OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Safar Kokilov. Konsilium (hajviya)

Sigaret tutunga to‘la katta xonada oq xalat kiygan bir necha o‘ta jiddiy qiyofadagi kishilar ertalabdan beri munozora qilishadi.
– Yo‘q, yo‘q. Men ololmayman. Bemorning dardi jarroxlik emas. Uni terapevt olsin. – dedi sakkizinchi marta so‘z olgan jarrox Jovliev.
– Ye, nega endi? Bemor chisto infektsionniy-ku?! Tag‘in izidan hech kimi yo‘q ekan. Uni yuqumli kasalliklar bo‘limiga yotqizish kerak. Tamom-vassalom. – e’tiroz bildirdi terapiya bo‘limi boshlig‘i xo‘ppasemiz Qorbosdiev.
– Hech qachonda. Bemorning barcha dardi o‘pkasida-ku. Uni sil kasallar bo‘limiga yotqizish kerak. – dedi infektsionist pashsha qo‘riyotgandek qo‘l siltab.
– Rentgentda sil belgisi ko‘rmadim. Dardi jigarida. U terapevtniki. – dedi o‘ninchi marta to‘ng‘illab To‘ng‘izboev.
– Hechamda. Asli hamma gap yurakdan. Uni kardiolog olaqolsin. Palatasi bo‘shab yotibdi. – dedi Qorbosdiev boshqalarga ko‘z qisib.
– Prichyom bu yerda yurak. Bemorning qorni taranglashgan-ku?! Yasno. U jarroxlarniki. – dedi qoshini suzib kardiolog Kurraev.
– Ha, aytgancha, yaxshisi bemorni reanimatsiyaga yotqizsak-chi?! – dedi nihoyat jarrox Jovliev. - Hammamiz navbat bilan borib ko‘rib turardik...
– Bekorlarning beshtasini aytibsiz. Hisobot-chi?! – dedi mudrab o‘tirgan reanimatolog o‘assolov birdan chiyillab. - O‘limning hisoboti yana mening bo‘ynimga tushadimi? Yo‘q, yo‘q, bo‘maydi. Sil bo‘lsa, ftiziatr olsin-da-e...
– Yo‘q. Meniki emas. Infektsionist olsin.
– Bemor terapevtniki.
– Bekor aytibsiz, u kardiologniki.
– Yo‘q, u jarroxniki...

Kun peshindan og‘di. Ular esa...
Nihoyat eshik shiddat bilan ochilib qabulxona xamshirasining bo‘g‘riqqan yuzi ko‘rindi.
– Mumkinmi?
– Xo‘sh?! Nima gap?.. 
Hamma unga tikildi.
– Duxtur, koridorda kechadan beri yotgan bemorning tanasini nima qilaylik?
– A?!..
Konsilium ishtirokchilari xamshiraga bir zum hayrat bilan tikilib qolishdi. So‘ng yuzlaridan xayrat yo‘qolib, o‘rniga mamnunlikka o‘xshagan bir ifoda paydo bo‘ldi.
– O‘ldimi-ey?!
– He, bechora-ey...
– O‘zi juda og‘ir edi-da...
– Ha-a. Nachora, bandachilik...
So‘ng duxturlar bir-biriga qarashganicha bir ovozdan xamshiraga javob qilishdi:
– Qaerga bo‘lardi, o‘likxonagada. Morgga...
Xamshira yugurib ketdi. Xonada o‘tirganlar ham sekin qo‘zg‘olishdi. Uy-uyiga...

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.