Qishloqqa ketayotgan tiqilinch avtobusning oxirgi o‘rindig‘ida tizzasiga ichi to‘la xaltasini qo‘yib olgan, odmiroq kiyingan soqol mo‘ylovi o‘sgan va boshida yag‘iri chiqqan do‘ppili o‘rta yoshlardagi bir odam hammani og‘ziga qaratib gurung berib ketyapdi:
-... Sug‘ur degan hayvonni bilasiz-a? Ha, balli. Mana endi o‘shani olaylik. Turgan bitgani lekarstvo, Sabil, rosa sassiq bo‘ladi. Fu-u... Ammo foydali bo‘lgach chidaysanda. Umi? U faqat tog‘da bo‘ladi. Ushlash ham juda qiyin. Ha endi, uni bilgan-yurgan, mana bizga o‘xshagan odam ushlab otib olib kelmasa, hamma ham topavermaydi. Lekin juda-a foydali, moyini ichgan qirq yillik kuhna kasal ham o‘n kun ichida sen ko‘r-men ko‘r bo‘lib tuzalib ketadi. A? Bo‘masamchi. O‘zim ichmagan bo‘lsam ham ko‘plarga ichirganman. He-e, bilamizda. Bittasida ibn Sinoning eski kitobi bor. Eski. Hozir chiqayotganlari bari o‘zgartirilgan, zamonasozi qilib qayta ko‘chirilgan. Eskisini topib o‘qish kerak. O‘shanda bari yozib qo‘yilgan. Ha endi, eskichani ham bilamizda, bilmaganni so‘raymiz. Shu desangiz, barcha dori-davo shundoq yonginamizda chopqillab yurishadi-yu, bilmaymizda. Aptekadan axmoq bo‘lib dori qidiramiz. Men sizga aytsam, o‘sha sug‘urning terisini bodbosil bo‘lganlar orqasiga o‘n kun bog‘lab yursa, tag tomiri bilan yo‘qotib yuboradi. Ie, shuni ham bilmaysizmi?! Badbosili gemorroy-da. Negadir keyingi yillarda juda ko‘payib ketdi-ku. Endi buni bilib davolamasa, juda yomon bo‘ladi. Mana yaqinda bir og‘aynimiz bilmasdan jarrohlarga borib operatsiya qildiribdi. Qancha xarajatga tushganini aytmaysiz. Baribir menga keldi. O‘shanga desangiz, ozroq topib, o‘zim boylab yubordim. Sizga yolg‘on, xudoga chin, bir haftaga qolmay tuzalib ketdi-ey... Bo‘pdi, bo‘pdi. Topamiz. Gap yo‘q.
Burga deysizmi? Xe, gapirmang-e. Diydori qurisin. Kechayu-kunduz uxlatmaydi. Padarla’natiga dori ham kor qilmaydi, qaytamga semiradi-ya. Lekin men sizga aytsam, bir sanitarni duxtur oshnam bor. “OPD” degan joyda ishlaydi. Xe, haligi burgalarni semirtadigan dori sepishadi-da. Xi-xi-xi-xi. To‘g‘rida. O‘sha aytadi. Shu burga ham koni foyda emish. Harom qonni va undagi mikroblarni ham so‘rib oladi deydi. Chaqqanda achishgani bejiz emas ekanda. Oshnamning uyiga borsam, buni qarangki, unikida ham g‘ij-g‘ij.
Nima, nima? Kirpi deysizmi? Xe, yashang, esimga soldingiz. Bir vaqtlar maktabda zoologiyadan dars berganimda, adirdan bolalar bilan ushlab kelardik. Uyda o‘zim ham qovurib yeganman. Zo‘r bo‘ladi. Xe-e, davolik narsadan hech qachon jirkanmaslik kerak. Joningizdan o‘tmaganda, kulasiz. Ey, desangiz bizda bittasi bor. Pnyonista, chashmaxo‘r, rangi oppoq, qiltiriqday. Keyingi paytda sarg‘ayib, kuni kasalxonada o‘tadigan bo‘lib qoldi. Bir kuni qarasam yuzlari qip-qizil bo‘lib, xirsday semirib ketibdi. Hayro-on qoldim. O‘zi esa bu, suv yig‘ilgan deydi. Ishonmadim. So‘rasam, xoh ishonining, xoh ishonmang, ichishni tashlab, o‘sha kirpini qovurib yeb yurarkan. O‘shanga ham men aytgan edim. Ilonni ham yeyman deydi. Qarang-a. Ana sizga semirtadigan dori. Odamlar esa falon pulga retabolil izlab yurishadi. Bilmaydi-da. Shuning uchun aytish kerak, uyda beshinchida o‘qiydigan o‘g‘lim “dada, nima kerak shunaqa narsalarni gapirib yurib deb menga urishadi. Yo‘q deyman. Aytish kerak. Odamlarga yordam qilish kerak. Qolaversa bu reklama. Xa, xa. Rek-la-ma-a. Ana televizorda har kuni tinmasdan tagini artadigan paxtani maqtab reklama qiladi. Yo tavba. Kesak ham bo‘laveradi-ku, desa. A? Xa, kulasiz-a. Xi-xi-xi...
Xe-e, nimasini aytasiz, bir gazitmi, jurnalmi o‘qigan edim. Ba’zi yurtlarda toshbaqani, chigirtkani va yana allambalolarni tansiq taom o‘rnida iste’mol qilisharkan. Foydasi borki yeydi-da. Ular biladi. Ular bizdan ancha ilgari yurishadi-da. Aptekaning dorisiga hech ham ishonmang. O‘z oti bilan dori-da. Yarmi foyda bo‘lsa, yarmi ziyon. Shu tabiiy dorilardan qolmang, uka.
Shu desangiz, yaqinda qo‘shnimizning semiz bir iti bor edi... Ha, ha? Nega turaverdingiz? Tushasiz? E, o‘tiring-e. Biroz gurung qilaylik. Endi qiziyatvudi-ku. Xe, sizni qarang-u. A? Xa mayli, xo‘sh deng bo‘lmasam. Xudoning panohiga. Ha, aytgancha, menga qarang, hoy oshna, sug‘ur yog‘imi, terisimi kerak bo‘lsa topib beraman, keling. A? Xe, meni hamma biladi. Oldin malim bo‘lgan Zoir tabib desangiz bo‘ldi. Topasiz. Xu-u, anovi Eshako‘ldi qishlog‘idanman. Kelavering. Giyohlar bilan ham davolayveraman. Qanday kasal bo‘lsa opkelavering. Kelavering... Hoy, haloyiq, kimga nima kerak? Mana bizda, sug‘ur deysizmi, kirpi deysizmi, ilon deysizmi, topiladi. Xa-xa. Seans ham qilaman. Bobolarim, pirlarim bor. Chaqirsam har qanday kasalni davolashda yordam beradi. Dorining zo‘rlari ham o‘zimda. E, bor, bor. Hammasi bor. Eshak suti ham topiladi. Narxi ham aptekadan arzon. Aytib qol, men narigi astanapkada tushaman. Hoy, haloyiq...