OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Safar Kokilov. Kreditni kutib (hajviya)

Terapiya bo‘limida davolanayotgan tanishimni ko‘rgani borganimda u shunday gurung berdi. 
Uy qurish uchun bankdan kredit olmoqchi bo‘ldim. Bank boshlig‘iga ariza yozib kirdim. 
— Qurilish uchun pul berolmaymiz. Haqqimiz yo‘q, — dedi bank boshlig‘i bo‘lmish yoshgina chiroyli yigit oldidagi oynachaga qarab sochini tarar ekan.
— Nega? 
— Chunki bizda bunday farmon yo‘q.
— Kim berish kerak bunday farmonni?
— Farmonlar yuqoridan keladi-ku, — deb u ko‘rsatkich barmog‘i bilan osmonni ko‘rsatdi: — Shuni ham bilmaysizmi?
— Siz bilan ikkovimiz kelishsak bas emasmi? Mana, ishxonamdan oylik maoshim uch yuz ming so‘m ekanligi to‘g‘risida ma’lumotnoma. Menga ishonavering, bergan pulingizni ikki yilga qoldirmay uzishga qurbim yetadi. Bir yordam qiling. 
— Aka, iloji yo‘q. Mumkin emas. Biz faqat yuqoridan kelgan farmonga asosan ishlaymiz. O’zboshimchalik qilishga haqqimiz yo‘q, axir.
— Odamlar qandaydir kredit olishyapti ekan-ku?
— Ular kartoshka ekish uchun urug‘lik olamiz deb kredit olishyapti.
— Mayli, menga ham kartoshka urug‘lik uchun kredit bering bo‘lmasam... 
— Qurilish-chi?
—Ha endi, kartoshkani ekib yaxshi hosil olib qolsak, uni sotib puliga qurilish qilaman-da.
— Bo‘pti. Tomorqangiz bormi o‘zi? 
— Ha bor. O’n sotix.
— Unda hokimiyat qoshidagi tadbirkorlarni ro‘yxatga olish bo‘limidan yakka tadbirkor degan hujjat olib keling. 
Hokimiyatga keldim. Izlagan kabinetimga kirdim. G’arovday uzun, sap-sariq bir yigit o‘tirgan ekan. 
— Xo‘sh xizmat?
— Bankdan kredit olmoqchi edim. Hujjat opkeling deyishdi.
— Yakka tadbirkor bo‘lmoqchimizsiz? 
— Ha, shunga o‘xshashroq. Kartoshka ekmoqchi edim. 
— E-e, unda siz dehqon xo‘jaligi tuzasiz. 
— Nima tuzsak ham pul olsam bo‘ldi. Uka, yo‘l ko‘rsating, iltimos! 
— Avval hokim nomiga ariza yozasiz. O’zimning tomorqamda dehqon xo‘jaligi tuzishga va unga kartoshka ekishimga ruxsat berishingizni so‘rayman deb. So‘ng hokimiyatda arizangiz ko‘rib chiqilib, sizga ruxsat berilgani to‘g‘risida qaror chiqqach, men sizga dehqon xo‘jalik egasi degan guvohnoma beraman. So‘ng...
— Bo‘pti. Ariza yozish uchun biron qog‘oz berib turolmaysizmi, iltimos...
U yigit aytib turdi, men arizani yozdim.
— Endi bu arizangizni hokimiyatning xatlar bo‘limiga kiritaman. Kuting. Xabarlashib turing...
Bir-ikki kundan so‘ng hokimiyatga chiqdim.
— Mening arizam ko‘rib chiqildimi?
— Kredit olish masalasi bo‘yicha arizami? - so‘radi xatlar bo‘limida o‘tirgan qotmadan kelgan, qorachagina, o‘rta yoshli bir ayol.
— Ha, tomorqamga kartoshka ekish uchun...
— Tushunarli. Sizning arizangizda ko‘rsatilgan o‘n sotix yeringiz haqiqatan bormi-yo‘qmi buni tuman yer resurslari va kadastr bo‘limi tasdiqlab, bizga ma’lumotnoma berishi kerak. Arizangizni o‘sha yoqqa yuborganmiz. Kuting yoki o‘sha yoqqa borib ishingizni tezlashtiring...
Tuman yer resurslari va kadastr bo‘limiga bordim. Oldingi boshlig‘i qandaydir ayblari uchun ishdan olingan va yangisi hali tayinlanmagan ekan. 
— To‘rt-besh kun ichida yangi boshliq tayinlansa, sizning arizangiz ham ko‘rib chiqiladi. Bu yerda sizdan boshqalarning ham arizalari tiqilib yotibdi, — dedi u yerda ishlaydigan xodimlardan biri.
Oradan bir hafta o‘tdi. Yana bordim. Hayriyat, yangi boshliq tayinlanibdi. 
— Men bu lavozimga kuni kecha tayinlandim. Uyoq-buyoq bilan bir tanishib chiqayin, so‘ng xatlar bilan shug‘ullanaman, aka, — dedi tepakal, burni so‘ppaygan bir yigit muloyimlik bilan.
— Ukajon, vaqt o‘tib boryapti. Odamlarning plyonka tagiga ekkan kartoshkasi gullayapti. Men esa hali ham...
— Gap yo‘q aka, kelasi hafta uchrashing, ishingizni hal qilib qo‘yamiz, — dedi u bemalol, ochiq yuz bilan.
Tishimni tishimga qo‘yib kutdim. Hafta ham o‘tdi. Kirsam hali ham tayyor emas ekan.
— Ukajon, mening ishim kechikib ketyapti. Tushuning axir...—dedim sal qizishib. 
— Aka, menda nima ayb? Shu kunlarda hamma tashkilot rahbarlari qatori men ham o‘zimga berkitilgan fermer xo‘jaliklarida chigit ekishni kuzatayapman. Kuting. Kelgusi haftalardan chigit ham ekib bo‘linadi. So‘ng albatta...
“Uf-f...” Boshim qotib, sermanglab yurgan edim, oldimdan o‘sha — bo‘yi g‘arovday, sariq, yigit chiqib qoldi. U ham qaergadir chigit ektirishga ketayotgan ekan. 
— Ishim kechikib ketyapti, uka, biron yo‘l ko‘rsating, — dedim mo‘ltirab. 
— Akajon, Hokimiyatning qarori chiqmasa men sizga hujjat berolmayman. Endi, shuncha kutdingiz, yana bir oz sabr qiling...
Yana bir hafta bo‘zchining mokisiday borib, kelib yurdim. Nihoyat, yer resurslari va kadastr bo‘limi boshlig‘i qo‘lidagi allaqanday hujjatlarni ko‘rsatdi. 
— Mana, aka, ishlar ham bitay deyapti.Faqat oxiriga imzolarni qo‘ydirsam...
Xujjat oxiriga ko‘z yugurtirib,... ba-a, og‘zim ochilib qoldi. 
— Yigirma kishi qo‘l qo‘yadimi?... O’x-xo‘o‘... Mening tomorqam borligini tasdiqlash uchun shuncha kishi ma’sulmi? Yo tavba! Xo‘-o‘shsh, fermerlar uyushmasi raisi, ekologiya, iste’molchilar..., soliq, Hm-mm, ie, bosh hakim, ma’rifat markazi, SES bosh vrachi, ... tovba, tovba! Ehh-e-e, O’tbosarov, Yebto‘ymasov, Qoryog‘diev, G’o‘rashilov, Terishilov, Toziev, G’oziev. Ha-ha-ha-hah... e-e, bu yerda yana “Sog‘lom avlod” va Nuroniylar jamg‘armasi, tuman gazetasi bosh muhariri, ovchilar uyushmasi qolib ketibdi-ku, o‘shalarni ham qo‘shib qo‘ysa bo‘lardi. Nima, bitta imzo ekan-da... 
— He-e, mana shu yog‘iga imzo qo‘ydirish qiyin bo‘layapti-yu... Borasan, biri joyida yo‘q, biri chigit ekishda, biri g‘alla boshida, yana biri viloyatga majlisga ketgan. Birovi kasal, birovi o‘sal...
—Bir-ikki kunda bo‘lib qolar? — dedim umidvorlik bilan. 
— Inshoollo...
Ikki kundan so‘ng keldim.
— Xo‘sh, bo‘ldimi?
— Endi sakkiztasi imzo qo‘ydi. Kuting...
Yana ikki kundan keyin keldim. 
— Yana olti kishi qoldi. Nasib qilsa, bugun kechki yig‘ilishda uchratsam, imzo qo‘ydirib olaman-e... 
— G’ayrat qiling-e, uka...
Yana ikki kun o‘tdi. Axir orada shanba-bozor degan gaplar bor-ku. Ertalab xuddi ishim bitadigandek, yaxshi kayfiyatda uydan chiqdim. Atrof charog‘on, gullar isi anqiydi. Daraxtlarda chug‘ullashayotgan maynalarning ovozi qulog‘imga bulbulday eshitiladi. Shaxdam qadamlar bilan kelayotsam oldimdan bank boshlig‘i chiqib qolsa bo‘ladimi. Otamni ko‘rganday, yugurib borib qo‘llarini qo‘sh qo‘llab oldim. 
— Ha aka, ko‘rinmay qoldingiz-ku? Kelib pulingizni olmaysizmi? 
— Olaman, olaman. Nasib qilsa, bugun qaror chiqadi. So‘ng... 
— Nima bo‘yicha edi?
— He, kartoshka-da, kartoshka. Urug‘lik olish uchun bir million kredit so‘raganman. 
— E-e, kartoshka uchun edimi? Obbo, kechikibsiz-ku aka... 
— Yo‘g‘-e, yo‘g‘-e, unday demang-e. Odamni qo‘rqitmang, uka. Bu yoqda ishimiz bitay-bitay deb turganda-ya...
— Yo‘q aka. Endi kartoshkaga pul berolmaymiz. Yuqoridan farmon keldi, to‘xtatilsin deb. Axir kartoshka ekish mavsumi o‘tib ketdi-ku...
— Obbo, axir men... Endi nima qilaman?
— Endimi? Xafa bo‘lmang aka, yangi farmon kelgan. Endi chorvachilik bilan shug‘ullanaman, mol boqaman deganlarga kredit puli beramiz. Marhamat, hujjat to‘g‘irlab keling. Olasiz. 
— Hujjat? Yanami?
— Ha-da. Hujjatsiz iloji yo‘q-ku. Yakka tadbirkorlikni ro‘yxatga olish bo‘limiga borib, ariza bering. Ular arizangizni hokimiyatga chiqaradi. So‘ng mol boqish uchun uyingizda molxona, somonxonangiz bor-yo‘qligi to‘g‘risida mahalladan ma’lumotnoma olib kelasiz. So‘ng mol boqish ishlari bo‘yicha tuman bosh zootexnigining suhbatidan o‘tasiz. O’n kun malaka oshirishda o‘qib, mol boqa oladi degan sertifikat olasiz. So‘ng... 
— E-e, bo‘ldi, bo‘ldi... U yog‘ini o‘zim ham bilaman. Yana chop-chop, yana kuta-kut ekan-da. Uf-f. Shu bir million kredit pulini olish bizga nasib qilmas ekan-da-e. He, atang...
— Tushkunlikka tushmang aka, olasiz dedim-ku. Hujjat qilib keling, darrov olasiz.
— Darrov? Darrovi qancha?
— Ha, endi-i, gde-to bir oylarda...
— Eh-he-e, darrovi shuncha bo‘lsa...
— Haliyam men siz uchun eng tez bo‘lishini va’da berayapman. Axir bu pul-ku. Sizning hujjatlaringiz viloyatga yuboriladi. Ular Respublikaga yuboradi. O’sha yoqlardan tasdiqlanib, berilsin deb ruxsat kelgach, olasiz-da akam. 
— Hali ruxsat berilmasligi ham mumkin-mi?
— He-e yo‘q. Buyog‘i endi shunchaki... Ruxsat beriladi. So‘ng...
— So‘ng darrov berasizlar-mi pulimni? 
— Albatta, bankda pul bo‘lib tursa...
— Ie, hali bankda pul bo‘lmay qolishi ham mumkinmi?
— Ha endi, oylik maoshlar va nafaqalarni tarqatayotganda pul yetmay qolishi mumkin-da? 
— Keyin-chi?
— Keyinmi? Keyin yana bir oy kutasizda... 
— Vah, boshi-imm... Kredit olmay men o‘lay...
Boshim aylanib, ko‘zim oldi qop-qorong‘i bo‘lib ketdi. 
Palatada o‘zimga keldim. 
Mana, yotibmiz kasalxonada kreditni kuti-ib...

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.