Agar Jumavoyning bolasi ikkita bo‘lganda bunchalik kuymasmidi. O‘zi odam bo‘lib, yeb ko‘rish u yoqda tursin, yalab ko‘rmagan taomlar bilan boqqan, bobokalonlari izvosh u yoqda tursin, qo‘qon aravaga tusholmay zor qaqshab ketishiga qaramay, «Volga»da allalab katta qilgan, dom otdixlarni ravo ko‘rmay kurortlarga yuborib o‘ynatgan, peshonasidagi shu bittayu-bitta bolasini militsiya qamab qo‘ysa, bunga qandoq qilib chidash mumkin?!
Jumaboyning xotini bo‘lsa, o‘tirgani joy topolmaydi.
— Par yostiq oborsam olarmikin. Bolaginamga mol go‘shti yoqmasdi. U yerda limon choy berisharmikin? Kechasi uyg‘onib sovuq choy so‘raydigan odati bor edi. Voy dod, endi nima bo‘ladi?
Jumavoy xotiniga qarab mo‘ltiraydi. Xotini ikki qo‘lini beliga tirab, unga zug‘im qiladi:
— O‘tiraverasizmi?! Mundoq otalarga o‘xshab harakat qilsangiz-chi!
— O‘ylayapman, chorasini o‘ylayapman. Mahalladan bir xarakteristika olish kerak, maktabiga borib, komsorgdan ham bitta xarakteristika so‘raymiz. yo‘q deyishmas.
Jumavoy shoshib, ko‘chaga chiqib ketdi. Xayriyat mahalla komissiyasining raisi choyxonada domino o‘ynab o‘tirgan ekan. Bo‘lgan gapni shundoq-shundoq bo‘ldi, deb tushuntirdi.
— Yomon urgan ekanmi? — dedi u Jumavoyga qarab.
— Kayfda bo‘lgan gap, shuni ayb demasa ham bo‘lardi. Kaltak yegan odamning burni sal shikast topibdi. Teshigi butun, bemalol nafas olsa bo‘ladi.
— O‘nisi-chi? — dedi mahalla komissiyasi.
— Unisi sal mundog‘roq, bir poy qulog‘i yarmigacha yirtilgan. Doktorlar tikib beradi. Soch o‘stirsa, ko‘rinmay ketadi. Eshitaman desa, bitta quloq bilan ham har qancha gapni eshitsa bo‘ladi.
Komissiya raisi idorani ochib, xarakteristika yozishga tushdi. Jumavoy rais ushlagan ruchka bitta harf yozsa, bitta, ikkita harf yozsa, ikkita, ishqilib izma iz o‘qib boraverdi.
«...mahallada musicha sho‘xlik qilsa qiladiki, Jo‘ravoy sho‘xlik qilmaydi, hech kimning derazasini sindirmagan, hech qaysi to‘yda to‘polon qilmagan, mahallada hamma, bola bo‘lsa Jo‘ravoydek bo‘lsin, deb niyat qiladi...»
Xarakteristika bitdi. Komissiya raisi qog‘ozni Jumaboyga uzatar ekan, ma’noli iljayib qo‘ydi. Jumavoy bunaqa iljayishlarning ma’nisiga yetadi.
— Erkatoy omon-eson qutulib chiqsa, ziyofat boshida o‘zlari turadilar, — deb uni xotirjam qildi.
Er-xotin xalloslab Jo‘ravoy o‘qiydigan texnikumga qarab chopishdi. Xayriyat komsomol komitetining sekretari endi idorasiga kiraman, deb turgan ekan. Unga yalinishdi, yolvorishdi, xullas eritishdi.
— Jon uka, u qilmapti, biz qipmiz. U emas, biz benavot. Shuni bir balo qiling. Bir varaq qog‘ozni bizdan ayamang.
Sekretar hali yosh, umrida unga birovning ishi tushmagan, xomgina yigit ekan, bularning nolasidan yig‘lavoray dedi. Ikki ko‘zida jiqqa yosh bilan qo‘liga ruchkani oldi-yu, yaxshilab xarakteristika yozib berdi.
Tashqariga chiqib, er-xotin mamnun, bir-birlariga qarab olishdi.
— Xotin, endi mundoq qilsak, sen anavu qulog‘i yirtilgan bolaning uyiga borib, ko‘z yoshi qil, da’vosidan kechmaguncha yig‘layver, ko‘z yoshi toshni ham eritadi. Men anavu burni g‘ajilganiga boray, o‘shanisi oyog‘ini tirab turibdi. Ko‘nmasa o‘zini benavot qilamiz.
Er-xotin ikki tomonga ajralishdi.
Oxiri shu bo‘ldiki, ikki kundan keyin Jo‘ravoy chiqib keldi. Shu kuni kechqurun Jumavoy katta ziyofat qildi.
Ziyofatga kelganlar:
1) Odilov Fozil To‘raevich, mahalla komissiyasining raisi, 1913 yilda tug‘ilgan.
2) Qobilov R. D. Texnikum komsorgi, 1943 yilda tug‘ilgan.
3) Ziyoev Rahim Isaevich, uchastkavoy, 1933 yilda tug‘ilgan.
4) Ahrorov Mannop (pasporti yo‘q, tug‘ilgan yili noma’lum, bekor).
Ziyofat juda quyuq bo‘ldi, konyakdan besh shisha, aroqdan ikki shisha ichildi. Jo‘ravoy andak kayf qilib qoldi.
Jo‘ravoydan kaltak yeganlar:
(Yuqoridagi ro‘yxatga qaralsin)
«Tez yordam» mashinasida olib ketilganlar.
(Ro‘yxatning birinchi va ikkinchi raqamlariga qaralsin.)
Jo‘ravoyni o‘sha kuniyoq, ertalab chiqib kelgan joyiga oborib qo‘yishdi. Ahvoli yaxshi. Qon bosimi qanoatlanarli. Uyqusi me’yorida. Ishtahasi durust. O‘zini juda yaxshi sezyapti.
Ziyofat paytida kaltak yeganlarning sog‘lig‘i haqida hali aniq ma’lumotlar olingani yo‘q. Chunki ro‘yxatning birinchi raqamida ismi zikr etilgan kishi o‘ziga kelmagan. Ukol qilish va qon quyish davom etmoqda.