Kampir samovar qo‘yaman deb hovliga chiqsa, nog‘ora tovushi eshitilgandek bo‘ldi. Beixtiyor osmonga qaradi.
Chorbog‘ etagidagi oq terak uchida hurpaygan savat uyada laylak turibdi, u oftob chiqayotgan tarafga qarab, tomog‘ini taqillatyapti.
— Ha, jonivor, keldingmi? — dedi kampir. Kampir birdan bo‘shashib ketdi. Qanday qilib choy damlaganini, nevarasining loy bo‘lib ketgan shimini qanday cho‘tkalaganini bilmaydi. Uning xayoli juda uzoqlarga ketib qolgan. Nevarasi portfelini ko‘tarib chiqib ketganda ham har kungidek orqasidan ostonagacha bormadi, u daraxtzor oralab maktab tomonga ketguncha kuzatib qolmadi. Ayvon dahaniga bedarmon cho‘kkanicha qimirlamay o‘tirib qoldi.
Laylak hamon mungli nog‘orasini taraqlatadi.
Kampir bu laylakni tanirdi. Laylak ham unga o‘xshash yolg‘iz. Juftini qor quyunlari orasida yo‘qotgan. Ikki alamzada, ikki hijronzada bir haftacha mana shu uyda dardlashishgan. Birga yig‘lashgan...
...Urushning oxirgi yili, erta ko‘klam edi. Xdli bahor kelmay, kunlar isib ketgan, dov-daraxt bemahal kurtak ochib qo‘ygan, dehqon bir tomchi yomg‘irga zor kunlar.
Laylak keldi.
Laylak qanotida ko‘klam olib keladi, deyishardi. Uning bemahal nog‘orasi ko‘klam kelganiga odamlarni ishontirib qo‘ygandi.
O‘sha kezlari Umrixon huvillab qolgan uy ostonasida o‘tirib goh yig‘lardi, goh olisda jon olib, jon berayotgan o‘g‘lining, erining duoi jonini qilardi.
Laylak kelgan kunning ertasi kechga borib, havo aynidi. Umrixon bir kun avval sandalni yig‘ib tashlagan, hovlidagi o‘choqni suvab, ayvonga joy qilgandi. Kech payti qo‘zg‘algan izg‘irin uni yana uyga haydadi.
Tashqarida izg‘irin uvillaydi, daraxt novdalarini ayqash-uyqash qilib, ochiq qolgan eshikni g‘ichirlatadi.
Izg‘irin qor boshlab keldi. Sal o‘tmay tom-toshlar oqardi.
U yettinchi chiroqni oldiga qo‘yib, erining to‘nini yelkasiga tashlaganicha qunushib o‘tirardi. Eshik g‘ichirladi. Avvaliga u shamol eshikni ochgandir, deb o‘yladi. Keyin beixtiyor o‘girildi.
Yarim ochiq eshikdan laylakning boshi ko‘rindi. Umrixon nimaligini bilmay seskandi. Qimirlamay, tikilgancha turaverdi.
Shamol eshikdan qor uchirib kirdi. Laylak cho‘chib uy ichkarisiga qochdi, lapanglaganicha uy burchagiga borib qunuqib oldi. Umrixon hayron edi. U ham laylakdek qimirlamay o‘tiraverdi. Ammo tashqarida shamol har xuruj qilganda, har gal qor eshikdan yopirilib kirganda laylak joyidan nari surilar, ko‘zlari besaranjom bo‘lardi.
Umrixon o‘rnidan turib, eshikni zichlab berkitib keldi. Yelkasidagi choponini uning ustiga yopmoqchi edi, laylak yotsirab o‘rnidan turib ketdi.
— Qo‘rqma, jonivor, qo‘rqma. Sovqotibsan, kel, isitib qo‘yay. — Laylak taxmon tagiga borib, burchakka suqilib oldi. Umrixon uning ustiga chopon yopdi. Yelkada ancha ilib qolgan chopon issig‘i unga xush yoqdi shekilli, bo‘ynini, iyagini ko‘rpacha ustiga uzunasi qo‘yib, ko‘zlarini mo‘ltiratganicha yotaverdi.
Umrixon ham joyiga borib o‘tirdi. U tizzasini quchoqlaganicha unga tikilarkan, bir necha daqiqada dunyoni xayolan kezib chiqdi. Urush bo‘layotgan joylarga bordi. Olovlar ichiga kirdi. O‘g‘lini ham, erini ham topolmadi. Nazarida, u ham shu laylakdek mungli, kimsasizdek bo‘lib qoldi.
Yog‘i tugab, piligi so‘xta bo‘lgan chiroq asta-asta xiralashib, bir po‘p etdiyu o‘chdi.
Umrixon qorong‘ida timirskilanib joy soldi, yana alla-pallagacha u yonboshidan-bu yonboshiga ag‘darilib yotdi.
Ertalab ko‘zini ochsa, deraza oynalari qirov boylabdi. Laylak hamon qimirlamay iyagini ko‘rpachaga qo‘yganicha ko‘zlarini javdiratib yotibdi.
Umrixon tashqariga chiqdi. Qor tingan.
Hammayoq oppoq. Kurtak yozib qolgan tol novdalari egilib yerga tegay deb turipti. O‘rik shoxidan ayvon ustuniga tortilgan kir arqoni yo‘g‘onlashib ketibdi. Obdastada qolgan suv muzlabdi.
Birdan Umrixonning ko‘zi qordagi izlarga tushdi. Kimningdir tovug‘i hovlida tong otguncha kezibdi. Qorda aylanma izlar, goh sudralgan, goh yurgan.
Iz oxiri Umrixon kecha suvagan va o‘t yoqib suv qaynatgan o‘choq oldiga borib to‘xtagan.
Umrixon o‘choq oldiga bordi. Qarasa, bir laylak o‘choqdan boshini chiqazib qotib qopti.
U bu sirning ma’nosiga yetdi. Bu uydagi laylakning jufti. Kecha savat uyada ikkovlashib ko‘klamni chaqirishayotgan edi. Sovuq izg‘irin uyalaridan quvgan. Qorong‘ida bir-birini yo‘qotganlar.
Qushlar juda sezgir jonivor bo‘ladi. Juftining shu hovliga kirgan izini sezgan-u, sovukda karaxt bo‘lib izini yo‘qotgan. Kechasi bilan boshpana, issiq joy qidirib, qor kechgan. Oxiri, hali kunduzgi o‘tning tafti ketmagan o‘choqqa bosh suqib, shu joyda muzlab qolgan...
Umrixon beixtiyor terak uchiga qaradi. Savat uya ham qorda hurpayib qopti. U o‘ylab o‘tirmay oshxonadan ketmonni oldiyu laylakning murdasini avaylab ko‘targanicha chorboqqa kirdi. Devor tagini kovlab, muzlagan laylak ustiga tuproq totdi. Keyin ezilib, ko‘zlari namli, motamsaro bir holda uyga kirdi.
Laylak hamon joyidan qimirlamasdi. Eshik ochilganda u boshini ko‘tarib, umid bilan yalt etib qaradi. Kim biladi, u juftini kutayotgandir.
To qor erib, yana kunlar isib ketguncha Umrixon unga andarmon bo‘lib turdi. Shu orada Umrixonning boshiga qora kun tushdi. Pochtachi eshik qoqdi. Uning betiga qaramay xat berdiyu shoshgancha ketdi. Qoraxat. Umrixon urushda shahid bo‘lganlar uyiga kelgan qoraxatlarni ko‘raverib qanaqaligini bilib qolgan edi. Birpasda ko‘z oldi qorong‘ilashdi-yu, ostonaga o‘tirib qoldi. Xayoliga hech narsa kelmas, o‘zi esa hech narsani ko‘rmas edi.
Shu ko‘yi u qancha o‘tirganini bilmadi. Bir mahal xotirasi o‘rniga kelganday bo‘ldiyu dod deb yubordi.
Kimdan, qaysi biridan, o‘g‘lidanmi, eridanmi?
O‘qdek otilib o‘rnidan turdi. Ro‘moli o‘tirgan joyida qoldi. U to‘xtamay yugurardi. Yugurganida sochlari to‘zg‘ib ketdi. Yo‘lda uchragan odamlar uning ahvolini ko‘rib to‘xtatishar, orqasidan qarab qolishardi. Oxiri u pochtachini quvib yetdi. Yelkasiga osilib, ko‘ylagini yirtib yubordi. U negadir bu shum xabarni mana shu odam olib kelgan deb o‘ylardi. Shu topda u faqat shuni bilardi: iochtachi yo erini, yo o‘g‘lini o‘ldirgan.
Odam to‘plandi. Ular pochtachini Umrixonning changalidan ajratib olishdi. Xotinlar Umrixonni suyab, uyiga olib kelib qo‘yishdi. Shu kuni u eridan judo bo‘lgan edi.
Uyning bir burchida laylak, bir burchida Umrixon qimirlamay o‘tirishardi. Umr bo‘yi shu alfozda o‘tirib bo‘lmaydi-ku. Umr bo‘yi ko‘zyosh to‘kib bo‘lmaydi-ku! Shu alfozda bir umr o‘tiraversa, shol bo‘ladi, shu alfozda tinmay ko‘zyosh to‘kaversa, odam bolasi ko‘r bo‘ladi-ku!..
Oftob charaqlab ketdi. Umrixon ham o‘rnidan turdi. Derazalardan uyga yana ko‘klam shabadasi kirdi.
Bir-biriga o‘rganib qolgan ikki alamzada hovliga chiqishdi. Laylak qanotlarini kerib bir intildiyu beg‘ubor osmonga ko‘tarildi. Umrixon uning terak uchiga qarab intilganini kuzatib turadi. Laylak uyasiga qo‘nmadi, yana qaytdi, chorbog‘ tepasidan, uy tepasidan aylandi, olislarga qarab ketdi, yana qaytdi. U juftini izlardi. Kuni bilan u goh uyaga qo‘nar, goh qanot qoqib allaqaerga qarab uchib ketardi. Kech kirib savat uyada yana uning nog‘orasi taraqladi. Endi u avvalgidek sho‘x kuylamasdi, uning nog‘orasi mungli edi...
Ko‘p o‘tmay shaharlarga o‘t qo‘ygan, odam qonini daryo qilib oqizgan urush tugadi.
Hammayoq chinakam ko‘klam libosida edi o‘sha kun. Tomlarda lolaqizg‘aldoq gulxani yonardi. Bolalarning qo‘li qulupnay suvidan qizil, qizlar qulog‘iga qo‘shaloq gilosdan isirg‘a taqilgan edi.
Qishloq ko‘chalari gavjum. Xonadonlarda ko‘pdan unutilgan patefon tovushi. Kelinchaklarning yuziga rang kirdi.
Umrixonning hovlisidagi ariq bo‘yida ikki tup gul-sapsar ochildi.
Yigitlar kelishyapti.
Terak uchida laylak nog‘ora chaladi. U kimni kutayotganikin? Umrixonning ham bag‘ri to‘ldi. O‘g‘li qaytdi.
Yana bahor keldi. Mana shu bahor Umrixon kelin ko‘rdi. To‘yda kuni bilan chorbog‘ tepasida laylak nog‘ora chaldi.
Ammo Umrixon nevara ko‘rganda ko‘pdan qadrdon bo‘lib qolgan laylak kelmadi. Uyasi huvillab qoldi. Umrixon bo‘sh uyaga ma’yus tikilib, o‘yga toldi. Kim biladi, laylak qaydadir hijron dardida olamdan o‘tgandir. Shu-da, qachondir o‘lmoq bor. Ammo hijron dardida o‘lib ketishni o‘ylasang, dunyo ko‘zingga qorong‘i bo‘lib ketadi. Yaxshiyam zuryod bor. Ana shular baxti uchun yashaging keladi. Ayni shular ilinji odamzodni, butun jondorni yashashga chaqiradi.
Hademay huvillab qolgan uyaga ikki laylakcha keldi. Kim biladi, ular balki o‘sha laylakning bolalaridir. Harqalay, uya bo‘shab qolgani yo‘q-ku!
Yillar o‘tib ketdi. Hamma narsani Umrixon unutdi. Nevarasining sho‘xligi uydan hijron alamlarini quvib chiqardi. Bolaning yigit bo‘lishini, safga qo‘shilishini kutib entikadi. Ayniqsa, kunduzlari uyga bola to‘lib ketadi. Ularning shovqini, kulgusi, gap-so‘zlari Umrixonning yuzlaridagi ajinlarini yozib yuborgandek bo‘ladi.
Tezroq nevaraginamning to‘yini ko‘rsam, deydi. Yashagisi keladi.
Ammo har bahor laylak kelganda, chorbog‘ tepasida uning nog‘orasini eshitganda yuragi ezilib ketadi. Bu tovush unga eridan kelgan qoraxatni, yarim qorong‘i uyda ikki hijronzadaning tovushsiz yig‘lagan kunlarini eslatib qo‘yadi.
Bugun yana laylak keldi. U qanotida ko‘klam olib keldi. Ko‘cha tarafdan maktabga o‘tayotgan bolalarning tovushi eshitilyapti. «Laylak keldi, yoz bo‘ldi...» Bu nevarasining ovozi. Bu ovoz olamdagi barcha tovushlarni bosib ketgandek bo‘ldi. Go‘yo butun dunyodagi odam bolasi tomga chiqib, shu bolaning sevinch to‘la tovushiga quloq solayotgandek...
Said Ahmad. Laylak keldi (hikoya)
1969 yil.