OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Safar Kokilov. Bo‘taginam (hajviya)

Dermantinli eshikni ohista chertib, ichkariga bosh suqdim:
– Mumkinmi?
To‘rda nimanidir o‘qib o‘tirgan cho‘qqisoqol, ko‘zoynakli, taqirbosh g‘o‘labirday odam menga tomonga qaramasdan.
– Keling, bo‘tam, keling, – dedi.
Kirdim. U menga kuzoynak ostidan uzoq tikildi:
– Xo‘sh xizmat, bo‘tam?
– Domla, men bir kitob chiqarmoqchi edim. Uchrashganlarim sizning nashriyotingizni va sizlarni sahovatli, bag‘ri keng odamlar deb maqtashdi. Boravering, yordam berishadi deyishdi. Shunga kelib edim. – dedim biroz yolg‘onlarni qo‘shib-chatib. To‘g‘risi, shahar bo‘ylab bu gaplarni boshqalarga ham aytib yurardim.
– O‘-o‘-o‘. Odamning ko‘nglini eritib yubordingiz, bo‘taginam. – U birdan jilmayib, ko‘zlarini ishqalab quydi: – Nahotki, nahotki. Biz to‘g‘rimizda odamlar shunday yaxshi fikrda ekanligini eshitish qanday yaxshi-ya. Ko‘nglim buzulib ketdi-ey. Obbo siz-ey. Odamning ko‘nglini eritishga juda usta ekansiz. Yashang, yashang. Xo‘sh-sh. To‘g‘ri qilibsiz kelib. Bo‘pti. Biz xaqiqatdan ham xojatbarormiz. Yordam qilamiz. Qani, nima opkeldingiz?
Men unga qo‘lyozmalarimni berdim. U varaqlay boshladi.
– Ih-hi, ih-hi. Hikoyalar ekan. Hikoya. Xo‘sh-sh. Ye?! Voy betamiz-ey. Nega ko‘zingni lo‘q qilasan? – dedi dabdurustdan menga tikilarkan.
– Nima? Men... Ye, domla...
Men unga hayron bo‘lib tikildim.
– Manovi yerga shunday deb yozibsiz, – dedi-da, qo‘lyozmani varaqlashda davom etdi. Men sal o‘zimga kelmasdan, u yana menga qarab kuldi:
– Nonni qaeriga yeydi?
– Nima? Tushunmadim. Domla qanaqa non? – dedim qizarib-bo‘zarib.
– Nonni og‘ziga yeydi-yu, bo‘taginam. Mana bu yerda nonni qulog‘iga yeb yuribdimi debsiz. Obbo siz-ey. Ha, mayli. To‘g‘irlasa bo‘ladi. To‘g‘irlaymiz. Xo‘sh-sh. – u qo‘lyozmani stol ustiga shapillatib tashladi:
– Ko‘zimga issiq ko‘rinib turibsiz. Qaerdansiz, bo‘taginam?
– Men Surxondaryodanman, domla.
– E-e, shunaqami. Aytdimov. O‘xshab turibsiz. Qalay, xurmolar pishib jatippa? Mazza qilib jeb jatipsizlarma? – dedi-da sharaqlab kulib yubordi.
– Ha, pishgan.
– Ko‘tarib kelmabsiz-da. Bitta-bitta oli-ib, je-eb gurung qilardik, bo‘tam.
– Uzr, domla, ertaga olib kelaman.
– Ha, mayli, hazillashdim. O‘-o‘, sizlarda tandirni zo‘r qilishadi-da. Zo‘r, zo‘r. Xo‘sh-sh, bo‘taginam, demak kitob chiqarmoqchiman deng. Obbo siz-ey.
– Ha, domlajon. Sizlarning yordamingiz bilan...
– Bo‘pti, bo‘pti. Yordam qilamiz. Xo‘sh-sh. Kim bo‘lib ishlaysiz o‘zi? Muxbirmisiz?
– He, yo‘g‘-e. Duxturman.
– A? Duxtur? Yo‘g‘-e. Glav vrachmisiz?
– Yo‘q. Oddiy... bolalar vrachiman.
– Obbo siz-ey. Kitob chiqarasizmi? He, bo‘taginam-ey. O‘zingizni qiynabsiz-da. Tashvish, tashvish. Ha, mayli...
– Ha, endi domlajon, bir yordam qilsangiz deb... – Obbo, bo‘pti. Yordam qilamiz dedim-ku. Lekin kitob chiqarish qimmat bo‘lib ketdi-yu, a bo‘taginam. Oddiy vrach ekansiz, qanday bo‘larkan-a?! Men sizni bir katta kasalxonaning bosh vrachimi deb o‘ylabman.
– Domlajon, endi o‘zingiz bir yordam qilib yuborasiz-da. Umidim sizdan...
– Xo‘-o‘sh, – stolni cherta boshladi, – bu, bu, bu bo‘ladi. Xo‘-o‘sh. – U ko‘zlarini pirpiratib bir shipga, bir yerga qarab turdi: – Bu bo‘ladi 8 bosma toboq bo‘ladi. Toboqni bilasizmi? Osh yeydigan toboq emas. Xix-xix-xix-xi-xi-xi.
– Bilaman, domla. Endi o‘zingizdan qolar gap yo‘q. Sal yordam qiling-e. – dedim rangim o‘chib, chunki boshqa nashriyotlarda 4-5 bosma toboq deyishgan edi-da. “O‘tdan qutilib suvga tutildim” shekilli deb o‘ylanib qoldim.
– Yaxshi, yaxshi. Yordam qilamiz. Rangingiz o‘chmasin, bo‘tam. Keling-e. Uzoq yerlardan kelibsiz. Sazangiz o‘lmasin. Boring-e. Ana 7 bosma toboq bo‘laqolsin. Bo‘ladimi, bo‘taginam.
– Sal kamaytiring-e, domlajon. Iltimos...
– He, yo‘q. Boshqa iloji yo‘q. Bizni ham tekshiradiganlar bor, bo‘tam. Ha-a. Chatoq. Bo‘masa-ku, mayli edi-ya.
– Sal qayishing-e, domlajon. Nahotki endi ishim bitmasa. Yordam qiling...
– Xo‘sh-sh, – u meni eshitmayotgandek edi – demak 50 mingdan yettitasi qancha bo‘ladi? Hisob-kitobga qandaysiz?
Men qizarib yerga qaradim.
– Xo‘-o‘sh. Bu bo‘ladi 350 ming – dedi u oldidagi kalkulyatorni chiqirlatib: – Mayli, keling. Yaxshi odam ko‘rinasiz. Duxtur ekansiz. Elligini uchiramiz...
Indamay qoldim. Gapirishga majol yo‘q edi. Nihoyat o‘rnimdan turdim:
– Domla...
U menga tikildi:
– Xo‘sh, bo‘taginam, yana nima gap?
– Biroz yordam qiling-e. Jon domla. Sal arzonroq bo‘lmasa mening ilojim yetmaydi o‘nchaga. Iltimos...
– Yo‘g‘-e, – u menga tikildi va bosh chayqadi. – Obbo siz-ey! Axir qog‘oz qimmatda, bo‘tam, qimmat. O‘zingiz bilasiz qog‘oz Rossiyadan keladi. O‘rmonlar o‘sha yoqda. Ular qimmatiga bergach, men nima qilay axir. Uf-f...
– Iltimos, domla. Yordam qiling. Oylikka yashayman. Uydagi sigirimni sotib pulini olib kelgan edim. Nasib qilsa, rozi qilaman so‘ng...
– He, sizni qarang-u. Shunchalik ekan nima kerak edi shu tashvishlarning.
– Ha, endi bir shunday bo‘lib qoldi-da. Men bunchalik bo‘lishini bilmabman... Endi barcha umidim o‘zingizdan, domlajon. Bo‘masa, ketaman endi...
– Uf-f. – u stolni yana taqillatib xayol surib qoldi: – Bo‘pti. Bu yerga o‘tiring, – deb menga joy ko‘rsatdi. Yoniga borib o‘tirdim. Biroz ichim yorishganday bo‘ldi. Ishqilib noumid bo‘lib ketmayin-da...
Xonada ikkovimizdan boshqa hech kim bo‘lmasa ham uyoq-bu yog‘iga qarab qo‘ydi-da, past ovozda qulog‘imga dedi:
– Bo‘pti. Yordam qilaman. Juda rahmim kelyapti sizga. Keling-e. Bir savob qilsam qilayin-e. Bo‘taginam, men uch marta Arabiston borganman. Svyatoyman. Bizdan shu savoblar qoladi-da. Nima dedingiz?!
– He, shunday qiling-e, domlajon. Men ham xudo xohlasa, qaytararman. Rahmat-e.
– Xo‘-o‘sh, gap bunday. Hozir borib hovlidagi g‘aznaxonaga 100 ming to‘lab kelasiz. Undan tashqari bizning ichki xarajatlarimiz va navro‘z kabi har xil tadbirlarimiz uchun menga 100 ming berasiz. Tushunarlimi, bo‘tam. Ana shunday qilsak, siz ham kuymaysiz, biz ham. Bo‘ladimi?! Ana sizga yordam. Naqd 100 ming pul cho‘ntagingizda qolyapti. Ma’qulmi.
– He, rahmat-e, domlajon. Lekin shu-u, o‘zingizga beradiganini yana biroz kamaytirsangiz, degan edim.
– He-e, bo‘taginam, endi buyog‘i slishkom bo‘ldi-yu. Axir men oxirgi nuqtani aytdim-u. Oxirgisini... Endi, bo‘taginam, men sizga aytsam, yana kiradigan eshikni qattug‘ yopmaydi deganlar. Tak chto. Shunisiga ham rozi bo‘lavering. Kerak bo‘lsa, boshqa yerlarda o‘h-ho‘-o‘...
U labini chuchchaytib, ko‘zlarini ola-kula qilib qo‘ydi. Men uning oldidagi qo‘lyozmalarimni oldim.
– Ha, bo‘taginam?! Nima bo‘ldi?
– Hech narsa. Bu qo‘lyozmani sizga adashib beribman. Sizga kompyuterdan chiqqanini berishim kerak edi. Xozir...
– Obbo, siz-e. Bo‘pti, bo‘pti. Kompyuterda terilgan bo‘lsa, judayam yaxshi. O‘shani bering. I-i, shoshmang. Bo‘taginam, avval menga beradigan dolyani bering. So‘ng g‘aznaxonaga borasiz. So‘ng kelsangiz, yana ozroq, ish bor. Yordam beraman. Bo‘laqoling...
– Xo‘p, domlajon. Hozir. Pul tashqarida bir o‘rtog‘imning qo‘lida edi. Chiqib, olib kelay. Hozir...
– Ye, shunaqami? Obbo, siz puxta-ey. Ha, mayli. Tez obkeling. Men ham bir yerga borishim kerak edi. Siz uchun kechikib o‘tiribman-a. Tez bo‘ling...
– Xo‘p, xo‘p. Hozir kelaman...
– Men uning oldidan chiqdim-u, ura qochdim. Anchagacha to‘xtamay chopdim. Guyo to‘xtasam izimdan yetib kelib, “Bo‘taginam, mening dolyamni bermaysizmi?”, deyayotgandek tuyulardi. Shundan beri nashriyotlarning yoniga yo‘lay olmay yuribman desangiz...

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.