Eshigining orqasiga «Ordinatorskaya» deb yozilgan keng xona. O‘rtadagi stolda qarama-qarshi o‘tirgan qiltiriqday ikki kishi shoshib nimanidir yozmoqda. Ular hozir bir nima sodir bo‘lishini kutayotgandek, qandaydir ovoz eshitilishi kerakdek, butun vujudi quloqqa aylanib, sergaklanib qoldi. Xonadagi jimlikni devordagi soatning imillab chiqillashi buzardi. O‘tirganlardan avval bittasi, so‘ng ikkinchisi «taq» etib, stolga yoz ruchkasini tashladi va bir-biriga savol nazari bilan tikilib qolishdi.
– Erirmikan-a?!
– Bilmadim, har qalay erisa kerakda...
– Erir-e?!...
– Ha, endi bu yog‘i sizga bog‘liqda. Ishlovni yaxshi o‘tkazgan bo‘lsangiz.
– Bu yog‘ini-ku qotirganmiz-a... Hatto kechaning o‘zidayoq biroz qiyshayganday bo‘ldi-yu, men darrov ishni to‘xtatib, bugunga qoldirgan edim-da.
– Xa-a... Unday bo‘lsa, boplabsiz. Kecha qiyshaygan bo‘lsa, bugun yiqiladi.
– Bilmadim, bilmadim... Kecha kecha edi. Bugun esa yana qotib qoldimi, deyman-da. Mana soat ham 12 bo‘ldi. Haligacha natija yo‘q...
– Ha, endi, erish ham oson emas-da. Tayyorgarlik davri degandek...
– O‘ziyam... Juda qattiq ekan-da. Yumshatguncha, rosa terlaganman... Erish kerak... Ko‘nglim sezib turibdi-ya...
– Sizga ishonaman... Yana yarim soat kutaylik-chi... Sabrning tagi oltin.
– Shunday-ku-ya... I-e... Bu yoqqa qarang... Ana... Eribdi...
– Xa-a... Eribdi. Eribdi... Ofarin sizga...
Oppoq xalat kiygan bu ikki kishi sevinchidan go‘yo keng xonaga sig‘mas darajada birdan «semirib ketishdi». Bir-birining qo‘lini qisganicha eshikdan tugun ko‘tarib kelayotgan «mijoz»ga qarab tirjayishdi...