OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Said Ahmad. Farmonbibi qal’asiga shturm (hikoya)

Ming to‘kkiz yuz yetmish oltinchi yilning may oyida Hamza teatri oldida «Tez kunda «KELINLAR QO’ZG’OLONI» ko‘rsatiladi», degan afisha paydo bo‘ldi. Bir oyga yaqin turib qolgan afishaning bo‘yoqlari yomg‘irda yuvilib, oftobda oqarib ketganidan uni tez-tez yangilab qo‘yardilar. Ammo tomoshaning qachon ko‘rsatilishidan xamon darak yo‘k edi.
Ichkarida bo‘layotgan hangomalardan, «sen-men»gacha borgan tortishuvlardan, pesani yo‘qqa chiqarish, uni badnom qilish uchun bo‘layotgan janglardan besabr tomoshabinning xabari yo‘q edi.
Kommunist shoirlar o‘zbek xalqi nomidan: «Kim edik tarixda biz, nomi yo‘q qashshoq gado», deb turgan bir paytda, maktab bolalari: «O’ris tili og‘a tilim — ona tilim», deb ko‘shiq aytayotgan bir paytda, «Mening dadam ikkita, biri — Stalin, biri — o‘zimning dadam!» deganda, dadasining: «Iya, xotinni sherikchilikka olgan ekanmiz-ku!» deb to‘nini yelkasiga tashlab uydan chiqib ketgani va qaytib kelmagani, xotinini ulug‘ Stalindan rashk qilgani salbiy baxolangan bir paytda manavi tuturuqsiz, g‘oyasiz, hatto zararli «Kelinlar qo‘zg‘oloni»ning paydo bo‘lishi yoz chillasida yoqqan qordek, tanqid ahlini gangitib qo‘ygan edi.
San’atshunoslar, adabiyotshunoslar, rejissyorlar, Madaniyat vazirligi vakillari, muxbirlar Markazqo‘m xodimi Mirzamuxamedovning zug‘umi bilan ertalab xuddi ishga borayotgandek to‘ppa-to‘g‘ri teatrga kelishardi. To muhokama boshlanguncha Farmonbibi, uning kelinlari, o‘g‘illari to‘g‘risida, ularning qiliqlaridan, aytgan gaplaridan mirikib kulib o‘tirishardi. Muxokama boshlanishi bilan birdan jiddiy bo‘lib qolishar, lablaridagi kulgini yashira olmay, majburan qovoq solib olishardi.
Muhokamadagi so‘zlar asosan Berdiali Imomov uslubida bo‘layotgan edi. Universitet domlasi Imomov durustgina o‘ylab ko‘rmagan, hali pishib yetilmagan, lanj gaplarni ham qat’iyat bilan, ishonch bilan har jumlani siltab-siltab, zarb bilan, xuddi bolg‘a bilan mix qoqayotgandek qilib aytardi.
Muhokama ahli esnab, bu «dono» gaplarni bosh qimirlatib eshitib o‘tirardi.
Muhokamaning yana bir qatnashchisini aytmasam bo‘lmas. Bu ayolni ko‘pchilik san’at ahli yaxshi bilardi. U teatrlarda bo‘ladigan muhokamalardan qolmas, albatta so‘z olib, bir nimalar derdi. Necha marta muhokamaga borgan bo‘lsam, uning bironta tayinli gap aytganini bilmayman. U Imomov uslubining zaifona nusxasi edi. U yigirmanchi yillarning komsomol qizlariga o‘xshatib soch kestirgan, o‘ziga nihoyatda bino qo‘ygan ayol edi. Muhokama qatnashchilari uning nima deyayotganiga tushunmasalar ham dazmolning uch tarafiga o‘xshagan gajagiga mahliyo bo‘lib o‘tirardilar. (U xonimning ism-sharifini oshkor qilishni lozim ko‘rmadim). Hozir muxbirlik qilib ancha durust ishlar qilyapti. Uslubiga ham, nutqiga ham binoyidek ma’no, rang kirib qolgan.
Orqarokda jimgina o‘tirib, bo‘layotgan gaplarning mag‘zini chaqib, o‘zimcha bir xulosaga kelgandek edim. Pesa hammaga yoqqan. Biroq Mirzamuhamedov, Frunze Jo‘raev, Morozov hamda San’atshunoslik institutining xodimi Aleksandr Ribniklarning xohishi bilan uni yomonlashga majbur edilar. Yomonlash uchun esa tayinli bir gap topolmasdilar. Men hamon indamay o‘tiribman. Domla Izzat Sulton: «Siz gapirmang, pesa o‘zini o‘zi himoya qila oladi», deb tayinlagan edi.
Asarning final qismi o‘zimizga ham ma’qul bo‘lmayotgan edi. O’ylab-o‘ylab biron yo‘lini topolmay uni komissiyaga ko‘rsatgan edik. Ular xuddi ana shu «nozik» joydan ushlab qolishdi. Asarni «toshbo‘ron» qilishga haqlari bor edi. Rejissyor Bahodir Yo‘ldoshev ulardan shu sahna muhokamasini ertaga davom ettirishlarini iltimos qildi. Komissiya a’zolari ertaga ham ish topilganidan quvonib rozi bo‘lishdi.
Bahodir artistlarning ertaga barvaqt kelishlarini tayinlab uyga javob berib yubordi.
Ertalab komissiya a’zolari uchinchi parda mutlaqo boshqacha bo‘lib qolganini ko‘rib hayron qolishdi.
Final nihoyatda kulgili chiqqan edi. Bahodir asarga bironta so‘z qo‘shmay, bironta yangi odam qo‘shmay, nihoyatda kulgili bir yo‘l qo‘llagan edi. Komissiya a’zolarining kulaverib ichaklari uzilgudek bo‘ldi. Lekin baribir komissiya degan nomi bor, biron nima demasa bo‘lmaydi. Asarning u yer, bu yeridan cho‘qilab ko‘rishdi, asar bachkana bo‘pti, erkak kishining xotin rolida chiqishi o‘ttizinchi yillarda qolib ketgan, deyishdi.
Uchinchi pardani endi o‘zgartirmaslik kerak, juda yaxshi chiqibdi degan odamlar ko‘pchilik edi. Ko‘pchilikning gapi gap-da, shu xolda ko‘rsatilsin deganlarning gapi o‘tdi.
Bugungn muxokamani yana Mishappng o‘zi boshlab berdi. Mirzamuhamedov o‘zbekchaga no‘nok, o‘rischaga chechan edi. O’z ona tilidan o‘rischani afzal bilgan bu odamni hamma Misha deb atardi. Misha nimanidir eslab kulib yuboray der, ammo o‘zini arang tutib turardi. Menimcha, kecha uyida oila a’zolariga Farmonbibi va uning kelinlarini gapirib berganga o‘xshardi. Ammo u xizmat taqozosi bilan aytishi kerak bo‘lgan juda «jiddiy», juda «muxim» tayyor gapga chog‘lanib turardi.
— Avtorga bitta savol, — dedi u qovog‘ini solib. — Pesani yozishdan maqsadingiz nima? Men tushunmadim.
— Uni tushunadigan odamlar uchun yozganman, sizning tushunmasligingiz tabiiy bir xol, — deb achitib javob berdim.
Mishaning tarafdorlari, biz xam tushunmadik, deyishdi. Muhokama katnashchilarining yarmi: «Biz tushundik-ku, nimasiga tushunmadinglar?!» deyishdi.
Hozirgi ahvolni ko‘rib bir latifa yodimga tushdi.
Afandi bir yig‘inda aravaning tepasiga chiqib: «Xaloyiq, nima demoqchiligimni bilasizlarmi?» debdi.
Odamlar: «Yo‘q, bilmaymiz», deyishibdi. Afandi esa: «Bilmaydiganlarga aytadigan gapim yo‘k», deb pastga tushibdi.
Ertasiga yana aravaga chiqib: «Nima demoqchiligimni bilasizlarmi?» deb so‘rabdi. Odamlar: «Bilamiz, bilamiz!» deb qichqirishibdi. Shunda afandi: «Bilsanglar bo‘pti-da, gapirib nima kilaman?» deb yana pastga tushibdi. Uchinchi kuni afandi xaloyiqqa: «Nima demoqchiligimni bilasizlarmi?» deb murojaat qilibdi. Odamlar o‘zaro maslahatlashib: «Afandim, yarmimiz bilamiz, yarmimiz bilmaymiz», deyishibdi. Shunda afandi: «Bilganlar bilmaganlarga tushuntirib ko‘ysin!» deb eshagini minib ketaveribdi.
Birgina adabiyotshunos olim Hafiz Abdusamatov, asar tomoshabinga ma’qul bo‘ladi, uni to‘xtatib o‘tirmaslik kerak, deb aytdi.
«Tushunmagan» Mishaning tarafdorlari yana Imomov metodini ishga solib, biri olib-biri ko‘yib, gapga tushib ketishdi.
Teatr direktori Olim Xo‘jaev o‘rnidan turdi.
— Birodarlar, bu kanaqasi, salkam bir oydan beri
tortishasizlar?! Nima deyayotganlaringni o‘zlaring ham bilmaysizlar! Bo‘ladigan bo‘lsa, «bo‘ladi» denglar, bo‘lmasa asarni yig‘ishtirib qo‘yaylik. Teatrning o‘z moliya plani bor. «Antigona» asarini sahnalashtirish uchun Gurjistondan mashhur Aliksidze dsgan rejissyorni chaqirganmiz. Uning teatrda o‘tgan har bir kuniga falon puldan haq to‘laymiz. Bunaqada artistlar oyliksiz qoladi-ku! Bir qarorga kelinglar-da, axir! — dedi nolib.
Xullas, afandi aytganidek, tushunganlar tushunmaganlarga tushuntiradigan bo‘ldi. Ertaga: «Oxirgi ko‘rik, oxirgi muhokama bo‘ladi», deb e’lon qilishdi.
Ertasiga yana teatrga bordim. O’tirganlarga xalaqit bermaslik uchun engashib qorong‘i zalda timirskilanib joy topib o‘tirdim. Parda ochildi. Farmonbibi qo‘liga Sotti suv quyayotganda nimadandir shubhalanib obdastani turtib yubordi. Sahna oldiga kelib, kaftini ko‘ziga soyabon qilib zaldan kimnidir qidirayotganga o‘xshadi. Sahna chetida turgan elektr ustasiga: «Zalning chirog‘ini yoq!» deb buyurdi. Zal yorishdi. Hayhotdek zalda Misha bilan Frunzedan bo‘lak hech kim yo‘k edi. Farmonbibi ro‘moli bilan yuzidagi grimlarni arta boshladi.
— Shu ikkita turki sovuqqa komediya ko‘rsatamanmi?! Tomoshabin yo‘q zalda komediya o‘ynab bo‘ladimi?! Qani, bolalar, tomosha tamom! Uylaringga ketaveringlar! — dediyu o‘zi xam sahnadan chiqib ketdi...
Olim Xo‘jaev Markazqo‘mga chiqib, Kattalarga ahvolni tushuntirganga o‘xshaydi. «Kelinlar qo‘zg‘oloni» tomoshabinga ko‘rsatilsin, dsgan ruxsat keldi.
Direktor kabinetini yana komissiya bosdi. Odatda, uch kun premera bo‘lar, oldingi uch qator joy mehmonlarga atab qo‘yilardi. Bugun komissiya a’zolari amma-xolasiyu, qayponasiyu, kelinoyilariga tekin bilet olish uchun kelishgan edi.
Birinchi spektaklda unchalik odam ko‘p bo‘lmadi. Afi-sha kechqurun, g‘ira-shira qorong‘i paytida chiqarilgan, ko‘p tomoshabin bundan xabarsiz qolgan edi. Zalda asosan komissiya a’zolarining qarindoshlari, vazirlik xodimlari, boshqa teatrlarning artistlari, rejissyorlari, redaktsiya xodimlari o‘tirishardi.
Men birinchi qatorning chap tomonida Sora Eshonto‘raeva bilan yonma-yon o‘tirib qolibman. U butun vujudi bilan sahnaga singib ketgan, hadeb: «Voy, Zaynab o‘lmagur, yashnab ketdi-ku! Birpasda sahnani o‘ziniki qilib oldi-ya! Bu sahna emas, Zaynabning hovlisi! Voy, Zaynab o‘lmagur-ey!.. Shuncha yil birga ishlab To‘ychivoyning shunaqa mahoratli artist ekanini bilmagan ekanman. Boplayapti! Yozilib, yayrab, miriqib o‘ynayapti!» deb gapirib o‘tirardi.
Sora opa ijrochilarni olqishlab hammadan ko‘p chapak chalar, kular, ba’zan qiyqirib yuborardi.
Komissiya a’zolari qotib-qotib kulishar, menga ko‘zlari tushganda darrov qovoqlarini uyib so‘mrayib olishar, mendan yashirib yana kulishardi.
Kechagi tomoshaning ovozasi ertalabgacha Toshkentga tarqab bo‘pti. Pesa haqida xilma-xil gap yurardi. Birov: «Keksa onaxonlarimizni masxara qilib ko‘rsatgan emish» desa, boshqasi: «Aksincha, dono o‘zbek onasini ulug‘lagan!» derdi.
To tushgacha uch kunlik bilet sotib bo‘lindi. Faqat teatr ma’muriyati «nozik» odamlar uchun xar tomoshaga yuztadan bilet olib qolgan. Ma’mur Abdullajon xuddi asalarining podshosiga o‘xshardi, qayoqqa yursa yuzlab odam asalaridek unga yopirilardi. Teatr yaqiniga borib bo‘lmaydi. Zalga vaqtliroq odam qo‘ymasa, to‘polon bo‘ladiganga o‘xshab qoldi. Nihoyat, eshik ochildi. Odamlar bir yopirilganda metall romli oynavand eshik oshiq-moshig‘idan uzilib marmar polga tushdiyu chil-parchin bo‘ldi. Odamlar oyna siniqlarini bosib ichkariga ki-rishardi. Bileti bor xam, bileti yo‘q xam ichkariga kirib ketdi. Xonimlarning kiyimlari g‘ijim, hafsala bilan qilingan pardozlari chaplashib, pricheskalari to‘zg‘ib ketgan.
Tashqarida yana ikki-uch tomoshaga yetadigan odam to‘planib qolgan edi.
Zalda odam ko‘p. Yerga o‘tirib olganlar qancha, tik turib qolganlar qancha. G’ala-g‘ovur, kim nima deyayotganini anglab bo‘lmaydi. Agar tomosha paytida xam shunday bo‘lsa, bilmadim, nima bo‘ladi?!
Zalda chiroq o‘chirilib, pardaga nur tushirildi. Hali ham joy talashayotganlarning asabiy tovushlari tinmasdi. Sahna oldiga Xalq artisti Zikir Muhammadjonov chiqib, ikki qo‘lini barobar ko‘tardi. Bunaqa to‘polonda tomosha ko‘rsatmaymiz, demasmikin deb, hamma birdan jimib qoldi. U zalda tinchlik saqlashni iltimos qilib, rollarni ijro etuvchi artistlarning nomlarini ayta boshladi. U Farmonbibi rolida O’zbekiston xalq artisti Zaynab Sadrieva deganda zal momoqaldirokdek bir gumbirlab oldi. G’ani A’zamov nomini aytganda qiyqiriq, hushtakbozlik bo‘lib ketdi.
Parda ochildi. Farmonbibi qo‘lini orqasiga qilib sahnaning u boshidan-bu boshiga o‘ta boshladi. Sottini o‘ynayotgan To‘ti Yusupova (bu rolni kecha Erkin Malikboeva o‘ynagan edi) sport kiyimida, qo‘lida xala-xo‘p halqasi bilan kenja kelin, Farmonbibining tili bi-lan aytganda, qip-yalang‘och Nigora — Dilbar Ikromova sahnaga chiqdi.
Ularning har biriga alohida-alohida olqishlar yangrar, qarsaklar to‘xtamasdi.
Zaynab Sadrievaning bir necha oydan beri repititsiya qilib chekkan azoblari, ayniqsa keyingi bir oy ichida komissiya bergan ozorlari unutildi. U butun vujudi bilan, jon-jaxdi bilan berilib o‘ynardi. Tashqaridan qaraganda u rol o‘ynamayotganga, o‘z uyida, kelinlari davrasida bemalol yurganga o‘xshardi. Aslini olganda, u biron harakatni me’yoridan oshirmasligi, yuz ifodalari sun’iy bo‘lib qolmasligi, ovozida asabiylik sezilmasligi uchun butun vujudini irodasiga bo‘ysundirib xarakat qilardi. Ammo tomoshabinga buni sezdirmasdi.
Bugun ham yonimda o‘tirgan Sora Eshonto‘raeva tinmay qarsak chalar: «Voy, Zaynab o‘lmagur-ey!» deb qiyqirardi.
Shu payt snimdan poyandozni paypaslab bir kampir javrab o‘tdi: «Voy, tomoshang ham bor bo‘lsin-a! Kulaverib jag‘larim og‘rib ketdi-ku! Kovushim o‘lgur qayokda qoldiykin?..»
Tomoshaning qanday tugaganini, qanday qiyqiriqlar, qanday olqishlar bo‘lganini aytib o‘tirmayman. Ham-mangizga tushunarli qilib bitta gap aytaman, xolos. O’sha oqshom Toshkentning gulbozori Hamza tsatrining sahnasiga ko‘chib kelgandek bo‘ldi.
Ertasiga teatrning yana bir metall romli eshigi qarsillab quladi. Oynalari chil-chil bo‘ldi.
Biletlar chayqovchi bolalarning qo‘liga o‘tganidan ko‘chada ochiqchasiga bilet savdosi bo‘layotgan edi.
Teatrning artistlar kiradigan tomonidan Yashin aka Halimaxonim bilan Mukarramaxonimni olib kirdi. Mukarramaxonim meni ko‘rib Yashin akaga nimadir dedi. Bilaman uning nima deganini. Bir mehmondorchilikda meni askiyaga tortib, yengmoqchi bo‘lgandi. O’shanda uni bir gap bilan og‘iz ochirmay qo‘ygandim. O’shandan beri meni yomon ko‘rar, to‘ydami, yig‘inlardami ko‘rnb qolsa, «Anavi turqi sovuq yozuvchi bu yerda nima qilib yuribdi?!» deb menga eshittirib baralla aytardi.
Bu ajoyib san’atkor o‘zbek raqsining benazir ustasi nihoyatda zavqli, latifalarga usta, o‘tirgan davrasini gurra-gurra kuldiradigan quvnoq ayol edi. Shu topda u pesani men yozganimni bilmasa kerak. O’qtin-o‘qtin menga qarab g‘ijinib qo‘yardi. Kulayotgan odamlarning ovozi orasida uning qarsillab kulishi baralla eshitilib turardi. Birinchi tanaffus bo‘lib chiroq yonganda Yaigan aka kelib meni tabrikladi. Shunda Mukarramaxonim: «Iya, buni siz yozganmisiz?!» dedi. «Bilasizmi, sizni jinimdan ham yomon ko‘rardim. Shu pesangiz uchun gunohingizdan o‘tdim. Qo‘lni bering, endi yarashdik. Iltimos, xotin kishi bilan askiya aytishganda raqibingiz ayol kishi ekanini esingizdan chiqarmang! Tabriklayman sizni».
— Gap kelganda onangni ham ayama, degan ekan bir dono, — dedim kulib.
Bir necha yillardan beri urushig‘li bo‘lib yurgan xonim bilan «Kelinlar qo‘zg‘oloni» bahonasida yarashib oldik.
To‘rtinchi kungi tomosha qoldirildi. Eshik derazalari singan, ichkarida biron falokat yuz bersa, ko‘ngilsizlik bo‘lishi mumkin deb, o‘t o‘chirish komandasi zalga odam qo‘yish mumkin emas, deb turib oldi. Ikki kunlik bilet odamlar qo‘lida qoldi.
Tomoshabin hamon teatr tomon okib qelardi. Qo‘lida bilet bilan qolganlar to‘polon qilib ma’murni ham, direktorni ham jonidan bezor qilib yuborishdi. Teatr oldiga: «Bo‘lg‘usi spektakl alohida e’lon qilinadi. Biletlarni saqlang», degan e’lon chiqarildi.
Janjallardan bezor bo‘lgan teatr kollektivi bir kechadayoq Xorazmga «qochib» ketdi. U yerda bir oy gastrolda yurgandan keyin ta’tilga chiqadi.
Teatr ta’tildan qaytdi. Birinchi sentyabrda yangi mavsumni boshlashi kerak. Tomoshabindan ikki spektakl qarz bo‘lib qolgan teatr yangi mavsumni «Kelinlar qo‘zg‘oloni» bilan boshlamoqchi bo‘ldi. Lekin teatr bu niyatiga yetolmadi. «Mavsum Lenini bor asar bilan boshlansin!» degan buyruq keldi. Usha payt rahbarlari odatda, teatrga kelmasdi. Faqat Lenini bor spektaklgagina kelardi.
Sotib olgan biletini ikki oy saqlagan tomoshabinlar yana qaytib ketishdi.
Mavsumning ochilishi unchalik tantana bo‘lmadi. Idoralardan, korxonalardan, mahallalardan tashkil qilingan tomoshabinlar asarning oxirigacha o‘tirmay tashlab chiqib kstigadi.
Xullas, mavsumgashg ochilishi muzdekkina bo‘lib o‘tdi.
Sentyabr oyi deyarli «Kelinlar qo‘zg‘oloni» bilan o‘tdi desam xato bo‘lmas. Kuniga ikki martadan, hatto uch martadan ko‘rsatilgan kunlar bo‘ldi. O’sha kezlar artistlar grimlarini artmasdilar, roldagi kiyimlarini ham yechmasdilar. Shunday kunlarning birida teatr eshigining oldida «Tez yordam» mashinasini ko‘rib hayron bo‘ldim. Bilsam, Zaynab Sadrieva kasal bo‘lib qolibdi. Hamshira unga ukol qilib chiqib ketgandan keyin oldiga kirdim.
— Charchabman. Ukoldan keyin ancha o‘zimga keldim.
— O’zingizga bitta partnyor tayerlasangiz bo‘lardi. Mana shunaqa paytlarda o‘ynab, yukingizpi yengil qilardi, — dedim. Zaypab oia kuldi.
— Men o‘lganimdan keyin Farmopbibini boshqa odam o‘ynaydi, bildingizmi? Umrimning oxirigacha shu rolni o‘zim o‘ynayman.
Ko‘chada ming xil gap. Birov: «Hukumat nega kampirlarni masxara qiladigan teatrga ruxsat berib qo‘yibdi?» desa, boshqasi: «Hamza teatrining kuni maynavozchilikka qolgan, uni tsirkka qo‘shib yuborsa ham bo‘lar ekan» derdi.
Toshkentda kancha kelin zoti bo‘lsa, hammasi qaynonasini boshlab kelardi.
Qaynonalar: «Nimasi yomon, hammasi to‘g‘ri! Oila bir qo‘lda bo‘lsa, nimasi yomon?!» deyishardi. Kelinlar esa: «Mening xam shunaqa qaynonam bo‘lsa, jon-jon derdim! Ishdan kelsam ovqatim tayyor bo‘lsa, bolalarimdan ko‘nglim to‘k bo‘lsa, hatto shippagimni ham yamatib qo‘ysa, bozorga bormasam. Paypoqdan tortib ich ko‘ylakkacha o‘zi opkelib bersa! Bunaqa qaynonani qayoqdan topasan?!» deb Farmonbibini maqtardi.
Oradan bir yil o‘tmay pesani O’rta Osiyo respublikalarining hamma akademik teatrlari sahnaga qo‘ydi. Shu bahonada Olmaotaga, Ashxobodga, Dushanbega, Xo‘jandga borib asarni ko‘rdim. Xalq artistlari Sobira Moykonova, Sona Murodova, Musharrafa Qosimova, Sayram Isaevalar Farmonbibi rolini me’yoriga yetkazib o‘ynagan edilar.
Toshkentdagi Rus akademik teatri pesani tayyorlab, komissiyaga topshiraman deb turganda Misha yana ish ko‘rsatmoqchi bo‘ldi. Uning qilayotgan tinimsiz harakatlarndan shubxalangan Markazqo‘mning ideologiya sekretari O. U. Salimov o‘zi teatrga kelib, tomoshabinlar bilan birga ko‘rishini aytdi.
Misha bilan Frunze Jo‘raev zalning qorong‘i burchagida Salimovga ko‘rinmay o‘tirishardi. Ammo Aleksandr Ribnik qanchalik lain, qanchalik yuzsiz odam ekanini o‘zi namoyish qilayotganiga guvoh bo‘ldim.
U Salimovga pesa nihoyatda yaxshi ekanini, uni shu kungacha himoya qilib kelayotganini gapirayotganda luqma tashladim.
— Pesani badnom qilish uchun kurashganlarning eng faoli siz edingiz-ku!
U bunday gapni kutmagan ekan, rangi o‘zgardi.
— Buni sizga qaysi ahmoq aytdi? — dedi asabiy bir holda.
— Aytgan odam ahmoq emas, juda aqlli, pok odam. U faqat sizning gapingizni aytib berdi, xolos. U yog‘ini o‘zingiz bilaverasiz, kim ahmog‘u kim aqlli!
Qilichi sinib, qalqoni teshilgan Misha bilan Frunzening zaldan qachon chiqib ketganini hech kim bilmay qoldi.
«O’zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi Muxtor Avezov nomidagi Qozog‘iston Davlat akademik teatri Temirtov shahrida «Kelinlar qo‘zg‘oloni»ni ko‘rsatayotgan bir paytda zalda tomosha ko‘rib o‘tirgan bir homilador qozoq kelinchak kulaman deb tug‘ib qo‘yganini, Farmonbibi chaqaloqni yo‘rgaklab sahnaga olib chiqqanini va unga mening otimni qo‘yganini xabar qilgan edi.
Bu xabar pesani yo‘q qilmasam otimni boshqa qo‘yaman degan Mishaning qorniga qoziq qoqqandsk bo‘ldi.
Bu yilgi bahor teatr uchun ham, men uchun ham nihoyatda og‘ir keldi. Ajoyib artist, madaniyatimizning 6enazir arbobi Olim Xo‘jaev olamdan o‘tdi. U bir necha oylardan beri tayyorlayotgan Antigona rolini bir marta ham ijro etolmay armonda ko‘z yumdi.
Tinimsiz kurashlardan, kamsitishlardan charchagan Saidaxon ham bu azobli dunyoni tashlab ketdi.
Uni kecha kechqurun kasalxonaga borib ko‘rgandim.
— Hali ham olishib yotibsizlarmi? — dedi o‘ziga xos past ovozda.
— Kurashlar to‘xtadi. Biz yengdik, shekilli.
Saidaxon «Kelinlar qo‘zg‘oloni»ni bir marta borib ko‘rgan, tomoshadan juda xursand bo‘lib qaytgandi. Ertasiga tobi qochib yotib qoldi.
G’afur G’ulom nomidagi nashriyot uning uch tomlik «Tanlangan asarlar»ini chiqarayotgan edi. Oxirgi jildi bosmadan chiqqan ekan, nashriyotga borib hali bo‘yog‘i qurimagan uchinchi jildni uni xursand qilish uchun olib borgandim. Varaqlab ko‘rib, xato ketmadimikan, deb shivirladi. Kechasi sinchiklab o‘qib chiqaman, deb olib qoldi.
Kechasi soat uchdan oshganda uning jon berganini telefonda xabar qilishdi.
U kurashlarda yengilmagan ayol edi. Faqat intihosiz kurashlardan toliqqan edi. Bu bema’ni kurashlar joniga tekkan, tinkasini quritgan edi. U xiyonatkor do‘stlaridan norizo bo‘lib, hatto partiya a’zosi bo‘lganidan pushaymonlar qilib olamdan ketdi.
Uning tobutini do‘stlarim, shogirdlarim, Hamza teatrining artistlari yelkada ko‘tarishdi. To hamma ma’rakalari o‘tguncha hamdard bo‘lib snimda turishdi. Zaynab Sadrieva esa uning «yigirmasi» o‘tguncha har kuni uyimizga kelib turdi.
Teatrning Moskva gastroli juda tantanavor o‘tdi. O’z futbolchilariga madad bo‘lish uchun futbol ishqibozlari sevgan komandalari qaysi shaharga borsa, hammadan oldin yetib borganidek, «Kelinlar qo‘zg‘oloni»ning yuzga yaqin ishqibozi Moskvaga borgan, ularga poytaxtda o‘qiydigan o‘zbekistonlik studentlar qo‘shilishib, Malga teatr oldiga ertalabdan kelib olishar edi.
Ittifoq Madaniyat vaziri Demichev: «Zal o‘zbeklardan bo‘shamay qoldi. «Kelinlar qo‘zg‘oloni» moskvaliklar uchun qo‘shimcha yana bir marta ko‘rsatilsin! Faqat biletlar zavodlarda, muassasalarda sotilsin!» deb buyruq berdi.
Butun dunyoda qayta-qayta namoyish qilingan mashhur «Chapaev» filmida bosh rolni ijro etgan taniqli artist Boris Babochkin Malmy teatr oldida bir necha kundan beri to‘planayotgan o‘zbeklarni ko‘rib, ruslarning «golovokrujenie ot uspexov» («yutuqlardan esankirash — bosh aylanish») iborasini sal-pal o‘zgartirib: «Segodnya u menya golovokrujenie ot uzbekov!» («Bugun o‘zbeklardan boshim aylanib ketyapti»), degan edi hazil aralash.
Gastrol oxirida Ittifoq Madaniyat vazirligi Moskva san’atshunos olimlari ishtirokida muxokama majlisini o‘tkazdi. «Inqilob tongi» asari muhokamada yaxshi baho olmadi. Asar shovqin-surondan iborat bo‘lib qolganini, Lenin dramaga noo‘rin kiritilganini, uning syujetga sira aloqasi yo‘qligini aytshpdi. Shu saxnani olib tashlash keraklipish hamma bir og‘izdan ma’qulladi. «Qiyomat qarz» asarida Shukur Burhon asosiy rolni mahorat bilan o‘ynagan bo‘lishiga qaramay, asar sun’iy voqea asosiga qurilgani sababli Moskva tomoshabinlarini o‘ziga jalb qilmadi va ishontira olmadi, deb baholashdi. «Antigona» spektakli ham durust baho ololmadi. Bosh rol ijrochisi Olim Xo‘jaev vafotidan keyin boshqa artistni shoshilinch tayyorlaganlari bunga sabab bo‘ldi. Ijro hali maromiga yetmaganligi ta’kidlandi. «Kelinlar qo‘zg‘oloni» asari tomoshabinlarga ma’qul bo‘lganini, teatr bu asar bilan yana bir pog‘ona ko‘tarilganini ta’kidlashdi.
«Antigona» bilan «Kelinlar ko‘zg‘oloni»ni Tbilisiga oborib, gruzin tomoshabinlariga ko‘rsataman, deb va’da berib qo‘ygan Aliksidzening dami ichiga tushib ketdi.
Madaniyat vazirligi «Kelinlar qo‘zg‘oloni» ijrochilarini mukofotlash uchun qirq ming so‘m pul ajratganini e’lon qilishdi. O’sha paytda qirq ming so‘m juda katta pul bo‘lgan. Shu pulga sakkizta «Volga» yoki o‘n oltita «Moskvich» mashinasini xarid qilish mumkin edi.
Mishaning tarvuzi qo‘ltig‘idan tushgandek bo‘ldi. Ustiga-ustak, «Pravda» gazetasi professor Rudnitskiyning «Talantlar hamohangligi» nomli katta maqolasini e’lon qildi. Unda «Kelinlar qo‘zg‘oloni» muvaffaqiyat bilan sahnaga qo‘yilganligi, asar talantli ijrochilar bilan hamohang ekanligi alohida e’tirof etilgan edi.
Boshqa spektakllarda ishtirok etganlar ham Moskvaga umid bilan kelganlar. Ajratilgan pulni barcha ishtirokchilarga barobar taqsimlash kerak degan maslahat o‘rtaga tushdi. «Kelinlar qo‘zg‘oloni»ii sahnalashtirgan ajoyib rejissyorimiz Bahodir Yo‘ldoshev ham, men ham bunga rozi bo‘ldik. Men o‘z ulushimni olmasligimni aytdim.
Teatr oldidagi Ostrovskiy haykalining supasiga suyanib turgan Mishaning oldiga bordim. U alamidanmi yo biron boshqa sababdanmi ozroq ichgan, shirakayf edi. Uni hech qachon ichganini ko‘rmagan edim.
— Xo‘sh, endi nima bo‘ladi? — dedim piching bilan. U hayron bo‘ldi. — Otingni boshqa qo‘ymoqchi eding-ku?!
U o‘zicha qiziqchilik qilmoqchi bo‘ldi:
— Otimni Misha deb o‘zgartirgansizlar-ku, yana o‘zgartiramanmi?
U hali ham yengilganini bo‘yniga olmasdi.
Toshkentda bir yangi tik kutib turgandi. Xitoy Xalq Respublikasining Urumchi shahrida Uyg‘ur avtonom viloyatining teatri «Kelinlar qo‘zg‘oloni»ning premerasiga chaqiribdi. Ertasigayoq yo‘lga chiqdim. Shu bahonada Qashqar, O’rimchi, G’ulja shaharlarini ko‘rdim. Mahmud Koshg‘ariy, Yusuf Xos Hojib, Qoraxoniylar davlatining asoschisi So‘tuq Bug‘roxon hamda shayx Ubaydullo Ofoq Xo‘jam maqbaralarini ziyorat qildim.
Uyg‘ur san’atkorlari asarni juda yaxshi sahnalash-tirgan ekanlar. Xursand bo‘lib qaytdim.
Ana shundan keyin turli mamlakat va qardosh respublikalardan premeraga takliflar kela boshladi. Laos, Mo‘g‘uliston teatrlari ham asarni o‘z tomoshabinlariga ko‘rsatishdi. Grozniyda Nuraddinov nomidagi Chechen-Ingush teatri bilan Janubiy Osetiya teatrlaridan ham taklifnoma keldi.
Xullas, «Kelinlar qo‘zg‘oloni» meni ko‘p mamlakatlarga olib bordi. Ko‘rmagan joylarimni ko‘rsatdi.
Ayniqsa, olis Amerikaning Nyu-York shahridagi «Vozrojdenie» teatrida pesaning namoyish kilinishi men uchun yetti uxlab tushimga kirmagan, hatto orzu qilishim xam mumkin bo‘lmagan bir baxtli hodisa edi. Nyu-York televideniesida ko‘rsatilgan reklamada «Buit nevestok» so‘zlarining jaxonga mashhur Ozodlik haykali atrofida aylanishi va unda mening ham nomim yozilganini ko‘rib hayajonlanib ketdim.
To Kiev shahrigacha besh yarim soat, okean ustidan to‘qqiz yarim soat uchish kerak. Safar oldidan bizga oq yo‘l tilagan Prezidentimiz Islom Karimovga nihoyatda ixlosim oshib ketdi. Okean ustidan uchib ketayotib xam, uchib kaytayotib ham bag‘ri ksng bu saxovatli insonga okean bilan osmon oralig‘ida turib chin dildan uzoq umrlar tiladim. Amsrikadan kaytib kelganimda yana bir yangilik kutib turgan edi. Bilmadim, rostmi-yolg‘onmi, Frunze Jo‘raev ustoziga sadoqat bildirib, Frunze Jo‘raev degan ismi sharifini «Bishkek Jo‘raev» deb o‘zgartirgan emish. Bu gap qanchalik rost, kafilini ololmayman.
Bugungi kommunistlar — o‘sha Qishki saroyga shturm qilgan bolsheviklarning avlodi bo‘lsa, Farmonbibi qal’asiga shturm qilib, bitta kesagini ham ko‘chirolmadi.
«Xalqlar otasi» Stalin: «Bolsheviklar ololmaydigan ko‘rg‘on yo‘k», degan edi. Biroq ular Farmonbibi qo‘rg‘onini ololmadp. G’afur G’ulom aytganidek, «qal’a but, qo‘rg‘on salomat»ligicha qoldi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.