OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Risolat Haydarova. Daraxt meva tugganda (hikoya)

O‘sha kuni Hamida banogoh bahor kirib kelganini payqadi. Chunki to‘rt oydan beri birinchi marta tong chog‘i uyg‘onganda sovuqdan seskanmadi.
Tungi ko‘ylagining uzun etaklarini osiltirib, oynaband ayvonchaga chiqdi.
Osmon asta-sekin zangor tusga kirib borardi. Deraza orti yorishayotganidan ayvonchalarining ro‘parasida shox yoygan o‘rikning g‘unchalari yaqqolroq ko‘rindi.
Nafasini yutib tonggi sukunatga quloq tutdi. Borliq ertalabki shovqin oldidan so‘nggi bor orom olar, quvvat tiklar edi. Ko‘p o‘tmay, atrof birin-sirin g‘iyqillagan, chiyillagan, guvillagan tovushlarga to‘la boshlaydi. Bunga odamlarning g‘ovur-g‘uvuri qo‘shiladi. Shu bilan tong o‘zining g‘alati, turli-tuman shovqinlardan yaralgan musiqasini boshlab yuboradi. Bu musiqaning sur’ati juda shoshqin, kishini o‘z domiga tortib yuborar darajada kuchli.
Hozircha atrof osoyishta, qaldiroq oldi sokinligi kabi jim. Hatto beshikdagi o‘g‘ilchasi ham tamshanmay qo‘ygan, so‘rg‘ichini unutib uxlar edi.
Hamida odatdagi yumushlari oldidan bir zum tin olish istagida deraza oldidagi kursiga cho‘kdi. To‘r parda chekkasini ko‘tarib, tashqariga boqdi. Uyidan boshlab o‘ttizlab odim joygacha cho‘zilgan, pastakkina butalar bilan ihotalanib, o‘rik, behi, olma daraxtlari ekilgan maydonchadan narida katta tekis yo‘l ko‘rinadi. Undan u yog‘ida baland teraklar safi, saf ortida esa haydalgan yerning uzun-uzun palaxsalari qorayib yotadi. Yoz chog‘i u yerlar yam-yashil ekinlarga aylanadi, hozircha u yoqlarga urug‘ qadalmagan, hali yerning zaxi ketmagan. Qaynonasi “ko‘ch ko‘tarar” kuni g‘ururlanib: “Berayotgan uyimiz ko‘m-ko‘k daraxtlar o‘rtasida, naq bog‘ning o‘zi”, degandi. Faqat Hamida hali bu bog‘ning ko‘rkini ro‘y-rost ko‘rganicha yo‘q, kelganlarida avji qish edi.
Bir vaqt erining telefoni ojizgina tovush chi­qarib qo‘ydi. Hamida shoshib yotoqqa kirdi-da, musiqa ovozi balandlab ulgurmasdan tugmachani bosdi. “Boshlandi, – o‘yladi u, – uyg‘onish, ish, yumush, yugurish...”
Beshik g‘irchilladi, gavrapo‘sh ichidan o‘g‘ilcha­sining g‘ingshigan tovushi chiqdi. Ona qo‘lini ichkariga suqib, so‘rg‘ichni topdi, go‘dagining ko‘zlari yumuq holicha og‘zini katta ochib “ovunchog‘i”ni izlashiga bir zum kulib qarab turdi.
– Bolani qiynamasang-chi, – karavotdan erining ovozi keldi. – Ber “shakalat”ini!
Hamida “piq” etib kuldi, so‘rg‘ichni chaqalog‘ining og‘ziga tiqib, o‘zini ko‘rpaga tashladi-da, erining bo‘y­nidan mahkam quchib oldi.
Mirsoat uyqusiragan ko‘yi xotinining erkalik qi­­lishiga bir pas yo‘l qo‘yib berdi. Keyin shivirladi:
– Bugun ishga ertaroq ketmasam bo‘lmaydi, tura­qol endi.
Kelinchak norozilandi:
– Nuqul ish, ish deysiz-a...
Yigit jiddiy turib:
– Agar o‘sha hisobotini ertaroq qilib bermasam, ish haqim kam chiqadi, – dedi, – unda o‘sha sen maq­tay­digan vitaminli bo‘tqani nimamizga olamiz, a?
Bu savolga e’tiroz qilib bo‘lmas edi. Hamida o‘rnidan turib, kundalik ko‘ylagini kiydi-da, oshxonaga chiqdi. Ayvonchaga dasturxon yozarkan, daraxt uchida ilinib turgan oq bulut parchasiga qarab: “Muncha momiq bo‘lmasa, – deya shivirladi. – Rostdan ham bahor kelib­di”.
Birgina shu so‘zning o‘zi uning kayfiyatini tamomila ko‘tarib yubordi. Nazarida qaynayotgan chovgumi, tovada vishillayotgan quymog‘i, hatto jaranglagancha qo‘lidan tushib ketgan qoshiqchalari – bari kelayotgan kunning ruhini o‘ziga singdirib ulgurgan, shu bois shoshqin, shovqinli edi.
Sariyog‘ surtilgan nonni apil-tapil chaynayotgan eriga qarar ekan, kulgisi keldi. Mirsoat og‘zini to‘latib olganidan ikkala lunji shishgan, chaynash zo‘­ridan hatto quloqlarigacha qimirlar edi.
“Shoshmasangiz-chi, – xayolidan kechirdi kelin. – No­nushtaning ta’mini ham sezmaysiz-a...” Lekin in­damadi. Chunki eri uning bu e’tiroziga ham biron-bir mantiqli javob topib berishiga, shu bilan mot qilishiga ishonar edi. Yigit esa doimgiday, vaqtdan yutish niyatida piyolasidagi choyi ilishini kutayotib, telefoniga kelgan SMS-xabarlarga ko‘z yugurtirib chiqdi, so‘ng telefoniga yana bir nimalarni qayd qildi. Oxiri ilib ulgurgan choydan bir piyola ichdi-yu, fotiha o‘qib o‘rnidan turdi.
Eshik yonida kurtkasini kiyarkan, xotiniga ko‘z qisib qo‘ydi. Kelinchak kulimsiradi. Yigit iljaydi-da, Hamidaning burniga barmoq uchini asta tekkizib qo‘yib, tashqari chiqdi, “Yaxshi borib keling”, – tilagiga javoban bosh silkidi.
“Ana bo‘ldi, – o‘yladi Hamida, – ishga kuzatdik. Endi qolgan yumushlarni bosh-lay-mi-i-iz...”
O‘g‘ilchasi uyg‘ondi, tashqarida ko‘z tanish bo‘lib qolgan sutchi xotinning “sut, qatiq, qaymo-o-oq” degan chaqirig‘i eshitildi, sal o‘tmay, o‘zi eshik qo‘ng‘irog‘ini jiringlatib keldi-da, doimiy mijozlariga plastik idishda sut tashlab ketdi. Shu bilan navbatdagi kun boshlandi.
Bahor kelgani, izg‘irinli kunlar ortda qolgani haqidagi yorug‘ o‘ylar kelinchakning bugungi kunini o‘z­gacha izga solib yubordi. Oh, ko‘klam kelyapti! Ni­hoyat, mana shu to‘rtta devorga tikilib o‘tirishlar yo‘q bo‘ladi, endi o‘g‘ilchasi kamroq shamollaydi, bolani qavatma-qavat kiyintirishlarga chek qo‘yiladi, shu bois go‘dagini ko‘tarib yurishga qiynalmaydi, o‘zi ham shu dardisar paltoni kiymaydi. Kelinchak sarpo talablaridan kelib chiqib tanlangan suvsar yoqali, og‘ir, uzun paltosini egnida tasavvur qildi-yu, go‘yo yuk tushgandek, yelkalarida og‘riq tuydi. Turasolib, ko‘rpalarini ag‘darib, sandig‘ini ochdi. Qor tushganda bahorgi kiyimlarini taxlab, ehtiyotlik bilan o‘rab, joylab qo‘ygan edi. Mana, qo‘shni kelinchaklarning havasini keltirgan, yoqa, o‘miz, yeng va etaklariga oltin rang nozik* qadalgan ko‘ylagi. Manavi qaymoqrang kostyumini o‘zi ham sevib kiyardi. E, bu qirmizi libos hozir unga mos kelarmikin? Ishqilib, to‘lishib ketmaganmikin? Axir uni ustiga ilmaganiga ham ancha bo‘ldi-da! O‘tgan bahor og‘iroyoq edi, egnida to‘kilib turadigan to‘g‘ri bichim ko‘ylaklarga kuni qolgandi. Kattakon qorni bilan qaynotasiga ko‘rinishga uyalgani uchun onasi unga mana shunaqa ko‘ylaklar tiktirib bergandi.
Kelinchak o‘sha paytdagi ahvolini eslab, o‘zicha kulib qo‘ydi. Soddalik qursin, go‘yo keng ko‘ylak kiysa, qaynota-qaynukasi hech narsani sezmaydigandek... Uy ichida kiyimlarini hilpiratib yurarkan, eri “e, yelkanli kemaning o‘zi bo‘libsan-ku, bo‘g‘irsoq”, deya kulgan, u esa chidolmay yig‘lab, qaynonasiga shikoyat qilgan edi. Oh, qaynonasi o‘shanda o‘g‘lining adabini boplab berib qo‘ydi-ya!
...Tushlikdan keyin bolasini beshikka beladi-da, ko‘zlari yumila boshlagan go‘dakka bir pas mahliyo bo‘lib o‘tirdi. Keyin gavrapo‘shni yopib, o‘rnidan turdi. Toshoyna qarshisiga kelib, tarog‘ini qo‘liga oldi. Voy-bo‘y, sartaroshxonaga borishi kerak ekan, upasi ham tugay deb qolibdi.
Liboslarini birma-bir kiyib ko‘ra boshladi. Eh, qirmizi ko‘ylak badanida tortilib qoldi. To‘lishibdi-da... Qaymoqrang kostyum durust, manavi moviy ranglisi ham yomonmas, chidasa bo‘ladi... faqat... shu... bo‘ksa tomoni g‘alatiroq turibdi-da...
Oxirgi kiyimni yechgach, toliqib, gilam ustiga o‘ti­rib qoldi. Bahor, umid bilan qarshilangan bahor kelinchakning diliga quvonch bilan birgalikda g‘ussa ham keltirgan edi. Hamida avvalgi nozik-nihol kelinchak emas ekan!
Xo‘rsinib, liboslarini yig‘ishtirdi-da, javonga tiqib yubordi. Vannaxonaga o‘tib, bolasining ishtonchalarini yuvishga tutindi. “Hammasi bekorchilikdan miyaga keladigan xayollar”, – o‘yladi u ortiq o‘zini qiy­namaslikka ahd qilib.
Hamida shu bilan yana o‘zining kundalik yumushlariga sho‘ng‘idi. Go‘yo endigi hayoti faqat shungagina bog‘lanib qolganday jiddu jahd bilan bir nimalarni tozalar, yuvar, tikib-chatar, dazmollar, pishirar edi.
Faqat qosh qorayar mahali tin olar, odaticha, beixtiyor surmasini qo‘liga olib, toshoyna qarshisiga kelarkan, to‘lisha boshlagan qomati, osila boshlagan baqbaqalariga nazari tushib yuragi achishar, o‘z-o‘zidan xo‘rsinib qo‘yardi.
Lekin Mirsoat xotinidagi kayfiyat o‘zgarishla­rini sezmasdi. Chunki zohiran hech narsa o‘zgarmagan edi. Oqshom chog‘i uyga kelganda plita ustida kechlik taom tayyor, ertaga ishga kiyadigan ko‘ylaklari silliq dazmollangan, paypoqlari tekis taxlangan, ozoda dasturxon ustiga chiroyli likopcha, piyolalar terib qo‘yilgan bo‘lardi. Mirsoat xursandlikdan ikkala qo‘lini bir-biriga ishqab, qozonga nazar solardi, xotini esa xuddi yosh bolani ko‘ndirmoqchi bo‘lgandek: “Mana hozir, kiyim almashtirib chiqquningizcha ovqa­tingizni kosaga suzib turaman, boraqoling”, – deya jilmayardi.
Televizor qarshisiga yonboshlaganda esa Hamida uning yoniga kelib cho‘kkalardi. Shu onda televizor ikkovining yodidan chiqib, e’tiborlari ro‘paralarida, ko‘rpachada yotgan o‘g‘ilchalariga qaratilar, zo‘r berib emaklashga urinayotgan bolaga qarab kulishar edi.
Oqshomgi osoyishtalik ruhi asta-sekin tunga singib ketardi. Tun o‘ziga “yuqqan” shu atvorni tongga uzatardi. Kelinchak ko‘z ochib tevarakdagi sokinlikka quloq tutarkan, dili yorishib kelayotgan osmon bilan uyg‘unlashib, tiniqlashib ketardi. Keyin u yengil tortib ayvonchaga chiqardi-da, o‘rik g‘unchalarining gulga aylanishini kuzatardi. Yorishib kelayotgan osmonning rangi qanday o‘zgarishi, ufqdagi bulutlarning tusi tiniqlashib borayotgani, yer usti ko‘karayotgani kun sa­yin yaqqolroq ko‘rinardi. Derazani ochib, yuzini sahargi salqinlikka tutganda shabadaning vazni ham yengillashgandek tuyulardi.
Shunday kunlarning birida sutchi xotin ikkita kattakon sumkani ko‘tarib keldi.
– Uh, nafasim tiqildi-ya, – xotin ostona yoniga cho‘nqaydi. – Bir piyola suv bering, o‘rgilay.
Hamida iliqqina choyni ho‘playotgan xotinga birinchi bor ko‘rayotgandek, qiziqsinib razm soldi. Qot­ma, oftob yalagan yuzlari go‘yo singib pishgan kulcha yanglig‘, burisha boshlagan yonoqlarida qoramtir qizillik o‘ynaydi…
– Yaqinda bu kishi sigir yoniga ikkita qo‘y ham qo‘­shib berdilar, – dedi ishchanlik bilan sutchi xotin. – Agar semirtirib olsak, sut-qatiqning pulidan tash­qari, qo‘yni sotishdan keladigan tushum ham meniki bo‘larkan. Anchagina kamim bor edi, shularni to‘g‘­ri­lab olaman, devdim-da... Hozir qiz uzatishga bi-i-ir dunyo narsa kerak! O‘qishi bitsa, nasib qilsa...
– Qaerda o‘qiydi qizingiz? – beparvogina so‘radi kelinchak.
– Buxgalterlikka o‘qiyapti, shu ish yoqar ekan, o‘qiy­man deb qo‘ymadi. Hozir ancha nufuzli kasb ekan, bilganlar shunaqa deyishdi. Mayli-da, bu ham mahallada obro‘… O‘qishining pulini otasi to‘­layapti, sepini men yig‘yapman... – xotin o‘z ishidan mamnun kishilar kabi g‘ururlanib kulib qo‘ydi. – Uyingizdan po‘choq chiqsa, begona qilmang, o‘zim kunora olib ketaman. Harna-da… Bo‘lsa, hozir ham chiqarib beravering.
…Sutchi xotin ketgach, kelinchakka uyi ichida shamol, dala isi qolgandek tuyuldi. Kiraverishni supurarkan, ostonaga tushib qolgan qurigan qoqi o‘t bargini ko‘rib qoldi. Qo‘liga olib, go‘yo noyob topildiqday tomosha qildi. “Qatiq idishlari joylangan sumkadan tushgan shekilli, yoki opoqining kalishiga yopishib qolganmikin?” – o‘yladi u.
Bir vaqt bu barg yashagan bandning uchida sap-sariq gul ochilgan, keyin u momaqaymoq “boshchasi”ga aylangan, oxiri shamollarda to‘kilib, kuzgi xazonlar qatori qorlar tagiga tushgan… Chirib ketmagani g‘alati…
Shu kuni o‘g‘ilchasini ko‘tarib non do‘konidan qay­tayotganda uyi ortidagi daraxtlar tagidan o‘t­gan ingichka ariq labida yalpiz yaproqchalari bo‘y ko‘rsatganini ko‘rib qoldi. Nariroqda jag‘-jag‘, ot­quloq ko‘karibdi. Bolasini bag‘riga mahkam bosdi-da, enkayib, ko‘kat terishga tutindi. Anchagina, yelim xaltachasining og‘zi baravar chiqdi.
Oqshom dasturxon ustiga ko‘k chuchvara, somsa qo‘ydi.
– Shunaqa pazandaligingni yaxshi ko‘raman-da, onasi, – iljaydi Mirsoat.
– O‘zimni-chi? Meni ham yaxshi ko‘rasizmi?
Yigit qoshlarini kerib xotiniga qaradi:
– Ie, bu qanaqa gap bo‘ldi endi? Yaxshi ko‘rmasam, uylanarmidim?
– Hozir, uylanganingizdan keyin ham yaxshi ko‘­rasizmi meni?
Eri og‘zini to‘ldirib somsa chaynayotganidan gapirolmay, boshini silkidi:
– Ha.
Bu javob kelinchakni qoniqtirmadi. Ko‘zlariga yosh to‘ldi. Eri esa hayron bo‘ldi:
– Qiziqmisan, shunga ham yig‘laydimi odam?
– Bu gapni… bu gapni munaqa aytmaydi-da!
– Qanaqa aytadi?
– Avvallari… avvallari qanaqa aytgan bo‘l­san­giz, shunaqa!
Mirsoat xa-xolab yubordi:
– Avvalgidek, degin? Yapon bog‘i, tosh yo‘lka, sun’iy buloq… A?
Xotinining hiqillay boshlaganini ko‘rib, yigit xijolat aralash:
– Qo‘y endi, – dedi, – yig‘lamagin, kunlar isib ketsa, yapon bog‘iga yana olib boraman seni...
– Kerakmas...
– Jon... – Mirsoat xotinini yupatgisi kelsa, ha­misha shunday derdi, – jon... qarolmagan bo‘lsam... ishim juda ko‘payib ketdi-da, ishga ko‘milib qoldim, jon! Lekin seni esdan chiqarganim yo‘q!
Baribir kelinchakning dilidagi o‘kinch tarqa­madi. Erining so‘zlari zamiridagi mazmun to‘g‘ri: endi u avvalgi Hamida bo‘lmaganidek, Mirsoat ham burungi oshiq yigit emas, bir vaqtlar ikkovining dil-diliga titroq solib yuboruvchi so‘zlar endi oddiy gaplarga aylangan. Chunki ular shundoq ham yonma-yon, bir-birlarini ko‘rish uchun ming bir hayajon, yuz bir iztirob, xavotir chekib, yo‘l bosib kelishlari shart emas, shundoqqina boshlarini burib yonlariga qarasalar bas! Shu bois o‘rtalarida xotirjamlik yashaydi. Ertangi kun ham bir-birlarini ko‘rishlari aniq, aytadigan gaplari tayin, shundoq ekan, tashvish chekish na hojat?
Hamidaning nazarida erining bamaylixotirligiga sabab shu edi. Aynan shu bamaylixotirlik yosh ayolni xavotirga solardi. Xotirjam yashay-yashay, axiyri anavi sutchi xotin singari bor ishchanligini tashvishlarini bitirishga qaratib qolsa, ehtimol. Yoki qaynonasiga o‘xshab, bir farzandining orzu-havasini bitirib, ikkinchisining orzu-havasiga bel bog‘lasa kerak. Axir kelinlar bora-bora qaynonasiga tortib ketar ekan-ku! Onasi shunaqa degan edi.
U holda avvalgi tuyg‘ulari qayoqqa ketadi? Beiz, benishon yo‘qoladimi? Yoki kelayotgan qator-qator oddiygina kunlariga, bolalarining orzu-havaslariga, ro‘zg‘or atalmish mana shu inshootning kam-ko‘stlarini yamashga sarflanib, parcha-purchalarga, balki zarralarga bo‘linib ketadimi? Agar shunday bo‘lib chiqsa, tuyg‘ularning uyg‘onishida nima ma’ni?
Kelinchak yuragidan shularni kechirdi-yu, vahm ichra yig‘lay boshladi. Mirsoat avvaliga hayron bo‘l­di: “Xafa bo‘larlik gap o‘tmadi-ku?” Keyin xavotirlandi: “Tinchlikmikin? Nega to‘satdan so‘rab qoldi? Chakki yurmagan bo‘lsam...” Oxiri achchiqlandi: “Juda nozik bo‘pti-da!” So‘ng teskari o‘girilib yotib oldi. Xotinining xo‘rsinishlarini eshitmaganga soldi.
Ertalab Hamidaning qovoqlari qizarib shishganini ko‘rib, ko‘ngli xijillandi-yu, nonushtaga qaramay ishiga jo‘nadi.
Ko‘cha eshik sekingina yopildi. Ammo kelinchakning nazarida eshik qarsilladi-yu, uyning devorlarini zirillatib yubordi. “Xafa bo‘libdi, – o‘yladi u, – erkalik qilib yuboribman-da! Boyaqish bizni zoriqmasin deb urinib yotibdi-yu, men...”
Shu payt qo‘ng‘iroq jiringladi. “Qaytib keldi!” – hovliqib eshikni ochdi. Ostona yonida birinchi qa­vat­dagi qo‘shni ayol turardi, yonida mahallaning onaboshisi, ikkovining qo‘llarida bittadan tog‘ora.
– Kelinposhsha, bugun qozonga sumalak solamiz, – shang‘illadi onaboshi, – hammaga undirilgan bug‘doy tarqatyapmiz, sizga ham olib chiqdik, niyatingizni aytib-aytib maydalang, zora ro‘yobga chiqsa...
Go‘sht qiymalagichni o‘rnatib, idishlarni tayyorlar ekan, birdan o‘pkasi to‘lib ketdi. Niyatlari... Hamidaning ro‘yobga chiqadigan qanday niyatlari bor? Avvalo tinch-totuv, baxtli yashashni, dilidagi o‘sha tuyg‘ulari so‘nmasligini istaydi, o‘g‘ilchasining esli-hushli yigit bo‘lib ulg‘ayishini hohlaydi, keyin... ke­yin shiringina qizchasi bo‘lishini... Kelinchak ovsinining qaqajon qizini eslab, yuragi havasdan entikdi. Uning ham qizchasi bo‘lgandaydi, qo‘g‘irchoqdek yasantirardi, qo‘llarida ko‘tarib sayrga chiqardi, gullarning, daraxtlarning nomlarini aytishni o‘rgatardi... ismi... mayli, qaynonasi qanday ism bersa, beraqolsin!
Shu asno tashqaridan ayollarning shodon g‘ovur-g‘uvurlari, bolalarning chuvur-chuvuri eshitildi, kimdir gumburlatib o‘tin yordi. Hamida derazalarni ochib yubordi. Shu zahoti uy burchagiga o‘rnashgan novvoyxonadan yangi yopilgan non isi keldi, ayvoncha o‘rik gullarining sarxush qilarlik hidiga to‘lib ketdi.
Kelinchak tog‘oraga uyilgan bug‘doy tanavoriga2 qarab, birdan o‘ylagan niyatlarining hammasi oilasi bilan bog‘liq ekanligini tushunib qoldi. Axir yonida Mirsoat bo‘lmasa, u qanday qilib baxtli yashaydi? O‘g‘li aqlli yigit bo‘lib ulg‘ayishi, shiringina qizchaga ona bo‘lishi, hatto qaynonasining shu qizchaga ism berishi uchun ham yonida Mirsoat bo‘lishi zarur-ku!
Kelinchak tog‘orani ko‘tara zinalardan pastga qarab chopdi. To‘rt tomoni ko‘p qavatli uylar bilan o‘ralgan maydon o‘rtasida qaqqaygan to‘yxona ichi kuymalangan ayollarga, nariroqdagi yalanglik esa to‘p tepayotgan bolalarga to‘la edi. Hamma yoqda bahor, sertashvish, serg‘alva, lekin sevimli hayot hukmron!
Hamida yana zinalar osha yuqoriga yugurdi. Bolasini apil-tapil kiyintirdi, uyidan chiqar payti yo‘lakchadagi katta ko‘zguga qaradi. Boshidagi durrachasi tagidan mo‘ralagan sochini chetga qayirdi, qoshiga yana bir bor qalam tekkizib, egnidagi yashil kamzulchasining tugmalarini soldi-da: “Mana, biz qanaqa bo‘libmiz”, – deb kuldi.
Sumalak qaynab chiqqunga qadar qo‘shni kelinlar bilan kulishib, un qumoq-qumoq bo‘lib qolmasin uchun navbatma-navbat qozondagi atalasimon suyuqlikni chovli bilan aralashtirib turdi.
Bir vaqt yuragi o‘z-o‘zidan siqila boshladi. Sekingina davradan chiqdi-da, o‘g‘ilchasini ko‘tarib uyiga kirdi. Bir narsani yo‘qotgan kabi yana tashqari chiqdi, ichkari kirdi. Oxiri javonni ochib, ko‘ylaklarini axtardi. Qo‘liga qaychi, nina-ip oldi. Agar libosi qomatiga mos kelmay qolgan bo‘lsa, uni moslashtirib qaytadan tikib oladi! Shunga ham yig‘lab yuribdimi?
...Mirsoat avtobusdan tushayotib, bekatda turgan xotinini ko‘rdi. “Qayoqqa otlanishdi?” – o‘yladi hayron bo‘lib.
– Sizni kutyapmiz, – jilmaydi Hamida.
– Yasan-tusan joyida-ku! – kuldi yigit.
– Yarashibdimi?
– Yarashish ham gapmi?
Mirsoat mayda-chuydalar solingan xaltalar­ni bir qo‘liga, o‘g‘ilchasini ikkinchi qo‘liga olib, xotiniga:
– Yur, uyga ketaylik, havo ayniyapti, – dedi.
Yomg‘ir yarim tungacha yog‘di. Hamida ertasi ertalab loyga qorishgan gul yaproqchalariga ko‘zi tushgach:
– Gullari to‘kilib ketibdi, bitta ham qol­mab­di-ya! – deya xo‘rsindi.
Mirsoat o‘g‘ilchasini bag‘riga bosgancha derazaga qaradi.
– Daraxt meva tugibdi, qara, dovuchchalari bo‘r­tib turibdi, – dedi. – Hali pishganda ko‘rasan, shunaqangi chiroyli, shirin o‘rikka aylanadiki, gulining chiroyi mevasining oldida hech gap bo‘lmay qoladi!

“Yoshlik” jurnali, 2014 yil, 3-son

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.