OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Safar Kokilov. Xatar bartaraf qilindi (hajviya)

Ertalab to‘satdan hamma o‘qituvchilar endi darsga kirgan mahal maktab hovlisiga tuman ta’lim bo‘limidan to‘rt kishidan iborat tekshiruvchi-taftishchilar kirib kelishdi. Hech kim hech qaerga qocholmay qoldi. Direktor ham endi «Men xalq ta’limi bo‘limiga ketdim» deb qo‘shni qishloqdagi dugonasinikiga kelin ko‘rarga ketayotgan edi, ushlanib qoldi. Tekshiruvchilar o‘qituvchilar xonasiga o‘tirib oldiga har bir o‘qituvchini chaqirib birma-bir o‘ta sovuqqonlik bilan ishlari va hujjatlarini tekshira boshladi. Vaziyat o‘ta xavfli tus oldi. Darslar o‘z-o‘zidan to‘xtadi. Bolalar maktab sport maydonchasiga chiqarib yuborildi. Shunday qilib navbatdagi o‘qituvchi titrab-qaqshab qo‘ltig‘ida bir to‘p papka bilan tekshiruvchi oldiga keldi.
– Xo‘-o‘sh, konspekt bormi? Ko‘rsating.
– Bor. Mana, – o‘qituvchi ko‘rsatdi. Taftishchi ochib ko‘rmasdan chetga qo‘ydi.
– Yaxshi. Demak bor. Ish rejangiz-chi? 
O‘qituvchi ko‘rsatdi.
– Demak bor. Sinfdan tashqari ishlar daftari-chi?
– Bor, – o‘qituvchi ko‘rsatdi.
– Ihm. Ota-onalar bilan ishlash daftari-chi?
– U ham bor.
– O‘quvchilarni fanga tayyorlash to‘g‘risida suhbat daftari?
– Mana.
– Xo‘sh, unda davomat nega past?
– O‘quvchilarimdan to‘rt kishi kasal. Hozir gripp kasali ko‘paygan. Mana, ma’lumotnomasi.
– Yaxshi, yaxshi. Ota-onalardan tilxat bormi?
– Qanaqa tilxat? – hayron bo‘ldi o‘qituvchi.
– Ie, shuniyam bilmaysizmi? Maktabdan tashqari vaqtda o‘z bolamga o‘zim javobgarman. O‘qituvchiga davoim yo‘q degan mazmunda-da. Yangi buyro‘q bo‘yicha-da.
– E-e, ha, bor, bor. Kechagina olib chiqdik. Mana papkaga tikib qo‘yibman.
Taftish a’zolari bir-biriga qaradi. Yelka qisishdi. Nahotki hech kamchiligi bo‘lmasa-ya.
Shunda chetroqda sigaret chekib kulini oyog‘i tagiga tashlab o‘tirgan jikkakkina tepakal odam so‘rab qoldi
– Dars o‘tayotganingizni tasdiqlaydigan tilxatlar bormi?
– Qanaqa?! Darsni har kuni o‘tyapman, – rangi bo‘zardi o‘qituvchining. 
– Ha-a, ana. Kamchilik bor. Sizning dars o‘tganingizni tasdiqlab har dars oxirida o‘quvchilardan tilxat olishingiz kerak edi. Tilxat yo‘q, demak siz dars o‘tmagansiz. Bu yaxshi ish emas. Demak, maktab bo‘yicha shu hujjat yo‘q. Bunga chora ko‘rishimiz kerak. 
– Direktorni chaqiring, – dedi taftishchilar boshlig‘i.
O‘qituvchi bo‘zarib chiqib ketdi. Xonada yolg‘iz qolgan taftishchilar haligi savol berganga qarab tirjayishdi.
– He, kallangizga qoyil-e. Hech kamchilik topolmasak, bugun tushlikni qaerda qilarkanmiz, deb qo‘rqib turuvdik. Qoyil bopladingiz. Endi maza qilamiz.
Bu paytda yer tagida ilon qimirlasa biladigan direktor hamma o‘qituvchilardan “mehmonlarga choy-non” uchun pul yig‘ishni boshlab yuborgan edi. Shu bilan dovulday kelgan xavf bartaraf qilindi hisob. Yanagi tekshiruvgacha haligi tilxatni ham o‘quvchilar bir pasda diktant yozgandek yozib tashlashadi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.