OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Said Ahmad. Bir yuz yetmish so‘mlik xurrak (hajviya)

(Bir oblast teatridan reportaj)


Tomosha boshlanishiga hali o‘n to‘rt minut bor. Artistlar grim qilib bo‘lishgan. Sahna orqasida qilich-qalqon taqqan, dubulg‘a kiygan kishilar domino o‘ynab o‘tirishibdi. Bosh rolda chiqadigan atoqli artistka parda chetini ko‘tarib zalga mo‘raladi. Oldingi qatorda ikki kishi, o‘rta qatorda besh kishi o‘tiribdi. Hamon ko‘chada tomoshabin chaqirayotgan to‘rt karnay, besh surnay va olti chirmandaning shovqini eshitilib turibdi. Atoqli artistka etagini sudrab direktor kabinetiga keldi.
— Bo‘ladimi?
— Bo‘lish-bo‘lmasligini ixtiyorimizda qolgan o‘n ikki minut hal qiladi.
Direktor shunday dedi-yu, bosh administratorga yuzlandi.
— Sbor qancha?
— O‘n sakkiz so‘m.
— Qoidada qanday?
— Sbor o‘n to‘qqiz so‘mdan, tomoshabin o‘n beshtadan oshsa spektakl ko‘rsatilaveradi.
— Bo‘lmasa tomoshani qoldiramiz.
— Haqqimiz yo‘q. Qoidada spektakl boshlanish minutida tomoshabin o‘n beshtaga yetmasagina qoldiriladi. Yana sabr qilamiz.
Direktor darg‘azab bo‘ldi.
— Bitta odamni kutib o‘tiramizmi? Bordi-yu o‘sha o‘n beshinchi tomoshabin kelib qolsa sho‘rimiz quriydi-ku.
Bir hisoblab ko‘ring, o‘sha bitta tomoshabin bizga necha so‘mga tushadi.
Bosh administrator stolga bag‘rini berib o‘tirdi-da, qo‘liga qalam-qog‘oz olib hisoblab ketdi.
— Bugungi tomoshaga qirq olti odam qatnashadi. Sakkiz sahna ishchisi, bir rejissyor, bir rejissyor yordamchisi, elektr ustasi, ikki grimchi, sahna mashinisti, kostyumchi, bir pojarniy, suflyor, sartarosh, to‘qqiz chalg‘uvchi, bir dirijyor, ikki shofyor, to‘rt kontrolyor, bosh rassom, badiiy rahbar, jami sakson besh kishi qatnashar ekan.
Direktor barmoqlarini bukib, nimalarnidir sanay boshladi.
— Elektr energiyasini hisoblamadingiz. Boz ustiga uch uborshitsa. Tomosha davomida ikkita vaza sinishi kerak, — direktor artistkaga qaradi.— Undan tashqari sizning oshig‘ingiz uchinchi ko‘rinishda ko‘ylagini yirtib tashlaydi. O‘n olti marta o‘q uziladi. Ana shularni bir cho‘tga solib ko‘ring-chi, bugungi tomoshaga qancha xarajat bo‘larkin? Maoshlar ham hisobga kirsin.
Endi ikkovlab hisoblab ketishdi. Bunaqa hodisa ilgarilari ham bo‘lib turar ekan, shekilli, hisob birpasda chiqdi. Bosh administrator boshini ko‘tardi.
— Bugungi tomoshamizga bir yuz sakson to‘qqiz so‘mu yetmish to‘rt tiyin xarj bo‘lar ekan.
— Daromad-chi?
— O‘n to‘qqiz so‘m. Ana shu o‘n to‘qqiz so‘mni chiqarib tashlasak bir yuz yetmish so‘mu yetmish to‘rt tiyin zarar qilarkanmiz.
U gapni tugatmagan ham ediki, uch marta chiroq o‘chib tomosha boshlanishidan darak berdi. Direktor bilan bosh administrator zalga qarab yugurishdi.
— Xayriyat, o‘n to‘rt kishi — dedi direktor hovliqib, — qoldiring!
Uning yonida turgan kontrolyor shoshib gapga aralashdi.
— Bufetda yana bitta tomoshabin o‘tiribdi. Uning gapi tugamay o‘rta yashar bir kishi kirib, o‘z o‘rnini qidira boshladi.
Tarvuzi qo‘ltig‘idan tushgan direktor teatrga bir yuz yetmish so‘mu yetmish to‘rt tiyin zarar keltiradigan shu tomoshabinning yoqasidan bo‘g‘ib, ko‘chaga opchiqib tashlagudek unga o‘qraydi.
— Menga qarang, — dedi u administratorga. — Yalining, yolvoring, mayli uch-to‘rt so‘m xarj bo‘lsa ham mayli. Bufetga opkirib u-bu olib bering. Biletni topshirib, pulini qaytarib olsin.
— Ko‘narmikin?
— Ko‘ndiring. Ko‘nmasa kabinetimga chaqiring, ikki kishilashib yalinamiz.
Administrator ming tavoze bilan o‘n beshinchi tomoshabinning oldiga bordi. Unga kamoli ehtirom bilan salom berdi. Dilidagi gaplarni astoydil tushuntirib to‘kdi. O‘n beshinchi tushmagur bir so‘zli o‘jar odam ekan. Ko‘nmadi.
— Aka, shu tomoshani ko‘ramiz, deb atayin uzoqdan kelganmiz. Ko‘ramiz.
— Jon aka, teatrga rahmingiz kelsin. Artistlarga rahmingiz kelsin. Bola-chaqangizning rohatini ko‘ring-u, tomoshamizni ko‘rmang.
— Ko‘ramiz, ko‘rmay ketmaymiz.
Administrator boshqa yo‘l bilan unga ta’sir o‘tkazmoqchi bo‘ldi.
— Shu ham tomosha bo‘ptimi, aka. Undan ko‘ra direktor kabinetiga kirib pivoxo‘rlik qilamiz. Direktorimizning o‘zlari eriydilar.
— Bo‘lmaydi. Tomosha ko‘rgani kelganmiz.
Bu orada qolgan o‘n to‘rt betoqat tomoshabin chapakchalib, parda ochilishini talab qila boshladi. Administrator noiloj direktor kabinetiga kirib bo‘lgan voqeani aytib berdi. Endi u ham noiloj edi. Nihoyat tomosha boshlandi.
Sahnada qirqdan ortiq odam u yoqdan bu yoqqa yugurib miltiqbozlik qilyapti. O‘lganlar o‘lib, qolganlar qochyapti. Orkestr tinmay g‘at-g‘ut, gumbir-gumbir qilib turibdi. O‘rtada boyagi taniqli artistka sochini yulib faryod chekyapti...
Antrakt boshlandi. O‘n beshinchi qaysar tomoshabin bufetga chiqib ikki shisha limonadni urib kelib, yana o‘z joyiga o‘tirdi.
U ikki qo‘lini chalishtirib sahnaga qarab o‘tiraverdi, rol o‘ynayotganlar ora-sira unga qarab qovoqlarini solib qo‘yishardi. U esa hamon beparvo. Administrator qorong‘ida timiskilanib yana uning oldiga keldi.
— Qo‘ying endi, uyingizga borib uxlasangiz-chi, Nima qilasiz bizni qiynab. Uyqungiz kelib ko‘zlaringiz qisilib ketyapti.
— Nima dedingiz? Uyingga borib uxla deysizmi? Qishloqdan kelganman.
— Qaysar, qaysar, bir yuz yetmish so‘mu yetmish to‘rt tiyinga tushiryapti-ya!
Sahnada hamon gumbur-gumbur. Zalda atigi bittagina odam, u ham bo‘lsa bilinar-bilinmas xurrak otyapti.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.