Tez yordam mashinasi chaqiriq berilgan uy yoniga kelib to‘xtaganda bizni ozg‘ingina bir yigit kutib oldi. Hovliga kirayotganimizda
– Do‘xtur aka, otamning toblari to‘satdan qochib qoldi. Avval hech bunday bo‘lmagan. Tezroq yordam qiling, aka. Rozi qilamiz... – dedi u shosha-pisha, biroz hovliqib.
– Albatta, yordam qilamiz. Qani, avval bemorni ko‘raylik. Hammasi yaxshi bo‘ladi, inshollo. Siz havotib olmang – deb qo‘ydim uni tinchlantirib, lekin o‘zim esa ishqilib bemor og‘ir bo‘lmasinda deb ichimda havotirga tushib qoldim.
Dori-darmon solingan temir qutisini ko‘tarib olgan feldsherim bilan uy ichiga, mehmonxonaga kirdik. To‘rdagi divanda peshonasiga ho‘l sochiq qo‘yilgan o‘rta yoshlardagi, tepakal, semiz odam cho‘zilib yotibdi va har zamon “voy boshim” deb ingranib qo‘yardi. Divan boshida turgan xushbichimgina ayol bizni ko‘rib.
– Dadasi, duxtur keldi, – deb qo‘ydi bemorga xiyol engashib. Biz bilan bosh irg‘ab unsiz salomlashdi. Divan yoniga qo‘yilgan stulga o‘tirdim-da, bemorning tomirini sanash uchun qo‘lini ushladim.
– Qani, ho‘-o‘, aka. Menga qarang-chi. Ko‘zingizni oching. Nima bo‘ldi?
– Bosh og‘riyapdi, – deb qo‘ydi bemor istar-istamas, ko‘zini ham ochmay.
Men uning qon bosimini o‘lchadim, yuragini o‘pkasini eshitib, tekshirib ko‘rdim. Tomiri tez uryapdi. Qon bosimi juda baland edi. Feldsherimga kerakli dorilardan ukol qilishni buyurdim.
– Qachondan beri yotibdilar? – dedim xotiniga qarab.
– Biron soatlar bo‘lib qoldi.
– Avvallari ham qon bosimi oshib turardimi?
– Yo‘q, yo‘q. Hech unday bo‘lmagan. To‘satdan... – dedi ayol bosh chayqab.
Shu payt bemor hiyol ko‘zini ochib:
– Nima, davleniyam balandmi? – dedi
– Biroz ko‘tarilibdi, aka. Hozir ukol qilamiz, yaxshi bo‘lasiz...
Feldsher uning tomiridan, yonboshidan aytilgan ukollarni qildi. Dorilar ta’sirining natijasini kutib, o‘tirdik.
– Qandaysiz, aka. Og‘riq qolyapdimi? Yaxshimisiz? – dedim birozdan so‘ng peshonasiga qo‘limni qo‘yib. U bosh chayqadi.
– Yo‘q. Boshim og‘rig‘i qolmayapdi.
Men yana qon bosimini o‘lchadim. Yana ukollar qildik. Va yana kuta boshladik. Xonaga sukunat cho‘mdi. Bemor ham jim yotibdi.
– Nima bo‘ldi o‘zi? Biron narsadan xafa bo‘ldilarmi? – dedim sekingina qarshimda turgan o‘g‘liga. O‘g‘li yelka qisdi:
– Men ham hozirgina ko‘chadan keldim. Kelsam...
Bemor eshitib turgan ekan, menga boshini burib qaradi-da:
– Ha, xafa bo‘ldim. Qattiq hayajonlandim, duxtur. Endi o‘zim afsusdaman. Hamasiga anovi... padarla’nati chumoli aybdor, – dedi to‘satdan.
– Nima? Chumoli? Chumoli chaqdimi?
– He, undan battari bo‘ldi. Chaqsayam mayli edi-ya. Tishladi. Naqd bo‘g‘zimdan oldi.
Men hayron bo‘lib unga biroz tikilib qoldim.
– Yo‘g‘-e?! Shunday katta chumoli ekanmi?
– He-e, qaerda deysiz. O‘zi mayda bir qora chumoli edi. Voy, boshshim... Bemor aftini bujmaytirib, boshini changallab jim bo‘lib qoldi.
– Dada, halitdan beri chumoli, chumoli deysiz. So‘kinasiz. Nima bo‘ldi o‘zi? – dedi o‘g‘li bezovtalanib: – Duxturga aytingda...
– Voy, adasi, odamni qo‘rqitmang. Ertalab tuppa-tuzuk edingiz-ku. Qo‘shninikiga birrov elakka chiqib qaytsam, yiqilib yotibsiz. Nima balo, jin chalib ketdimi? Nima bo‘ldi? – dedi xotini ham yig‘lamsirab.
– He dard bo‘ldi. O‘l bo‘ldi. Muncha so‘raysan. Eslasam boshim og‘rib ketyapdi, – deb birdan baqirib yubordi bemor.
– Mayli qo‘ying, aka. O‘zingizni bosing. Eslamang. Qon bosimingiz yana oshib ketmasin. Biroz jim yoting, – dedim men bemorni tinchlantirishga urinib. Bemor yana jim bo‘lib qoldi. Shipga qarab ancha yotdi, so‘ng menga tomon o‘girilib yonbosh yotib oldi.
– Yo‘q. Bo‘pdi. Aytmasam ham baribir ichim qisilib ketyapdi. Zora yuragim bo‘shasa, yengillashaman. – deb otdan gap boshladi: – Duxtur, shu chumoli o‘lgurda aql bo‘ladi deb eshitganmisiz?
To‘satdan berilgan bu savolga nima deb javob bersam ekan deb, biroz o‘ylanib turdim-da:
– Ha, anovi “fan va turmush”da o‘qigan edim. Nimaydi? – deb qo‘ydim.
– Xa-a ana. Men ham xuddi sizday uni aqlli jonzot bo‘ladi deb eshitgan edim-da, duxtur. Shuni bir sinab ko‘ray deb mana shu ahvolga tushib qoldim-e...
– Yo‘g‘-e?
– Ha, ha. He uyginasi kuysin-e... Shu desangiz, tutning soyasida bekorchilikdan yonboshlab xayol surib yotgan edim. Bir mahal qarasam bir qora chumoli o‘zidan to‘rtta keladigan donni sudrab hadaha ketyapti. Nafs qurg‘urni qarang. Kichikroq narsa yo‘qmi senga, desa. Hamma tirik jon borki, tirikchilik tashvishida-da, a duxtur?!
– Ha-a. Nimasini aytasiz...
– Shu desangiz, kel dedim o‘zimga, qani bir sinab ko‘raychi, chumolining aqli qanday bo‘larkan deb, qalam yo‘g‘onligidagi bir cho‘pni oldiga ko‘ndalang tashladim. Kuzatib turaverdim. Chumoli ming bir azob bilan yer tirnab donni shu cho‘pgacha sudrab keldi. To‘xtadi. Qaradiki oldida to‘siq bor. Endi shundan o‘tish kerak-da. Ancha o‘ylandi. Xuddi odamlardek, boshini qashlaydimi-ey. Bir mahal qarasam, hech yo‘q, be yo‘q, o‘ljasini tishlab olganicha shu cho‘pga tirmashib ketsa bo‘ladimi. Tirmashgani-tirmashgan, tirmashgani-tirmashgan. Qani endi o‘tolsa. Bir rahmim keladi, bir achchig‘im chiqadi, desangiz. Shunday bo‘lsa ham indamay o‘tiraverdim. Bu esa tirmashib yotibdi. Ammo lekin chumolining qaysar bo‘lishini shu yerda ko‘rdim, duxtur. Uf-f, voy bosh-shim... Xe-e, qaysar bo‘masa, shundoqqina bir santimetr o‘ngga yursa-ku, cho‘pdan o‘tadi-ketadi. Yo‘q-da. Bu padarlan’ati, govkalla, “shu cho‘pdan oshib o‘tmasam bo‘maydi”, deb turib olgan-da. Goh unday qiladi-bo‘maydi, goh bunday qiladi-bumaydi. Donni oldiga qo‘yib itaradimiey, goh o‘zi ustiga chiqib tortadimiey...
– Siz kuzatib o‘tiribsiz?
– Ha-da. Xullas bilmayman bir soat bo‘ldimi, ko‘p bo‘ldimi o‘tiraveribman.
– U esa cho‘pga tirmashib yotibdi?
– Tirmashib yotibdi. Men esa baqiraman. Hoy, padarqusur, kallavaram o‘ngga yur, o‘ngga. O‘tasan ketasan. Nahotki shungayam kallang ishlamasa-ya, o‘ngga yur. Nima qilasan o‘zingni ham qiynab, meni ham qiynab, – deb yer mushtlayman. Koshki bu gapga tushunsa. Uf-f. Bir mahal boshim og‘riy boshladi. Tikilaverib ko‘zim tinib ketdi...
– Obbo siz-ey. Nima qilardingiz o‘zingizni shuncha qiynab...
– He, duxtur-ey. Bir qiziqdim-da. Nimaga desangiz, chumoliga tikilib o‘tiribman-u. O‘zimni uylab qoldim. Bir qiliqlari o‘zimizga o‘xshab ketadi shu qurib ketgurning. Mana, masalan, mehnatkashligi, ahilligi. Ayniqsa menga o‘xshagan qaysar, odamsizlari ham bor ekan deb o‘ylanib qoldim, desangiz. Mana shuning qilig‘i ayniqsa menga o‘xshab ketarmikan-ey...
– Yo‘g‘-e?!
– Ha, ha. Men ham hayotda o‘z yo‘limni topolmay, qiynalib yurganlardanman. Biroz qaysarligim esa oyog‘imga yana bir tushov, – uning ko‘zlari g‘iltillab yoshga to‘ldi. Biroz indamay turdi-da, so‘ng bir yutinib qo‘yib, davom etdi; – Sovet davrida bir korxonada borib-kelib, ishlasak-ishlamasak oylik maosh olib yashab yurgan ekanmiz. He-e, mana endi zamon o‘zgarib... Mana endi “ishlamagan tishlamaydi” degan davr keldi qo‘ydi. Hamma chopgani chopgan. Tirikchilik, pul deb nimalar qilishmayotir-a. Endi qimirlagan yutadi... Men esa hali ham o‘sha-o‘sha. Hamma qilayotgan ishni men qilolmayman. Qonun deb, oriyat deb, menga to‘g‘ri kelmaydi deb qolipdan chiqolmay qolibmiz ekan... Uf-f. Kalla qotgan davrda buning to‘g‘ri kelganini qarang. “He, menga o‘xshab qaysar bo‘lmay o‘l, govkalla”, – deb so‘kinaman achchig‘im chiqib. Shunday bo‘lsa ham qani oxiri nima bo‘larkan deb qarab turaverdim, desangiz. Go‘yo chumoli shu cho‘pdan o‘tib ketsa, mening ham ishlarim yurishib ketadiganday-da-e...
– Xo‘sh, so‘ng nima bo‘ldi?
– He-e, nima bo‘lardi. Bu ukkag‘ar shu cho‘pga osilib yotibdi-da. Osilgani osilgan, osilgani osilgan. Koshki o‘tolsa. Men bo‘lsam baqiraman. Hoy axmoq deyman, avvalo kuching yetmagan narsani sudrab nima qilasan. Ha, sudrabsan ham deylik. Ha endi bunday o‘t qo‘y-da. Nima qilasan o‘zingni ham meni ham qiynab. He seni aqilli deganniyam... Uf-f. Oxiri bo‘madi...
– Nega? Nima, chumoli o‘tolmay qaytdimi?
– He, qaerda. U-ku urinib yotibdi. Meniki bo‘madi. Ortiq chiday olmadim. Sabr kosam to‘ldi. Boshim esa tars yorulgiday, lo‘qillab og‘riydi. Jonim bo‘g‘zimga keldi. “He, seni aqilli deganniyam...”, – deb baqirib irg‘ib o‘rnimdan turib ketganimni bilmayman. Kovushimni oyog‘imga ildim-u, “shugina cho‘pdan o‘tolmagan bo‘lsang mana senga, mana senga”, – deb chumolining kallasiga tepaverdim, tepaverdim, tepaverdim. Majaqlab yerbilan bitta qilib tashladim. Don ham un bo‘lib ketdi. Cho‘p esa somonday titilib ketdi. Rosa qattiq tepgan ekanman, kovushim ham tumshug‘idan ayrilib ketibdi. Kaparativ ekan, savil. O‘zim esa yuragim toshib, harsillab qoldim. Bir mahal ko‘z oldim qorong‘ilashib ketdi. O‘zimdan ketib yiqilganimni bilmayman...
– Obbo siz-ey. Shu cho‘pni olib tashlasangiz-ku, bechora o‘tardi ketardi. Shuncha gap ham bo‘masdi, – dedim men unga na kularimni na achinarimni bilmay.
– He, nimasini aytasiz, duxtur. O‘zim ham afsusdaman. Endi yordam qiling. Bir beaqllilik bo‘ldi bo‘ldi-da...
Men bemorning qon bosimini yana o‘lchadim. Hali ham baland. Shifoxonaga yotqizilmasa bo‘lmaydigan. Bemorga buni aytgan edim, “yo‘q, yotmayman”, – deb ancha tixirlik qildi. Men unga va oila a’zolariga qon bosimning oshib ketishining yomon oqibatlarga keltirishi mumkinligini tushuntirganimdan so‘ng noiloj ko‘ndi. Bemorni “tez yordam”ga zambarda ko‘tarib chiqardik. U yo‘lda keta-ketguncha o‘sha beaql chumolini so‘kib ketardi...
U-ku tuzalib ketdi. Lekin laqabi chumoli, bo‘lib qoldi. Birov “chumoli” desa, so‘kinib qoladi...