Jarrohlik bo‘limining boshlig‘i jarroh Eshonqulovning ikki odati bor. O‘mon deb bo‘lmaydi, chunki egasi shunga ko‘nikib qolgan va shusiz yashay olmaydi. Lekin shularsiz uni har qancha ta’riflagan bilan hech kim tanimaydi va bilmaydi ham. Xullas birinchisi, u kecha-kunduz ajralmaydigan, kiyinayotganda ham, yechinayotganda ham, ovqat yeyayotganda, hatto hojatxonada uzoq xayol surayotganda ham, he, nima ish qilishidan qat’i nazar, og‘zidan tutab turgan sigareta tushmaydi. Ota-bobosi qilmagan bu odatga yoshligida yo‘liqib, endi shusiz umuman kuni o‘tmay qolgan. Chekmasa turolmaydi. Ex-xe... Quruq boshi og‘risa-ku, mayli. Uning shundoq ham bukchayib qolgan, kichkina tanasi titrab-qaqshab qolgani chatoq-da. Ozgina bo‘lsa ham qora ranglab yuradigan siyrak sochlari ham nayzadek dikrayib qoladi. Doim botinka kremining hidi kelib turadigan govkallasiku osma soatning kapgiriday liqillab qolishini aytmaysizmi. Eng yomoni, nafasi qisilib, o‘lat tekkan xo‘rozdek qiyillab, quturgan ho‘kizning ko‘zidek doim qizarib yuradigan ko‘zlari qinidan chiqqudek bo‘lib bir yo‘taladi-ki. Shuning uchun ham har kuni televizorda “Sog‘liqni saqlash vazirligi sizni ogohlantiradi: chekish organizmingiz uchun xavfli” deyishiga qaramasdan, chekaveradi, chekaveradi, chekaveradi. E-e, nimasini aytasizki, xudoyim hamma narsani juft-juft qilib berarkan. Uning ikkinchi bir odati, yoshligidan burnidan suvi oqadi. U “shilq” etib burnini tortib qo‘yadi-da, o‘ng qo‘lining yengi bilan beozorgina qilib, chapdan o‘ngga qaratib artib qo‘yadi. Bu odat. Agar dard bo‘lganda tumanda yakkayu yagona jarroh Eshonqulov allaqachon davosini topgan bo‘lardi. Ha, endi burnini kesmasa ham, bir iloj qilardi-da. Lekin bu xudoning unga bergan in’omi edi. Har kimga ham bersa-chi. Yaxshi ko‘rgan bandasiga beradi-da. Shuning uchun ham u bunga allaqachon ko‘nikkan va shusiz bir lahza ham yashay olmasdi. Faqat xotini... Eh-he, bechora kelinligida rosa qiynalgan edi. Eriga yordam qilish uchun yugurmagan folbin-u, duosi suvni teskari oqizadigan mulla-eshonlar ham qolmadi. Lekin hech ilojini qilolmadi. Oxiri... ko‘ndi. E’tibor ham bermay qo‘ydi. Faqat kir yuvayotganda yuragi bir “durr” etib qo‘yadi. Axir Jarroh Eshonqulovning oppoq ko‘ylaklarini har kuni yuvishga to‘g‘ri keladi-da. Har yuvayotganda oq ko‘ylagining sigaret cho‘g‘i tushaverib, g‘alvir bo‘lib qolgan ko‘krak qismi bilan sarg‘aygan va burunga ishqalanaverib titilay-titilay deb qolgan o‘ng yengini juda avaylashga to‘g‘ri kelardi. Koshki bozorda ko‘ylak arzon bo‘lsa.
Shunday qilib, shu biz ta’riflagan jarroh Kashandaev, e-e, kechirasiz, jarroh Eshonqulov parovozday buruqsib, burnini “shilq-shilq” qilib, ishga jo‘nayotganda o‘ziday semiz, gavdali, qorachadan kelgan xotinining qo‘li eshik og‘zini shlagbaumday yopdi va ko‘zlari semaforning qizil chirog‘iday chaqnab, uni to‘xtatdi.
Dadasi, manovi ro‘molchani sizga atay olgan edim... deb uning shimining orqa cho‘ntagiga yetti buklab tiqib qo‘ydi. “Burningizni artasiz” desam, ko‘ngliga kelar deb: Kerak bo‘lar, dedi. Eshonqulovning bunday marhamatdan ko‘ngli iyib, ko‘ziga yosh keldi. To‘lqinlanib xotiniga biron shirin so‘z aytayin deb og‘iz juftlab, chuqur bir nafas olgan edi, savil yo‘tali tutdi-qoldi. Puk-puklab, ishga jo‘nab ketdi. Ishdan qaytib kelgach, kechqurun albatta xursand qilaman deb, ko‘ngliga tugib qo‘ya qoldi.
Jarrohlik bo‘limi oldiga kelgach, ichkariga kirishga shoshilmadi. Bitta tutatib olayin, so‘ng ishni yaxshi kayfiyat bilan boshlayman deb, eshik oldida tik turib bitta “Rodopi”ni huzur qilib, chanqoqlik bilan torta boshladi. Chekkanda tanasi yayrab ketadi-da. Qo‘y go‘shtining kuchidan ham ko‘p kuch beradi-da, qurmagur. Yana tag‘in chekkandan so‘ng kallaning yaxshi ishlab ketishini aytmaysizmi. He-e, chekmaganlar buni qaydan bilsin. Aytaveradi-da. Bilmagani ham yaxshi-e. Bo‘masam sigaret ham tanqis bo‘lib, narxi ham osmonlab ketadi. O‘zi shunaqasiga ham jarroh Eshonqulov qo‘liga tushgan bemorning u yerini kesib, bu yerini kesib olganlarining teng yarmi shu “Rodopi”-yu, “Karvon”ga ketib yotibdi. Aytadilar-ku, “men qilaman o‘ttiz, xudoyim qilar to‘qqiz” deb. He-e, nachora, bu ham kerak.
“Odatdan ayrilib bo‘lmas,
O‘shlikni qayirib bo‘lmas...”
Jarroh Eshonqulov birdan she’r to‘qib yuborganidan o‘zidan-o‘zi xursand bo‘lib, sarg‘ayib ketgan oldingi it tishlarini ko‘rsatib tirjaydi. Shu payt uning xayolini to‘zg‘itib, bo‘lim oldiga tez yordam mashinasi shitob bilan kelib to‘xtadi.
Ha, ha. Nima gap?
Yo‘lda traktor ag‘anabdi. Haydovchisining biqiniga temir kirib ketgan, qon ketyapti, dedi tez yordam vrachi unga qaramasdan, zambarda yotgan bemorni tushirar ekan.
Tirikmi? Qani, men bir ko‘ray-chi, deb Eshonqulov qonga bo‘yalib yotgan bemorni ko‘ra boshladi. Xo‘sh. Tirik. Hushi joyida. Faqat qon ketyapti. Tezlikda qonni to‘xtatib, tikish kerak...
Nega biqinidan ketayotgan qonni to‘xtatib, olib kelmadingiz? Sizda o‘zi malaka bormi? dedi Eshonqulov burnini bir tortib qo‘yib, tez yordam vrachiga o‘zini ko‘rsatib qo‘ymoqchi bo‘lib. Axir bemor qonsirab, o‘lib qolsa nima bo‘lardi? He, sizni qarang-u. Qanaqa vrachsiz o‘zi? Shuniyam bilmaysiz-a?!
Tez yordam vrachi dabdurustdan qilingan hujumdan shoshib, qizarib yerga qaradi va:
Uzr, duxtur. Iloji boricha qisqichlar bilan qon tomirlarni qisib keldik...
He-e, qisqich nima, qon oqayotgan joyning yuqorisidan tortib bog‘lash kerak edi.
Duxtur, bu biqinnning yuqorisidan qanday qilib... hayron bo‘ldi vrach. Eshonqulov ham o‘zining shoshib aytgan gapini darrov to‘g‘irlab (bu ham sigaretning sharofatidan-da) dedi:
Ha, agar oyoqlarda bo‘lsa deyapman-da... Lekin bunaqa jarohatlardan ham qonni to‘xtatsa bo‘ladi. Masalan...
Eshonqulov biroz o‘ylanib turib birdan ko‘zlari “evrika” deb chaqnadi va orqa cho‘ntagidan haligina xotini solgan oppoq ro‘molchasini qon oqib turgan jarohatga shartta tiqib yubordi. Mana shunday qilib, deb qo‘ydi viqor bilan atrofga alanglab. Lekin atrofida tez yordam vrachi, feldsheri va haydovchidan bo‘lak hech kim yo‘q edi. Afsus qilib qo‘ydi. Eh, qani edi shogirdlari bo‘lsa. Ustozining qonni to‘xtatishdagi topqirligidan va yangiligidan bir qoyil bo‘lsa yana uning bemor hayoti uchun shu bugungina cho‘ntagiga solib kelgan top-toza, qorday oppoq naqd ikki yuz so‘mlik ro‘molchasini ham ayamaganidan yana bir qoyil bo‘lar edi-da. Ro‘molchaniku hozir operatsiya qilayotganda yana qaytarib olamanku-ya deb o‘ylab qo‘ydi. Bemor inqillay boshladi.
Qani, tez operatsiya stoliga olib chiqinglar. U yerda shogirdim Ro‘ziev bor. Tayyorgarlik ko‘raversin. Men ham hozir chiqaman...
Bemorni ichkariga kiritib ketishdi. Eshonqulov ko‘tarinki kayfiyatda qo‘lidagi sigaretning qolganining ham tutunini ichiga yutib-yutib qo‘li kuyguncha chekdi. So‘ng ichkariga kiraman deb turgan ediyam-ki, Bosh hakimning bir qoshiq suv bilan yutib yuboradigandek huriliqo sekretari xushbo‘y hidlar taratib, sollonib keldi-da, Eshonqulovdan sal narida to‘xtab, burnini jiyirdi, va unga:
Sizni katta chaqiryapti. Hozir borarkansiz, dedi va iziga qaytdi. Jarroh Eshonqulov sekretar qiz izidan lo‘killab jo‘nadi. Bosh hakim chaqirgandan so‘ng bormay bo‘ladimi. Ayniqsa bunday pari paykar “lichno” o‘zi kelib aytib turganda-ya.
Bosh hakim xonasidagi yig‘ilish naqd ikki soat cho‘zildi. Eshonqulovning xayolidan haligi kasal batamom ko‘tarildi. Har qalay uning ko‘ngli tinch edi-da. Chunki bo‘limda uning ishonchli, sodiq shogirdlari bor-ku, har qanday bemorning terisini shilib, e-e, kechirasiz, dardini sug‘urib olib tashlashadi. Xuddi shunday bo‘ldi. Yenglarini shimarib, qonsirab turgan qassobday shay bo‘lib turgan shogirdi jarroh Ro‘ziev zambarda olib kelinayotgan bemorni ko‘rib, negadir sevinib ketdi. Birinchi savoli: Tirikmi? dedi. Ikkinchisi esa: Orqasidan kelganlar bo‘lsa, kutib tursin, hozir gaplashamiz, dedi.
Tashqarida Eshonqulov ham ko‘rdi. Hozir o‘zim kelaman dedi, deb aytdi tez yordam vrachi unga. Birdan Ro‘zievning shashti qaytdi.
E-e, shunaqami. Ha, mayli, mayli. U kishi ustozda. Kutamiz, dedi Ro‘ziev.
Bemor operatsiya xonasida naqd bir soat yotdi. Jarroh Eshonqulov kelmadi. Jarroh Ro‘ziev ustozidan o‘tib bir ish qilmay turdi. Sodiqlik ham shuncha bo‘ladi-da. Nihoyat hamshira “bemorning mazasi qochayapti” deyaverganidan so‘ng:
Nachora. Operatsiyani ustozsiz qilaman endi, deb jarroh Ro‘ziev qo‘llarini tirsagidan yuqoriga bukkanicha, og‘ziga va oyoqlariga niqob kiyib, tantanali vaziyatda operatsiya xonasiga kirib keldi. Bemorning birdan-bir jarohati biqinida ekan. “He, bundan oson ish bormi?” dedi-yu, shartta jarohat og‘zini tikib tashladi. Uni bekorga bir soatdan beri kutib o‘tiribdi. Obbo. Ro‘ziev o‘tgan bir soatlik umriga achinib qo‘ydi.
He-e, ustoz ham qaribdi-da. Biroz parishonxotir bo‘lib qolgan. Anov kuni ham bitta bemorning ko‘richagini olaman, operatsiyaga tayyorlanglar deb, hamshiraga tayinlabdi-yu, so‘ng eslaridan chiqib, ulfatlari bilan bir o‘tirishga ketib qolibdi. Yaxshiyam Ro‘ziev bor ekan. To‘rt soatdan so‘ng ustozining yo‘qligini bildirmay, o‘zi operatsiya qilib qo‘ydi. Axir eng sodig‘i ham shu jarroh Ro‘ziev-da.
Xudoning kunlaridan yana bir kuni o‘tib, ertasiga ertalab jarroh Eshonqulov oyna oldida sochini tarash uchun orqa cho‘ntagidan temir tarog‘ini olayotganda, birdan sergaklandi. Kecha xotini bu cho‘ntakka ro‘molcha tiqayotgandek edi, shekilli. Yo‘q-ku?! Xotin yuvgali olganmikan? Oshxonada kosa-tovoqni taqir-tuqur qilib yuvayotgan xotiniga baland, yo‘g‘on ovozda rolga kirib, baqirdi:
Dezdemona. Ro‘molcham qani?
Orqa cho‘ntagingizda edi-ku. Kecha qo‘ygan edim-ku...
Yo‘q. Olgan bo‘lsang, tez keltir. Men ishga shoshayotibman. Tez bo‘l. Aksincha, bo‘g‘aman...
Voy, o‘lmasam, Otelloqul aka. Ro‘molchani siz bilasiz-da, dedi xotini oshxonadan chiqib kelarkan kulib. Biron qizga bergan bo‘lmang tag‘in. Tez eslang. Bo‘masam, o‘zim sizni bo‘g‘aman-a...
Ular kulishdi. So‘ng Eshonqulov jiddiylashib: Bilmadim, bilmadim, xotin. Balki taroq olayotganda biron yerga tushdimmikan. Men esa sen yuvgali olgansan debman...
Voy, yo‘-o‘q. Nega yuvaman. O‘zi kechagina berdim-ku. Juda parishonxotirsiz-da, dadasi.
He-e, yo‘qolsa yo‘qolibdi-da. Yana bitta olib berasizda, jonidan, deb, kula-kula jarroh Eshonqulov ishga ketdi...
Falokat bo‘lib traktori ag‘nab ketib, jarohat olgan traktorchi Hayitmat aka hayotda juda ko‘p qiyinchilik ko‘rgan, bir bechorahol odam edi. Bola-chaqasining boshiga haliyam tirik qoldi, deng. Lekin bari qiynalgani bir bo‘ldi-yu, qurg‘ur mana bu biqinidagi jarohati bitmay qolgani bir bo‘ldi. Shundan so‘ng o‘n bir oy jarohatidan yiring oqaverib, umri kasalxonada o‘tdi. O‘tib davolandi, qatnab davolandi. Duxturlar ham rosa “praktika” qilishdi. Har xil ukollardan urib ko‘rishdi, bo‘lmadi. Jarohatga har xil dorilardan qo‘yib bog‘lashdi, bo‘lmadi.
Sizning organizmingizda himoya kuchingiz yo‘q. Qoningiz kam, deyishib qon quyishdimiey, kuchli-kuchli ovqatlardan yedirishdimiey. Albatta, hamma xarajatlari Hayitmat akaning hisobidan ediku-ya. Baribir bo‘lmadi. Yaradan yiring oqqani-oqqan, og‘zi esa kattargani-kattargan edi. Uydagi xotin, bola-chaqa ham bezor bo‘lib qoldi. Sassiq hid avval uy ichiga, so‘ng qo‘shnilarnikiga tarqaldi. Ularniki tugul, yaqin-atrofdagi uylarga ham mehmon kelmay qo‘ydi.
Shu yaradan o‘lib ketsam keragov, dedi Hayitmat aka nolish qilib.
Bilmadik, aka. Mana ko‘rib turibsiz, hamma narsani qilib ko‘rdik. Na iloj, dedi yelka qisib, Ro‘ziev ham. Jarroh Eshonqulov ham bir necha marta ko‘rib, o‘z qo‘li bilan tozalab bog‘ladi hamki, yaxshi bo‘lmadi.
Tibbiyotda hali noma’lum narsalar ko‘p. Endi siz, bir eskicha irimlardan ham qildirib ko‘ring, aka, deb maslahat berdi Eshonqulov so‘nggi yangiliklardan biri sifatida. Hayitmat aka chiroq-cho‘pchak deb ham ancha talandi. Afsuski, natija yo‘q. Hamma narsadan umidini uzgan Hayitmat aka duxturlarga bog‘latib turishga ham bormay qo‘ydi. Qanday yara ekan bu savil deb, o‘zi qiziqib ko‘ray desa, biqiniga har qancha qaragan bilan ko‘rinmaydi. Oyna tutib qaradi-qaradi, tushunmadi. Xotini bilan o‘ninchida o‘qiydigan o‘g‘lidan “yaramni bog‘lab qo‘y” desa, jirkanib qarashmadi. Nihoyat, bir kuni birinchi sinfda o‘qiydigan qizini aldadi.
Qizim, yaramning ichini ochib, yiringini tozalab, bog‘lagin. Tuzalib yurib ketsam, senga ko‘ylak oberaman. Xuddi artist qizlarnikidayini, dedi. Qizi televizorga qarab, o‘ynagich edi. “Artistlarning ko‘ylagiday” deganiga uchdi. Otasining jarohatini ochib ko‘rdi. Yiringini eski latta bilan artib tashladi. Bolalarcha qiziqish ustun kelib, otasining jarohatini kichkina barmog‘i bilan kavlab ko‘ra boshladi. Otasi og‘riqqa chidab turdi.
Qizim, ichini kattaroq ochib qarachi, biron narsa bormikin, dedi. Qizi qo‘rqa-pisa yaraning ichiga kichkina barmoqlarini tiqib, jarohat og‘zini kattartdi. Ko‘ziga bir narsa ko‘ringanday bo‘ldi.
Dada, bir narsa borga o‘xshaydi.
Qizim, tortib ko‘rchi, nima ekan...
Qizi ushlagan narsasini torta boshladi. Hayitmat aka og‘riqqa tishini-tishiga qo‘yib, chidab turdi. Qiz tortib chiqardi. Uzun bir latta ekan.
Mana, dada, latta ekan, deb qiz qip-qizil lattani uchidan ushlab, silkitdi. Hayitmat akaning birdan og‘riqlari bosildi.
Voy, ukkag‘arlar-ey. Shu latta borligi uchun yaram bitmay yotgan ekanda. Nahotki, shuni ko‘rmagan-a, deb jarrohlarni rosa so‘kdi.
Qizim, anovi lattani yuvib, tozala. Jarrohlarga oborib ko‘rsataman...
Qiz yuvdi. Quritib, dazmolladi. Hayitmat aka erta dedi, indin dedi, oradan uch kun o‘tdi. So‘ng kasalxonaga bordi. Ha, aytgancha o‘sha kundan so‘ng yarasi o‘z-o‘zidan bitdi-qoldi. Hayitmat aka ham xursand, ham xafa. Avval Ro‘zievni izladi, topolmadi.
Har kuni yaraning ichiga qaramay, ustini bog‘lab qo‘yaveribsiz, ichida latta bor ekan-ku, deb rosa tuzlamoqchi edi, bo‘lmadi. Keyin kattasiga kirayin deb, jarroh Eshonqulovga uchrashdi.
Deraza oldida tutab turgan Eshonqulov (Hayitmat akani ko‘raverib, bezor bo‘lib qolgan edi) uni ko‘rgandan terisiga toshma toshib, badani qichiy boshladi (allergiya).
Ha, yana nima gap? dedi qovog‘ini uyib.
Negadir Hayitmat aka kulib turardi.
Tinchlik, do‘xtur bova. Manavini sizga opkelgan edim, deb gazetaga o‘rog‘liq narsani stolga tashladi. Eshonqulovning yuragi duk-duk urib qoldi. “Nahotki?! Voy bechora-ey, shu ahvoli bilan yana pul olib kelganga o‘xshaydi-ya. Obbo, bilmagan ekanman. Yaxshi odam ekan-ku”, deb ichida xursand bo‘lib, asta kelib gazetani ochdi. Qarasa, ichida oppoq ro‘molcha turibdi. Qo‘liga olib u yoq-bu yog‘iga qaradi. Yelkasini qisdi, labini burdi. Avzoi buzilib:
Nima bu? dedi.
Bilmadim, do‘xtur bobo. Buni sizdan so‘ragali keldim. Nima bu? dedi Hayitmat aka ham. Ular bir-biriga tikilib qolishdi.
Qaerdan oldingiz buni? rangi o‘chib so‘radi Eshonqulov.
Ichimdan. O‘sha bitmay yurgan yaramning ichidan qizim sug‘urib oldi.
Eshonqulovni uncha-munchaga hayron qoldirish qiyin edi, u ro‘molchaga yana bir qaradi-da, kuldi.
E-e. Shunaqami? Obbo, Ro‘ziev-ey. Esdan chiqargan-da. Bu qon to‘xtatish uchun qo‘yilgan doka. Ha. Ha. Bo‘ladi, shunaqasi ham. Bu kamchilik buyuk jarrohlarda ham uchrab turadi. Hechqisi yo‘q. Aka, Siz xafa bo‘lmang. Xursand bo‘ling-e. Ha, mana, endi yarangiz bitib ketadi. Qutulibsiz. Molodes...
Yaram allaqachon bitdi. Mana, deb Hayitmat aka biqinini ochib ko‘rsatdi.
E-e. Yaxshi, yaxshi. Unda tabriklaymiz, aka. He, buni yuvish kerak. Zo‘r ish bo‘libdi-ku, yashang aka. Sizga gap yo‘q...
Jarroh Eshonqulov turli tovlanib-tovlanib, Hayitmat akani yupatib-yupatib oldidan chiqarib yubordi. Achchiq-achchiq gapiraman deb kelgan Hayitmat aka ham uning sehrli nigohlariga tob berolmay erib-erib ketdi.
Jarroh Eshonqulov yolg‘iz qolgach, miyig‘ida kuldi. Ha. U ro‘molchani, o‘n bir oydan beri yo‘qotib yurgan ro‘molchasini tanigan edi. “Buni Dezdemonaga ko‘rsatib, suyunchi olaman”, deb o‘ylab qo‘ydi va ro‘molchaga burnining manqasini “hing” qilib qoqdi...