Ne’mat Boboev bilan bir hovlida turamiz. U yoshlikdan tepkilashib katta bo‘lgan og‘aynim bo‘ladi. Chilonzordan uy olganimizda ham ikkovimiz bir joyga tushib qolganmiz. U uchinchi qavatda, men ikkinchi qavatdaman. Kechqurunlari hovlida domino o‘ynaymiz. Termosda choy damlab tushib rosa choyxo‘rlik qilamiz. Ne’mat qurmagur juda odamjon narsa. Har gapiga maqol, matal qo‘shib gapiradi. U shundoq mehribon, shundoq mehribon...
Mana shu eng yaqin og‘aynim bir kun pastga pijama kiyib bir qo‘lida termos, bir qo‘lida piyola bilan tushdi.
— Qalay, ishlar joyidami? — dedim kursidan unga joy ko‘rsatib.
— Aslida yuztadan otib tashlasak ham bo‘ladigan.
Uning gapiga tushunolmay hayron bo‘lib turgan edim, o‘zi yorila qoldi.
— Sababi shuki, bugun ministrlikdan buyruq oldim. Ya’ni sizlarning zavodlaringa direktor bo‘ldim.
Haqiqatan ham bunaqa yangilik uchun yuzta emas, ikki yuztadan otsak ham bemalol bo‘laveradi. Ammo biz bunaqa qilmadik. Men do‘stimni astoydil tabrikladim. To‘g‘risi, ilgarigi direktorimiz sal qo‘poldo‘zroq edi. Men necha yildan beri zavodda injener bo‘lsam unga bironta taklifimni o‘tkazolgan emasman. Bu to‘g‘rida Ne’matga ko‘p gapirganman. Ne’mat bu gaplarni eshitganda kuyib yonib ketardi. Direktorimizni byurokrat, laqma, printsipi yo‘q, qo‘pol va yana allanimalar deb so‘kardi. Uning direktor bo‘lib kelishiga suyinganimning sababi ham shu-da! Har qalay u tushungan odam. Ixtiroimdan xabardor. Chertyojimning ko‘p joylarini o‘zi bilan maslahatlashganman. U doimo: «Agar shu ixtiro amalga oshsa, zavod yiliga kamida ikki yuz ming iqtisod qiladi» deb meni ishontirardi. Mana, Ne’matning o‘zi direktor. Ura!..
Ertalab ishga u vaqtli ketib qolgan ekan. Qo‘shnilarning aytishiga qaraganda u havo rang «Volga»da ketibdi. Hay, men ham zavodga yetib keldim.
Smena oxirlashib qolgan edi. Telefonda sekretar qiz meni direktor chaqirayotganini aytib qoldi. Bordim. Eshikni ochib kirishim bilan Ne’mat basharamga qarab:
— Sizda madaniyat degan narsa bormi? — deb qolsa bo‘ladimi.
Hayron bo‘lib eshik bilan uning stoli oralig‘ida to‘xtab qoldim.
— Sekretardan, kirsam mumkinmi, deb so‘rash kerak.
— Jinni bo‘ldingmi, Ne’mat.
— Men sizga Ne’mat emasman, o‘rtoq Babbaev bo‘laman, o‘rtoq Xajjayip.
Muz-muz bo‘lib ketdim. Indamay chiqib ketdim-da, qabulxonadagi divanga hasrat-nadomat bilan o‘tirdim. Bir mahal ustiga charm qoplangan eshik tepasidagi qo‘ng‘iroq jiringladi. Sekretar qiz sochlarini to‘g‘rilab ichkariga kirib ketdi. U qaytib chiqdi-da menga, kiring, dedi. Kirdim.
Boya durustroq qaramagan ekanman, ilgarigi direktorimizda uchta telefon bo‘lguchi edi. Endi beshta bo‘lib qopti. Stoldagi qizil movut dasturxon edi, endi pushti baxmal yopilgan. Ne’mat burchakdagi po‘lat sandiqdan nimanidir olayotgan ekan, menga qaramay kallasini bir tomonga sal tashlab tuflisini g‘irchillatib joyiga kelib o‘tirdi.
Indamadim. O‘zi stol oynasini bir oz chertib o‘tirib gap boshladi.
— O‘rtoq Xajjayip, sizni chaqirtirishimning sababi shuki, biz siz bilan bevosita zavod xo‘jaligiga javobgar kishilarmiz. Ishlab chiqarishni minimumdan maksimumga ko‘tarishda komandirlik qilishimiz lozim.
E, attang, dedim ichimda. Har gapiga maqol, matal qo‘shib gapiradigan, bir og‘iz gapi bilan odamning ichiga kirib ketadigan bola tamom bo‘pti-ku!
— Menga qara, qo‘y bu olifta gaplarni. To‘ppa-to‘g‘ri, odamga o‘xshab gapiraver.
Ne’matning ko‘zlari dum-dumaloq bo‘lib ketdi. Aftidan u rahbar xodim, albatta jiddiy gapirishi shart, kulish, hazil qilish rahbar obro‘sini to‘kadi, deb o‘ylasa kerak, qo‘rqib ketdi. Yana o‘zim gap boshladim.
— Albatta mening chertyojim masalasida chaqirgan bo‘lsang kerak. Shuni endi amalga oshirsak, bo‘lar, a?
Ne’mat ranglari oqarib angrayib turardi. Gapim tamom bo‘lishi bilan boshini sarak-sarak qildi.
— Bu yerdagilar ham, eski direktor ham ikkovimizning o‘rtoq ekanligimizni yaxshi bilishadi. Agar loyihangni amalga oshiradigan bo‘lsam, albatta: o‘z o‘rtog‘ini qo‘llayapti deyishadi. Umuman bu loyiha bizga to‘g‘ri kelmaydi.
— Xo‘sh, nega to‘g‘ri kelmas ekan.
— Birinchidan, bu dastgohni yasash uchun bir necha odam ovora bo‘ladi. Quyuv tsexi ham, yig‘uv tsexi ham planni bajarolmay sudralayotgan ekan, uning ustiga plandan tashqari xonaki qilib sening dastgohingni yuklasak ularga javr bo‘ladi.
— Besh olti kun javr bo‘lgani bilan bu yog‘iga kollektivimizning qo‘lidan og‘ir ishni oladi-ku.
— U keyingi gap. Naqdi kerak bizga. Bor dastgohlarimiz binoyidek kunimizga yarab turipti.
Shunday tutaqib ketdimki, o‘rnimdan turib qolganimni o‘zim bilmabman.
— Hoy, menga qara. O‘zing emasmiding, shu dastgoh bitsa zavod yiliga ikki yuz ming iqtisod qiladi, degan. O‘zing emasmiding, eski direktorni byurokrat, landavur, printsipi yo‘q laqma degan...
Ne’mat qo‘llarini ikki tomonga yozdi.
— Tashqaridan qaraganda hammamiz ham shunaqa deymiz. Javobgarlik bo‘ynimizga tushganda o‘ylab qolamiz.
— O‘z og‘aynisining ishini amalga oshiryapti deyishlaridan qo‘rqaman, deysan. Nima, shaxsiy ishimga qarashyapsanmi. Hamma ham oshna bo‘lsa, butun kollektiv bir og‘ayni bo‘lsa, qandoq yaxshi.
Ne’mat o‘rnidan turib ketdi.
— Bas qiling, o‘rtoq Xajjayip, gap tamom!
— Xo‘p, — dedim — kechirasiz o‘rtoq Babbaev.
Chiqib ketdim.
Qechqurun Ne’mat yana termos ko‘tarib tushdi. Men uning oldiga borib, mumkinmi, o‘tirsam, o‘rtoq Babaev, dedim.
— Otimni aytsang o‘lasanmi. O‘tiraver, — dedi.
— Axir boya zavodda kabinetingda...
Ne’mat iljaydi.
— U zavod, bu ko‘cha, uy. Xo‘sh sog‘liging yaxshimi, g‘alati tarvuz olib keldim, xolodilnikka tiqib qo‘yibman, hozir chiqib qotiramiz.
Yo tavba. Shu yoshga kirib bir umr birga bo‘lgan og‘aynimning qanaqaligini bilmagan ekanman. Shuncha vaqtdan beri odamning jonidek bo‘lgan yigit orqasi stulga tegdi-yu boshqacha bo‘ldi, qo‘ydi-ya.
Shu kecha rosa domino o‘ynadik, men uni yutaverib to‘rt marta stol tagidan emaklatib o‘tkazdim. Peshonasiga echkining suratini yopishtirdim. Hamma o‘yinlarimiz samimiy, beg‘araz o‘tdi. Ammo...
Ammo ertasiga ishga borganimda u yana boshqacha bo‘lib qolibdi. Nuqul o‘rtoq Xajjayip deydi. Otini aytsam chirsillab, o‘rtoq Babbaev degin deb ko‘rsatma beradi.