgandi.
– Qimirlamang! – baqirish bilan cheklanmay “arvoh”ning yuziga musht tushirib kursiga tashlandim. Salima menga o‘qrayib qaradi.
– Erimni... erimni nega urasan, yaramas?!
– Eringiz bir yil oldin olamdan o‘tgan, Salima opa! O‘zingizni qo‘lga oling! Ko‘zimga qarang. Ko‘zimga qarang deyapman sizga! Men kapitan Akbarovman. Akbarov! Manavi o‘laksa esa eringiz emas. Arvoh ham emas!
– Unda kim? Yana Shermatmi?!
– Sirtmoqni bo‘yningizdan olib kursidan tushsangiz, aytaman.
Salima talabimni so‘zsiz bajardi. Quvurdan arqonni yechib oldim-da “arvoh”ning qo‘llarini chandib bog‘ladim.
– Endi savolimga javob bering!
– Hozir o‘zingiz javob topasiz. Qarang!
“Arvoh”ning tepakaliyu soqol-mo‘ylovini yulib oldim. Salima chinqirib yubordi.
– Davron?!
– Xuddi shunday! Davron Jabborov!
Salimaning qay ahvolga tushganini ta’riflab o‘tirmayman...
– Lekin... lekin siz Shermatdan gumon qilgandingiz-ku?
– Yanglishgan ekanman...
– Ablah! – xirilladi Davron ko‘zlaridan olov sachrab. Bir necha kun oldingi samimiy, ochiqko‘ngil yigitdan asar ham qolmagan, oyoqlarim ostida pul uchun har qanday qabihlikdan qaytmaydigan maraz kimsa yotardi.
– Demak, Shermat aybdor emas ekan-da? – so‘radi Salima kursiga og‘ir cho‘karkan.
– Salima Hikmatovna, keling barini bir boshdan tahlil qilamiz. Uyingizga birinchi marta kelgan kunimni eslang. O‘shanda Davron ochiqko‘ngil, samimiy yigit rolini qoyilmaqom qilib o‘ynab meni chalg‘itishni uddalagandi. Natijada, undan shubhalanganim yo‘q. U bundan ustalik bilan foydalandi, Shermatni bankdagi pullardan mahrum qilish uchun marhum eringizning qiyofasiga kirib sizni bezovta qilishda davom qildi. Chunki, voqelikka ertami-kechmi biz aralashishimizni bilardi, la’nati! To‘g‘ri gapiryapmanmi, hayvon?
Davron lom-lim deb og‘iz ochgani yo‘q.
– Mayli, istamasang indamay qo‘ya qol. Sukut alomati rizo degan gap bor. Voqelikka biz aralashganimizdan keyin, Shermatni shubha ostida qoldirish uchun eringizning tilla tamakidonini o‘g‘irlab singlingizdan qolgan qutichaga solib qo‘yadi.
– Shermatjon, sho‘rlikkina... Siz uyimga kelgan tun chindan ham ko‘chaga aylangani chiqqan ekan-da?
– Qaerga, nima uchun chiqqanini bilmadimu, uning bu ishda qo‘li yo‘qligi aniq. Bank bilan tuzilgan bitimni Davronning foydasiga o‘zgartirdingizmi?
– O‘zgartirgandim. Ikki kun oldin... O‘sha kuni tunda u... yana kelgandi.
– Siz Shermatni puldan mahrum qildingiz. Pullar Davronga qoladigan bo‘ldi. Endi sizning unga keragingiz yo‘q edi. Shuning uchun, Davron yana eringizning qiyofasiga kiradi va sizni joningizga qasd qilishga unday boshlaydi.
– Aynan bugun tunda bo‘ynimga sirtmoq solishimni qaerdan bildingiz?
– Buning uchun qaynonamga rahmat aytishingiz kerak. Agar, qaynonam katta qizini qo‘shningizga erga bermaganida bundan bexabar qolardim... Kecha xotinimning opasi “eringiz” bilan gaplashib turganingizni eshitgan ekan. Siz, ertaga uning yoniga borishingizni aytgan ekansiz. Boz ustiga, xayolingiz... hm, nima desam ekan, parishon edi desammi... Xullas, bozordan arqon sotib olayotganingizda shundoq yoningizda turgandim. Seni ham bozorda ko‘rganday bo‘ldimmi, yaramas?
Davron tishlarini g‘ijirlatdi.
– Ko‘rmadi deb o‘ylagandim. Adashgan ekanman!
– Sen ikkita qaltis xatoga yo‘l qo‘yding. Birinchisi, Salima Hikmatovnani arvohligingga ishontirish uchun Shermatga qo‘ng‘iroq qildirding. Ikkinchisi, qiziqchilar tanlovida ishtirok etib taqlid qilishga usta ekanligingni ko‘z-ko‘z qilding! Seni televizorda ko‘rganim zahoti men ham katta xatoga yo‘l qo‘yganimni tushundim. Mana shu ikki xatoing siringni fosh qildi.
Nihoyatda charchagandim. Pardoz stoli yonida turgan kursiga cho‘kib qo‘l telefonimni chiqarib podpolkovnik Sharipovga qo‘ng‘iroq qildim. Sharipov tunda Jabborovaning uyida qanday voqea sodir etilishini oldindan bilganu mening qo‘ng‘iroq qilishimni kutayotganday darrov dastakni ko‘tardi.
– Bemahal bezovta qilayotganim uchun uzr, o‘rtoq podpolkovnik.
– Hasan Jabborning uyidan qo‘ng‘iroq qilyapsanmi? – so‘radi Sharipov bu savolga qanday javob qaytishini ham oldindan bilgan odam yo‘rig‘ida.
– Axborot beraman, o‘rtoq podpolkovnik. Birinchidan, siz Salima Jabborova bank bilan tuzilgan bitimni o‘zgartirgach arvoh yana paydo bo‘lishni taxmin qilib adashmagan ekansiz. Ikkinchidan, arvoh qo‘lga olindi! Uning kimligini aytaymi?
– Yaxshisi, Jabborova Shermatni pulga egalik qilish huquqidan mahrum qilibdimi – yo‘qmi, shuni ayt.
– Mahrum qilibdi, Sobir aka.
Podpolkovnik Sharipov bir muddat sukut saqlagach tilga kirdi:
– Davron Jabborovni ichki ishlar bo‘limiga olib boring, kapitan!
– Xo‘p bo‘ladi, o‘rtoq podpolkovnik!
– Aytib qo‘yay, Farrux, agar ertaga ishga kechikib kelsang ayab o‘tirmayman!
Telefonni o‘chirib cho‘ntagimga joyladim.
– Mana shunaqa gaplar, Salima Hikmatovna. Ana endi “Arvoh ishi”ga nuqta qo‘yamiz!
“Yoshlik” jurnali, 2014 yil, 5-son