Bir poshsho mushugini silab, taxtda mudrab o‘tirgan edi. Narigi poshshodan bazmga taklif qog‘ozi keldi. Poshsho shosha-pisha boshiga toj kiyib, sovg‘asini qo‘ltiqlab yo‘lga tushdi.
Bazm chinakamiga shohona bo‘ldi. Saroyni aytmaysizmi, hashamlari ko‘zni olaman, deydi. Dasturxonda dunyoning jami burchidan olib kelingan noz-ne’matlar bor. Poshsho oyog‘iga nimadir suykalayotganini sezdi. Engashib stol tagiga qarasa, mushugi. Jonivor poshshoga ergashib, izma-iz kelgan ekan. Poshsho birov sezmasin deb ikki etigini juftlab mushukni beozor qisib o‘tiraverdi.
Qaytishda poshsho mushugidan so‘radi.
— Ziyofat zo‘r bo‘ldi-a. Men poshsho bo‘laturib bunaqa mevalarni ko‘rmagandim. Qalay, bazm senga yoqdimi?
Mushuk bosh chayqadi.
— Menga yoqmadi. Shundoq katta saroyda bitta ham sichqon yo‘k ekan.
Qissadan hissa:
Adabiyotimizdan sichqon qidiradiganlar ko‘payib ketmadimikin?
__________
* Gurba — mushuk.
Said Ahmad. Masali gurba (hajviya)
MASALI GURBA*