Mahallamizda bir kampir bor. Doimo eshigining oldiga sholcha solib, chakkasiga rayhon taqib, choy ichib o‘tiradi. O’tgan-ketgan xotinlarning qo‘liga choy tutqazib, gapga soladi. Shu xotinni ko‘rganimda: «Nima balo, qiladigan ishi yo‘qmi, nevaralarining yirtiq-yamog‘iga qarasa bo‘lmaydimi», deb dilimdan o‘tkazaman.
Bir kuni ishdan qaytsam, kampir qo‘lidagi sadarayhon bilan o‘zini yelpib o‘tiribdi. Meni ko‘rishi bilan qo‘limga shoshib-pishib bir piyola choy tutqazdi. Qari narsa, qo‘li qaytmasin, deb choyni oldim.
— Bolam, seni yozuvchi-muxbir deb eshitaman! Shu rostmi? — dedi kampir.
— Shunday, ona, — dedim kulib.
— Oh onaginang aylansin, uyimdan ilon chiqqan! «Mushtum»ga yozadigan gap bor. Bola-chaqali odamsan, uch-to‘rt so‘m ishlab qol.
Kampirshoning nima dardi bor ekan, deb sholchaning chetiga cho‘nqaydim. Ko‘chaning narigi betidan o‘tib ketayotgan qo‘shnilar menga qarab, negadir iljayib qo‘yishdi.
— Kelinimdan o‘tdek kuyganman. O’g‘ilginamni yaxshi bilasan, qo‘ydek yuvosh bola. Kelinim yashamagur uni ham rasvo qildi. Bolaginamga ega chiqib, burnidan ip o‘tkazib oldi bu dog‘uli. Onasi yomon xotin. Tegi past. Qudam ko‘chada eshak aravaga teskari minib, bolalarga hushtak berib, shisha yig‘adi. Shunday odamlarning bolasi kim bo‘ladi? Mashoyixlar «qazisan-qartasan, asli naslingga tortasan» deb, bilib aytishgan ekan.
Kampir ko‘ziga yosh oldi.
— O’g‘ilginamning bo‘yniga minib olgan, bu juvon so‘xta. Uchta bo‘yiga yetgan singlisi bor. Qaramaydi. Topganini xotiniga tiqishtiradi. O’g‘limning topganiga bir mahallani boqsa bo‘ladi. Barakasi yo‘q. Kelinim o‘lgurning o‘zi tekstilda ishlab, jaraq-jaraq pul oladi. Bilmayman, bu gumdon bo‘lgur pulini qayoqqa qo‘yadi...
Kampir shu savolni berdi-yu, darrov o‘ziga o‘zi javob berdi:
— Qayoqqa qo‘yardi. O’lgurning ayyorligini qarang. Har xil girdin-girdishindan poson-poson ko‘ylak tiktirib, tekstilning yotoqxonasidagi bir o‘rtog‘inikiga yashirib yurar ekan. Bu yerdan isqirt ko‘ylagini kiyib chiqib ketib, u yerda poson bo‘lib olar ekan. Ikki marta ketidan poyladim. Tilla soat ham olibdi. Kecha atayin ishdan chiqadigan vaqtini poylab bordim. Egniga gunafsharang ponbarqut ko‘ylak kiyib olibdi. Voy, yashamagur, dedim ichimda. Bir to‘polon chiqazib, obro‘sini uch pul qilay dedimu, yana shaytonga hay berdim. Uyda bo‘yi yetgan qaynisingillar bor-a! Hech bo‘lmasa tul egachisini andisha qilsa bo‘lmaydimi? O’zi o‘g‘lim noshud. Xotinniki gah, deganda qo‘lga qo‘nadigan qilib olmadimi, bunday erkakdan og‘ildagi buzoq yaxshi. Bu yer yutgurni bir «Mushtum»ga yozing. Tekshirgani kelishsa, ko‘ylagini bekitib qo‘yadigan o‘rtog‘ining uyini ko‘rsatib beraman.
Indamay quloq solib o‘tiraversam, kampirning gapi cho‘zilib ketadiganga o‘xshadi. Ishim zarurligini bahona qilib, o‘rnimdan turdim. Kampir orqamdan javrab qoldi:
— Hoy, «Mushtum»da qachon chiqadi? Yaxshilab yoz! Kampirning kelinini tanir edim. U kombinatning ko‘zga ko‘ringan ip yigiruvchisi edi. Gazetalarda juda ko‘p surati chiqqan, xotin-qizlar qurultoyiga ham delegat bo‘lgan edi. Shunday ishchan, topish-tutishi yaxshi bu juvonning kampir aytgancha yomon kiyinib yurishiga ajablanardim. Nahotki, qaynonasidan berkitib kiyinsa, nahotki, kampirning gaplari rost bo‘lsa! Bunga goh ishonib, goh ishonmay yurardim, yaqinda ishdan qayta turib, shu kelin bilan avtobusda yonma-yon o‘ltirib qoldim. U sal xomushroq ko‘rinar edi.
— Ha, qo‘shni, nima bo‘ldi? — dedim unga.
— «Mushtum»ga yozmadingizmi? «Katta muxbir» material bergan ekanlar-ku. Har kuni «Mushtum» poylab esimiz ketyapti, — dedi u piching qilib.
Kampiri tushmagur «Seni «Mushtum»ga urib sharmanda qilaman» deb uni qo‘rqitmoqchi bo‘lganga o‘xshaydi.
— Shu gaplar rostmi, yolg‘ondir-ov?!
— Yolg‘on, — dedi kelin kulib. Avtobusdan tushib, ko‘chamizga burildik.
— Ko‘ylak olsam, «qayinsingillaringga nega olmading» deb janjal qiladi. Qaysi bittasiga olay? Erimning topganiga-ku onasi xo‘jayin. Tiyinini begona qilmay, qizlariga sep yig‘adi. Menikidan ham yuladi. Nevaralariga yedirmay-ichirmay lozimandaga sarflaydi. Ro‘zg‘orni men qilaman. O’n bir jonmiz, axir. Eridan ajrashgan egachimning to‘rt bolasi bor. O’zimning uch bolam. Ikki qayinsingil. Qizlar na ro‘zg‘orga qarashadi, na biron joyda ishlashadi. So‘loqmonday bo‘lib, ertadan-kechgacha saqich chaynab, toshoynaning oldidan ketishmaydi. Biron joyga ishga kiritib qo‘yay desam, onasi ko‘nmaydi. Erkaklar bilan ishlasa, sharmi hayosi qolmasmish. Uch bolamga kiyim oladigan bo‘lsam, egachimning ham to‘rt bolasiga olishim kerak. Yaqinda medal bilan mukofotlangan edim. Taqib kelgan kunim kampir sevinchimni ham tatitmadi. Nega egachingga ham olib kelmading, deb janjal qilsa bo‘ladimi, bu gapga kulaymi, yig‘laymi, axir. Bor-e, deb ketib qolay deymanu, yana shashtimdan tushaman. Erimning holi nima kechadi, deb o‘ylayman. O’zi yaxshi yigitu, onasiga lom-mim deyolmaydi-da. Indamay kirib, indamay chiqib ketadi. Hamma gapni men eshitaman. Katta kizining ro‘zg‘orini ham shu kampir buzgan. Magazinda ishlaydigan toparmon-tutarmon bir yigitni ichkuyov qilib, rosa sog‘ib ichdi. Ishdan bo‘shab qolgandan keyin mashmasha qilaverdi. Oxiri kuyov bir sidra kiyim bilan chiqdi-ketdi. Bu kampirning ustidan qayoqqa boraman, biron joyda ishlasa boshqa gap edi, hech bo‘lmasa pensiya olgandayam-ku raysobesga ustidan arz qilardim. Sira-sira menga kun bermaydi. Har hunar, har sohaning ministrligi bor, bu kampirlar qaysi ministrlikka qarar ekan? O’zing ishlab topganingga o‘zing ega bo‘lmasang...
Kelinning ham hasratidan chang chiqib ketdi. U bilan xayrlashib, uyga keldim. Oyim tog‘orada nimadir ko‘tarib kirdi.
— Somsa yopgan edim. Tomog‘imdan o‘tmadi. Kelinim bechora ishdan charchab kelgan, birga yeya qolay deb, atayin issig‘ida olib keldim.
Shu payt qo‘shni kampirning bolasi «Mushtum» so‘rab chiqdi.
— Bu kampir muncha «Mushtum» so‘raydi? Men oyimga bo‘lgan voqeani aytib berdim.
— Bu ishga sen aralashma. Kampir mazasi yo‘q ayol. Tolka kelinini qiynagani-qiynagan. Mahalladagi kampirlarning obro‘sini to‘kayotgan ham shu. Uzzukun yo‘lakka o‘tirib olib, o‘tgan-ketganni ispletniy qiladi. Ko‘rsang ham, ko‘rmaslikka solib ketaver, bolam.
Oyimning gapiga kula-kula ichkariga kirib ketdim. Qulog‘imdan kelinning boyagi gapi nari ketmasdi. «Bu kampirlar qaysi ministrlikka qaraydi, nodonligi, qoloqligi bilan tinch ro‘zg‘orni tatitmayotgan bekorchilar ustidan qaerga, kimga shikoyat qilsa bo‘ladi?»
Said Ahmad. Hasrat (hajviya)
1956 yil.