Terimga tayyorgarlikning borishi haqida Hodnvoy rais axborot berar ekan, pastdan luqma tashlab gapini gapiga qovushtirishmadi.
— «Hoy Hodi, sensiz tayyorgarlikni ko‘rib qo‘yganmiz. Yaxshisi, kurortda qanaqa dam olganingni gapirnb qo‘ya qol»!
Rais, «gapiraymi-yo‘qmi, birpas xap tursanglar-chi», degandek qilib zalga qoshini kerib, yelkasini kisib qaradi.
— Pilla xususida til qisiqlik joyim yo‘q. Planni bir yuz o‘n, bir yuz o‘n bir protsent qilib qo‘yganman. Paxtani ham bir yuz o‘n bir bo‘lmasa ham yuzdan oshiri-shim turgan gap. Rayondagi kattalarga shunaqa deb va’da berganman. Chorvam yomon emas. Har sigirdan yetti yuz litrdan sog‘ib olsak...
Raisning gapi og‘zida qoldi. O’rta qatorda o‘tirgan oybolta soqolli kishi luqma tashladi:
— Uni undoq bajardim, buni bundoq bajardim, deyapsan. Qoyilmiz. Nega endi sut masalasiga kelganda «muncha sog‘ib olsak» deysan? Uni ham sog‘ib olsam deya qol!
Raisning jon-poni chiqib ketdi.
— Usta, askiyani choyxonaga chiqib qilasiz. Bu majlis. Gapingiz bo‘lsa, panada sasimay, manavi yoqqa chiqib gapiring!
— Shunaqami? Majlischasiga gaplashaymi? Menga so‘z beringlar!
Usta yelkasiga tashlab olgan chorsisini beliga sirib bog‘lab, minbarga chiqdi.
— Hodivoy, achchig‘ing chiqmasin-ku, anchadan beri gapingdan latta hidi keladigan bo‘lib qolgan. Endi sen aytadigan gapingni dilingda puxtalab tur. Qizishib ketsang, mendan keyin yana so‘z olasan.
Usta majlis ahliga qarab birpas o‘ylanib turdi-da, gapira ketdi:
— Yigirma uch yildan beri kolxozga a’zo bo‘lib birinchi marta davraga chiqib gapirishim. Gapim majlisning gapiga o‘xshamasa aybga buyurmaysizlar. Xo‘sh desan-giz, mana shu raisimiz Hodivoy bilan bolalikdan tepkilashib o‘sganmiz. Bir otinoyida o‘qiganmiz. Ammo Hodi bolaligida ham sal g‘o‘dayganroq edi. Shuning uchun ham o‘rtoqlarimiz uni Hodivoy otiga moslab «Xodavoy» deb atashardi. Shu otinoyining To‘xtaxon degan kekirtagidan oqma qizi bo‘lguvchi edi. Kimki uni opichib yursa, o‘qishdan ozod bo‘lar edi. Hodivoy har kuni uyidan yong‘oq, turshak olib kelib hammadan oldin To‘xtaxonni opichib olardi-yu, kechgacha maza kilib yo‘q bo‘lib ketar edi. Hodivoy taxtadan haftiyakka o‘tibdiyamki, yelkasidan To‘xtaxon tushmadi.
Pastdan, kerakli gaplardan ayting, odamlarning vaqtini bekorga olmang, degan ovoz chiqdi.
— Shoshilmanglar. Berdisini aytguncha sabr qilinglar. Bu Hodivoyning bolaligidagi shaytonligidan bir hikoya, xolos. Endi hozirgisini aytamiz. U to rais bo‘lguncha selsovetning o‘g‘lini opichib yurardi. Ispolkomning qaynisi o‘g‘il to‘yi qilganda to‘y bolani opichib gulxan atrofidan aylantirgan ham shu Hodivoy edi.
Zalda g‘ovur-g‘ovur, gap boshlandi. Ustaning gaplaridan ensasi qotib o‘tirgan Hodivoy rais «shaxsiyatga tegilmasin» deb qo‘ydi.
— Xo‘p, jonim bilan, — dedi Usta ko‘lini ko‘ksiga qo‘yib, — endi kolxozdagi ishlari haqida gapiraman. Hodivoy, pilla planini bir yuz o‘n bir protsent qildim, deydi. Zinhor qildim, demasin, qildik desin. Planni to‘ldirganlar boshqa. Plan mana shu bir yuz o‘n bir protsent bo‘lguncha, yigitlarimizning peshonasi yuz o‘n bittadan g‘urra bo‘ldi. Sabab, rais supradagi unga qara-may, tandirga o‘t qalaydigan xilidan. Kolxoz yerini durbin bilan qidirsang ham tut daraxtidan nishon topmaysan. Akam orqa-o‘nglariga qaramay, qurt urug‘iga zo‘r beradilar. Qurt dahaga kirdimi, kolxoz aravasi ketma-ket shaharga g‘irillaydi.
Mahallama-mahalla izg‘ib, o‘sma ketdi, surma ketdi deb yuradigan chorbozorchiga o‘xshab birovlarning tutini kesib yuradi. Kestirishga birov unaydi, birov unamaydi.
Ana bir yil kestiradi, ikki yil kestiradi. Nainki o‘n yildan beri ahvolimiz shu bo‘lsa! Bu yil erta ko‘klamda qanaqa hangomalar bo‘ldiki, barg kesib kelgan davangi-dek yigitlarning ko‘pi shaharlik xotinlardan kaltak yeb, chakkasini g‘urra qilib kelishdi. Insof ham kerak-da! Shu o‘n yil ichida ko‘chat o‘tqazganimizda bilasizmi, qanaqa katta tutzor bo‘lardi? Gapirganmiz. Quloq solmagan. Shaharda marjondek oppoq bo‘lib turgan tutini kestirib ko‘yadigan anoyilar bor-da! Endi yana bitta gap: o‘tgan yili paxtani qoyil qildim, deding. Hodi, minba’d munday dema! Qoyil qildik, degin. Ekkanlar ham, terganlar ham boshqa. Sen chigit ekkanimizda jag‘ingga tilla tish qo‘ydirgani Marg‘ilonga ketgan eding. Avji g‘o‘za parvarishi vaqtida qaytib kelding. Dalaga chiqmay, bir-ikki hafta uyingda qaynatma sho‘rva ichib yotding. G’o‘zani ko‘ndalangiga ishlayotgan universalchini yoningga olib «Volga» olgani Toshkentga ketding. «Volga»ga tushib yo‘l-yo‘lakay Shohimardonmi, Pochchaotami rosa aylanib kelding. Ko‘zingni och, bu yil munaqasi ketmaydi. Kuzda hasharchini paxtaga yo‘latmaymiz. Mashinada o‘zimiz teramiz. Terim mashinasi desa, qiyshanglaydigan bo‘lib qolibsan, bu qiliq qayoqdan chiqdi? Egningdagi poson kostyuming agar qo‘lda tepchib tikilgan bo‘lsa kiyarmiding? Mashina zotidan avtomobil bilan telefondan boshqasini tan olmay qolibsan. Ho‘v, ko‘zingni och, bola. Bu yil ham kurortni kanda qilmading-a! Endi damingni olgan bo‘lsang, dalaga chiq. Ustaxonaga kir, xirmonlarni ko‘r! Bulturgiga o‘xshab komissiyaga narigi kolxozning gurillab kishnab turgan mashinalarini meniki deb ko‘rsatib yurma! Bo‘ldi endi lo‘ttilik! Gapim tamom! Shaxsiyatingga tekkan bo‘lsam, xafa bo‘lsang ham, bo‘lmasang ham o‘zing bilasan! Hodivoy otingni Xodavoy deganimga tavba qildim.
Ustaning gapi qiyqiriq, chapak bilan tugadi. Rais bir qizarib, bir bo‘zardi.
So‘zga chiqmoqchi bo‘lib qo‘l ko‘targanlarning soni ko‘payib ketdi. Majlis raisi: «Buxgalter Qoraboev so‘zga tayyorlansin» deb, 15 minut tanaffus e’lon qildi.
Ertasiga kolxoz samovarida latifaga o‘xshash bir gap bo‘ldi.
Hodivoy raislikdan olinishiga ko‘zi yetgandan keyin pravlenie a’zolariga bir shart qo‘ygan emish: «Raislikka o‘rganib qolganman. Mashinani, pechatni olmasanglar raislikdan tushaman, bo‘lmasa, ko‘z oldilaringda pechatni liq etib yutib yuboraman».
Uning bu shartiga Usta aka chiston qilib javob beribdi:
— Mayli, yutsang yutvora qol. Kolxoz pechatini huda-behudaga bosa berib siyqa qilib, xatlarini o‘qib bo‘lmaydigan qilib yuborgan ekansan. Boshqasini yasatib olamiz. Ammo-lekin ko‘z oldimizda yutasan.
Hodivoy pechatni yutib yubordimi, yo‘qmi, uni hech kim bilmaydi. Ammo raisliqdan olingani rost. U har kuni samovarga chiqib, oldiga bir choynak ko‘k choyni qo‘yib, hadeb yangi raisni chalpiydi.
— Rais bo‘lib, mashinada kerilib o‘tirishni bilmasa, pechat deganni avval og‘izning hovuri bilan namlab, keyin bosishni bilmasa, podpisi ham ko‘rimsiz, qizil qalam turganda ko‘k siyohga balo bormi?
Said Ahmad. Hodivoy (hajviya)
1959 yil.