OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Said Ahmad. Hindcha qo’shiq (hajviya)

(Soddalar o‘qimagani ma’qul)

 

It kimga do‘st — 
Egasiga do‘st.
Xalq iborasi


Qosimjon mashinani garajga kiritib, darvozaning uch joyidan qulflab kalit o‘ynab kelarkan, uchinchi yo‘lak oldida bolalarning chiroyli bir itni silashayotganini ko‘rdi. It hush yoqqanidan huzur qilib, ko‘zlarini yumib olgan. O’rindiqda o‘tirgan shop mo‘ylovli, lo‘liga o‘xshagan davangirdek yigit dastro‘mol bilan ko‘zlarini artib yig‘lardi. U ancha vaqtdan beri yig‘layotgan bo‘lsa kerak, qovoqlari qizargan, dastro‘moli jiqqa ho‘l edi.
— Bu kimning iti? — dedi Qosimjon.
Bolalar yig‘lab o‘tirgan kishini ko‘rsatishdi. Qosimjon bu lo‘li bechoraning boshiga tashvish tushganga o‘xshaydi, deb yoniga borib o‘tirdi.
— Nima bo‘ldi, do‘stim? — dedi mehribonchilik qilib.
Lo‘li javob bermadi. Qosimjon hadeb so‘rayverganidan keyin hiqillab tilga kirdi.
— E, aka, mening boshimga tushgan musibat hech bir mo‘minning boshiga tushmasin. Bu dunyoda men yakkai yagonaman. Bizning Moldaviyaga nemis fashistlari yaqin qolganda men to‘rt yoshli bola ekanman. Kattalar partizanlikka ketishibdi. Biz bechoralarni buyoqqa evakuatsiya qilishgan. Na otamni bilaman, na onamni. Detdomda menga Farmon deb ot qo‘yishgan ekan. Shuncha yillar o‘tdi. Men o‘zimni lo‘li deb yurgan edim. Bu dunyoda mening bor-yo‘qligimni surishtiradigan odam bo‘lmagan. Yaqinda meni Tashqi ishlar vazirligiga chaqirib, ota-onam borligini, ular Ruminiyada yashayotganliklarini, asli otim Aleko ekanini aytishdi. Ruminiyadan menga viza keldi. Indinga Moskva orqali Buxarestga uchaman. Bu xushxabardan boshim osmonga yetdi. Ota-ona diydoriga zor edim.
— Itingizni ham olib ketmoqchimisiz? — dedi Qosimjon.
— Yo‘q, aka, siz o‘ris shoiri Turg‘unevning «Mumu» degan she’rini o‘qiganmisiz? O’shanda bir soqov o‘ris itini suvga cho‘ktiradi. Men buni suvga cho‘ktirolmayman. Bu mening eng yaqin do‘stim. It bo‘lsa ham odamning gapini tushunadi. Ish buyursam yugurib borib, bajarib keladi. Ishonmaysizmi, mana ko‘ring.
— Gebbels, — dedi u itga qarab. It o‘girildi. — Chekkim keldi, do‘stim.
Gebbels bolalar qurshovidan chiqib Farmonning oldiga keldi. Farmon ikki barmog‘ini labiga bosib, xuddi papiros chekib tutunini puflayotgan ishorasini qildi. It tushundi. Trotuar bo‘ylab yer hidlab ketaverdi. Narigi yo‘lak oldida to‘xtadi. Yerda yotgan chala chakilgan sigareta qoldig‘ini beozor tishlab, orqasiga qaytdi. Farmon uning boshini, bo‘ynini silab sigaretani oldi. Gugurt chaqib tutatdi.
Hamma hayron. Bu it chinakamiga gapga tushunar ekan. Farmon unga yot, damingni ol, dedi. Gebbels qornini yerga berib, uzatilgan oldingi oyoqlari ustiga iyagini qo‘yib ko‘zlarini yumdi.
Bolalardan biri so‘radi:
— U qanaqa tilga tushunadi, o‘zbekchayam biladimi?
— Ko‘p tillarga tushunadi, o‘rischayam, ispanchayam tushunadi.
Gebbels it emas, balo ekan.
— Nima qilmoqchisiz? Yo sotasizmi? 
Farmon bosh chayqadi.
— Gebbelsni uyoqqa olib ketib bo‘lmaydi. Ming xil ispravka kerak. Sotishga ko‘zim qiymaydi. Itning qadriga yetadigan odam topilsa, tekinga berib ketardim.
Farmon qidirayotgan odam shu topda uning yonida o‘tirgan edi.
— Men olay, — dedi Qosimjon. — Ko‘pdan shunaqa itni orzu qilib yurgan edim.
Ikkinchi qavatning ayvonida panjaraga bag‘rini berib turgan yoshgina juvon gapga aralashdi:
— Agar shu itni oladigan bo‘lsangiz, garajda boqasiz. Uyga kiritmayman, — dedi.
U Qosimjonning xotini Anzirat edi. Zum o‘tmay pastga tushib erini chetga tortdi.
— O’ylab qarasam, bitta it kerak ekan. O’n yettinchida Hasan bilan Husanning tug‘ilgan kuni. Maktab-internatdan kelishganda shu itni sovg‘a qilamiz. Lo‘li pul olmayman, deyapti, undoq bo‘lsa uyga obkiring,ovqat tayyor. Issiqqina yeb olsin.
Qosimjon Farmonni qo‘yarda-qo‘ymay uyga olib kirdi. Gebbels ham unga ergashib uyga kirdi. Qosimjon kirishi bilan boyatdan beri ko‘tarib yurgan bir dasta kalitni telefon stolchasiga tashladi. Mehmonni o‘tirishga taklif qilib, o‘zi yechingani ichkari xonaga kirar ekan, yetimlik, musofirlik bechorani shu kuyga solgan bo‘lsa kerak, deb o‘yladi.
Chindan ham u juda uyatchan, birovning betiga tik qaramaydigan andishali lo‘li ekan. Xijolatdan boshini ko‘tarmaydi. Dasturxon popugini himarib, jimgina o‘tiribdi. Anzirat bulg‘or qalampiriga qiyma tiqib dimlagan ekan, bir lagan qilib o‘rtaga qo‘ydi.
U qiymaga go‘sht shilganda yelim xaltaga to‘rt-beshta suyakni solib qo‘ygan edi. Ikkitasini cheti uchgan tarelkaga qo‘yib olib chiqdi. Gebbelsning tumshug‘i oldiga qo‘ydi. It qaramadi. Farmon yeyaver Gebbels, degandan keyin it suyaklarni oyoqlari orasiga olib g‘ajiy boshladi.
— Jindak-jindak qilamizmi? — dedi Qosimjon.
— Umrimda og‘zimga olmaganman, — dedi Farmon yerdan ko‘zini uzmay.
Ovqatdan keyin choy ichishdi. Farmon javon oldiga kelib, kitoblarni ko‘ra boshladi.
— Kitobni yaxshi ko‘rar ekansiz, — dedi Qosimjon.
— Kitobning sadag‘asi ketsang arziydi, — deya jahon adabiyotining ikki yuz tomligiga havas bilan boqdi. — Kitob insonga ustoz. Uni o‘qigan odamdan yomonlik chiqmaydi.
Farmon ketar oldida Gebbelsni bag‘riga bosib, bo‘yinlarini siladi. Tumshug‘idan o‘pdi.
— Sen endi shu yerda qolasan, Gebbelsginam. Endi bir umr ko‘rishmaymiz.
Uning ko‘zida yosh ko‘rgan Gebbels oyoqlariga suykaldi. Sakrab yelkalariga osildi. Farmon undan ko‘z yoshlarini yashirmoqchi bo‘lardi-yu, eplolmasdi. Oxiri, jahl bilan eshikni ochdi-yu shart chiqib ketdi.
Ayriliq yomon narsa. Hech bandai mo‘minni ayriliq ko‘yiga duchor qilmasin. Bir umr ko‘z oldida turib qoladi.
Anzirat yaxshi oilada tarbiya ko‘rgan ayol edi. Jonli-jonsiz narsalarning hammasini sizlardi. «Do‘konga go‘sht keptilar», «Qor yog‘ayaptilar», «Elektr o‘chdilar» derdi.
Er-xotin ichkaridan eski bir adyol opchiqib, to‘rt buklab, balkonning burchagiga joy qilishdi. Qolgan ovqatlarni eski pachoq alyumin tovoqchada olib chiqishdi. Xuddi aziz mehmonga, joy tayyor, yotasizmi, degandek itni ayvonga taklif qilishdi. It xuddi ilgarilari ham shu joyda yotib yurgandek, to‘ppa-to‘g‘ri borib, adyolga qornini berib yotib oldi.
Er-xotin televizor ko‘rishdi. Allamahal bo‘lganda Anzirat itdan xabar olgani chiqib, qaytib kirib ketdi. Ichkaridan, it yotibdilar, degani quloqqa chalindi. Chiroq o‘chdi. Biron soat vaqt o‘tmay yo‘g‘on-ingichka xurrak tovushlari keldi...
Ko‘chadan el oyog‘i uzildi. Hammayoq jimjit bo‘lib qoldi.
Pastda bir mast odam hindcha qo‘shiq xirgoyi qilardi.
— Ovaraxu... Ovaraxu...
Gebbels o‘rnidan turib, panjaradan pastga qaradi. Farmon unga qarab qo‘ng‘iroq chalayotgandek qilib qo‘lidagi kalitlarni shildiratib ko‘rsatdi. Gebbels tushundi. Ichkariga kirib telefon stulchasi ustidagi kalitlarni ehtiyot qilib, ovoziniyam chiqazmay olib chiqdi-da, pastga tashladi. Farmon ilib oldi. Taxminan yarim soatcha vaqt o‘tib boyagi hindcha qo‘shiq eshitildi:
— Ovaraxu... Ovaraxu...
Gebbels yana pastga qaradi. Farmon boyagi shoda kalitni otdi. Gebbels og‘zida ilib oldi-da, asta kirib telefon oldiga qo‘ydi. Ana shundan keyin u xotirjam bo‘lib o‘rniga yotdi.
Ertalab Qosimjon Gebbelsdan xabar oldi. It bosh ko‘tarib unga qaradi. Qosim ichida, ha jonivor, uxlamabsan-da, deb qo‘ydi.
Shundan keyin u toshoynaga qarab soqolini oldi. Sochlarini taradi.
Ishga ketayotganida xotinining labidan o‘pib, Gebbelsga qo‘l siltab chiqib ketdi.
Oradan besh daqiqalar chamasi o‘tib-o‘tmay hovliqib unga kirdi.
— Anzirat, Anzirat!
Uning ovozi juda xunuk edi. Xotini qo‘rqib ketdi.
— Sizga nima bo‘ldi?
— Moshina, moshina, — dedi u entikib. — Bizni xudo uripti, xotin. Moshina yo‘q, o‘g‘ri opketibdi!
— Voy, nega yo‘q bo‘lar ekan? Durustroq qaradingiz-mi? Kecha nima degandim. It garajda yotsinlar, demaganmidim... Yaxshilab qulflagan edingizmi?
— Bir emas, uchta kulf urgan edim. Endi nima qilaman?
— Qulf joyida turiptilarmi?
— Ko‘p jovrayvermagin, qandoq qulflagan bo‘lsam, o‘shandoq turipti. Moshina uchib ketmagandir... Melisani telefoni qanaqa edi?
— Men qayoqdan bilay? Melisaga ishim tushmagan bo‘lsa. Kitobchani qaraymi?
U shunday deb, telefon yonida yotgan kitobchani ochib paraqladi.
— 02 ekanlar.
Qosimjon hovliqib melisaga telefon qildi. Kimligini aytdi. Qanaqa moshinligini aytdi. Nomerini aytdi. Ular hozir boramiz deyishdi.
Go‘yoki melisa garajga undan oldin yetib keladigandek hovliqib chiqib ketdi. Baribir salkam ikki soatdan keyin yetib kelishdi. Garajga avval melisa itini kiritishdi. It darrov qaytib chiqdi. Kapitan garaj ichiga kirib, it hid ololmaydi, yerga benzin to‘kib ketibdi yaramas, dedi. GAI xodimi, qulflarni tekshirib ko‘rdi. Bittasi juda antiqa qulf ekan, hayron qoldi.
Qosimjon bu qulfni Sochida bir dengizchidan sotib olganini aytdi. Mamlakatimizda boshqa bunaqa qulf yo‘q.
Anzirat ham gapga aralashdi:
— Bunaqa qulf bittaydilar. Kalitlari ham bittalar.
— Baraka topkur, singlim, birpas jovramay turing. Miyam achib ketdi, — dedi melisa mayori.
U shunday deb Qosimjondan moshinaning rangi qanaqaligini, biron joyi qirilganmi, pachoq bo‘lganmi, umuman, biron yerida belgisi bormidi, deb so‘radi. Qosimjonning javoblarini daftariga yozib oldi.
— Endi bunday qilamiz, manavi uchala qulfni olib ketib, ekspertizadan o‘tkazamiz. Uch kundan keyin melisaga borib uchraysiz, — dedi mayor.
Yonboshida qizil jiyagi bor moshin jo‘nab ketdi. Qosimjon garaj darvozasidagi uchta ilgakni sim bilan bog‘lab, afsus-nadomatlar bilan uyga qaytdi.
Oyoq tovushini eshitgan Gebbels eshik tomon hura boshladi. Eshik qulfida kalit tiqirlaganida, bezovtalanib akilladi. Eshik ochildi. Gebbels dumini likillatib Qosimjonning tuflilarini yaladi. Anziratning atrofida gir-gir aylandi. Qosimjon uning bo‘yinlarini ma’yus siladi.
Qosimjon kecha xotinining gapiga kirib itni garajga kiritib qo‘yganda bunchalik ko‘rgiliklar bo‘lmasdi. Ayb o‘zida bo‘lganidan Qosimjon xotinining ko‘ziga qarayolmasdi. Nima bo‘ldi? Yap-yangi moshin edi. Uni yayrabgina minmagan ham.
Dam olish kuni Hasan-Husanlarni maktab-internatdan opkelib dalalarga opchiqib o‘ynatmoqchi edi. Shuncha pullik narsa bir kechada yo‘q bo‘ldi-qo‘ydi.
— Xotin, — dedi u, — o‘zimiz bilan o‘zimiz ovora bo‘lib Gebbels bechoraga ovqat ham bermapmiz.Tovog‘iga bir nima solib qo‘y, yeb olsin.
— Tashvish tortmang, itimiz ovqat yeganlar. Bir kosa sutga non bo‘ktirib berganman.
— Bo‘lmasa men birrov ishxonamga borib kelay. Sen uyda o‘tiratur. Qolgan-qutgan narsalarimizni ham o‘g‘ri shilib ketmasin.
— Hoy, shoshmang. Menam ishga borib kelaman. Tashvish qilmang. Uyda it borlar.
— Taqinchoqlaringni ehtiyot qil. Ko‘r hassasini bir marta yo‘qotadi. Mahallaga o‘g‘ri oralapti. Taqinchoqlaringni ham boplab ketishmasin. O’g‘ri bir marta kirgan uyiga ikkinchi qaytib kirmaydi, degan gapga ishonma. O’g‘rida insof nima qiladi.
Anzirat tortmadan tilla bilakuzuklarini, marvaridlarini, ziragu uzuklarini shoshib oldi-da, stulga qo‘ydi. Hammasi joyida. U taqinchoqlarini ro‘molchaga tugib javon ustidagi samovarning ichiga solib qo‘ydi.
Endi bu narsalarini odam tugul qush ham topolmaydi, deb qo‘ydi.
Ikkovi ishga jo‘nab ketisharkan, Qosimjon ularni kuzatgani yo‘lakka chiqqan Gebbelsning boshini siladi.
— Xo‘jayin, endi buyog‘i o‘zingizga qoldi. Hushyor bo‘lasiz-da, — dedi.
— Ovqatingizni tovoqqa solib qo‘yganman, — dedi Anzirat. — Bo‘kmasdan yeng.
It hamma gapga tushungandek bosh egib turaverdi. Ana shundan keyin er-xotin janozaga ketayotgandek g‘amgin bir alpozda chiqib ketishdi.
Oradan yarim soatcha vaqt o‘tdi. Gebbels balkonda yotibdi. Uning o‘ychan ko‘zlari nima ishlar qilsam bo‘larkin, degan ma’noni anglatardi, pastdan hindcha qo‘shiq eshitildi:
— Ovaraxu... Ovaraxu...
It yugura solib bir sakrab javon ustiga chiqdi. Samovarni tutqichidan tishlab yotqizdi, tugunchani oldi. Tishlab gilam to‘shalgan polga sakradi. Ko‘chada Farmon uni kutib turardi. Gebbels tugunchani otdi, u ilib oldi.
Bugun Qosimjonning bormagan joyi qolmadi. Shahar melisasi boshlig‘iga uchrashdi, prokurorga bordi. Bir yurist o‘rtog‘inikiga borib maslahat soldi.Shahar hokimining qabulxonasida ikki soat o‘tirib, kirolmadi. Horib-charchab qaytib kelayotganida tog‘asi uchrab qoldi.
Qosimjon moshin olayotganda to‘rt ming so‘m puli yetmay tog‘asidan qarz olgan edi. Atayin qilgandek, tog‘asi qizini chiqazadigan bo‘lib qopti. Pulini qistadi. Qosimjonning rangi bo‘zga o‘xshab oqarib ketdi. Xo‘p, xo‘p, ertaga yetkazaman, deb xayrlashdi.
Charchab, qorni ochib, uyga kelsa, xotini ovqat qilmapti. Ishxonasidagi bufetdan o‘nta pirojki olib kelgan ekan, oldiga qo‘ydi.
— Gebbelsga berdingmi? — deb so‘radi Anziratdan.
— To‘rttasini yeb oldilar, — dedi u bir itga, bir eriga qarab.
Qosimjon tog‘asining pul qistayotganini xotiniga qandoq qilib aytadi! U lablarini qog‘oz sochiq bilan artarkan, xotiniga yonimga o‘tir, dedi.
— Menga qara, tog‘am qizini chiqazadigan bo‘lib qopti. Shunga...
Uning gapi og‘zida qoldi. Anzirat sakrab turib ketdi. U yoqdan-bu yoqqa yurarkan, voy o‘lay, voy o‘lay, deb jovrardi.
— Menga qara, hovliqma, odamning boshiga bundan ham og‘ir mushkullar tushishi mumkin. Bizga nima bo‘pti. Kuch-quvvatimiz bor, ishlab topamiz. Senga «Jiguli» ekan-ku, «Volga» olib beraman. Uch foizlik zayomimiz bor edi. Shuni opchiq.
— Sotasizmi?— dedi xotini.
— Boshqa iloji yo‘q. Jami besh ming so‘mli zayomimiz bo‘lishi kerak. To‘rt mingini berib qarzdan uzilamiz. Hasan-Husanlar tug‘ilganda tog‘am sakkiz yuz so‘mlik gilam sovg‘a qilgan edilar. Hozir o‘sha gilamlar uch yarim ming so‘mdan sotilyapti. Biz o‘sha qolgan ming so‘mni to‘yonaga qaytaramiz.
— Ikki qo‘limizni burnimizga tiqib qolaveramizmi? Xonavayron bo‘ldik-ku.
— Hovliqma, o‘zingni bos! O’limdan boshqasining chorasi topiladi. Ishqilib, o‘lim bo‘lmasin. Qo‘shaloq o‘g‘lonlarimiz omon bo‘lishsin. Opchiq o‘sha zayomlarni.
Xotin bir dasta zayomni o‘lik ko‘targandek motamsaro yurib olib chiqdi. Qosimjon sanab, stul chetiga qo‘ydi.
— Yutuq-putuq chiqmaganmidi? — deb so‘radi u yutuq chiqmaganini bilsa ham ehtiyot shartdan.
— E, o‘lsinlar, o‘n bir yildan beri bir tiyin ham chiqmaydilar.
— Oborib telefon tagiga bostirib qo‘y. Tong otmay olib borishim kerak. Erta azonda qo‘y bozoriga boraman, deyayotgan edi.
Anzirat zayomlarni gazetaga o‘rab, telefon tagiga bostirib qo‘ydi.
Ikkovi nihoyatda charchashgan edi. Yotishdiyu uxlab qolishdi. Gebbels tiq etsa boshini ko‘tarib, nimanidir kutib yotardi. Nihoyat tun yarmida pastdan hindcha qo‘shiq eshitildi:
— Ovaraxu... Ovaraxu...
Gebbels o‘rnidan turib telefon tomonga qarab yurdi...
Qosimjon bilan Anziratning ertalabki ahvolini tasvirlaydigan mashinkamning harflari sinib ketsa bo‘lmaydimi? Bu voqea yozilgan qog‘ozlarim yonib ketsa bo‘lmaydimi!
Anziratning «Gebbelsginam, zayomlardan ham ayrilib qoldik», — deb yig‘layotganini qandoq tasvirlash mumkin? Bu satrlarni o‘qiyotgan kitobxonning yuragi bardosh berarmikan?
Qistamang, qistamang, aziz o‘quvchim! Bu yog‘i nima bo‘ldi, deb so‘ramang. Qo‘limni kesib tashlasangiz ham, qalamimni sindirib tashlasangiz ham yozolmayman.
Bu manzarani hatto Firdavsiy ham, Navoiy bilan Tolstoy ham tasvirlayolmaydi!
Qistamang. Men bir ojiz yozuvchingizman, xolos.
Abdulla Qodiriy tirilib kelsa-yu, shu hikoyamni o‘qisa, yo peshonamdan o‘padi, yo orqamga bir tepadi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.