OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Said Ahmad. Begona (hikoya)

Xayri boqchadan o‘g‘lini olgani kirganda tarbiyachining fig‘oni falakka chiqib turgan edi.
— Kech qoldingiz-ku. Bugun dam olish arafasi, ish vaxlik tamom bo‘ldi. Hamma bolalarni ota-onalari olib ketishdi. Faqat sizni kutib turgan edim.
Xayri ayolga uzr aytib, o‘g‘lini yetaklab ketayotgan edi, tarbiyachi uni to‘xtatdi.
— Birpas sabr qiling. Bir odam sizga sovg‘a qoldirgan edi.
Tarbiyachi yugurib ichkariga kirib ketdi-da, hayallamay darrov orqaga qaytdi.
— To‘rt ming so‘m pul, bir kiyimlik krepdeshin va G‘ayratga matroscha ko‘ylak. G‘alati odam ekan. Sizga topshirish uchun mendan tilxat oldi.
Xayri shoshib tugunni yechdi. Unnig ichida allaqancha pul va kiyimliklar bor edi. Tarbiyachi unga konvert uzatdi.
— Bu xatni ham o‘sha kishi qoldirdi. Xayri konvertni yirtib, xatni oldi.
«Xayri, meni kechir, ko‘r edim. Endi ko‘zim ochildi. Dissertatsiya yoqlabsan, gazetada e’lonni o‘qiganimda hayajonimni bosolmay, tuni bilan uxlamay chiqdim. Institutga boray desam yuzim chidamadi... To‘rt ming so‘m pul va mayda-chuyda qoldirdim, kam-ko‘stingga yaratasan. Kechir meni, oyog‘ingga bosh qo‘yib, yolvorib koluvchi, Hasan».
Xayrining rangi oqarib ketdi. Xat tutib turgan qo‘llari bilinar-bilinmas titrardi.
— Nima bo‘ldi, xatda ko‘ngilsiz biron gap yozilganmi? Tarbiyachi uning bilagidan ushlab, skameykaga o‘tkazdi. Xayri xatni g‘ijimlab, oyoqlari ostiga tashladi.
Onasining ma’yus ko‘zlariga tikilib turgan G‘ayrat kissasidan bir siqim konfet olib, Xayriga uzatdi.
— Aya-chi, aya, bitta kishi menga ancha konfet berdi. Xayri yalt etib tarbiyachi ayolga qaradi. U esa shoshib izoh bera boshladi:
— Mumkin emas, desam ham quloq solmadi. Umuman, bolalar oldida shunaqa qilish to‘g‘ri kelmaydi.
Xayri G‘ayratning peshonasidan siladi. Tarbiyachi ayol hayron, goh Xayriga, goh G‘ayratga qarab, ko‘zlarini pirpiratardi.
Xayri o‘rnidan turib, boyagi narsalarni tarbiyachiga uzatdi:
— Mana shu narsalarni egasiga qaytarib bering.
— Juda iltimos qilgan edi-da, olmasa mening nomimdan yodvorib so‘rang, deb aytgan edi.
— Xotiningiz sizni allaqachon unutibdi, sadaqalaringizga muhtoj emas ekan, deb ayting. Endi kelsa, G‘ayratni unga ko‘rsatmang. O‘zingiz kechqurun biznikiga marhamat qiling. Dissertatsiya yoqlaganimga institutdan mehmonlar kelishmoqchi. Albatta keling. Sizni kuttirib qo‘yganim uchun kechiring.
Xayri tarbiyachi bilan xayrlashib, darvozadan chiqdi.
U serqatnov ko‘chadan o‘g‘lini ko‘tarib kelar ekan, ko‘z oldiga Hasanning qiyofasi keldi. Bir vaqtlar ko‘zga uyqu bermagan shirin xayollar, qalb o‘rtanishlari endi ko‘pdan unutilgan. U kunlar Xayri uchun endi yuzini kul bosgan cho‘g‘dek o‘z nurini, haroratini yo‘qotgan edi.
Bugun Hasan uning yo‘lida yana paydo bo‘ldi. Xotin yuragida so‘ngan hislarni yana qo‘zg‘atmoqchi. U endi o‘zini Xayrining oyoqlariga tashlamoqchi, uzilgan ipni yana ulamoqchi.
Xayri qancha urinmasin, Hasan uning tasavvuridan surbetlik qilib nari ketmas edi. Xayri uni xotiridan quvlamoqchi, bahor manzaralariga boqib, o‘zini alahsitmoqchi bo‘lardi. Biroq ko‘zi oldiga tutundek yopirilib kelgan xayollar uni yengdi.
«Hasan!
Seni qanchalar sevganimni bilarding. Bu sevgi bo‘ynimga bog‘langan og‘ir tosh bo‘ldi. Shu tosh meni o‘zi bilan suv tubiga tortar, g‘arq bo‘lishimga qaramay, mana shu toshga yopishib olgan edim. Chunki shu toshni sevardim.
Eslaysanmi, sen bilan faqat bir yilgacha totuv yashadik, xolos. Ko‘p ichadigan, sayoq yuradigan qiliq chiqar-ding. Umr bo‘yi mehnat bilan kun kechirgan, frontda halok bo‘lgan bir ishchining yagona qizi uchun qoldirgan uy jihozlarini sotib bitirding. Bir so‘z demadim. Chunki seni sevardim. Qora ko‘zlaringga termilganimda hamma narsani unutib, faqat seni o‘ylardim. Sen restoranlarda mastu alast bo‘lib yurganingda uyda yolg‘iz o‘tirib qon-qon yig‘laganman, ko‘z yoshlarimni sendan yashirganman. O‘n yillikni tugatganimda otam mukofot puliga sotib olib, menga taqdim qilgan oltin soatni sekretaringning qo‘lida ko‘rganimda yurak-bag‘rim ezilib ketgan edi. Axir, o‘sha soatning orqasiga mening ismim o‘yib yozilgan edi. Shunda ham senga bir so‘z demadim.
Sen bilan birga kechirgan bir yillik hayotimda yuragimda o‘chmas qora izlar qoldi.
Birinchi bor homilalikni tuygan, oy-kunim yaqin qolgan kunlar sira-sira esimdan chiqmaydi. Quvonchimga sherik bo‘lish o‘rniga masxaralagan eding. Yuzimga homilalik dog‘lari tushganda «ajina» deb aytganing esingdami? Shunda sendan butun vujudim bilan nafratlanganman.
Tug‘ilgan kunimdan boshlab onam qo‘liga igna olib men uchun tikkan palakni bozorga olib ketayotganingda: «Qo‘y, tegma, onamdan yodgor» dedim. Shunda sen «uch taloq!» deb chiqib ketding va nihoyat tug‘ruqxonada to‘lg‘oq azobini kechirgan va o‘g‘limning yuziga boqqanimda, otasiz o‘g‘lim uchun achchiq-achchiq yig‘laganman. To‘lg‘oq azobidagi xotin uchun dunyoda eng yaqin odam er ekanligini bilmading. Shunda men irodamni qo‘lga olib, qalbimdan seni sidirib tashladim. Bir yilgi hayotimda erkin nafas olishim ham shu edi, chunki bo‘ynimdagi og‘ir toshdan — sendan xalos bo‘ldim.
O‘z yo‘limni topib ketdim. Yarim yo‘lda qolib ketgan o‘qishimni davom ettirdim, o‘g‘limni otang yo‘q deb ishontiroldim. O‘g‘lim bilan baravar men ham qayta hayot boshladim. Sensiz yashash menga o‘zligimni qaytardi.
Bugun, bahor nafasi gurkirab turgan kun, yana yo‘limda paydo bo‘lding. Pul bilan, bir parcha latta bilan ko‘nglimni olmoqchi, ko‘rgan kunlarimni unuttirmoqchi bo‘lding...»
Mashina signali Xayrining xayolini bo‘ldi. Kimdir uning qo‘lidan ushlab chetga tortdi. Yonginasida taqqa to‘xtagan mashina kabinasida shofyor bosh chayqadi. Uning ko‘zlari tashvishli edi. Xayri xijolatda yerga qaradi...
...Hasan derazasi ko‘chaga qaratilgan uy oldiga kelganda qadamini sekinlatdi. Qo‘lidagi guldastani salmoqlab ko‘rdi-da, botinmasdan eshik yonboshidagi tugmaga qo‘l uzatdi. Uning qo‘li titrar, yuragi tez-tez urar edi. Titroq panjalar qo‘ng‘iroq tugmasini ojizgina bosdi.
— Xayrining o‘zi chiqsa-ya, — u miyasiga kelgan bu xayoldan cho‘chib, bir necha qadam orqaga chekindi. Eshik ochilib, o‘rta yoshlardagi bir xotinning boshi ko‘rindi. U Hasanning qo‘lidagi guldastani ko‘rib, uni ichkariga taklif qildi.
Hasan uyga kirdi. Did bilan bezatilgan yorug‘ uyda mehmonlar ko‘p edi. Xotin qo‘shni uyga qarab qichqirdi.
— Xayrixon, mehmonni kutib ol!
Xayri Hasanni ko‘rishi bilan joyida qotib qoldi. Hasanning gul tutgan qo‘li havoda muallaq qoldi.
Bir ozdan so‘ng, Xayri arang:
— Nega keldingiz? — deb pichirladi.
Xayri undan javob kutmay, oy nuri tushib turgan rovon tomon yura boshladi. Mehmonlar Hasanning asta-sekin yurib Xayrining ketidan rovonga chiqayotganini so‘zsiz kuzatib qolishdi.
— Xayri, — Hasanning ovozi titradi, — kechir meni, adashgan, hayotda o‘z yo‘lini yo‘qotgan badbaxt eringni kechir!
Xayri indamadi. Gullab turgan o‘rik shoxlari oralab tushib turgan oy nuri uning yelkasida, oq oralagan sochlarida lip-lip o‘ynardi.
— Senga ozroq pul yuborgan edim, olgandirsan... Direktor bilan chiqisholmay sovxozdan ketdim. Hozir ishim yaxshi, katta hovlini sotib, pulini singlim bilan baravar bo‘lib oldim. Omonat kassada ham uncha... muncha...
Xayri o‘girilib unga qaradi. Oy nuri endi Hasanning yuzini yoritib turardi.
«O‘zgarmabdi, yuziga sal-pal ajinlar tushibdi, xolos, hali ham chiroyli, yoqimli...» deya dildan o‘tkazdi Xayri. Uning ko‘nglida yilt etib chaqnagan muhabbat hislari bir nafas uni o‘z og‘ushiga olgandek bo‘ldi. Biroq Xayri o‘zini juda tez o‘nglab oldi. So‘ngan cho‘g‘ni puflab alangalatish qiyin edi.
— O‘g‘limiz uchun, Xayri...
— O‘g‘limning otasi yo‘q. — Xayri shunday dedi-yu, tomog‘ini bo‘g‘ib kelayotgan ichki dardni yashirolmadi, ko‘zlaridan yum-yum yosh to‘kildi. — U sizni tanimaydi. Uni o‘z familiyamga o‘tkazib olganman. O‘g‘lingiz, xotiningiz borligi endi yodingizga keldimi? Qo‘limdan ish keladigan bo‘lganda esingizga keldimi? Sizni unutib yuborganimga ko‘p bo‘lgan. Endi biz bir-birimizga mutlaqo begona, notanish kishilarmiz.
— Endi pul ko‘payib qopti-da, a? Yigit boshimizni egib kelgan edik...
Xayri keskin burilib uyga kirdi.
— Kim ekan u? — dedi eshik ochgan xotin.
— Begona kishi, biznikiga yanglishib kirib qopti.

1956 yil.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.