OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Said Ahmad. Gul haqida hikoyalar

Bir tomchi suv

Nigora bir haftagina qishloqqa onasining oldiga borib keladigan bo‘lib qoldi. Eri komandirovkada. Uy Olg‘iz qoldi. Poezdga chiqib endi chamadonni o‘rniga qo‘yayotganida birdan bo‘shashib ketdi.
Tuvakdagi gulga suv quyish esidan chiqibdi-ku.
Axir, Nigora uni qanday avaylardi. Kun ora suv quyib chamandek ochilib turgan gullarini hidlab, hidlab olardi. Nima bo‘ladi endi?
Eri Kozimjon Kislovodskdan atayin samolyotda olib kelgan edi. Ikki yildan beri uni parvarish qilardi. Yozda hovliga opchiqib ekar, kuz keldi deguncha yana tuvakka o‘tqazib, uyning kungay tomondagi deraza rahiga qo‘yardi. Nima bo‘ladi endi?
Bitta gul uchun orqaga qaytsinmi? Qaytardi ham, ammo poezd joyidan qo‘zg‘alib, shitob bilan oldinga intilib ketyapti.
To qishloqqa yetguncha ham shu gul uning xayolidan ketmadi. Nazarida sarg‘ayib so‘layotgandek, qurib-qovjiragan barglari deraza oldiga to‘kilib yotgandek...
U qishloqning qatqaloq ko‘chalaridan ketarkan, biron uyning derazasida gul ko‘rdimi, bo‘ldi, xayoli yana uyiga uchib borar, qurib qolgan gul oldida ma’yus turgandek bo‘lardi.
Nigora qaytayotganda qalin qor tushdi. Po‘stiniga o‘ranib poezdga chiqdi-yu, vagon oynasidan oppoq dalalarni ma’yus tomosha qilib keldi. Nihoyat uyi ostonasiga ham yetdi. Qanday qilib eshikka kalit solganini, qanday qilib deraza oldiga kelib qolganini o‘zi ham bilmasdi.
Tuvakdagi gul hamon yashnab turardi. Uning ko‘m-ko‘k barglari tagidan yana kurtakchalar bo‘rtib qolibdi.
Nigora ochilaman deb, turgan g‘unchaga engashib dimog‘ini tegizdi. Biram xushbo‘y, biram xushbo‘y!
U, bir hafta suvsiz qolgan bu gulning avvalgidek yashnab turishiga hayron edi.
Oftob deraza qirovini eritib har kuni bir tomchidan tuvakka sachratganidan Nigora bexabar edi.
Bir tomchi suvda qanchalar qudrat borligini u sira-sira xayoliga keltirolmasdi.

Bobo, bola, gul


Bobo eshigi oldidagi supada soatlab o‘tirardi. O‘tgan-ketganga choy tutib supachasiga taklif qilardi.
Bu bahor u supa yonboshiga kichkinagina gulzor qildi. Chiroyli jo‘yakchalar tortib anvoyi gullar ekdi. Mana, bir tup atirgul g‘unchaga ham kirdi. Ayniqsa bitta g‘uncha ana ochilaman, mana ochilaman deb turibdi. Cholning ikki ko‘zi shu g‘unchada.
Tikilgan qozon qaynamas degandek uning ochilishi juda qiyin bo‘ldi. Bobo unga tikilaverib ko‘zlari toldi.
Bir kun ertalab odati bo‘yicha sholchasini sudrab supaga chiqsa biram chiroyli bo‘lib ochilibdiki. Chol tishsiz og‘zini ochganicha unga tikilib qoldi. Sholchani supaga tashlab gul tepasiga kelib engashdi. Kafti bilan uni beozor ko‘tarib huzur qilib hidladi.
Boboning tabiati ravshan bo‘lib ketdi, Sholchani supaga xotirjam yozib choy olib chiqqani kirib ketdi. U qaytib qo‘lida choynak-piyola bilan chiqqanda gul bandida yo‘q edi. U hayron bo‘lib u yoq-bu yoqqa qarasa ko‘chaning narigi betida bir xotin aravachada o‘tirgan ikki yoshlar chamasidagi bolasiga o‘sha gulni beryapti.
Boboning g‘azabi qaynab ketdi. Bu nimasi, kap-katta odam, birovning gulini uzgani uyalmaydimi? Bu yashnab turgan gul qanchadan-qancha kishilarning bahri-dilini ochardi.
Bola onasining qo‘lidan gulni oldi-da, qip-qizil bargchalarini yulaverdi. Birpasda uning oppoq ko‘ylaklari, ko‘k tovar ko‘rpachalari gul yaproqlariga to‘ldi.
Bola oppoq qo‘lchalari bilan shu yaproqchalarni birma-bir terib tiqmachoqdek tizzalariga sochar, qiyqirardi.
Bobo uning qiyqirishidan, gul barglarini sochib o‘ynashidan zavqlanib ketdi. Boyagi jahlidan nom-nishon qolmadi. Qaytib supasiga o‘tirdi. Gulning birinchi g‘unchasi kuttirib ochiladi. Keyin biri ketidan biri ochilaveradi.
Bobo har gal ertalab chiqqanida gullarining yashnab ochilib turganini ko‘rganida negadir o‘sha bolani eslaydi. Uning yana kelib gul uzishini, do‘mboq qo‘llari bilan uni silkitishini istardi.

Uning nazarida

Erta bahorning endigina yerdan qor ketgan kunlari edi.
Shahar o‘rtasidagi tug‘ruqxona derazasi tagida bir xotin kichkina savatchada gunafsha ko‘tarib turibdi. Bir yigitcha derazaga minib olib ko‘zi yorigan xotini bilan gaplashyapti.
— Vaqti bo‘ldi, hozir olib keladi, ko‘rasiz, biram chiroyli, burnilari xuddi chimchilagandek, ko‘zlari qop-qora...
Ona bolasini ta’riflashga so‘z yetkizolmadi. Ota og‘zining tanobi qochib iljayardi. Bolasini tezroq ko‘ra qolishga shoshardi.
Nihoyat doya xotin bolasini olib kelib qo‘liga berdi. Ona choyshabni yelkasiga tortib uni bag‘riga bosdi-da, cho‘p-cho‘p o‘pib oldi.
Bolaning burunlari yalpoq, peshonalari yog‘ surtgandek, ko‘z o‘rnida ikkita chiziq edi. Umuman bola yangi tug‘ilganda shunaqa bo‘ladi.
— Muni qarang, chiroyliligini qarang...
Ota derazadan sug‘urilib tushib boyagi xotindan bir dasta binafsha oldi-da, xotiniga uzatdi. Xotin baxtiyor ko‘zlarini unga mehr bilan tikib hidladi. Keyin binafsha dastasini bolaning dimog‘iga tutdi. Bola g‘ashi kelgandek lablarini qimtib qo‘ydi. U shunday qilganda og‘zi bir tarafga qiyshayib ketdi, ancha vaqtgacha urinib yig‘ishtirib ololmadi.
— Voy, buni qarang, bilyapti, hidlashini qarang, voy tavba.
Bola hidlash u yoqda tursin, nima bo‘layotganini ham bilmasdi.
— Mushtdakkina bola bahor kelganini bilyapti-ya, binafsha hidlayapti-ya...
Mana shu voqeaga sakkiz yil bo‘lgan. O‘sha bola bir chiroyli, bir kelishgan qiz bo‘lgan. Har bahor kelganda binafsha ko‘rsa onaning bahri-dili ochilib ketadi.
— Voy tavba, mushtdek vaqtida binafshani bilganini qarang, hali ko‘zini ochmagandayoq binafsha hidlagan-a...
Bu voqea endi ona xotirasida bir umr qoldi, deyavering.

Abadiy gul

Avtobus cho‘l o‘rtasida to‘xtab, suv almashtirib olishi kerak. Bu yerda hech kim yashamaydi. Yo‘lovchi mashinalarning suv almashishiga atayin quduq qilingan. Quduqdan ikki metrcha narida bir tup atirgul ochilib turibdi. Uning yonidagi taxtachada shunday yozuv bor:
«Yo‘lovchi, quduqdan suv olib ichganingda shu gul tagiga bir piyola suv quy!»
Avtobus kelishi bilan yo‘lovchilar o‘zlarini quduqqa urishadi. Chelakda suv tortib birov stakan botiradi, birov piyola botiradi. Besabrroqlari chelakni ko‘tarib chetidan simirishadi.
To mashina motori soviguncha u yoq-bu yoqqa qarab cho‘lni tomosha qilishadi va albatta gulga ko‘zlari tushadi. Shunda taxtachadagi yozuvni ham o‘qishadi. Birin-ketin piyolada suv oborib gul tagiga quya boshlashadi. Qarabsizki, hademay gul tagidagi chuqurcha suvga to‘ladi.
Avtobus yana yo‘lga chiqadi. Kimsasiz cho‘l o‘rtasida shu fayzsiz yerlarga jilva berib birgina gul qoladi. Yana avtobus ko‘rinadi, kechga borib yana...
Cho‘lning olovdek oftobi uning bargini quritolmaydi. Tomirlariga jon berib turgan tuproqning namini havoga uchirolmaydi.
Chunki bu yerdan kuniga uch marta odam o‘tadi, uch marta shu gulga suv beradi.
Bu — abadiy so‘lmas gul.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.