OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Safar Kokilov. Qozon boshiga hujum (hajviya)

Bir kuni o‘zimizning xo‘jaliqdan bo‘lgan Tullakov degan odam bilan uchrashib qoldim. U yer-bu yerga ishga kirib, ishni ham yolchitmay, og‘irning ustidan yengilning ostidan yuradigan bu kishi qo‘lida bir-ikki daftar ko‘tarib yurgai ekan.
- Qani, Tullakov aka, tinchlikmi? Daftar qalam ko‘tarib yuribsizmi? Nima savodning chalasi bor ekanmi? Yana o‘qiyapsizmi? - dedim hazillashib. 
-Savod-ku chiqqan. Lekin bu daftarlar boshqa maqsad uchun...
Bu yerda paktlar bor. Paktlar... - dedi u sirli ohangda, allaqanday viqor bilan.
- Yo‘g-e?! Yana bir ishning boshini tutgan ko‘rinasiz, avzoingizdan. Nima gap?
- He, ko‘rmaysizmi. Bizning xo‘jalik raisi o‘zining bir to‘da yaqinlarini atrofiga yig‘ishtirib, qozonning boshiga o‘tirib olgan. Cho‘mich qo‘lida. Aylanib ham ichadi, o‘rgilib ham ichadi. Qolganini urug‘-aymog‘iga beradi. Nima, bizlar yerdan chiqqanmi? Aybimiz nima o‘zi? Xudoga shukur, o‘ninchini tugatgak bo‘lsak. Yozish qo‘limizdan keladi. Ukkag‘arlarning ustidan pakt to‘pladim. Yuqoriga bir yozib, yegan-ichganini zahar qilmasam, otamning o‘g‘li emasman...
- Ha-a, shunaqami?! To‘gri, to‘g‘ri. E, qozon boshiga hujum deng, aka...
- Ha, shunday desa ham bo‘laveradi. Haqiqat qaror topmaguncha qo‘ymayman. Dunyo beega emasdir, yuqorida so‘raydiganlar bordir. Nima dedingaz?
- Ha, bor, bor. Faqat yozganlaringiz o‘z isbotini topsa-da.
- He-e, topdiramiz. Mana bu yerda barisi yozilgan. Kim qancha yegan, qancha ichgan. Barisi pakt...
- Ha, unda ishlaringizga omad, ~ deb qo‘ydim uning gaplariga uncha ishonqiramasam ham. O‘shandan beri oylar o‘tdi, yil o‘tdi.
Taqdir taqozosi bilan yana uchrashib qoldik. Oldimga sariq rangli "Jiguli" mashinasi shitob bilan kelib, "g‘iyq" etib to‘xtadi. Cho‘chib qarasam, o‘sha, Tullakov. Semirib, qorin qo‘ygan. O‘sha paytdagi qoshiqday yuzlari shirmon nonday po‘rsillab turibdi. Tirjayib kelib, ko‘rishdi.
- Ha-a, muxbir uka. Qandaysiz endi, so‘ragandan beri?..
- Ie, assalomu alaykum, Tullakov aka. O‘zingizdan so‘rasak? Juda o‘zgarib ketibsiz-a?!.
- Ha, endi. Yuribmizda uka, jamoa ishlari bilan degandek...
Shunday deb Tullakov bir kekirib qo‘ydida, cho‘ntagidan gugurt cho‘pi chiqarib tishining orasini kavlay boshladi.
- Tullakov aka, ho‘ o‘shandagi gaplar amalga oshdimi, ishqilib?
- Qaysi gaplar? Chto-to esimda yo‘q.
- Ho‘-o‘, o‘sha gap-da... Qozon boshiga hujum-chi?! Xo‘jalik rahbarlari xo‘jalikni talon-taroj qilyapti. Yeb ketdi, ichib ketdi. Yozaman. Haqiqat qilaman deb yurganingaz-chi?!..
Tullakov qah-qah urib kulib yubordi.
- Ha-a, o‘sha gaplarmi? Obbo, siz-ey. Pamit ham zo‘r ekanda-a?! He-e, u gaplarni hal qilib yuborganmiz,
- Xo‘sh, xo‘sh. Nima bo‘ldi? Muttahamlar jazosini oldimi? Haqiqat qaror topdimi?
- He, bo‘masam-chi. O‘sha gaplardan so‘ng jamoaga ombor mudiri bo‘lib o‘tdik-da... – dedi gerdayib, ikki yelkasiini kerib.
- A?! Yo‘g‘-a?! He, qoyil-e. O‘sha yeb-ichganlarning birovining joyini olibsizda, unda.
- Ha, shunaqa bo‘ldi. O‘sha gaplardan sal keyinroq bir kuni rais chaqirtiribdi. Kimdir niyatimni yetkazgan, shekilli. Uning har qadamda shipyonlari bor. Xullas, chaqirib: "Uka, keling, gina-kudrat bo‘lsa, unutaylik. Siz o‘zi nazarimizda bor edingiz. Mana vaqti soati keldi. Birga ishlaylik. Sizni ombor mudiri qilib tayinladim. Oldingisi sal noinsofroq chiqdi, ishdan oldik. Bir ishlab o‘zingizni ko‘rsatsangiz. Buyog‘i o‘zimiz yordam beramiz", - deb qolsa bo‘ladimi. Na iloj... Raisning o‘zi shunday deb turgach... O‘lib turgan ekan demasin deb, biroz tarang qilib turdim-da, so‘ng rozi bo‘ldim.... Mana, o‘shandan beri ishlab yuribmiz jamoaning bir chetiga ilashib, degandek...
Shunday deb Tullakov yana qornini selkillatib, huzur qilib kuldi.
- E-e, qozonning bir chetiga ilashib deng. Obbo, siz-ey. Demak siz izlagan haqiqat ham shu ekan-da?! Qassobga moy qayg‘u, echkiga jon qayg‘u degandek, rais sizga qarashib yuboribdi-da...
- Shunday, shunday. Unga jon qayg‘u... Xix-xix-xi-xi...
Men ham zaharxanda kulib, dedim:
- Endi, ishqilib, yana birov asl haqiqatni yuqoriga yozib yubormasa deng, sizni ham qo‘shib...
- He-e, yozolmaydi. Mendaylar kam bizning jamoada- dedi u viqor bilan.
- Nega endi? Uchrab turadi. Masalan, mana biz yozamizda endi, sizni, Tullakov aka...-dedim unga sinovchan tikilib.
Uning birdan rangi o‘chib, dami chiqqan pufakday bo‘shashib ketdi.
- A?! Yo‘g-e?! Hazillashmang-e. Qo‘ying, uka, bu gaplarni. Yuring, bir choy ichaylik. Anovi yerda zo‘r palov qiladi-da... -deb Tullakov mening qo‘ltig‘imdan oldi. Men ham biroz tarang qilib turdim. So‘ng qo‘ltiqlashib qozon boshiga karab ketdik.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.