Bir shoir (hozir Xalq shoiri unvonini olgan) Shayxzoda domladan 200 so‘m pul qarz olib, bermay qochib yurgandi.
Domla puldan ko‘ngil uzolmay yurardi. Bir kuni u Turob To‘la bilan uchrashib qoldi.
— Bir ish bor, shoir afandim. Agar eplasangiz, osongina 150 so‘m ishlab olasiz. Bir shogirdimiz mendan 200 so‘m pul qarz olgan. Shu qarzni sizga 50 so‘mga sotaman, olasizmi?
— Insof qiling, Shayx aka, — dedi Turob to‘la. — Mirtemir domla o‘sha shoirga qarz bergan 500 so‘m pulni menga uch so‘mga sotdilar. Agar xo‘p desangiz, o‘sha ikki yuz so‘mingizga ikki so‘m beray. Undirolmasam nakd ikki so‘mga kuyib qolishim mumkin.
Shayxzoda o‘ylanib turib qo‘lini siltadi.
— Bo‘pti. Unmaydigan 198 so‘mdan naqd ikki so‘m yaxshi. Bugun o‘ng yonboshim bilan turgan ekanman, ikki qadam bosmasimdan ikki so‘m ishladim. Qani, chiqazing, shoir. Bir pachka «Kazbek» tekinga tushdi!