Ofat to‘satdan kelsa, yomonda! Hammani shoshirib qo‘yadi. Ayniqsa, tovuqlarga o‘lat tekkanda. Kasallik shamolday tarqaladi. Tovuqlar tap-tap etib, yurgan joyida o‘lib qolaveradi. Egalari gap nimadaligini bilguncha har xil voqealar bo‘lishi mumkin...
Qiltiriq Alining har kuni bittadan tuxum tug‘adigan katta qora tovug‘i qushnisi xomsemiz Valining tomorqasida o‘lib yotgan ekan. Bundan xabar topgan Ali «mol achchig‘i - jon achchig‘i» degandek, tayoq ko‘tarib borib, Valining boshini urib yordi. Vali ham shuni kutib o‘tirganday feldsher qo‘shnisi, «o‘zim bog‘lab qo‘yaman», deganiga ham qaramasdan, peshonasidan qoni oqib, kasalxonaga bordi. Qabulxona eshigi oldida "Bugun bironta burga tepgan ham kelmadi-ya. Nahotki, bugun ham kunim befoyda o‘tsa", - deb kuyunib o‘tirgan jarohatshunos do‘xtur Jabbor Sattorovich peshonasidan qon oqib kelayotgan Valini ko‘rib sevinganidan irg‘ishlab ketdi. Uni dast ko‘tarib ichkariga opkirib, karavotga yotqizdi. Do‘xturning mehribonchiligini ko‘rgan Vali batgar havo olib shishindi.
- Do‘xturjon, yordam qiling. Boshimni qo‘shnim Ali urib yordi. Menga yaxshilab hujjat qilib bering. Ukkag‘ar qo‘shnimni bir qamatib tavbasiga tayantirmasam, otamning bolasi emasman. Siz yordam qilavering. Men rozi qilaman, - deb Vali do‘xturning qulog‘iga shivirlab, "falon pul" berishini aytib yubordi. Pulni eshitgan Jabbor Sattorovichning avval qulog‘i qizidi, so‘ng tovoni.
- He, bormisan, ukam. Qo‘shningning terisini birgaliqda shilamiz, - deb katta gapirib yubordi. So‘ng Valining kallasidagi mushuk tirnaganday jarohatga ayamay ko‘k dorini surtdi. O‘nta bintni ham ayamasdan boshiga o‘rab tashladi va og‘ir kasallar yotadigan palataga joyladi. Hamshiraga “oldiga beruxsat hech kimni kirgizmaysan" deb qattiq tayinladi.
Qo‘shnisining kasalxonaga yotib olganini eshitgan Alining paytavasiga qurt tushdi. Kechasi bilan qiltiriqday gavdasi dovulda qolgan terakday chayqalib, uxlamay, o‘ylab chiqdi. Sahar mahali peshonasini devorga ishqab-ishqab, shilingan joyini xotinining qizil ro‘moli bilan bog‘lab, u ham kasalxonaga bordi.
- Do‘xtur, yoki qo‘shnimni tezroq kasalxonadan chiqarib yuboring, yoki meni ham yotqizing. Mana, meni ham urgan, - deb talab qilib Jabbor Sattorovichga siyosat qildi. Do‘xtur ham
anoilardan emas edi, Uni tekshirib ko‘rib, ishonmadi. Bosh chayqadi. Gapi o‘tmagan Ali endi yaxshisi qo‘shnimdan kechirim so‘ray qolay, deb o‘yladi, Lekin oldiga kira olmadi. Yana boshi
qotdi. O‘ylay-o‘ylay yana do‘xturning oldiga keldi.
~ Do‘xturjon, bir ahmoqchilik bo‘ldi, bo‘ldi-da. Sizdan iltimos, keling endi shu gap-so‘zni tinchitaylik. Bizni yarashtirib yuboring. Melisalashtirib yurmang, iltimos, - deb yalinishga tushadi. Do‘xtur oyoq tiradi. Qovog‘ini uydi. Lablarini cho‘chchaytirib, ko‘zlarini ola-kula qilib, badanini qashinib, uzoq sukutga ketdi. So‘ng vahimali qilib dedi:
- O‘x-xu-u. Nima deyapsiz?! Qo‘shningizning ahvoli juda chatoq. Miyasiga qon quyilgan... Qamaladiganga o‘xshaysiz. Tayyorgarligingizni ko‘ravering...
- E, unday demang-e, do‘xturjon. Akajon. Akam bo‘ling. Bola-chaqam yetim qolmasii. Bir yordam qiling. Men ham qarab turmayman. Rozi qilaman. Og‘zingizga siqqanini ayting, aka.
Fakat yordam qiling. Jo‘jabirday jonman... - deb Ali ho‘ngrab yubordi.
Do‘xturlar juda rahmdil bo‘ladi-da. Ayniqsa, kap-katta odam ko‘z yoshi qilib turganda. Jabbor Satgorovich ko‘ngli bo‘sh odam emasmi, uning ko‘z yoshlariga erib ketdi va "og‘ziga siqqanini" aytib yubordi-yu, Ali ham tilini tishlay-tishlay rozi bo‘ldi.
Ikki tomondan ham xudo bergan nasibasini undirgach, Jabbor Sattorovichning g‘ayratiga g‘ayrat qo‘shiddi. Ikki bilagini shimarib, ularni davolashga, ya’ni yarashtirishga kirishib ketdi. Bor san’atini ishga soldi. Qonundan gapirdi. Go‘ri-qiyomatdan oldi. Bola-chaqani o‘rtaga soldi. O‘zi kafil bo‘ladigan bo‘ldi. Xullas, qo‘shnilarni ishontirdi o‘zining gaplariga. Ikkovidan "bir-birimizga va do‘xturga davomiz yo‘q" deb tilxat yozdirib oldida, ularni yarashtirib, qo‘l berib ko‘rishtirib, kasalxonadan chiqartirib yubordi.
O‘z ishidan mamnun Jabbor Sattorovich «yana kelib turinglar» deb, ancha vaqtgacha ularning izidan qo‘l siltab, xayrlashib qoldi. Qo‘shnilar iziga qaramasdan uyga chopishdi. Ikkalasi ham jim edi. Boshdagi jarohat bitdi - cho‘ntakdagi ketdi...
Vali ertalab turib qarasa, ne ko‘z bilan ko‘rsinki, endi uning bir emas, naqd ikkita tovug‘i joy quriganday Alining tomorqasining chetida bemalol ikki buti osmonga ko‘tarilib, o‘li-ib yotibdi.
- Obbo. Buyog‘i qanday bo‘ldi endi? Voy ablah-ey. Qaytar dunyo ekanda, a? - deb Vali endi Aliga hezlandi.
- Urasizmi? Uring, uring. Mana kalla, - deb Ali ham tovuqning kallasiday kallasini Valining tumshug‘ining tagiga tiqdi. Vali esa...
Shu payt Valining xotini yugurib kelib oraga tushdi.
- Hoy, dadasi, to‘xtang. Qishlog‘imizda tovuqlarga o‘lat kasali oralabdi. Hammaniki o‘layotganmish. Anovi To‘xta mol do‘xturi keldi. O‘latga qarshi tovuqlarni emlayman. Har boshiga yuz so‘mdan bersangiz, deyapti...
-E-e, shunday demaysanmi, - deb Vali bilan Ali birdan boshini ushlab qolishdi. Shaytonga hay berishdi.
- He-e, endi emlashning foyshasi yo‘q. Baribir o‘ladi,- dedi Ali.
- Endi buning davosi pichoq. Harom o‘lmasdan barcha tovuqlarni so‘yamiz, - dedi Vali.
- Bugun "tabaka" biznikida. O‘ting qo‘shni, - dedi tirjayib Ali.
Vali ham birdan yoyilib tushdi. Ko‘k dori surkalgan boshini qashladi:
- E, shunaqaga o‘xshaydi. Unda ertaga erish bizdan, yarimtasi sizdan-da, - dedi kula-kula,
- Qo‘shni, tovuq dimlamaga Jabbor Satgorovichni ham aytmaymizmi, a? - dedi hazillashgisi kelib Ali.
- He, gum qiling-e, - Vali qo‘l siltadi.
- Ha endi, tovuqlarning terisini shilishga yordam berardi-da. Juda usta qassob ekanmi, zang‘ar.
Qo‘shnilar kula-kula ajralishdi. Birozdan so‘ng ikkala hovlida ham o‘lat tekkan tovukdarning jon talvasada qa-qag‘lagani eshitila boshladi.
Mana shunaqa. Ofat to‘satdan kelsa, yomon-da. Hammani shoshirib qo‘yadi. Ayniqsa, tovuqlarga o‘lat tekkanda...