OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Said Ahmad. Janoza (hajviya)

Zokirjon madaniyat uyining mudiriga uchrashdi.
— Uka, kechasi kinodan chiqadiganlar ariqqa tushib ketishyapti. Ko‘prik qurdirib qo‘ysangiz bo‘lmaydimi?
— Xo‘p bo‘ladi.
Mudir xo‘p bo‘ladi, deb qo‘ydi-yu, ko‘prikni qurmadi. Zokirjon yana uchrashdi.
— Uka, ko‘prikni qurmadingiz-ku. Arzimagan narsa, ikkita taxta-yu, to‘rtta qoziq bilan bo‘ladigan gap.
— Bo‘pti, boplaymiz.
— Gapingizga ishonmay qo‘ydim.
— Uch kunda bo‘ladi.
— Rostmi?
— Obbo, ishonmas ekansiz-da, agar o‘lib qolmasam, uch kunda bitadi, eshityapsizmi, o‘lib qolmasam. Vsyo!
Shu gapga ham o‘n kun bo‘ldi. Ammo mudir ko‘prikni qurmadi. Zokirjon uni qidirib borgan edi, topolmadi. Hayron bo‘lib chiqib kelayotganda Salimjon degan muxbir oshnasini uchratib qoldi.
— Ha, Zokirjon, nima qilib yuribsiz? Qayoqdan kelyapsiz?
— E, uka, boshimizga kulfat tushib qoldi. Madaniyat uyining mudiri o‘lib qoldi. Janozadan kelyapman.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.