OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Said Ahmad. Mushtipar (hajviya)

Teskari hikoya

 

Qizim, senga aytaman, 
Kelinim, sen eshit.
Maqol


U ichkuyov edi. Xotini ishga ketganda idish-tovoqlarni yuvib, bolani kiyintirar, kiyimlariga dazmol bosib, hammayoqni orasta qilib qo‘yardi. Bu orada un elab, xamir qorardi, sigir sog‘ib, qatiq ivitardi, qo‘l mashinasini shitirlatib, bolasiga har xil ko‘ylakchalar tikib qo‘yardi.
Kuyovdan yolchigan qaynona uni yalab-yulqardi. To‘y-hashamlarga, lozimandalarga olib borardi. Nima balo bo‘ldi-yu, qaynona-kuyovning oralaridan qora mushuk o‘tib qoldi.
Bola yig‘lasa, qaynona ming‘illaydi, samovarning o‘ti tutasa, qaynota do‘ng‘illaydi.
— Hoy, bolaga qarang, qanaqa ivirsigan kuyovsiz. Onangiz o‘lgur samovar qo‘yishniyam o‘rgatmapti-da. Hozirgi onalarga hayronman, o‘g‘il bola-ku birovning xasmi, hunar o‘rgatsa bo‘lmaydimi? Shuning uchun ham xotinga tekkanda kaltakdan boshi chiqmaydi.
Kuyov yelib-yugurib ish qiladi. Kir yuvib turib ko‘pik yuqi qo‘li bilan qaynonaning oyog‘ini uqalagani chopadi, bodom tuyib dokaga soladi-yu, bolaning og‘ziga tiqadi. Kelin halizamon ishdan kelib, samovarga chiqib ketadi. Ovqatga unnash kerak, kiyimlarini dazmollash kerak. Qaynotasi iftorlikka boradigan, chakmonini cho‘tkalab, kalishini yuvib qo‘yish kerak.
Shunaqa ishlar bilan kuyov hech o‘ziga qarolmaydi. Buning ustiga, qaynonasi qizi kelishi bilan uni chaqadi:
— Singlisi keluvdi, nima berib yuborganini bilmayman. Xumchadagi yog‘ nazarimda kamaygandek. Urug‘lari o‘lgur muncha ko‘p. Xotin deganning topganini tejamagan er ermi.
Er juda siqilib ketdi. Xotini ishdan kelganda ko‘z yoshi qildi:
— Siqilib ketdim, javobimni bering, chiqaman. 
Xotin do‘ng‘illadi:
— Qo‘yadigan erim yo‘q.
— Hech bo‘lmasa, ro‘zg‘orimizni bo‘lak qilib bering.
Xotinga bu gap malol keldi:
— Nomard qiz ona ro‘zg‘orini bo‘lak qiladi. Er topiladi, ona topilmaydi.
Er hurpayib, ikki kun yig‘ladi. Oxiri bolasini ko‘tarib, uydan chiqib ketdi.
Bechora mushtipar er, bolani bag‘riga bosib, yig‘lab-yig‘lab onasinikiga ketyapti.
O’g‘il bola yor-yor bilan uydan chiqib ketdimi, qo‘shgani bilan qo‘shma qarisin ekan, bola ko‘tarib, uyga qaytib kelgulik qilmasin ekan.
Onaga qiyin, qachon tengi chiqadi-yu, qachon uzatadi.
Ammo bitta bolasi bilan qayoqqa ham sig‘ardi?
Ha, nomard xotin!

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.