OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Safar Kokilov. So‘nggi yozuv (hikoya)

Uni bizning bo‘limimizga reanimatsiya bo‘limidan o‘tkazishdi. Avvallari tanish emas edik. Ko‘rinishidan juda bilimdon ko‘rinardi. O‘rta bo‘yli, qotmadan kelgan, yuzlari oppoq, chiroyli bu yigit ust-boshiga e’tibor bilan qarardi. Xalati g‘ijim bo‘lmasligi uchun o‘tirayotganda orqasini beliga qayirib o‘tirardi. Ikkalamizning navbatchilik kunlarimiz ko‘pincha bir kunga to‘g‘ri kelib qolar, bo‘sh vaqtimizda gurunglashib o‘tirardik. “Nega bizga ishga o‘tdingiz?” — degan savolimga “Bo‘lim boshlig‘i bilan chiqisha olmadim” — deb qo‘l siltab qo‘ydi. Men ishondim. O‘sha bo‘lim boshlig‘ini o‘zim ham uncha xush ko‘rmasdim-da.
Bizning bo‘lim tez tibbiy yordam bo‘limi. Bemor hayoti uchun shoshilinch choralar ko‘radigan vaziyatlar ko‘p bo‘ladi. Bir-birimizdan maslahatlar olib turardik. Bir kuni feldsherlarimizdan biri uning og‘ir bemorga yordam berayotib shoshib qolganini aytib, ta’na qilganida, uning tarafini olganman. U ko‘p gapirardi. Ayniqsa, xalqaro ahvol to‘g‘risida gap ketganda ayniqsa so‘zamollik qilardi.
Bir kuni ko‘p chaqiriq bo‘ldi. Kechasi bilan tinmadik. Birimiz kelsak, ikkinchimiz ketamiz. Tuzuk o‘tirib suhbatlasholmadik ham. Kechasi navbatdagi chaqiriqdan kelib, karovatga endi cho‘zilgan edim, u ham kirib qoldi. O‘zimni uxlaganga olib yotdim. U negadir karovat ustidagi ko‘rpalarni ag‘darib ko‘rdi, ustini qo‘li bilan supurdi. So‘ng darrov yotmadi-da, mening boshimga kelib, tik turib qoldi. Menga qarab turibdimi yoki derazaga qarab turibdimi, bilib bo‘lmasdi. Xona ichi qorong‘i edi. Ancha turdi. Ko‘nglimda allaqanday xavotir paydo bo‘ldi. U kimnidir poylayotgandek edi. So‘ng navbatchi meni shoshilinch chaqiriqqa borishimni aytib “uyg‘otib” ketdi. Qaytib kelganimda u uxlab yotgan ekan.
Yana bir kuni ittifoqning tarqalishidan gurung qilib o‘tirgan edik, u birdaniga “Barchasiga men aybdorman” — deb qoldi. “Nega unday deyapsan?” — dedim hayron bo‘lib. U esa “Boshdan qattiq turmadim-da. Bo‘sh qo‘ydim” — dedi.
Men hech nima demasdan, kulib qo‘ya qoldim. Ichimda “Tavba! Bunga bir gap bo‘lganmi o‘zi?!” deb qo‘ydim. Suhbatimizni navbatchi buzdi. Shoshilinch chaqiriq tushgan edi...
So‘ngra u ishga bir kelib, bir kelmaydigan odat chiqardi. Gapning ochig‘i, har birimizning o‘zimizga yarasha turmushimiz, tashvishlarimiz bor. Ishdan tashqari kunlari har kim o‘zi bilan o‘zi ovora. Uning uyida nima gap, qanday yashaydi, bunisi menga qorong‘i edi. Bir kuni ko‘chada “tez yordam” mashinasida keta turib, uni ko‘rib qoldim. Ust-boshi abgor, soqollari o‘sgan, qo‘llari kir edi. To‘xtab, nega ishga bormay qo‘yganini so‘radim. U allaqanday olazarak, qayg‘uli qiyofada edi. Osmonga xavotir aralash qarab, “Ahvol chatoq, undan qochib yuribman. Bir joyda turib qolsam, darrov ko‘rib qoladi”, dedi-da ko‘chaning u betiga chopib o‘tib ketdi. Men unda qandaydir ruhiy o‘zgarish bo‘layotganini sezganday bo‘lsam ham bunga ishongim kelmas edi. Shundan so‘ng umuman ishga kelmay qo‘ydi. Uning bizda ishlaydigan bir hamqishlog‘i barmog‘ini kallasiga bigiz qilib, “anaqa bo‘lib qolibdi” — dedi. Hech ishongim kelmasdi. Yoningda birga ishlab yurgan odamning birdan “anaqa” bo‘lib qolishi aqlga to‘g‘ri kelmaydigan hodisa edi men uchun.
Bir kuni ko‘chada yomg‘ir yog‘ib turganiga qaramasdan, ko‘ylakchan, oyog‘ida shippak bilan yurganini ko‘rib, achinib ketdim. Ishxonamizdagi boshqa odamlar ham uni u yer-bu yerda ko‘rishganini, ozroq choy puli berishganini aytishdi. Eshitishimizcha, ota-onasi kasalxonaga yotqizamiz desa, ko‘nmas ekan. Xotini bolasi bilan ketib qolibdi. Keyinroq ota-onasi uni uydan chiqarmay qo‘yibdi, deb eshitdik. So‘ng asta-sekin esdan chiqa boshladi...
Bir yillar o‘tgan edi chamasi, birdan u ishxonamizga kirib keldi. Kulib turardi. Toza kiyingan. Yuzlari oppoq, biroz to‘lishgan ham.
— Mana, do‘xtur, kasalxonada davolanib keldim. Xudoga shukur, endi yaxshiman, — dedi quvonib. Biz ham xursand bo‘ldik. U ancha suhbatlashib o‘tirdi. Gaplari ma’noli. Do‘xtur sifatida kuzatib, unda telbalikning biron belgisini ko‘rmadik. U tuzalgan edi. “Men endi ishlasam deyapman. Lekin bosh hakim mening tuzalganimga ishonarmikin? Ishga olarmikan?” — dedi xavotirlanib. Biz unga dalda berdik... Shu kunlari men kasbim bo‘yicha malaka oshirishga Toshkentga ketadigan bo‘lib qoldim. Ikki oydan so‘ng keldim. O‘shaning qishlog‘idan bo‘lgan feldsherimiz menga bir eski daftar tutqazdi.
— Kimniki bu?
— O‘sha do‘xturniki, — deb uning ismini aytdi. — Sizga berib qo‘yishimni so‘ragan edi.
— O‘zi yaxshimi?
— O‘ldi!
— Yo‘g‘-e? Nima qildi?
— Bilmadim. Bir kuni to‘satdan uning uyidan shoshilinch chaqiriq tushdi. Bordik. Behush yotgan ekan. Ukol qildik. Sal o‘ziga keldi-da, “Ovora bo‘lmanglar, zahar ichganimga olti soat bo‘ldi, foydasi yo‘q” — dedi. So‘ng yostig‘ining tagida daftar borligini va uni sizga berib qo‘yishimni so‘radi. Zudlik bilan reanimatsiya bo‘limiga olib keldik. Do‘xtirlar rosa urinishdi. Viloyatdan yordam chaqirishdi. Baribir bo‘lmadi... O‘zi ishlagan bo‘limida jon berdi...
Anchagacha o‘zimga kelolmadim. Hech ishongim kelmasdi. O‘sha, “Men tuzaldim. Endi ishlamoqchiman”, deb kulib kelgan kunidagi holati ko‘z o‘ngimda turardi. “Nega? Nega unday qildiykin?” Uning daftarini varaqlab turib, bu savollarimga javob topganday bo‘ldim. Bu uning kundaliklari edi. Lekin tartib bilan har kuni yozilmagani bilinib turardi. Yozilgan kun, oylari ham qo‘yilmagan. Har xil rangli qalam bilan yozilgan. Yozganlari ham uzuq-yuluq. O‘qiy boshladim...
“Umr o‘tmoqda. Hayot kitobining yarmi o‘qib bo‘lindi. Lekin nima qoldi? Hech narsa. Shularni o‘ylasang, xafa bo‘lib ketasan. To‘g‘ri-da. O‘n yil maktabda o‘qiysan. So‘ng oliygoh. So‘ng ish, ish, ish... Bir xil, zerikarli.
Bir o‘qituvchimiz bo‘lardi. Til-adabiyotdan dars berardi. Adabiyot darsini kitobda qanday bo‘lsa, shundayicha o‘tardi. O‘zidan hech narsa qo‘shmas edi. She’r o‘qiganini ko‘rmaganman. Biron narsani tushunmay so‘rab qolsak, achchig‘i chiqardi-da, “Men mana bu kitobdagi narsani to‘laligicha tushuntirdim-ku, bundan ortig‘ining nima keragi bor?” — der edi. Shu o‘qituvchi to‘satdan maktabni tashladi-da, namoz o‘qiy boshladi. Sovet davrida sovet o‘qituvchisining bunday qilishi g‘ayritabiiy edi. Odamlarga qo‘shilmay qo‘ydi... Bir yildan so‘ng yurak kasalidan o‘libdi, deb eshitdim...
Odam bir qumursqa. G‘imir-g‘imir. Men ham o‘shalarning biriman. Mana, yuribman g‘imirlab. Ba’zi odamlarga qoyil qolaman. Ishga boradi. Uyga keladi. Uyda tirikchilik bilan mashg‘ul bo‘ladi. Tomorqa, mol-hol. G‘imir-g‘imir... Qarabsizki, umr o‘tib turibdi. Xo‘sh, shu bilan bo‘ldimi? Shuning nimasi qiziq? Tavba! Nimasi qiziq shu yashashning? Lekin ko‘plar nolimaydi. Indamay o‘ti-ib ketadi.
Nima qildim va nima qilish kerak deb hech o‘ylaganmisiz? Sizda maqsad bo‘lganmi? Maqsad! Ana shu narsa yo‘q bizda. Ko‘p odamda yo‘q. Tong otsa, kun botsa — bo‘ldi. G‘imir-g‘imir. Xo‘sh, buning nimasiga qoniqasiz? Hali zamon o‘lim sharpasi boshingizda keza boshlaydi. Anovi kuni bir katta odam menga “Nega buncha shoshasan?”, dedi. Men “vaqt o‘tib ketyapti”, dedim. “Shoshma” dedi. Bir kundan so‘ng izlab borsam, gurung orasida menga o‘zimning gapimni takrorlayapti, yaramas.
Ariq bo‘yidagi qumursqa uyasi. Uyasiga kecha-kunduz nima topsa tashiydi. Ilon izi bo‘lib, tinmasdan tashiydi. Uyasini suv bosish xavfi tug‘ilgan edi, endi boshqa yerga — hovlining boshqa burchagiga tashiy boshlashdi. Ming azob bilan. “Tog‘u-toshlar”ni oshib, horib-charchab tashishdi. Yoz bo‘yi shu ahvol. Qishda esa tinchiydi. Odamlar esa hech qachon tinchimaydi. Baland-baland uylardan ertalabdan to‘da-to‘da bo‘lib chiqishadi, kechqurun to‘da-to‘da bo‘lib qaytishadi. Kimlardir kechasi bilan ko‘chada g‘imirlaydi. Qumursqalarni kuzatib o‘tirib birdan osmonga qaragim keldi. Xuddi birov bu yoqqa qara degandek bo‘ladi. Qarasam, cheksizlikka ko‘zim tushadi. So‘ng biz qumursqalarni kuzatib turgandek, bizni ham kimdir — bizdan million marta katta odam kuzatib o‘tirganini his qilaman. Biz ko‘ziga qumursqacha, balki undan ham kichik, bir mikrobdek ko‘rinsak kerak. U kuzatmoqda. U hamma narsani ko‘radi...
Orqaga qarab hayot daftarining qanchadan-qancha varaqlari oppoqligicha qolib ketganiga ko‘zim tushib, yuragim orqaga tortib ketadi. E voh!
Odamlar o‘z umrining abadiy emasligini biron janozaga borganda biladi. Birovni qabrga qo‘yib qaytayotganda o‘ylaydi — shu ekan-ku umr. Unda nega urishamiz-so‘kishamiz? Kimningdir ko‘nglini qoldiramiz. Nega qumursqaday g‘imirlab yashab o‘tdik? Boshqacha yashasak bo‘lmaydimi?
Bu dunyoga kelgan hamma odam uzoqroq yashasam deydi. Ko‘r ham, shol ham. To‘qsondan oshgan qo‘shni kampirning ikki ko‘zi ko‘r bo‘lib qoldi. Keyin oyoqdan qoldi. O‘pkasi shamollab, shig‘illab turibdi. Yuragi bir-bir uradi. Kampir esa menga yolvorib yig‘laydi. So‘qir ko‘zlaridan yosh keladi: “Yordam ber, bolam”, deydi. O‘zi har kuni “Ey Xudo, mening jonimni ol”, deb noliydigan inson, o‘limi ko‘ziga ko‘ringanda “Yordam ber, ukol qil, yana yashayin”, deydi-ya... Yashash shunchalar shirinmi? Yo tavba! Azob bilan tug‘ilasan, azob bilan o‘lasan... Nimasi shirin? Odamlar go‘yo sehrlanganday-a. Xuddi ko‘knor ichganday fikrlashadi. Hayot shirinmish... Gap bu hayotda nima qildim va nima qilolmadim deb o‘ylab yashashda emasmi?!
Bizdan oldin yashab o‘tgan allomalarga havasim keladi. Ming asrlardan beri bilamiz. O‘z vaqtida ular shunday abadiy qolishini bilishganmikin? Ming yil oldin ham qariyalar yoshlarni “Bular bo‘sh, qo‘lidan hech ish kelmaydi”, deb kamsitishgan. Hozir ham shu gap. Hayotning ishlari xo‘p qiziq-da. Ortingga qarasang, oldingdagini ko‘rasan. O‘sha, o‘sha. Bari takrorlanadi. Faqat ko‘rinishi bo‘lakcha. Ming yil avval ham hasad, ko‘rolmaslik, nopoklik, poraxo‘rlik bo‘lgan. Hozir ham bor. Xo‘sh, nima o‘zgardi? Hech narsa! Aravaning katta g‘ildiragi aylanaveradi. Vaqt o‘taveradi. Odamlar o‘zgarmagan. Yurakdagi hislar o‘zgarmagan. Kiyimlar ham. Ofatlar ham. Kasalliklar ham. Xo‘sh, nima o‘zgardi? Mashinalar avval yo‘q edi deysizmi? Avvallari degani qachon? Chegara qaerdan boshlanadi? Biz o‘qigan va bilgan tarixning boshigachami? Undan avvalchi? Milliard-milliard yillar avval-chi? Undan ham avval-chi? Aylanib yotibdi-ku bu olam. Uf-f... Odamlarning aqli u yog‘iga yetmaydi. Cheksiz... Biz mayda odam bu cheksizlikda...
Bo‘g‘zimga bir hayqiriq tiqilib keladi. Hey odam! Hayot — bu kurash! Indamay mumsik bo‘lib yurgandan ko‘ra, birov-yarimning ko‘ziga, mayli yomon ko‘rinsang ham, kulgu bo‘lsang ham, hayqirib yashamaysanmi! Borligingni bildir, o‘zing his qilgil borligingni. Ana shunda men yashadim deb aytsang bo‘ladi. Bo‘lmasa sen hech nima, o‘liksan... G‘imirlab yuradigan oddiy bir qumursqasan. Anovi tepaga qarab, seni kuzatib o‘tirgan katta odam “bu qumursqalar ham o‘ylarmikin, o‘zining nima uchun yashayotganini idrok qilarmikin” deb xayol surib o‘tirgandir...”
Kundalikning so‘ngi varaqlarida uzuq-yuluq qaydlar bor edi:
“...O‘zimdan o‘zim uyalib ketyapman...”
“Davolanib kelganimdan beri ancha yaxshiman. Avval qanday edim, bilmayman. Yaxshi deb otam aytayotibdi. Endi ishlasam bo‘lar. Kitob o‘qiyapman. Ancha narsalar esdan chiqibdi...”
“Ishxonaga bordim. Hamma men bilan xursand bo‘lib ko‘rishdi. “Yaxshi bo‘ldim” degan gapimga kulib qo‘yishdi. Ishonishmayotir, shekilli. Lekin bosh hakim “Mayli, ishga olamiz. Faqat avval malaka oshirishdan o‘tib kelasiz. Ancha yangiliklar bor”, dedi...”
“Uydagilar o‘qishga boraman desam kulishadi. Qanday ishontirsam ekan...”
“Ishxonaga bordim. Qoraev cho‘ntagimga pul tiqdi. Men uyaldim. Olmadim. “Olavering, har doimgidek, chin ko‘ngildan”, dedi kulib. Men yerga kurgudek bo‘ldim. Demak, oldinlari olgan ekanman-da... Qanday sharmandalik...”
“...Xotinimni olib kelaman deb qaynotamnikiga bordim. Uyiga kirgizmadi. “Ket, tentak”, dedi...”
“Ey odamlar men sog‘man...”
“Otamning cho‘ntagidan pul o‘g‘irlab, markazga tushib keldim. Xonada kalamushlar kitoblarimni g‘ajib tashlabdi. Shunga dori olib keldim. Kalamush dorini yegach, xona ichida rosa yugurdi. So‘ng tipirchilab-tipirchilab jon berdi. O‘lish shuncha qiyinmi-a?! Bechoraning ichi kuyib ketdi, shekilli...”
Bu kundalikdagi so‘nggi yozuv edi...

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.