Majlis raisi tikuv fabrikasining direktori Azlarovga so‘z berdi. Azlarov salmoqli qadamlar bilan bitta-bitta bosib minbar tomonga yo‘l olgan edi, qornida bir nima uzilib ketgandek ikki bukchayib, arang minbarga yetib oldi.
O‘rtoqlar!
U «o‘rtoqlar»ni shunday qattiq aytdiki, oldidagi qog‘oz og‘zidan chiqqan shamoldan uchib polga tushdi. Qog‘oz dokladning birinchi beti ekan shekilli, Azlarov boshqa gap aytolmay jahl bilan yana bir marta «o‘rtoqlar» dedi.
Prezidiumdagilar poldan qog‘ozni olib uning oldiga qo‘yishdi.
Azlarov birinchi varaqdagi gaplarni tutilmay o‘qib berdi. Ya’ni, fabrika kvartal ishlab chiqarishini muvaffaqiyat bilan yakunlagani, mahsulot sifati ko‘tarilgani, hamma mollar a’lo navga o‘tganini goh iljayib, goh pisanda qilib o‘qib berdi. Birinchi varaqdagi gaplar tamom bo‘ldi shekilli, ikkinchi varaqni ochmay sarosimaga tushib ancha turib qoldi. Nega u ikkinchi varaqni ochmaydi. Xuddi sandalda qo‘lini isitayotgandek yuqoriga chiqarmaydi?
Azlarov shu kuyi uzoq sarosimada turgandan keyin qog‘ozni tili bilan varaqlab ochdi-da, qolgan joyidan olib ketdi.
Uning bu ishidan zaldagilar kulishni ham, kulmaslikni ham bilmay, birov iljayib, birov og‘zini ochmay yo‘talib qo‘yaqoldi. Ammo Azlarov to dokladi tugaguncha qolgan yetti bet qog‘ozni ham tili bilan varaqlab ochdi.
Doklad qarsaklar bilan tamom bo‘ldi.
Doklad-ku, tamom bo‘ldi, nega endi Azlarov minbardan tushmaydi. Zalga qaraydi, javdiraydi, prezidiumga qaraydi, javdiraydi. Nima bo‘ldi?
Majlis raisi fabrika veterani — keksa ishchi Qosim otaga so‘z berdi. Ammo Azlarov minbarni bo‘shatmadi. Chol sahnada turib Azlarovga boshdan-oyoq bir qarab chiqdi-da, sahnaning bu chetiga o‘tib, gapini boshladi.
— O‘rtoqlar! Fabrikamiz kvartal planini oshirib bajargani rost. Dokladchi o‘rtoq Azlarov mahsulot sifati haqida yolg‘on gapirdi. Tikkan kiyimlarimizning sifati rasvo. Men sizga fabrikamizda takilgan eng yaxshi kostyum shimlardan bittasini ko‘rsataman.
Chol Azlarovta yuzlandi.
— O‘rtoq direktor, sizning kostyumingiz maxsus zakaz bilan fabrikamizda tikilgan, bu yoqqa o‘tib xalqqa bir ko‘rsating. Ko‘rib qoyil qolishsin.
Azlarov nimadir, deb g‘uldiradi. Nima deganini birov tushunmadi.
— Ko‘rsata olmaydi, hatto minbarning kamgagidan chiqolmaydi ham. Boya doklad yozilgan tezis qog‘ozlarni tili bilan varaqlashiga nima sabab bilasizlarmi? O‘zim aytib qo‘yaqolay. Bitta «O‘rtoqlar!» deb kuchangandayoq a’lo navli shimning tugmalari yerga to‘kilib ketib, o‘rtoq direktorniig ikki qo‘li band bo‘lib qolgan.
Chol zalga qarab kimnidir qidira boshladi. U axtargan odamini topib, xursand bo‘lib ketdi.
— Hoy montyor bolam, chiroqni birpas o‘chir, Azlarov uyiga borib boshqa shim kiyib kelsin.
Hali kulgi bosilmagan ham ediki, chiroq lip etib o‘chdi. Chiroq yonganda Azlarov minbarda yo‘q edi, Majlis raisi navbatdagi notiqqa so‘z berdi.